Baraka – jamoatdadir. Ya’ni hamjihat bo‘lib, birlashib, o‘zaro ahillik bilan yashashda baraka, fayz bo‘ladi. Donolarimiz: “Bir marta janjal bo‘lgan xonadondan qirq kunlik baraka qochadi”, deydilar. Darhaqiqat, janjal bo‘lgan xonadondan baraka, fayz ketadi.
Mana shu janjalni kelib chiqishiga eng katta vositalardan biri, insonlarning bir-birlariga nisbatan bo‘lgan ishonchi, ahillikni yo‘qolishining sabablari nimada? Buning eng katta sabablaridan biri – firibgarlik illatining jamiyat orasida ko‘payib borayotganidir. Mana shu illatning sababidan insonlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi. Jamiyatda birdamlikning buzilishiga, o‘zaro hamjihatlik va ishonch singari tuyg‘ularning kamayib ketishiga sabab bo‘ladi.
Islom dini mana shunday illatlarga berilgan kimsalarni va ularning ishini qattiq qoralaydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Firibgar va yomon xususiyatli kimsa jannatga kira olmaydi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Inson hayoti mobaynida jannatga kirishga, Allohni diydorini ko‘rishga sabab bo‘ladigan xayrli amallar qilishga intiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning shafoatidan umidvor bo‘ladi. Ammo firibgarlik singari yomon xulqni o‘zida aks ettirgan, tabiatiga aylantirib yuborgan kimsalar yuqorida aytilgan eng ulug‘ baxtlardan mosuvo qoladilar.
Mo‘min kimsa firibgar bo‘lmaydi. Qalbida imoni bo‘lgan kimsalar o‘zgalarni aldamaydi, turli fitna-fasodlarni chiqarmaydi. Birovni haqqini turli xil xurofot, makkorliklar-u, firiblar bilan o‘zlashtirmaydi.
Zotan mo‘min kishi o‘ziga ravo ko‘rganni o‘zgaga ham ravo ko‘rishi, ravo ko‘rmaganini esa, o‘zgaga ham ravo ko‘rmaydigan bo‘ladi. Mana shundagina komil musulmon bo‘ladi. Demak, o‘zimizga jannatni, Allohning diydori, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning shafoatlarini xohlaymizmi demakki, do‘stlarimiz, farzandlarimiz, aka-uka, yor-birodarlarimiz, barcha yaqinlarimizga ham shuni istamog‘imiz lozim bo‘ladi.
Bir yaqinimizni vafot etishi yoki biror bir do‘stimizni yo‘qotishimiz haqiqiy ayriliq emas. Bu dunyo foniy dunyo, Yaratgandan o‘zga barchaning tark etishi muqarrar. Ammo o‘zingiz jannatga kirsangiz-u yaqiningizni topa olmasangiz, O‘zi asrasin do‘zaxda bo‘ladigan bo‘lsa, mana bu haqiqiy ayriliqdir.
Abdutolib ISAQOV
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani
“Oq masjid” jome masjidi imom-xatibi
Bugungi kunda axborot tarqatish imkoniyati har bir insonda mavjud. Birgina so‘z, aloqa qurilmalaridagi birgina harakat butun jamiyatda shov-shuv, vahima keltirib chiqarishi mumkin. Anglamay yoki o‘yinqaroqlik bilan yoki maqsadli yolg‘on axborot tarqatish hollari ko‘p kuzatilmoqda. Xususan, din va e’tiqod kabi nozik masalalarda tarqatilayotgan feyk xabarlar nafaqat shaxsiy xatolik, balki jamiyatga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi umumiy mas’uliyat hamdir.
Yolg‘on gapirish og‘ir gunohlardan sanaladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom etaveradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik gunohkorlikka, fojirlik esa do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishda davom etaveradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yozilad”, dedilar. (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).
Shunday ekan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatish qat’iy man qilingan.
Feyk xabar tarqatishning ko‘plab salbiy oqibatlari bor:
Qur’oni karimning Hujurot surasi 6-oyatda shunday marhamat qilinadi:
“Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmay bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”.
Feyk, yolg‘on xabarlardan ehtiyot bo‘lish kerakligini Qur’oni karim ta’kidlamoqda. Demak, har qanday xabarni tekshirish va ehtiyot bilan yondoshish kerak.
Rost xabarni qanday ajratish mumkin:
Har bir xabar – tarqatuvchi uchun ham, undan foydalanuvchi uchun ham mas’uliyat. Aloqa vositalari va ijtimoy tarmoqlarga joylayotgan post bilan yo to‘g‘rilikni targ‘ib qilish, yoki odamlarni chalg‘itish mumkin.
Shunday ekan, feyk axborot tarqatish og‘ir ma’naviy jinoyatdir. Har bir musulmon bunday xatarli holatdan o‘zini va boshqalarni saqlashi lozim.
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
jome masjidi imom-xatibi Shermuhammad Boltayev