Olimlar AQSH dagi gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchi shirkatlarning yashirincha kelishuvini fosh etishdi. Bu haqda “PLoS Biology” jurnalida chop etilgan maqolada ma’lum qilingan.
Tadqiqotchilar shakar va tarkibida shakar mavjud bo‘lgan ichimliklar ishlab chiqaruvchilarning 1960 yildayoq shakarning atereskleroz va siydik qopi saratoni keltirib chiqarishi haqida bilganlari va buni ommadan yashirganlarini tasdiqlovchi hujjatni topishganini e’lon qilishdi.
Kaliforniya universiteti olimi Stenton Glans (Stanton Glantz): “Ilmiy xulosalarni bu shaklda soxtalashtirish xuddi tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning aldovlariga o‘xshab ketadi. Bizning tadqiqotimiz, shakar va shakarli ichimliklar ishlab chiqaruvchilar homiyligida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarni shubha ostida qoldiradi. Shu bois, yangi chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ushbu holatlarni jiddiy e’tiborga olish lozim”, deydi.
“Butunjahon sog‘liqni saqlash” tashkiloti ma’lumolariga qaraganda, o‘tgan asrning 80 yillaridan boshlab dunyo bo‘yicha semizlik epidemiyaga aylangan. Yer kurasidagi har uchinchi kishi, taxminan 1,9 milliard odam ortiqcha vazndan shikoyat qilmoqda, ularning taxminan 15 foizi esa semizlikning og‘ir shaklidan aziyat chekmoqda. Mazkur tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, 47% kasalliklar, jumladan, yurak-qon tomiri kasalliklari, qandli diabet hamda saraton bevosita semizlik bilan bog‘liq.
Semizlik epidemiyasining eng asosiy sababchilari, olimlar va tibbiyot xodimlarining qayd etishicha, so‘nggi yillarda butun dunyoda ommalashib ketgan shakar va shakarli ichimliklardir. Ikki yil muqaddam AQSHlik tadqiqotchilar gazlangan shakarli ichimliklarni me’yordan ortiq iste’mol qilish har yili 184 ming odamning hayotiga zomin bo‘layotganini aniqlashgan. Ushbu o‘limlarning katta qismi AQSH va Lotin Amerikasi mamlakatlariga to‘g‘ri keladi.
Afsuski, bunday mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar o‘z bizneslaridan hali beri voz kechish yoki uni o‘zgartirish niyatida emaslar. Boston universiteti olimlari bunday kompaniyalar AQSHdagi yuzdan ortiq sog‘liqni saqlash muassasalarida o‘z manfaatlarini ilgari surayotganlari va bu yo‘lda katta mablag‘ sarflayotganlari, shuningdek, gazli ichimliklarga yuqori narx belgilash yoki ularning hajmini cheklashga qarshilik ko‘rsatib kelayotganlarini aniqladi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Abdulhakim Aripov tarjimasi
Bugun, Zulhijjaning 8-kuni mehmonxonadan tashkiliy guruh boshchiligida avtobuslarda talbiya aytib, Minoga yetib kelgan bo‘lg‘usi hojilarimiz: "Allohim bu Minodir. Sen do‘stlaringga ato etgan ehsonlaringdan menga ham in’om et!”, deb duolar qilishdi.
Mino maydonida O‘zbekiston hojilari uchun alohida joy ajratilgan. Bu yerda hojilarimiz bemolol ibodat qilishlari uchun sharoit hozirlangan. Shuningdek, tamaddi qilishlari uchun turli xil taomlar, choy, suv kabi ichimliklar chodirlarga olib kelib ulashilmoqda.
Nabiy alayhissalom sunnatlariga muvofiq, bugun Minoda tarviya kuni peshin, asr, shom, xufton namozlari o‘qiladi. Ayni paytda o‘zbekistonlik ziyoratchilar Mino vodiysida erta tongdan to kun botgunga qadar ulamolarning suhbatlaridan bahramand bo‘lib, toatu ibodat va duoyu iltijolar bilan o‘tkazishmoqda.
Alloh taolo barcha hojilar qatorida, yurtimiz hojilarining ham duo va ibodatlarini qabul aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati