Usmonxon ALIMOV – 1950 yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Ko‘p yillar Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy” jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishladi. 1989–1990 yillari Marokashdagi Qaraviyyin dorilfununida o‘qidi. 2000–2006 yillari O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili bo‘lib xizmat qildi. 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandi. Usmonxon Alimovning “Orlotda aks etgan tarix”, “Dolzarb savollarga haqzarb javoblar”, “Hayotbaxsh ma’naviy meros”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX–XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hazrati Imom (Hastimom)”, “Rasululloh (alayhissalom)ning muborak vasiyatlari” (9 ta kitob), “So‘ragan edingiz” turkumidagi risolalari, “Oilada farzand tarbiyasi” (3 ta kitob), “Ilmning fazilati”, “Istiqlol sharofati”, “Xayr-ehson fazilatlari”, “Go‘zal odob – farzand kamoli” kabi asarlari nashrdan chiqqan. Najmuddin Nasafiyning “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” nomli mashhur asarini arab tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. Muftiy hazrat Qur’oni karim ma’nolarini tarjima va tafsir qilib, “Tafsiri irfon” nomida chop ettirmoqda.
Toshkent Islom universitetining faxriy fan doktori Usmonxon Alimov 2012 yili nufuzli xalqaro tashkilot – Islom olami uyushmasi (Robita) Ta’sis majlisining a’zosi bo‘ldi.











O‘zbekiston diplomatlari Madina shahrida Tayyiba universiteti rahbari, doktor Naval bint Muhammad bin Ibrohim Al-Jabr ar-Rashid bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda mazkur universitetda 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi tahsil olmoqda, ulardan yetti nafari qizlar va to‘rt nafari yigitlardir. Talabalarning olti nafari arab tilini, besh nafari esa islomshunoslikni o‘rganmoqda.
Tomonlar professor-o‘qituvchilar tarkibi va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Xususan, axborot texnologiyalari, muhandislik, tibbiyot, chet tillari, hunarmandchilik va turizm yo‘nalishlariga ixtisoslashgan o‘zbek oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, joriy yilning noyabr oyida o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida davra suhbatini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu borada Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universitetini potensial hamkorlar sifatida ko‘rib chiqish taklif etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati