Usmonxon ALIMOV – 1950 yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Ko‘p yillar Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy” jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishladi. 1989–1990 yillari Marokashdagi Qaraviyyin dorilfununida o‘qidi. 2000–2006 yillari O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili bo‘lib xizmat qildi. 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandi. Usmonxon Alimovning “Orlotda aks etgan tarix”, “Dolzarb savollarga haqzarb javoblar”, “Hayotbaxsh ma’naviy meros”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX–XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hazrati Imom (Hastimom)”, “Rasululloh (alayhissalom)ning muborak vasiyatlari” (9 ta kitob), “So‘ragan edingiz” turkumidagi risolalari, “Oilada farzand tarbiyasi” (3 ta kitob), “Ilmning fazilati”, “Istiqlol sharofati”, “Xayr-ehson fazilatlari”, “Go‘zal odob – farzand kamoli” kabi asarlari nashrdan chiqqan. Najmuddin Nasafiyning “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” nomli mashhur asarini arab tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. Muftiy hazrat Qur’oni karim ma’nolarini tarjima va tafsir qilib, “Tafsiri irfon” nomida chop ettirmoqda.
Toshkent Islom universitetining faxriy fan doktori Usmonxon Alimov 2012 yili nufuzli xalqaro tashkilot – Islom olami uyushmasi (Robita) Ta’sis majlisining a’zosi bo‘ldi.











Men Qamashi tumanining Chim mahallasida tug‘ilib, katta bo‘lganman. Bundan yigirma yillar oldin qishloqdan poytaxtga talaba bo‘lib kelganman. O‘shanda qishlog‘imizdan sanoqli talaba o‘qir, ayniqsa, o‘qishga shartnoma asosida kirganlarning aksari oilaviy sharoiti tufayli o‘qiy olmasdi.
Talabalik paytimiz bir kursdoshim ta’tilda mehmon bo‘lib keldi. Qish. Qor qalin. Qorong‘i tushganda kelgani uchun shoshib qoldik. O‘tin masala, elektr ham yo‘q, o‘zimiz bir xonada, bir sandal ko‘zida isinib o‘tirar edik. Ora-sira bir tok berilar, shunda ham uning kuchi televizorga yetmas, chiroqlarni xiragina yoritardi.
Ota-onam borlarini to‘kib, menga shartnoma puli to‘layotgani uchun uyda mehmonga yaxshiroq taom tayyorlashga masalliq chiqmadi. O‘shanda mehmonga chiroq yorug‘ida, sandal cho‘g‘iga qo‘yib, ikkita tuxum qotirib bera oldik, xolos. Juda xijolatda qolgandim. Lekin bunday yetishmovchilik aksar joylarda kuzatilar, kursdoshim sharoitni tushunadi degan yupanchim bor edi...
Yana bir xotira bolaligimda otam rahmatli ro‘zg‘orni zo‘rg‘a eplab yurganini his qilmay, bir safar uyda shakar yo‘qligidan arazlab, maktabga och ketganim, bu bilan ularni ruhan qiynab qo‘yganim edi...
Bugun-chi!..
Har safar qishlog‘imizga farzandlarimni olib borar ekanman, o‘sha xotiralarni aytib bersam, ularga ertakday tuyuladi. Bu gaplarim nafaqat bolalarimga, balki qishlog‘imizning bugungi yoshlariga ham mubolag‘ali tuyulsa kerak. Chunki bugun ularning aksari tuproq yo‘lning yozda qanday changishi, qishda qanchalik loy bo‘lishini, sandal nimaligini bilishmasa kerak... Ular uchun issiqlik manbai sandal emas, bir tugmani bosish orqali yonadigan isitish moslamalari, yuradigan ko‘chalari ravon asfalt yo‘llar...
Shu kunlarda qishlog‘imizga davlatimiz rahbari tashrif buyurgani, Chim mahallasidagi misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarni e’tirof etganini ko‘rib, bundan bor-yo‘g‘i yigirma yil oldingi o‘sha sharoitlar yodimga tushdi. Qalbimni katta quvonch, faxr-iftixor egalladi. Ayniqsa, yigirma mingga yaqin aholi yashaydigan Chimda bugun ishsiz ham, kambag‘al ham qolmagani, mahallamiz butun mamlakatdagi boshqa qishloqlarga namuna qilib ko‘rsatilgani hayajonimni oshirdi. Kunlar kelib qadrdon Chim qishlog‘im butun mamlakatga zamonaviy va obod mahallaning yorqin namunasi bo‘lishini o‘shanda xayolimga ham keltirmagandim.
Bugun Chimning ko‘chalarini kezar ekansiz, ko‘zingiz 640 o‘rinli yangi maktabga, 240 o‘rinli zamonaviy bog‘cha va oilaviy poliklinikaga, yangi mahalla binosi, yoshlar markazi, sport majmuasi, istirohat bog‘i, zamonaviy issiqxonalar, ko‘rkam to‘yxonalarga tushadi. Jamiyat uchun kerakli bo‘lgan zamonaviy yoqilg‘i quyish shoxobchalari, savdo va maishiy xizmat maskanlari, “yashil” bozorchalar deysizmi — barcha-barchasi Chim qishlog‘imizda muhayyo.
Keyingi yillarda qator issiqxonalar qurilib, aholi xonadonlarida gulxayri yetishtirish yo‘lga qo‘yilgani oilalar daromadini yanada oshirdi. Eldoshlarimizning yuz-ko‘zida ertangi kunga umid, islohotlarning amalga oshishiga katta ishonch namoyon bo‘lmoqda.
Chimdagi eng katta yutuqlardan biri ta’limga qaratilayotgan e’tibor hamda uning natijalari bo‘lmoqda. Bizning davrimizda qishlog‘imizdan har 100 yoshdan atigi 4-5 nafari oliygohlarda o‘qigan bo‘lsa, bugun qishloqning o‘zida qad rostlagan o‘quv-tayyorlov kurslari, zamonaviy to‘garaklar sababli ularning soni oshgan.
Shu yilning o‘zida qishloqdagi 3 jiyanim talaba bo‘ldi. Yaratilgan bunday yuksak shart-sharoitlar evaziga deyarli har ikki yoshdan biri talabalik baxtiga muyassar bo‘lmoqda. Bu esa qishlog‘imizdan ertaga yanada ko‘plab ma’rifatli, bilimli va kelajagiga qat’iy ishongan, jamiyatga naf keltiruvchi ziyolilar yetishib chiqadi degani.
Yana bir gap. Yurtimizda bilim va ma’rifat sohiblari, madaniyat va adabiyot ahli, kitobxon oilalar doim ardoqlanmoqda. Prezidentimizning yosh yozuvchi Javlon Jovliyev va “Kitobxon oila” tanlovida sovrindor bo‘lgan yosh oilaga Toshkent shahridan ikki xonali uy berilgani boshqalarda ham juda katta qiziqish va rag‘bat uyg‘otadi. Bu ishlar ziyolisi qadrlangan elning kelajagi, albatta, porloq bo‘lishidan dalolatdir.
Nafaqat Chim mahallasi, balki Qamashi tumanida, qolaversa, butun vohada kechayotgan islohotlar shiddati dilni faxrga to‘ldirmoqda. Qarshi shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilarining xalqaro imtihonlarda erishgan zafarlari, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi yoshlarining “Zakovat” musobaqalaridagi g‘olibligi, kosonlik oddiy maktab o‘quvchisining xalqaro SAT imtihonida maksimal yuqori ballni qo‘lga kiritgani yurtdoshlarimizga g‘urur bag‘ishladi. Bu natijalar Prezidentimiz tomonidan ta’limga va yoshlar kelajagiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning natijasidir.
Bugun qishloqlardagi har bir xonadonda to‘kinlik, ertangi kunga ishonch hukm surmoqda. Ko‘chalarimiz obod, maktablarimiz bilimli yoshlar bilan to‘la. Bularning bari tinchlik-xotirjamlikdan. Inson qadri ulug‘langan, bilim va ma’rifat tug‘ qilingan bunday zaminda yashash, mana shunday katta o‘zgarishlarning guvohi bo‘lish ajib saodatdir.
Aytish joizki, bugun sizu bizdan ko‘p narsa talab qilinmaydi. Ne’matlarni qadrlash, shukronasini qilish, imkoniyatlardan unumli foydalanish, o‘zimiz va jamiyatga naf keltirib yashash kerak, xolos.
Abdulatif ABDULLAYEV,
Jurnalist