Bugungi kunda virtual muloqot vositalarida insonlarning boshqalar ko‘rishini istamaydigan holatda olingan tasodifiy suratlari va videolavhalarni o‘zgalarga yuborish, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish avj oldi.
Shunday videolavhalardan birida Chili poytaxti Santyagoda gaitilik muhojir ko‘p qavatli binoning 9-qavatidan tushib ketgan ayolni qutqarib qolgani tasvirlangan.
Lavhada ayolning yuqori qavatdagi xonadon ayvoni to‘sig‘iga osilib turgani aks etgan. Ayol bu vaziyatga qanday tushib qolganini ma’lum emas. Biroq pastda odamlar to‘planib, ushbu holatni tasvirga olishni boshlagan.
Gaitilik Richard Jozef avtobusdan tushganda ayolning osilib turganiga ko‘zi tushgan vau ham avvaliga telefonni olib qolganlar kabi voqeani suratga ola boshlagan. Biroq keyin bunday qilish yaxshi emasligini anglab ayolga qanday qilib yordam berishi mumkinligini o‘ylagan.
Jozef mushkul holatda qolgan ayol qayerga tushishi mumkinligini chamalab, o‘sha yerga qo‘llarini oldinga cho‘zgancha turib olgan. Ayol yuqoridan qulaganda Jozefning qo‘liga kelib tushgan. Zarba kuchidan ularning ikkisi ham jarohat olgan, biroq ular tirik qolgan. Ayol og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan, Jozefning esa tizzasi, tovoni va qo‘llari yengil shikastlangan.
Ushbu voqea “birov o‘laman desa, birov kulaman” degan naqlni esga soladi.
“Internetdagi tahdidlardan himoya” nomli asarda qayd etilishicha, muqaddas islom dinida birovni hijolat qilib, uyaltirish harom hisoblanadi. Ushbu lavhani tarqatganlarning ayrimlari esa voqeadan zavqlanadi.
Turli noxush voqealarni tezlik bilan tasvirga olib, internet orqali tarqatish ishtiyoqi yoshlarni halokatga uchragan kishilarga yordam berish fazilatidan mahrum etayotganga o‘xshaydi.
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV