Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Alloh taoloning zikr majlislarini izlab yuradigan ulug‘ farishtalari bor. Farishtalar zikr bo‘layotgan joyni topsalar, zikr qiluvchilar bilan birga o‘tiradi. Maloikalar qanotlari bilan ularni o‘rab oladi. Hatto, ular bilan dunyo osmonigacha farishtalar to‘lib ketadi. Zikr qiluvchilar tarqalishsa, farishtalar osmonga chiqib ketadilar. Alloh taolo ularning holini bilsa-da, farishtalardan: “Qayerdan keldilaringiz?” deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring huzuridan keldik. Ular senga tasbih, takbir, tahlil, hamd aytib, sendan so‘ramoqdalar”, deb javob berishadi. “Mendan nimani so‘rayapti?” deydi Alloh taolo. Farishtalar: “Sendan jannatingni so‘rashmoqda”, deb javob berishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” deb so‘raydi. Maloikalar: “Yo‘q”, deb javob beradi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rganlarida qanday bo‘lardi?”, deydi. Farishtalar: “Bandalaring Sendan panoh so‘rashyapti”, deydi. Alloh taolo: “Nimadan panoh so‘rashyapti?” deydi. Ular: “Yo Rabbi do‘zaxdan omonlik so‘rashmoqda”, deb javob beradi. Alloh taolo: “Odamlar jahannamni ko‘rishganmi?” deb so‘raydi. Maloikalar: “Yo‘q”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jahannamni ko‘rganlarida qanday bo‘lardi!”, deydi. Farishtalar: “Odamlar Sendan gunohlarini kechirishingni so‘rashmoqda”, deydi. Alloh taolo: “Ularning gunohlarini kechirdim. So‘ragan narsalarini ato etdim. Panoh so‘ragan narsalaridan panoh berdim”, deydi. Farishtalar: “Yo Rabbi ularning orasida ko‘p xato qilgan bandalar bor. Ular zikr qiluvchilarning yonidan o‘tayotib, birga o‘tirishdi” deyishadi. Alloh taolo: “Ularni ham mag‘firat qildim. Ular majlisida birga o‘tirganlar baxtsiz bo‘lmaydigan qavmdir”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo yodlanadigan va zikr qilinadigan joy zikr majlisi deyiladi. Unga tasbeh, takbir, tahmid aytish, Qur’oni karim tilovati va nabaviy hadislarni mutolaa qilish bilan mashg‘ul bo‘lish, shar’iy ilmlarni o‘qish, dunyo va oxirat yaxshiligini so‘rab duo qilish kabi o‘rinlar kiradi.
Hofiz ibn Hajar rahmatullohi alayh: “Hadisda zikr majlisi va zikr qiluvchilarning fazilati va ajru savobining ulug‘ligi aytildi. Zikr majlisida o‘tirganlar zikr qilmagan bo‘lsalar-da, zokirlarga sherik bo‘lib, Alloh taoloning fazliga ega bo‘ladi”, deydi.
Imom Shavkoniy rahmatullohi alayh aytadi: “Solih zotlarning majlisida o‘tirganlar, ular bilan ajrda barobardir. Chunki solih zotlarning barakoti tufayli ularga Allohning fazli yog‘iladi”.
Alloh taolo qalb va til bilan zikr qilinadi. Qalbning zikri ikki xil bo‘ladi. Birinchisi, zikrlarning buyugi hisoblanadi. Unda Alloh taoloning ulug‘ligi, buyukligi va yeru osmondagi dalillari haqida fikr yuritiladi, tafakkur qilinadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Zikrning afzali maxfiysidir”, deganlar” (Imom Bayhaqiy rivoyati). Ushbu hadisi sharifdan zikrning birinchi navi iroda qilingan. Zikrning ikkinchisi, buyruq va qaytariq vaqtida Alloh taoloni qalb bilan zikr qilishdir. Bunda buyurilgan va qaytarilgan ishlarga bo‘ysuniladi. Alloh taoloni tilning o‘zi bilangina yodlash zirirning eng zaifi hisoblanadi. Lekin unda ham ulkan fazilatlar bor ekani hadisi shariflarda bayon qilinadi.
Mazkur hadis solihlarning majlislarining fazilatli ekaniga yorqin dalildir. Solihlarning majlislarida o‘tirish va ular bilan suhbatlashgan odam ko‘p manfaatga erishadi. Shuning uchun Qur’on karimda yaxshilarning suhbatida bo‘lish va solihlar bilan birga o‘tirishga targ‘ib qilinadi: “Siz o‘zingizni ertayu kech Parvardigorlari «yuzi»ni istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga sabr qilishga undang!” (Kahf, 28).
Ibn Kasir rahmatullohi alayh mazkur oyatning tafsirida: “Allohga zikr, tahlil, hamd, tasbeh va takbir aytib, Allohdan ertayu kech hojatlarini so‘rovchilar faqir yoki boy, kuchli yoki kuchsiz bo‘ladimi, ular bilan birga bo‘lgin, degan ma’no tushuniladi” deydi.
Solihlarning majlisi doimo manfaatli bo‘ladi. Uning foydasi bo‘lmaganda ham zarari bo‘lmaydi. Ammo yomonlarning majlisi esa, doimo zarar keltiradi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) solihlar bilan hamsuhbat bo‘lishni mushk tarqatuvchiga o‘xshatganlar. Uning mushkidan sotib olib foydalananishingiz yoki u xushbo‘yligidan berib sizni xursand qilishi mumkin. Solihlar suhbatida inson kamchiliklarini biladi, yaxshilik qilishga ishtiyoqi oshadi, dunyo g‘amini unutadi. Yomon xulqli odamlar bilan suhbat qurish esa, odamni yomonlikka sherik qiladi, gunoh-ma’siyatga boshlaydi.
Manbalar asosida Toshkent islom instituti bitiruvchisi
Saidmuhammadxon MUHIBULLAYEV tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir kuni ko‘p gunohlar qilib yurgan bir yigit solih bir zotning huzuriga kelib, o‘z ahvolidan shikoyat qilibdi.
— E solih zot! Men qilmagan gunohlar qolmadi. Menga nasihat qilib qo‘ysangiz. Har qancha urinsam ham gunohlardan o‘zimni tiya olmayapman. Shoyat pandu nasihatlaringiz ta’sir qilib gunoh qilishdan to‘xtasam, qilgan gunohlarimga tavba qilsam, - debdi.
Solih kishi:
— Ey o‘g‘lim, agar Allohga osiylik qilishni xohlasang, qilaver, ammo avvalo beshta shartga rioya qilishing kerak. Agar bularni bajara olsang, istagancha gunoh qil, - dedi.
Yigit xursand bo‘lib:
— Ey solih zot, ayting, ularni albatta bajaraman. Tezroq ayting, - dedi.
Solih kishi:
— Birinchi shart: agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, avvalo Uning yeridan chiqib ket va gunohni boshqa yerda qil, - dedi.
Yigit hayron bo‘lib:
— Ey ulug‘ zot, rahmat sizga! Ammo, qayerda gunoh qilaman? Ahir Yerning barchasi Allohning mulki emasmi? - dedi.
Solih zot javob berdi:
— Ha, albatta. Endi sen Allohdan uyalmaysanmi? Uning yerida yashab, yana Unga osiylik qilasanmi?!
Yigit:
— Ikkinchi shartni ayting, ey ustoz, - dedi.
Solih kishi:
— Agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, qilaver, ammo Uning rizqidan yemagin, - dedi.
Yigit yana hayratlanib:
— Ey ulug‘ zot, sizga Allohning rahmati bo‘lsin! Ahir rizq beruvchi Uning o‘zi bo‘lsa, unda men qayerdan rizqlanaman? - dedi.
Solih kishi:
— Allohning rizqidan yeb turib, yana Unga osiylik qilishdan uyalmaysanmi?!- dedi.
Yigit:
— Uchinchi shartni ayting, - dedi.
Solih kishi:
— Agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, U ko‘rmaydigan joyga borib qil, - dedi.
Yigitning hayrati yana oshdi:
— Ey ustoz! Bu nima deganingiz? Ahir qayerga bormay Uning ko‘z o‘ngidamanku. Alloh hatto qorong‘u kechada qora tosh ustida yurgan qora chumolining harakatini ham ko‘radi-ku! Qayerga bormay, qayerga yashirinmay meni ko‘rib, bilib turadiku? - dedi.
Solih zot:
— Shundayligini bilar ekansan, boshqalarning ko‘rib qolishidan uyalasanu, nahotki Allohning ko‘z o‘ngida gunoh qilishdan uyalmaysan? Nahotki, Alloh sen uchun boshqalardan ko‘ra qardsiz va hurmatsiz bo‘lsa. U hamma narsani bilib, ko‘rib turganida Unga osiylik qilasanmi?! - dedi.
Yigit:
— To‘rtinchi shartni aytib bering, - dedi.
Solih kishi dedi:
— Agar Allohga osiylik qilar ekansan, unday bo‘lsa qachonki ajal farishtasi kelib, joningni olmoqchi bo‘lganida unga ayt: “Menga ozgina muhlat ber, gunohlarimdan tavba qilib olay”, degin.
Yigit qattiq yig‘lab:
— Ey solih zot, men kimmanki o‘lim farishtasiga buyruq bera olsam, buni hech kim qila olmaydi? O‘lim kelganda uni bir soniyaga ham ortga surib bo‘lmaydi-ku! — dedi.
Solih kishi:
— Beshinchi shart shuki, agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, qilaver, biroq qachonki do‘zaxning farishtalari kelib, seni do‘zaxga tortmoqchi bo‘lganlarida ularning changalidan qutulib qochgin va jannatga kirib olgin, - dedi.
Yigit dod solib yig‘ladi va baland ovozda:
— Bas, yetar ey ulug‘ ustoz! Allohni nomi bilan qasam ichib aytaman, bugundan boshlab gunoh qilmayman, men Allohga chin dilimdan tavba qildim, Laa ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh - dedi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV