Usmonxon ALIMOV – 1950 yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Ko‘p yillar Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy” jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishladi. 1989–1990 yillari Marokashdagi Qaraviyyin dorilfununida o‘qidi. 2000–2006 yillari O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili bo‘lib xizmat qildi. 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandi. Usmonxon Alimovning “Orlotda aks etgan tarix”, “Dolzarb savollarga haqzarb javoblar”, “Hayotbaxsh ma’naviy meros”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX–XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hazrati Imom (Hastimom)”, “Rasululloh (alayhissalom)ning muborak vasiyatlari” (9 ta kitob), “So‘ragan edingiz” turkumidagi risolalari, “Oilada farzand tarbiyasi” (3 ta kitob), “Ilmning fazilati”, “Istiqlol sharofati”, “Xayr-ehson fazilatlari”, “Go‘zal odob – farzand kamoli” kabi asarlari nashrdan chiqqan. Najmuddin Nasafiyning “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” nomli mashhur asarini arab tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. Muftiy hazrat Qur’oni karim ma’nolarini tarjima va tafsir qilib, “Tafsiri irfon” nomida chop ettirmoqda.
Toshkent Islom universitetining faxriy fan doktori Usmonxon Alimov 2012 yili nufuzli xalqaro tashkilot – Islom olami uyushmasi (Robita) Ta’sis majlisining a’zosi bo‘ldi.











2026 yil 14 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Ufa shahrida Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov ishtirokida «Islom omillari va qadriyatlari» XVII Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjuman doirasida tashkil etilgan «Yevroosiyo makonida islom ta’limini rivojlantirish» mavzusidagi II xalqaro davra suhbatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyati va xalqaro hamkorlikka qaratilgan tashabbuslari taqdim etildi, xabar bermoqda iccu.uz.
Konferensiya Rossiya musulmonlari Markaziy diniy boshqarmasi, Rossiya Islom universiteti, Islom madaniyati, ilm-fani va ta’limini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Boshqirdiston Respublikasi rahbari huzuridagi Davlat va konfessiyalararo munosabatlar bo‘yicha kengash ishtirokida tashkil etildi. Unda Rossiya musulmonlari Markaziy diniy boshqarmasi raisi, Oliy muftiy, Shayxul-Islom Talgat Tojuddin qutlov so‘zi bilan qatnashdi. Shuningdek, turli mamlakatlardan kelgan olimlar, diniy va jamoat arboblari islom ta’limi, ma’naviy qadriyatlar va xalqaro ilmiy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Xalqaro davra suhbatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaz faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik va taqdimotni namoyish etdi. Unda Markazda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va uni zamonaviy yondashuvlar asosida targ‘ib etish borasidagi natijalar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, Markazda bugungi kunga qadar 800 ga yaqin ilmiy loyiha ishlab chiqilgani va ularning 600 ga yaqini amaliyotga joriy etilgani ta’kidlandi. Shuningdek, ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni yosh avlodga yetkazish, islom sivilizatsiyasining ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib qilish hamda ta’lim jarayonlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish muhimligi qayd etildi.
Gulnora G‘aniyeva o‘z chiqishida 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo va Rossiya olimlari hamda ilohiyotshunoslarini birlashtiruvchi yagona ilmiy-ma’rifiy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.
Mazkur tashabbus mutaxassislar o‘rtasida muntazam ilmiy muloqot va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish hamda zamonaviy texnologiyalar asosida tarixiy va ma’naviy merosni keng jamoatchilikka, ayniqsa, yosh avlodga yetkazishga qaratilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ushbu xalqaro anjumandagi ishtiroki Markazning tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib etish bilan bir qatorda, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va yangi ma’rifiy tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiluvchi ilmiy platforma sifatidagi faoliyatini namoyon etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati