Qur’oni karimni butun olamlarni hidoyat qilish uchun nozil qilgan Alloh taologa O‘zining jaloliga munosib hamdu sanolar;
O‘ziga nozil etilgan Kitobni ummatlariga yetkazib, unga amal qilishni o‘rgatgan Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga mukammal va muattar salavotu durudlar;
Payg‘ambar alayhissalomdan Qur’oni karimni o‘ta aniqlik ila o‘rganib, unga misli ko‘rilmagan ixlos ila amal qilgan sahobai kiromlarga Allohning rizvonlari bo‘lsin.
Qur’oni karimga iymon keltirgan, uni o‘rgatgan, o‘rgangan va amal qilgan har bir musulmonga Allohning rahmati, xayri barakasi yog‘ilsin.
Mehribon Rabbimiz O‘zi yaratgan dunyoda O‘zi yaratgan inson qanday hayot kechirishini bayon qilib berish uchun samoviy kitoblar nozil qilib turishni iroda qilgani ma’lum. Insoniyat taraqqiy etishi jarayonida nozil qilingan samoviy kitoblar – Zabur, Tavrot va Injilda Alloh taolo mazkur kitoblar nozil qilinayotgan davr va shart-sharoitlarni e’tiborga olgani ham ayon. Ya’ni, ushbu kitoblar insoniyat tarixidagi ma’lum bir bosqich uchun ko‘zlangan edi. Ulardan avvalgisi o‘z vazifasini o‘tab bo‘lganidan so‘ng keyingisi kelib, uni amaldan qoldirar va o‘ziga belgilangan vazifani ado etishga kirishar edi. Alloh taoloning O‘ziga ma’lum hikmat borki, ana shu ilohiy kitoblar tushirilgan xalqlar o‘zlariga yuklatilgan mas’uliyatni muvaffaqiyat ila ado eta olmadi. Ular o‘zlariga nozil qilingan samoviy kitobning asliyatini saqlab qola olmadi hamda yangi samoviy kitob kelganida eskisi amaldan qolishi haqidagi ilohiy ko‘rsatmani buzdi. Ba’zi ahli kitoblar hasad qilgan holda yangi samoviy kitobni inkor etib, eskisini mahkam ushlab oldi. Ular o‘zlari ixtiro etgan botilni to‘g‘ri qilib ko‘rsatish uchun ilohiy kitobga o‘zgartish kiritishdan ham qaytmadi. Shu tarzda hozirda saqlanib qolgan eski ilohiy kitoblar haqni botildan ajratib bo‘lmaydigan holga kelib qoldi.
O‘zi yaratgan insoniyatni go‘dakligidan tarbiya qilib kelgan Alloh taolo insoniyat kamolga yetganida unga eng mukammal, qiyomatgacha amalda qoluvchi, har zamon va har makonda insonni ikki dunyo saodatiga boshlovchi hamda abadiy mo‘jiza bo‘lmish kitobini – Qur’oni karimni nozil etishni iroda qildi. Hakiymu Xobiyr sifatiga sohib bo‘lgan Zot – Alloh taolo mazkur kitobini nozil etish uchun eng munosib vaqtni, eng munosib joyni, eng munosib tilni va eng munosib xalqni ixtiyor qildi.
Eng munosib vaqt deganda, insoniyatning Qur’oni karimga ehtiyoji rosa tushib turgan vaqtni ko‘zda tutmoqdamiz. Chunki o‘sha vaqtda insoniyat batamom johiliyat botqog‘iga botib qolgan, samoviy kitoblar o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgan, insoniyatni hidoyatga boshlovchi yangi ilohiy ta’limotga ehtiyoj kuchaygan bir vaqt edi. Alloh taolo ana shunday bir vaqtda o‘zining mukammal hidoyat mayog‘i bo‘lmish Qur’oni karimni nozil etdi.
Eng munosib joy deganda, Alloh taolo Qur’oni karimni nozil etish uchun tanlagan makon: Makkai Mukarrama, Madinai Munavvara va ularga bog‘liq yerlarni ko‘zda tutmoqdamiz. Butun olam uchun hidoyat mayog‘i bo‘lmish Allohning oxirgi Kitobining aynan shu makonda nozil qilinishi behikmat bo‘lmagan. Alloh taolo o‘z Qur’onini nozil etish uchun ixtiyor qilgan joy bir qancha o‘ta muhim omillar qatori Qur’on da’vatining olamshumulligidan ham kelib chiqqan edi. Qur’on da’vati Alloh taoloning oxirgi va hamma insoniyat uchun qiyomatgacha ko‘zlangan bir da’vati edi. Bunday da’vatning markazi qilib Makkai Mukarramaning tanlanishi esa, u muqaddas shahar quruqlikning qoq markazida joylashgan edi. Bu hikmatni insoniyat Qur’on oyatlarini o‘rganish jarayonida yaqinda anglab yetdi. Qur’oni karimning An’om surasidagi: «Bu – Biz tushirgan kitob muborakdir, o‘zidan oldingini tasdiqlovchidir. Ummul Quro(shaharlar onasi)ni va uning atrofini ogohlantirishing uchundir...» oyatini ilmiy ravishda o‘rganayotgan jo‘g‘rofiya olimlari Ummul Quro nomi ila mashhur bo‘lgan Makkai Mukarrama yerning qoq markazida joylashganini kashf qildilar. Demak, butun yer yuzi uchun mo‘ljallangan ilohiy kitob Qur’oni karimni nozil qilishga eng munosib joy deb yer kurrasining qoq o‘rtasi ixtiyor qilingan ekan.
Eng munosib til deganda, Alloh taolo o‘zining oxirgi va mukammal risolasi ma’nolarini ifoda etish uchun ixtiyor qilgan tilni – arab tilini ko‘zda tutmoqdamiz. Darhaqiqat, Qur’oni karimdek qiyomatgacha boqiy qolishi lozim bo‘lgan ilohiy dastur uchun o‘ziga xos imkoniyatlarga ega bo‘lgan til kerak edi. Qur’oni karimdek hidoyati butun insoniyatni qiyomatgacha ikki dunyo saodatiga boshlashi lozim bo‘lgan ilohiy kitob uchun mazkur mas’uliyatni ado eta oladigan til kerak edi. Qur’oni karimdek har bir lafzi, iborasi, jumlasi va oyati hamda ularning ma’nolari ilohiy mo‘jiza bo‘lgan kitob uchun alohida xususiyatlarga ega til kerak edi. Ana o‘sha til – arab tili edi. Qur’oni karim nozil bo‘lgandan hozirgacha barcha ilmiy bahslarda Allohning oxirgi va mukammal kalomining bayoni uchun faqat arab tili munosib til ekani qayta-qayta ta’kidlanmoqda.
Eng munosib xalq deganda o‘sha, Qur’oni karim nozil bo‘lgan davrda Arabiston yarim orolida yashab turgan arablarni ko‘zda tutmoqdamiz. Dunyodagi barcha xalqlar qatori o‘sha vaqtdagi arablarning ham yaxshi va yaxshi bo‘lmagan tomonlari bor edi. Alloh taoloning hikmati ila Ul Zot Qur’oni karimni birinchi bo‘lib qabul qilib olishga tanlagan xalqning – arablarning yaxshi sifatlari ham, yaxshi bo‘lmagan sifatlari ham Qur’oni karim uchun xizmat qiladigan bo‘ldi. Arablar o‘sha davrning eng johil, eng ilmsiz, eng urushqoq, eng tartibsiz xalqi edi. Ular Qur’oni karim nozil bo‘lganidan so‘ng qisqa muddat o‘tishi bilan eng madaniyatli, eng bilimdon, eng odobli va eng tartibli xalqqa aylandi. Ana shu Qur’oni karimning mo‘jizalaridan biri edi. Agar Alloh taolo o‘zining oxirgi kitobini o‘sha davrning eng bilimdon, eng madaniyatli va qadimdan yetakchilik qilib kelayotgan xalqiga nozil qilganida ushbu mo‘jizani insonlar anglay olmas edi. Kishilar bu xalq azaldan ilmli, madaniyatli, intizomli va odobli, peshqadam xalq edi, endi bizga ilohiy kalom tushdi, deb da’vo qila boshladi, der edi. Arablarning Qur’oni karimni qabul qilib olishi uchun xizmat qilgan yaxshi sifatlaridan biri, ularning yodlash qobiliyatlarining kuchliligi edi. Ular o‘qish-yozishni bilmaganlaridan hamma narsani – tarixni, nasablarini, turli qasidalarni yodlab olib, avloddan avlodga o‘tkazib kelishar edi. Ana o‘sha xislat Qur’oni karimni ham o‘ta aniqlik bilan yodlab olib, avloddan avlodga o‘tkazishga xizmat qildi. Albatta, Alloh taolo o‘z Qur’onini arablarga bevosita tushiravergani yo‘q. Balki ularning ichidan, nafaqat arablarning ichidan, balki butun insoniyat ichidan eng afzalini – Muhammad ibn Abdulloh sollallohu alayhi vasallamni tanlab olib, o‘sha zotga nozil qildi. U zot esa, o‘z ummatlariga Allohning kalomini yetkazdilar. Chunki Alloh taoloning bu boradagi odati shu edi. Ana o‘sha urf bo‘lib qolgan odatga binoan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ilohiy kalomni Jabroil alayhissalom keltirib turdilar. Olam tarixidagi eng muhim hodisa Hiro g‘orida ramazon oyining o‘n yettinchi kunida sodir bo‘ldi. O‘sha kuni tarixdagi eng ulug‘ ish – Alloh taoloning oxirgi va mukammal kitobi nozil bo‘la boshladi.
M.SAIDJALOLOVA,
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti Axborot-resurs markazi rahbari
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.