Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Jannatda Rayyon degan eshik bor. Qiyomat kuni ro‘za tutuvchilar qayerda deyiladi, ular turadilar. Rayyon eshigidan ro‘za tutuvchilardan boshqa hech kim kirmaydi. Ro‘zadorlar jannatga kirib bo‘lganlaridan keyin eshik yopiladi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Hadisda jannatga kirishga sabab bo‘ladigan amal – ro‘zaningn qadri naqadar ulug‘ ekani bayon qilinmoqda. Shuningdek, mazkur hadisi sharifda ro‘zadorlarning Alloh taolo huzuridagi darajasi buyugi ekani ma’lum bo‘lmoqda. Chunki Alloh taolo ro‘zadorlarni jannatga alohida eshikdan kirgizadi. Banda ro‘za tufayli Allohning buyuk in’omiga erishadi. Ro‘zaning fazilati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Yaratganning roziligi uchun bir kun ro‘za tutsa, Alloh taolo uning yuzini do‘zaxdan yetmish yil uzoq qiladi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisi sharif jannatda eshiklarning mavjud ekaniga dalildir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam jannat eshiklari sakkizta ekanini aytganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Ramazon oyining birinchi kechasida, shaytonlar va yomon jinlar kishanlanadi, do‘zax eshiklari yopilib, undan birortasi ochilmaydi. Jannat eshiklari ochilib, ular yopilmaydi. “Ey yaxshilikni xohlovchi, buyoqqa kel! Ey yomonlik istovchi, bu ishdan to‘xta!” deb nido qilinadi. Bu kechada Alloh taolo ko‘pchilikni do‘zaxdan ozod qiladi. Mana shu har kuni takrorlanadi”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Biz o‘rganayotgan hadis Rayyon eshigining boshqalaridan fazilatli ekaniga ham ishora. bu fazilat – uning ro‘zadorlargagina xoslab qo‘yilganidadir. Ro‘zadorlar jannatga kirishda qiyinchilik, mashaqqat va tiqilinchga duch kelmaydilar. Chunki jannatning eshiklari juda katta va keng bo‘ladi. Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh: “Jannat eshigining bir tarafidan ikkinchi tarafigacha qirq yillik masofa bor”, degan (Fathul boriy).
Manbalarda Firdavs jannatining “farah” nomli eshigi bor. Undan yosh bolalarni hursand qilib, ularning qalbiga quvonch olib kirganlar kiradi deyiladi. Jannatda solih amallarga xos eshiklar mavjud. Dunyoda qaysi solih amal qilinsa, jannatga o‘sha amalning eshigidan kiriladi. Jannatda sakkiz eshikdan boshqa namoz, zakot, sadaqa nomli eshiklar mavjud. Hakim Termiziy rahmatullohi alayh “Navodirul usul” asarida bunday deydi: “Jannatda Muhammad eshigi, Rahmat eshigi va Tavba eshigi bor. Bular Alloh taolo yaratgandan buyon ochiqdir. Ular quyosh g‘arbdan chiqsa yopiladi va qiyomat kunigacha ochilmaydi. Bulardan boshqa eshiklar yaxshi amallarga taqsimlanib, Zakot eshigi, Haj eshigi va Umra eshigi deb nomlangan”. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim namozxon bo‘lsa, namoz eshigidan chaqiriladi. Kim sadaqa qiluvchi bo‘lsa, sadaqa eshigidan chaqiriladi. Kim ro‘zador bo‘lsa, Rayyon eshigidan chaqiriladi”, dedilar. Shunda Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, odamlar qisilib, qiynalib qolmasligi uchun har bir kishi mazkur eshiklardan chaqiriladi. Bir kishi eshiklarning hammasidan chaqiriladimi?” deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ha, sen o‘shalardan bo‘lishingni umid qilaman”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur eshiklarning hammasi sakkizta eshiklarning ichida joylashgan. Bu sakkiz eshikning birinchi tarafidan ikkinchi tarafigacha besh yuz yillik masofa ekani hadisning sharhida zikr qilingan.
Kamoliddin HAMROQULOV,
Norin tumani bosh imom-xatibi
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan imom-xatiblar, mudarrislar, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va tadqiqotchilari uchun “Moturidiylik” jurnalining maxsus sonini nashr qilish rejalashtirilmoqda.
Maxsus sonni tayyorlashdan maqsad – diniy soha xodimlarining islomshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash.
“Moturidiylik” respublikaning islomshunoslik sohasidagi yetakchi ilmiy nashrlaridan biri bo‘lib, Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ilmiy tadqiqotlarning asosiy ilmiy natijalarini chop etishga tavsiya etilgan.
“Moturidiylik” jurnalida chop etilgan maqolalar respublika miqyosida mustaqil ilmiy tadqiqot sifatida tan olinadi va ilmiy ish olib borayotgan tadqiqotchilarga qo‘yilgan maqola talablarini bajarishda to‘liq e’tirof etiladi.
Maqola talablari
Maqolalar Word hujjati sifatida taqdim etiladi (.doc yoki .docx formatida)
Maqolaning maksimal uzunligi 7-10 sahifadan oshmasligi kerak (barcha raqamlar, jadvallar, rasmlar, izohlar, iqtiboslar va havolalar bilan birga)
Matn 14 kattalikdagi Times New Roman shriftida, 1,5 intervalda yoziladi
Taqdim etiladigan maqola quyidagi qismlarni o‘z ichiga oladi:
Sarlavha, sarlavhadan keyin muallif(lar)ning ism(lar)i qo‘yiladi.
Annotatsiya 70–100 ta so‘zdan iborat
Kalit so‘z 5–8 ta
Kirish
Asosiy qism
Muhokama
Natijalar
Xulosa
Adabiyotlar/Iqtibos keltirilgan asarlar ro‘yxati
Maqolaga qo‘yilgan talablar borasida ushbu havola orqali batafsil bilib olishingiz mumkin!
Ushbu havola orqali maqolangizni yuboring!
+998712443521
info@maturidijournal.org
www.maturidijournal.org