Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi va salam): Ko‘p kulma, ko‘p kulish qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ahmad, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Navaviy aytadilar: Ko‘p kulishdan tiyilish lozim. Ko‘p kulish Allohning zikridan uzoqlashtiradi hamda qalbni qattiqlashishiga olib keladi.
Imom G‘azzoliy bu haqda bunday deganlar: Ko‘p kulgu xavf, mahzunlik, o‘lim va qiyomatni eslash kabi xususiyatlarni qalbdan chiqarib yuboradi. Bu esa qalbning o‘lishidir.
Biroq bugun hayotda sodir bo‘layotgan voqealar ko‘p kulish nafaqat qalbni o‘ldirishi, balki inson o‘limiga ham sabab bo‘lishini isbotlamoqda. Xususan, ko‘p kulish oqibatida dunyodan ko‘z yumgan bir qancha shaxslarni keltirish mumkin. Ularning ro‘yxati alohida bir nechta kitobni tashkil etadi.
Kasbi g‘isht teruvchi usta bo‘lgan Aleks Mitchell 1975 yil komediyali shou dasturini ko‘rib, ko‘p kulish oqibatida vafot etgan.
Muzqaymoq sotuvchisi Damnoyen Sayen 2003 yil tushida beto‘xtov ikki daqiqa davomida kulib, havo yetishmasligi natijasida vafot etdi.
Ole Bentzen komedik kinoni beto‘xtov kulib tomosha qilganda yurak urishi tezlashib, daqiqasiga 250 marta urishga yetgan. Oqibatida infarkt bo‘lib olamdan o‘tdi.
Er.av. III asrda yashagan qadimgi Yunon faylasufi Xrisipp eshagiga sharob ichirib, mast eshakning holini ko‘rib, tinmay kulishi natijasida nafasi siqilib vafot etgan.
Aksariyat odamlar “kulish umrni uzaytiradi” iborasini o‘zlariga shior qilib olib, beto‘xtov kulishlarining guvohi bo‘lamiz. Biroq, har bir narsaning me’yori va mezoni borligini yoddan chiqarmaylik. Axir, “asalning ham ozi shirin”, deb dono xalqimiz bejiz aytmagan. Yuqoridagi ayanchli holatlar ham aynan chegaradan o‘tish oqibatida yuzaga kelgan. Shunday ekan, ko‘p kulsam umrim uzoq bo‘ladi, degan hom hayollar bilan o‘z umringizni zavol qilmang.
Stokgolm instituti mutaxassislari 110 dan ortiq kishida ko‘p kulishning sog‘liqqa zararlari, ayniqsa yurakni toliqtirib, jismni charchatishini aniqlab, ilmiy tarzda isbotlab berdilar.
Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi va salam) ko‘p kulma!, dedilar, umuman kulma deganlari yo‘q. Chunki kulish har bin tirik jonga xos, tabiiy holatdir.
Har bir ishda o‘zlarining ummatlariga o‘rnak bo‘lgan Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi va salam)ning sunnatlariga amal qilsak, inshaalloh ikki dunyo saodatiga erishamiz. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va salam) hadislari barcha fan-texnika yutuqlari-yu, ilmiy kashfiyot, ixtirolardan oldinroq biz uchun nima yaxshi-yu, nima zararligini oldindan bashoratini bergan dasturul amaldir.
Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi va salam)ning kulishdagi xulqlari qanday edi? Keling bu haqda mo‘minlar onasi Oisha (roziyallohu anhu)dan so‘rab, o‘rganib olaylik. Onamiz Oisha (roziyallohu anhu) aytadilar: Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning og‘izlarini katta ochib, og‘izlarining ichi ko‘rinadigan darajada kulganlarini ko‘rmaganman. U zot (sollallohu alayhi va salam) doimo tabassum qilar edilar (Buxoriy rivoyati).
Alloh barchalarimizga sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi va salam)ning sunnatlariga to‘liq amal qilish orqali ikki dunyo saodatiga erishishni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD
O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi.
Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.
Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.
«Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan