Afsuski, yoshroq erkak vafot etsa, kelinni go‘daklari bilan otasinikiga haydab yuborish hollari ham uchraydi. Oila boshlig‘i vafot etgach, uning hovlisiga aka-ukalari ko‘z tikib, qazo qilgan odamning xotini voyaga yetmagan bolalarini –marhumning merosxo‘rlarini, merosga eng haqli insonlarni olib, ota hovlisiga qaytib borishga majbur bo‘lyapti.
Faroiz ilmiga ko‘ra, marhumdan qolgan mol-mulk darhol merosxo‘rlar o‘rtasida taqsim qilinishi kerak. Bu qonunni o‘zicha tasarruf qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Nega menga kam, bunga ko‘p deyish yoki hatto menga kerak emas deyish Alloh taoloning hukmiga norozi bo‘lishdir, Masalan, qizlar o‘g‘ilga tegadigan ulushning yarmini oladi. Aslida bunda katta adolat bor. Zero, Islomda qiz bolaning nafaqasi erkak kishining zimmasiga yuklatilgan. Qiz bola hali tug‘ilmasidan uning nafaqasi hal qilib qo‘yilgan bo‘ladi. Ayol kishining nafaqasi avval otasi, otasi bo‘lmasa aka-ukalari yoki amaki-tog‘alarining zimmasida bo‘ladi, nikohdan so‘ng esa erining zimmasiga yuklatiladi. Ammo shunda ham o‘g‘il bolaga tegadigan ulushning yarmi miqdorida qizlarga ham meros ajratilishi ayni hikmat, oliy himmatdir. Bugungi kunning ifodasi bilan aytganda, ijtimoiy adolatdir.
Ilmsizlik, johillik qilib, yetimlarni, haqdor vorislarni halol ulushidan mahrum qilayotganlarning hisob-kitobi nihoyatda og‘ir bo‘ladi, Alloh asrasin.
Ozgina yerga, mulkka ega bo‘lib olaman, deb xomtama bo‘layotganlar ana shu azob-uqubatlarni ham esga olib qo‘ysinlar!
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi
O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.
"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.