Joriy yilning 20 noyabr kuni “Shayx Zayniddin” jome masjidida Rabbiul- avval oyi munosabati bilan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan otinoyilarning diniy, ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini oshirish maqsadida “Qalblar tabibi Muhammad alayhissalom” mavzusida o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi, Shayxontohur tumani hokimiyati bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Seminarda Toshkent shahar tumanlarida faoliyat yuritayotgan 49 nafar otinoyilar va xotin-qizlar hamda Shayxontohur tumani mahallalarining diniy ma’rifiy va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari qatnashdilar.
O‘quv seminari Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. So‘ngra, Rasuli akram alayhissalomning siyratlari, go‘zal insoniy fazilatlari haqida ulamolar tomonidan ma’ruzalar qilindi. Ayniqsa, Rasulullohga atalgan salovatlar tadbirga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi.
Shuningdek, o‘quv seminarida o‘zga yurtlarda xoru zor bo‘lib, ayollik sha’niga nomunosib ishlar qilib, o‘z oilasidan, yaqinlaridan, vatanidan uzoqda bo‘lgan ayollarning yaqinlari, qaytib kelganlarining o‘zlari bilan tushuntirish ishlarini olib borish otinoyilarning asosiy vazifalaridan biri ekani ham alohida ta’kidlandi.
Seminar so‘ngida namunali xizmat faoliyati uchun bir guruh otinoyilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
{gallery}/otinoyilar21112017{/gallery}
Suratlar muxlis.uz saytining telegramdagi sahifasidan olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi