Yozma manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga hamda arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra, Ustrushana (Jizzax vohasi) mintaqasida quyidagi shahar va qishloqlar bo‘lgan:
Bunjikat. Ustrushana mintaqasining poytaxti Bunjikat yirik hunarmandchilik va savdo markazi bo‘lganligi manbalarda ta’kidlanadi. Ayni paytda Bunjikatdan qurol-yaroq, temir hamda misdan yasalgan asbob-anjomlar, yog‘ochdan yasalgan asbob-uskunalar, egar-jabdug‘lar va boshqa hunarmandlik mahsulotlari Sharq mamlakatlariga sotuvga chiqarilgan.
Bunjikatda viloyat hokimining qarorgohi, shahar tashqarisida esa qasrlar, bog‘lar, uzumzor va ekinzorlar bo‘lib, shahar atrofi xandaqlar bilan o‘ralgan edi. Bunjikat Samarqanddan olti farsax masofada joylashgan bo‘lib, erkak aholisi 20 ming kishidan iborat bo‘lgan.
O‘rta asr arab manbalarida Bunjikat keng yoritilgan bo‘lib, o‘z zamonida uning katta ahamiyatga molik ekanligi shubhasiz. Mashhur geograf olim al-Istaxriy «Masolik al-mamolik» asarida Bunjikatga shunday ta’rif beradi: «Bunjikat viloyat hokimi yashaydigan shahar bo‘lib, uylari yog‘och va loydan qurilgan. U ichki va tashqi shahardan iborat, devorlar bilan o‘ralgan. Ichki shaharning ikki darvozasi bor, shaharning ichidan katta daryo oqib o‘tadi. U yerda jome masjid, bozorlar va tegirmon ham bor. Shahar aylana devorining atrofida bir farsax keladigan bog‘lar, uzumzorlar va bir necha qasrlar bo‘lgan. Tashqi shaharning to‘rt darvozasi: Zomin, Mirosmanda, Nujket va Kahalboz darvozasi nomlari bilan atalgan. Tashqi shaharda oltita anhor bo‘lib, ular shahardan yarim farsaxdan kamroq masofada joylashgan daryodan boshlangan. X asrda Bunjikatda 10 ming erkak aholisi bo‘lib, ichki va tashqi shahardan iborat va shahardan daryo oqib o‘tgan. Tashqi shaharda qamoqxona joylashgan».
V.V.Bartold ham yuqoridagi fikrlarni inobatga olib, ularga qo‘shimcha ravishda, «Bunjikat ehtimol Panjikent yoki O‘ratepa shahridan 25 km. tepada, uning janubi-sharqiy tarafida joylashgan Shahriston bo‘lishi mumkin», degan fikrni ilgari suradi.
Bunjikat – Pancha (Panjikent) emasligi quyidagi yozma manbada ham o‘z aksini topgan. Panch hokimligining markazi bo‘lgan Panjikentga bo‘ysunuvchi Eskodar, Zarovat, Kshtut ...kabi qishloqlar «qishloq oqsoqoli» ma’nosini anglatuvchi unvon ostidagi kishilar tomonidan boshqarilgan.
Ba’zi bir manbalarda shunday ta’kidlanadi: «Pancha (Panjikent) hokimi Divashtich arablarga qarshi kurashda hamkorlik qilish, ittifoq tuzish maqsadida o‘zining ishonchli xizmatchisi Farasmanni Ustrushana, Choch va Farg‘onaga maxsus topshiriq bilan yubordi. Farasmanning o‘z xojasi Divashtichga yozgan maxfiy maktubida Ustrushana hukmdori hamkorlikka rozi emasligini ma’lum qilgan».
Tojikistonlik olimlar V.V. Bartoldning yuqoridagi fikriga tayanib ta’kidlayotganidek, Bunjikat – Panjikent yoki Shahriston degani emas. Yuqorida aytib o‘tilgan bunday talqin arab manbalaridagi ma’lumotlardan farq qiladi.
Tojikistonlik olimlar chiqargan xulosalar quyidagi ma’lumotlarga asosan noto‘g‘ri deb topildi: birinchidan, Panjikent Pancha hokimligining markazi bo‘lib, uning hokimi Divashtich bo‘lgan; ikkinchidan, Shahriston O‘ratepa shahridan 25 km. tepada, uning janubi-sharqiy tarafida joylashgan. O‘ratepa shahri bilan Samarqandning orasi 200 kmdan ortiq, vaholanki, Samarqand bilan Bunjikatning orasidagi masofa 6 farsax (36-48 km) bo‘lishi kerak; uchinchidan, shaharning tashqi to‘rtta darvozasi to‘rtta tomonga qarashi kerak, agarda V.V. Bartold hamda ba’zi bir tadqiqotchilar xulosasiga qaralsa eshiklar bir tomonga qarab qoladi; to‘rtinchidan, Bunjikatning tashqi shahrida mavjud oltita anhorning manbai shahardan yarim farsax masofada joylashgan daryodan boshlangan; beshinchidan, shaharning aholisi ko‘p, qasrlar, bog‘lar, uzumzor va ekinzorlar bo‘lgan. Mazkur tarixiy va obyektiv dalillar asosida Bunjikatdan yarim farsax masofadagi daryo Sangzor daryosi va shaharning hozirgi davrdagi o‘rni esa Jizzax viloyatining Baxmal[1] tumani deb belgilandi.
Zomin. O‘rta asrlarda gullab yashnagan va Buyuk Ipak yo‘li ustida joylashgan Ustrushanadagi eng katta tarixiy shaharlardan biri – Zomin. Bu shahar O‘rta asr arab manbalarida atroflicha yoritilgan. Zomin qadimda Sarasanda, Susanda, Sabza nomlari bilan ham yuritilgan. U Farg‘onadan Sug‘dga borish yo‘lida joylashgan bo‘lib, yo‘lovchilar uchun u yerda qo‘noq bor. Zomin oqar suvli, bog‘dor va uzumzor joy. Uning sharqi tog‘lar, g‘arbi esa cho‘l bilan qoplangan. Shahar Zominsuvning har ikkala sohilida joylashgan.
Og‘a Burgutli o‘zining «Jizzax viloyati ziyoratgohlari» risolasida Zomin haqida shunday deydi: «Zomin atamasi «Avesto»da tilga olingan «Zomyod» farovonlik farishtasi nomi bilan bog‘langan. Mazkur shaharning tarixi zardo‘shtiy ota-bobolarimiz zamonasi bilan, miloddan avvalgi VII-V asrlar bilan o‘lchanadi».
Zomin haqida ko‘plab olimlar o‘z asarlari va tadqiqotlarida batafsil ma’lumot berganlar. Zomin Farg‘onadan Sug‘dga borish yo‘lida joylashgan bo‘lib, Susanda nomi bilan yuritilgan va Sabza nomi bilan ham atalgan. Uning sharqi tog‘lar va g‘arbi esa cho‘l bilan qoplangan. Shahar Zominsuvning har ikkala sohilida joylashgan.
X asrda Zomin yonida arablar istilosiga qadar bo‘lgan eski shaharning xarobalari saqlangani manbalarda qayd etilgan. «Hudud ul-olam» asarida quyidagicha ta’rif beriladi: «Zomin – Xo‘jand – Farg‘ona yo‘lidagi shahar bo‘lib, Sarushanaga qarashli. Unda mustahkam qo‘rg‘on bor; ekinzorlari ko‘p bir joy erur».
Zominning Samarqand, Buxoro, Shosh (Toshkent) va Farg‘ona vodiysi shaharlarini bog‘lovchi katta karvon yo‘lida joylashgani uning ravnaqiga ijobiy ta’sir etgan. Zominda juda katta bog‘lar va uzumzorlar bo‘lgan. Arab geograf sayyoh olimlari o‘zlarining tarixiy-geografik asarlarida Zomin va uning atrofidagi qishloqlar, shuningdek, u bilan chegaradosh shahar va qishloqlarning joylashgan masofalari haqida keng ma’lumotlar berishgan. Xususan, Ibn al-Faqih ta’kidlashicha: Samarqanddan Zomingacha 17 farsax bo‘lib, u yerda ikki tomonga yo‘l ketgan, biri Shosh va ikkinchisi Farg‘ona vodiysiga yo‘nalgan. Zomindan Sabotgacha 3 farsax, Xarqonagacha 9 farsax, Xovas yo‘li orqali Kurket qishlog‘igacha 13 farsax masofada joylashganini al-Istaxriy o‘zining «Masolik al-mamolik» asarida ta’kidlab o‘tgan. Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniy «al-As’ila va-l-ajviba» (Savollar va javoblar) asarida Zominni «madina» yoki «bulayda» deb atamagan, balki «qasaba», ya’ni bosh shahar, deb murojaat etadi. Bundan Zomin mustahkam qal’alar bilan o‘ralgan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan shahar bo‘lgani haqida xulosa chiqarish mumkin.
Dizak. Ustrushananing uchinchi katta shahri Dizakdir. Dizak – Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharlardan biri. Toponomist olimlar Jizzax nomini sug‘diycha «Dizak» («qal’acha») diz – «qal’a, istehkom qo‘rg‘on», ak – kichiklikni bildiruvchi qo‘shimcha, deb ta’rif beradilar.
Yunon solnomachilari esa bu hududni Gazo deb atab, uni alohida tilga oladilar. Arxeologlar Gazo shahrining o‘rnini aniq va asosli tayin etmasalar-da, manbalarda uni Samarqand va Toshkent oralig‘ida joylashgani aytiladi. Yunonlar ta’kidlagan Gazoni qadimiy Jizzax deb taxmin qilish mumkin.
Shahar arablar istilosidan oldin ham mavjud bo‘lgan. Feknan hukmronligi vaqtida Dizakda ko‘plab karvonsaroy va mehmonxonalar qurilgan. Shahardan bir farsax uzoqlikda joylashgan Xudiysar karvonsaroyi, mehmonxona va ko‘plab uylar bo‘lgan. Dizak esa Shoshning yo‘lidagi, Samarqand bilan Zominning o‘rtasidagi shahar. Dizakda Marosimanda degan joy mavjud bo‘lgan, u yer yuz gektardan iborat bo‘lib, har yili u yerda bir marotaba katta savdo yarmarkasi o‘tkazilib turilgan. Atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan. Marosimandaning yaqinida Ming‘ degan joy bo‘lib, u yerdan hozirga qadar temir qazib olinadi.
«Hudud al-olam» asarida quyidagicha ta’rif beriladi: «Dizak – shaharcha, unda oqar suv bor. Uning yaqinida Marosimanda degan joy bor, unda bir yilda bir kun bozor bo‘ladi va o‘sha kuni ul bozorda yuz ming dinor (miqdorida mol) savdo qilinadi, deydilar».
Ilk o‘rta asrlarda jahon bozorida Dizakda tayyorlangan jun va teri mahsulotlariga talab katta bo‘lgan. VIII-IX asrlarda kulollar, zargarlar, aravasozlar kabi mahallalarning mavjudligi milliy hunarmandchilikning rivojlanganligidan darak beradi.
Qadim va o‘rta asrlarda bunyod etilgan me’moriy yodgorliklar bizgacha yetib kelmagan. O‘rta asrlarga oid ko‘pgina qal’a-qo‘rg‘on va karvonsaroylar tepa va qo‘rg‘on (Kultepa, Oqtepa, Rabot, Qo‘rg‘ontepa, Xonimqo‘rg‘on, Kaliyatepa) kabi nomlar bila ataladi. Bularning soni yuzdan ortiq. Jizzax va G‘allaorol tumanlari hududidagi Takalisoydagi qoyatoshlarda ibtidoiy chorvachilik, ovchilik davriga oid mingdan ortiq rasm, Baxmal, G‘allaorol, Jizzax tumanlarida juda ko‘p yer osti yo‘llari saqlangan. Baxmal tumani hududida Budda ibodatxonasi qoldig‘i topilgan. Parpiota, Girkushoq, Avliyo Serob, Nuriddin masjidlarining qoldiqlari saqlangan. Forish tumanida qadimiy «Band» to‘g‘oni qoldig‘i hozir ham mavjud. Jizzax tumanida Uzunota qabri, O‘rda, Bobo Yak, Qaliyatepa, Nuriddin Hoji madrasasi kabi tarixiy va me’moriy yodgorliklar saqlanib qolgan.
Jizzax IX – X asrlarda somoniylar, XI-XIII asr boshida qoraxoniylar, XIII-XIV asrlarda chingiziylar, XIV-XV asrlarda temuriylar davlati, XVI-XVIII asrning birinchi yarmida Buxoro xonligi, XVIII asrning ikkinchi yarmidan 1866 yilgacha Buxoro amirligiga tobe bo‘lgan. Shahar bir necha marta inqirozga uchrab, yana qayta tiklangan.
Xovas. Mashhur geograf olim Abulqosim Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Xurdazbih «Kitob al-masolik va al-mamolik» asarida quyidagicha ta’rif beradi: «Xovas – Samarqandning tepasidagi Ustrushana mintaqasiga taalluqli shaharcha. Movarounnahrdagi Jayhun va Sayhun daryolarining o‘rtasida joylashgan. Xovas Shosh yo‘lida joylashgan bo‘lib, Zomingacha olti farsax».
Hozirda Xovas Sirdaryo viloyati tumanlaridan biri bo‘lib, Xovas shaharchasi ham bor. Qadimiy Sirdaryo tarixi haqida ma’lumot beruvchi muhim yozma manba qadimda yunon tarixchisi Arrianning «Iskandarning harbiy yurishlari» asarida yozishicha, Sirdaryo «Tanais», «Yaksart» nomi bilan yuritilgan.
Miloddan avvalgi III-II asrlarda O‘rta Osiyoning shimoliy rayonlarida 5 ta mayda davlatlardan iborat Qang‘yuy davlati ittifoqi yuzaga keladi. Uning tarkibiga hozirgi Sirdaryo viloyati hududlari ham kirgan. Ushbu davrda ko‘chmanchi aholining viloyat hududiga kelib o‘rnashishi yer tanqisligini yuzaga keltiradi. Natijada hozirgi Xovas tumanining g‘arbiy qismlari ham aholi tomonidan o‘zlashtiriladi. Sho‘rbuloqsoyning quyi qismida Eski Xovas yodgorligi, Shirinsoyning quyi qismida Munchoqtepa yodgorligi qad ko‘taradi.
Xovas qadimda islom dini rivojiga xizmat qilgan ulamolar vatani bo‘lib, ular al-Xovasiy nisbasi bilan faoliyat yuritganlar.
Sobot. Movarounnahrning Ustrushana mintaqasidagi mashhur shaharcha. Samarqanddan yigirma farsax, Xo‘janddan o‘n farsax masofada joylashgan.
Shibla. Ustrushananing qishloqlaridan biri. Shibla so‘zining ma’nosi shuki, arablar sherning urg‘ochi bolasini «shiblatun» deyishadi. Shibla qishlog‘i Borkasning janubidan bir farsax va Usmatning shimoli-sharqidan bir farsax masofada joylashgan. Ob-havosi toza, yerlari hosildor, suvi tiniq, buloqlari ko‘p. U yerda uzum va olmalar yetishtiriladi.
Hozirda Zomin tumanining Uvol qishlog‘ida «Sher to‘pi» degan urug‘dan bo‘lmish yuzdan ortiq oila yashaydi. Ehtimol ushbu urug‘ mana shu Shibla qishlog‘idan tarqalgan bo‘lishi mumkin. Ular asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadilar. Mazkur qishloqda tavallud topgan olimu ulamolar asosan ash-Shibliy nisbasi bilan faoliyat yuritganlar.
Borkas. Ustrushananing qishloqlaridan biri, keyinchalik Samarqandga qaragan. Borkas Samarqanddan Sirdaryoga ketish yo‘lida to‘rt farsax, Xushufag‘ngacha Qatvon yo‘li orqali to‘rt farsax masofada joylashgan, degan ma’lumotlar berilgan.
Sanjafin. Ustrushananing Samarqand yaqinidagi qishloqlaridan biri.
Xudiysar. Ustrushana bilan Samarqand chegarasidagi shaharcha. Xudiysar Dizakning shimolidan ikki farsax masofada joylashgan va u afshin Haydar ibn Qavus tomonidan 199/815-204/820 yillarda Marosimandaning yonida mamlakatni dushmanlardan himoya qilish maqsadida besh yil davomida qurilgan.
Surxakat. Ustrushana qishloqlaridan biri. Sadr al-Afodil Qosim ibn Husayn al-Xavorazmiy «Silot ar-rayohiyn» asarida yozishicha, Surxakat nomi bilan Movarounnahrda ikki qishloq bo‘lib, biri Xazor tumanida va ikkinchisi Ustrushananing Samarqand yaqinidagi qishloqlaridan biri. Mazkur qishloq ulamolari as-Surxakatiy nisbasi bilan faoliyat yuritganlar.
Nujonikas yoki Nujkat. Ustrushananing Samarqand yaqinidagi shaharchalaridan biri.
Yorkas. Samarqandning shimolida joylashgan Ustrushana qishloqlaridan biri. Keyinchalik Samarqand hududiga o‘tib ketgan. Yorkasda daryodan keladigan suv manbai yo‘q. Yorkas ahli buloqlardan keladigan suvlar bilan kifoyalanishadi, degan ma’lumotlar berilgan. Bu qishloqdan chiqqan olimlar al-Yorkasiy nisbasi bilan faoliyat yuritganlar.
Burnamad. Ustrushananing Samarqand yaqinidagi qishloqlaridan biri. Burnamadning lug‘aviy ma’nosi «bug‘lanish» so‘zidan olingan. Ba’zi bir manbalarda Burnamaz ham deyilib, u o‘zining ko‘plab buloqlari bilan mashhur. Burnamad Dizakdan Zominga boradigan savdo yo‘lida joylashgan bo‘lib, arab geograf olimi Ibn Xurdazbihning yozishicha, u Sa’d rabotining g‘arbiga ikki farsax, Xushufag‘ngacha besh farsax va Zomingacha to‘rt farsax masofada joylashgan.
Shovkat. Ustrushananing qishloqlaridan biri bo‘lib, keyinchalik Samarqandga o‘tib ketgan. Manbalardan mazkur qishloq qachon Samarqand hududiga o‘tib ketganligi haqida hech qanday ma’lumot topilmadi.
Qatavon. Ustrushananing Samarqand yaqinidagi qishloqlaridan biri. Borkasning shimol tomoni Abi Ahmad rabotidan ikki farsax va Samarqanddan besh farsax masofada joylashgan. Bu qishloqni Qatavon diza – «Qatavon qal’asi», deb ham atashadi. Qatavon qishlog‘ida Ahmad az-Zohid al-Xovasiy tomonidan qurilgan rabot bo‘lib, u Samarqandgacha yetti farsax masofada joylashgan. U yer ko‘p musulmonlar qatl qilingan joy bo‘lib, shahidlar qabristoni bo‘lgan. U yerga ziyoratchilar borib, ikki kecha qolganlar.
Xushufag‘n. Ustrushana qishloqlaridan biri. Abu Sa’d as-Sam’oniy «Ansob» asarida Movarounnahrda Xushufag‘n nomi bilan ikki qishloq bo‘lib, birinchisi Sug‘dning Ishtixon tumanida va ikkinchisi Borkas qishlog‘ining shimoliga to‘rt farsax masofada joylashgan Ustrushana qishloqlaridan biri, degan ma’lumotni beradi.
Xarqona. Ustrushananing Dizakka yaqin joydagi qishloqlaridan biri. Xarqona Dizakgacha to‘rt farsax, Abu Ahmad rabotidan ikki farsax, Samarqandgacha sakkiz farsax, Zomingacha to‘qqiz farsax masofada joylashgan. U yerda o‘z zamonasida ma’lum va mashhur bo‘lgan Xarqon raboti bo‘lgan.
Kamarja. Ustrushananing qishloqlaridan biri bo‘lib, Samarqandgacha bir kunlik yo‘l masofada joylashgan. Ba’zi bir manbalarda Samarqanddan 7 farsax masofada joylashgan, deb ta’kidlanadi. Keyinchalik Samarqandning Sug‘d hududiga qaragan. Bu qishloqdan ham juda ko‘plab ulamolar yetishib chiqib, al-Kamarjiy nisbasi bilan faoliyat yurgizganlar.
Mojarm. Ustrushananing qishloqlaridan biri. Keyinchalik Samarqandning Sug‘d hududiga qaragan.
Navqad. Navqad nomi bilan Movarounnahrda ikki katta qishloq bo‘lib, birinchisi Borkas qishlog‘idan 3 farsax masofada joylashgan Ustrushana qishloqlaridan biri. Ikkinchisi Nasafdan 6 farsax masofada joylashgan katta qishloq. Manbalarda Nasafdagi bu qishloqni Navqad quraysh deb ham ataydilar. Bu qishloqdan ham juda ko‘plab olimu ulamolar yetishib chiqib, an-Navqadiy nisbasi bilan ilmiy izlanishlar olib borganlar.
G‘ubdin. Bu nom bilan Movarounnahrda ikki qishloq bo‘lib, birinchisi Ustrushana mintaqasida va ikkinchisi esa Nasafga 2 farsax masofada joylashgan. Bu qishloqdan ham juda ko‘plab olimlar chiqib, al-G‘ubdiniy nisbasi bilan faoliyat yurgizganlar.
Usmand. Ustrushananing Borkas qishlog‘iga 2 farsax masofada joylashgan qishloqlaridan biri. Bu qishloq Samarqand hududiga yaqin joyda bo‘lganligi bois keyinchalik shu hududga qaragan.
Shiyrakas. Ustrushananing qishloqlaridan biri.
Shuningdek, Ustrushanada Ars’anikat, Kurkat, G‘azaq, Fag‘kat kabi qishloqlar ham mavjud bo‘lgan.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, IX–XIII asrlardayoq bu vohadan yuzlab juda salohiyatli olimu fuzalolar, sarkardalar, qoziyu elchilar, savdogaru hunarmandlar yetishib chiqqan. Ustrushana podshosi afshin Haydar ibn Qavus 220/835-225/840 yillarda shimoliy Eron, Ozarbayjon, Armaniston hududlarini, Rum davlatini xalifalikka bo‘ysundirgan bosh qo‘mondon bo‘lgan. Abu Saj ibn Devdast IX asrning oxiri – X asrning birinchi yarmida Ozarbayjondagi Sajlar davlatiga asos solgan. Zahiriddin Muhammad Boburning shaxsiy qo‘riqchisi ham jizzaxlik Turdibek Yusufbek o‘g‘li bo‘lgan.
Sohibqiron Amir Temur zamonida viloyatning shahar va qishloqlari yana obod bo‘ldi. Dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlanib, ko‘plab madrasa, masjidlar qurilgan. Amir Temurning hordiq olish va ov qilishda sevimli manzillari hisoblanmish Baxmal, Zomin tumanlari, Molguzar tog‘ining shimoliy yon bag‘rlarida bog‘lar yaratilgan. Molguzarning shimoliy biqinidagi Oltihovuz manzilida Sohibqiron Amir Temur bobomizdan yodgor qolgan bahaybat yong‘oq daraxti hali-xanuz hosildor meva beradi. Jizzax viloyatida Mirzo Ulug‘bek va Abdullaxon II ning xotira yozuvlari saqlangan. Shuningdek, viloyat hududida 372 ta madaniy meros obyektlari, shundan 42 ta tarixiy obida va muqaddas ziyoratgohlar, 267 ta arxeologik manzilgohlar, 63 ta monumental yodgorliklar mavjud ekanligi aniqlandi.
Ziyoratgohlar har bir xalqning milliy qadriyat-larini o‘zida mujassam etgan muqaddas joylar sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, Saad ibn Abu Vaqqos, Parpi ota, Xo‘jamushkent ota, Novqa ota, O‘smat ota, Said Mir Xalililloh ota, Xo‘jabog‘bon ota, Jondahar ota, Ko‘k to‘nli ota, Xo‘jai Sarob ota, Xoja Shohimardon Sherdor, Sayyid Burhoniddin Qilich, Xoja Qahhor vali, Cho‘qmozor ota, Sayfin ota, Archamozor ota, G‘ubdun ota, Parpi oyim, Qoplon ota, Narvon ota, Qulfisar ota, Changovul bobo, Qirqchilton, Qobulmozor, Qum ota, Boboyakka, Beshbuloq ota singari ziyoratgohlar xalq me’morchiligining nodir namunalari sifatida o‘zbek xalqining milliy madaniy yodgorliklari hisoblanadi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, butun musulmon Sharqidagi madaniy markazlar qatorida ko‘hna Ustrushana ham tarixda Movarounnahrdagi yirik madaniyat markazlaridan biri sifatida nom qoldirgan. Bu yerda adabiyot, tasavvuf fanlari bilan bir qatorda hadis, tafsir va fiqh ilmlari ham rivojlangan. Bu hol dunyoda yuz bergan o‘zgarishlardan Ustrushana mintaqasi chetda qolmaganligini, o‘zga diyorlarda paydo bo‘lgan madaniy taraqqiyotdan ma’lum darajada bahramand bo‘lib turganligi va o‘z navbatida, Ustrushanada ham turli ilmlar va madaniyat rivojlanishi bilan birga hunarmandchilik, iqtisodiy munosabatlar va savdo-sotiq ham keng taraqqiy etganligini tasdiqlaydi.
O‘rta asr arab manbalari asosida Ustrushana – Istaravshan shahri emasligi, balki Ustrushana Samarqandning oldi va Sayhun daryosining quyi qismidagi katta bir viloyat ekanligi aniqlandi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Ustrushana mintaqasining hozirgi joylashgan hududi Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hududini o‘z ichiga oladi, deb xulosa qilindi.
Tojikistonlik tadqiqotchilar V.V. Bartoldning yuqoridagi fikriga tayanib, Bunjikat – Panjiket yoki Shahriston deb ta’kidlashlari to‘g‘ri emas. O‘rta asr arab manbalari asosida shaharning hozirgi kunda joylashgan maskani Jizzax viloyatining Baxmal tumani bo‘lganligini qayd etish mumkin.
Yozma manbalarda keltirilgan ma’lumotlar hamda arxeologik tadqiqotlarga tayanib, mazkur risolada o‘rta asrlarda Ustrushana mintaqasi tarkibida bo‘lgan 3 ta katta shahar, 4 ta shaharcha, 22 ta qishloq haqida qisqacha ta’rif berildi.
[1] Baxmal – Jizzax viloyatida 1943 yil 8 mayda tashkil etilgan tuman. G‘allaorol, Jizzax, Zomin tumanlari, Samarqand viloyati va Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 1,86 ming km. Aholisi 91,8 ming kishi (2000 y.). Baxmal tumanida 1 shaharcha (Usmat) va 10 qishloq fuqarolari yig‘ini bor. Markazi – Usmat shaharchasi. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-juz. 651-bet.
Muslim Atayev,
tarix fanlari nomzodi,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo‘limi xodimi