Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir narsaning qalbi bor. Qur’onning qalbi “Yosin”dir. Kim “Yosin”ni qiroat qilsa, Alloh unga bu qiroati uchun Qur’onni o‘n marta qiroat qilgan (savobi)ni yozadi” dedilar.
Har narsaning qalbi uning asosiy a’zolaridan biri bo‘ladi. Yosin surasi ham Qur’onning qalbi bo‘lishi ila ana o‘sha martabaga erishgan. Surada mo‘jaz kalimalar bilan Alloh taoloning biru borligi, har bir narsaga qodirligi, Payg‘ambar va vahiyning haqligi, kishilar Payg‘ambar yetkazgan vahiyni o‘zlariga dastur qilib yashamoqlari lozimligi, qayta tirilish kabi masalalar bayon etiladi.
Bular har bir kishining qalbida turishi lozim bo‘lgan va har bir kishi ertayu kech eslab turishi zarur bo‘lgan masalalardir. Tasavvuf yo‘lini tutgan zotlar har kuni bomdod namozidan keyin bu surai karimani o‘qishni o‘zlariga kundalik vazifa qilib olganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim “Yosin”ni kechasi Allohning roziligi talabida o‘qisa, mag‘firat qilinadi”, dedilar.
Yosin surasining fazli haqida ko‘pgina hadislar rivoyat qilingan. Ularning aksariyatida Yosin surasi Qur’onning qalbi ekani ta’kidlangan. Shuning uchun “Qur’on qalbi” suraga ikkinchi nom bo‘lib qolgan.
Imom Bazzor Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir narsaning qalbi bor. Qur’onning qalbi “Yosin”dir. Men uni ummatimdan har birining qalbida bo‘lishini istardim”, deganlar.
Abdulloh PARPIYEV,
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati