Bugun Qur’oni karimda zikr qilingan Fir’avning ayoli Osiyo onamizning hayoti va u kishining islomdagi namunali xizmatlari haqida so‘z yuritamiz. Ma’lum bo‘lishicha, “Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir kuni yerga to‘rtta chiziq chizdilar va: “Bu nima, bilasizmi?” deb so‘radilar. Sahobalar: “Alloh va uning Rasuli bilguvchidir”, deyishdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Bular jannatning eng afzal ayollari — Xadicha binti Huvaylid, Fotima binti Muhammad, Maryam binti Imron va Fir’avnning ayoli Osiyo binti Mazohimdir”, dedilar.
Rivoyatlarda aytilishicha, o‘tmishda Misr podshohlarini Fir’avn deb atashgan. Muso alayhissalom davrida Ramzes Ikkinchi Fir’avn bo‘lgani aytiladi. Fir’avn to‘g‘yonkor, zolim va ilohlik da’vosini qilgan podshoh bo‘lgan. Qur’oni karimda Fir’avn xudoning yo‘lidan chiqqan fuqarolarni o‘z xohishiga bo‘ysundirishga harakat qilgan, kishilarga o‘zini Rabb sifatida ko‘rsatgan, o‘ziga bo‘ysunmaganlarga cheksiz zulm o‘tkazgan mustabid va zolim podshoh timsolida tasvirlanadi.
Fir’avn bir kuni tush ko‘radi, Tushida uning podshohligi inqirozga uchraydi. U ko‘rgan tushini ta’bir qilib berishni sehrgar va folbinlar zimmasiga yuklaydi. Uning atrofidagi gumashta sehrgar-folbinlar podshohga, sening mulkingning yo‘q bo‘lishiga Bani Isroildan kelajakda tug‘iladigan bir o‘g‘il bola sababchi bo‘ladi, degan xabarni yetkazadi.
Fir’avn garchi, xudolik da’vosini qilsa-da, taxtiga xavf soladi deb ona qornidagi homiladan ham qo‘rqadi. Fir’avnning gumashtalari esa uning bu zaif joyini yaxshi biladi. Shuning uchun Fir’avnga yoqmagan toifaning homiladagi bolasini ham unga ashaddiy dushman, taxtiga ko‘z olaytirgan qilib ko‘rsatishga urinadi. Oqibatda Fir’avn Bani Isroildan tug‘iladigan har bir o‘g‘il bola mulkining inqirozi sababchisi bo‘lishi mumkin, degan fikrga keladi. Shu boisdan tug‘ilgan har bir o‘g‘il bola darhol o‘ldirilsin, degan farmon chiqardi. O‘sha soatdan boshlab, har bir bani isroillik homilador ayollar yonida doya qo‘shilib yuradigan bo‘ldi. Ayol tug‘ishi bilan doya qarar, o‘g‘il bola bo‘lsa, xabar berar va jallodlar bolani qatl qilar edi. Shunday qilib, Fir’avn o‘zining misli ko‘rilmagan shafqatsiz siyosatini olib bordi.
Qur’oni karimning Qasas surasida zikr etilgan Muso alayhissalom haqidagi qissalar xuddi shu ma’nodagi muqaddima ila boshlanadi:
“Darhaqiqat, Fir’avn yerda (Misrda) tug‘yonga* ketib, uning aholisini bo‘lib tashladi. Ulardan bir toifani (Isroil avlodi qavmini) xorlab, o‘g‘illarini so‘yar, qizlarini tirik qo‘yar edi. Albatta, u buzg‘unchilardandir. Biz esa, u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni, ularni (xorlikdan chiqarib, namunali) peshvo zotlarga aylantirishni va ularni (Fir’avn mulkiga) merosxo‘r qilishni istaymiz. Yana ularni o‘sha yerda barqaror qilib, Fir’avn va (uning vaziri) Homonga hamda ikkovining lashkarlariga ular xavotirlanayotgan narsani ko‘rsatib qo‘yishni (istaymiz)”.
Fir’avn xohlagan ishini iroda qilaversin, uning istagi hech qachon amalga oshmaydi. Bu dunyoda ham, u dunyoda ham faqat Alloh taoloning istagani bo‘ladi. Homon –Fir’avnning vaziri. U har doim Fir’avn qiladigan yomonliklarga boshu qosh bo‘lib kelgan. Fir’avn, Homon va ikkisining askarlari bani Isroildan mulkiga zavol yetishidan qo‘rqar edi. Alloh taolo ular qo‘rqqan narsani aynan bani Isroil orqali ko‘rsatishni va’da qilmoqda.
Yaratgan Parvardigor Qasas surasining 7-oyati karimasida shunday marhamat qiladi:
“Biz Musoning onasiga vahiy* qildikki: “Uni emizaver. Bas, agar (uni o‘ldirib ketishlaridan) qo‘rqsang, uni daryoga tashlagin va qo‘rqmagin ham, qayg‘urmagin ham. Zero, Biz uni senga qaytaruvchi va uni payg‘ambarlardan qiluvchidirmiz” .Ulamolar ushbu oyatdagi «vahiy»ning ilhom ma’nosida kelganini ta’kidlaganlar. Chunki Muso alayhissalomning onasi Payg‘ambar bo‘lmagan, demak, u kishiga vahiy kelmasligi ham aniq. Muso alayhissalom nihoyatda xatarli bir vaqtda dunyoga kelganidan onasi nima qilarini bilmay qoldi. Fir’avnning ayg‘oqchilari yangi tug‘ilgan go‘dak o‘g‘il ekanligini sezib qolsa, uni onasidan tortib olib o‘ldirishi mumkin. Nima qilish kerak? Insonning qo‘lida hech qanday chora yo‘q. Shunda Alloh taoloning O‘zi ko‘maklashdi.
Muso alayhissalomning onasini Alloh taolo ilhom etgan buyruqni bajardi. Go‘dakni sandiqqa solib, daryoga oqizib yubordi. Qur’oni karimning Qasas surasi 8-oyati karimasida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Bas, Fir’avnning xonadon ahli uni (o‘sib-ulg‘ayganida) o‘zlariga «dushman va tashvish bo‘lishi uchun» tutib oldilar. Albatta, Fir’avn, Homon va ularning lashkarlari yanglishgan edilar”.
Ichiga go‘dak Muso (a.s) solingan sandiq daryodan oqib borib Fir’avn qasridagi boqqa kiradi. Fir’avn va uning xotini Osiyo xonim daryo bo‘yida o‘tirgan edi. Birdan ularning ko‘zi daryoda oqib kelayotgan sandiqqa tushib qoladi. Fir’avning buyrug‘i bilan sandiqni suvdan olib chiqarishadi. Shunda Fira’vn bu sandiqdagi bolani ko‘rib bu bola Bani Isroil qavmidan deb bolani zudlik bilan o‘ldirishga farmon beradi. Bolaning joni xatarda qoladi. Odatda, hech qachon ko‘ngli yumshamaydigan Fir’avnni Alloh taolo eng nozik joyidan oldi. Uning ayoli Osiyo onamizni ishga soldi. Osiyo onamizning qalbiga go‘dakning muhabbatini joyladi va o‘rtaga tushib shunday dedi: “Bu bola men uchun ham, sen uchun ham ko‘z quvonchidir, Juda ham istarasi issiq, chiroyli go‘dak ekan, ko‘rgan odamning ko‘zi quvonadi, biz ham uni ko‘rib quvonib yuraylik, uni o‘ldirmanglar, tirik qolsin. Boqib, tarbiya qilib o‘stirsak, shoyadki, u bizga foyda bersa, ehtimol, uni o‘zimizga bola qilib olarmiz”, dedi.
“Holbuki, ular sezmasdilar”. Ular Musoni kelajakda o‘zlariga dushman va g‘am-g‘ussa bo‘lishini (Osiyodan boshqasiga) sezmaydigan holatda edilar. Fir’avn Osiyoning gapi bilan go‘dak Musoni o‘ldirmay, boqib olishga qaror qildilar. Allohning hikmatli tadbiri oldida hech narsa to‘siq bo‘la olmaydi. Avval Fir’avnning ayoli Osiyo qalbiga Muso alayhissalomning muhabbatini solib, go‘dakni o‘ldirmasdan, boqib olish uchun qaror qildirdi.
Tahrim surasining 11-oyatida bunday marhamat qilinadi:
“Alloh imon keltirgan zotlar haqida Fir’avnning xotinini misol keltirdi. O‘shanda u: «Ey, Robbim! O‘zing men uchun huzuringda (jannatda) bir uy bino qilgin, menga Fir’avn va uning qilmishidan najot bergin. Meni zolimlar qavmidan xalos etgin!”
Fir’avnning xotini Osiyo xonim o‘sha zamondagi eng katta podshohning ayoli edi. Har jihatdan to‘kinlikda yashar edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, kofir va zolim eriga va qavmiga qarshi chiqdi. Alloh taologa iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu esa dunyo hoyi-havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Alloh taolo ushbu oyatda barcha musulmonlarga ibrat tarzida Fir’avnning ayoli Osiyo binti Mazohim xonimni misol qilib keltiradi. Bu misol Allohga itoat va dinda mustahkam bo‘lishga bir targ‘ib, mo‘min va mo‘minalarning imon yo‘lida sabrli bo‘lishlariga bir chaqiriqdir. Qur’oni karimning tafsirlarida bayon qilinishicha, Muso alayhissalom va ukalari Horunning Fir’avn sehrgarlari bilan bo‘lgan bellashuvida, imon kufr ustidan g‘alaba qiladi. Bundan xabar topgan Fir’avnning xotini Osiyo: “Muso va Horunning Rabbisiga imon keltirdim”, deb imonini hammaga oshkor qildi. Bundan xabar topgan Fir’avn g‘azablanib, uni o‘ldirishga amr etdi.
U Muso va Horunning diniga imon keltirgan xotinini huzuriga chaqirib: “Mendan boshqa ham Rabbing bormi?” deb so‘raydi. Osiyo onamiz: “Ha, u mening Rabbim, sening Rabbing va barchaning Rabbisi – Allohdir, men unga ibodat qilaman”, deb dadil javob beradi. Shunda Fir’avn askarlariga buyurib, Osiyoning qo‘l-oyoqlariga qoziqlar qoqtiradi. Quyosh jaziramasi ostiga qo‘yib azoblaydi. Ustiga ulkan toshni bostirib, qiynaydi. Shu bilan Allohga bo‘lgan imonidan qaytarishga urinadi. Lekin Osiyo xonim Fir’avning bu taklifga aslo ko‘nmaydi. Osiyo azoblanar ekan, Allohga duo qildi: “Ey, Robbim! O‘zing men uchun huzuringda (jannatda) bir uy bino qilgin, menga Fir’avn va uning qilmishidan najot bergin. Meni zolimlar qavmidan xalos etgin”, dedi.
Ulamolar bu duo xususida shunday deydilar:
Alloh taolo bu duoni ijobat qildi. Osiyo osmonga qarab, shu onda, samoda, jannatda o‘ziga bino qilinayotgan qasrni ko‘rdi. Qasr duru gavharlardan edi. Bu manzarani ko‘rib, xotirjam bo‘ldi va azoblarni unutib, tabassum qildi. Bu hodisa Fir’avn va saroy a’yonlarining ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi. Ayonlarining hayratini ko‘rgan Fir’avn battar g‘azablandi. So‘ngra: "Uning jinniligiga ajablanmaysizmi? Men uni azoblayapman-u, u esa kulyapti?" deb qichqirdi va xotinini tezroq o‘ldirishlariga buyruq berdi. Fir’avn odamlari Osiyo xonim ustiga ulkan toshni qulatishganida, uning pokiza ruhi allaqachon jannatga olib chiqib ketilgan edi. Ulkan tosh jonsiz jasad ustiga tushdi. Hazrati Osiyoning shijoati, jasorati va sabot-matonati hamda Allohga bo‘lgan mustahkam imon va e’tiqodi barcha mo‘min va mo‘minalarga yuksak bir ibratdir.
Internet materiallari asosida
Ilyos AHMЕDOV tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!» dedi u.
Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga bunday dedi:
— Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!
Xotin dedi:
— Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.
Er dedi:
Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘ida o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.
Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:
— Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi:
«Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat).
Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas.
Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.
Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga davlat rahbari ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!
Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.
Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!
Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!
Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!
Yuqorida keltirilgan ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.
Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi