Movarounnahr o‘lkasi islom tarixida ilmiy-madaniy markaz sifatida e’tirof etilgan qadimiy o‘lkalardan biridir. Binobarin, Buxoro, Samarqand, Termiz, Xorazm, Farg‘ona va Shosh kabi qadimiy shaharlari butun jahon tamadduni rivojiga xizmat qilgan buyuk muhaddis va fiqhshunos olimlarni voyaga yetkazgan ilm maskani sifatida nom qozongan. Jizzax shunday tabarruk maskanlardan biri bo‘lganidan hali ko‘pchilik yurtdoshlarimiz bexabar bo‘lishsa kerak. Jizzax vohasida o‘tgan ajdodlar bundan qariyb uch ming yil avvaldayoq tarix kitoblarida e’tirof etilgan. O‘sha olis zamonlarda goho Sug‘diyona tarkibiga, goho «Sug‘dorti saklar qabilasi», ilk va o‘rta asrlarda Ustrushana tarkibiga kirgan ushbu hududning katta qismi cho‘l bo‘lsa-da, u yerda rabotlar, karvonsaroylar, tog‘ oldi hududlarida esa o‘rta asrlarda bir qator qal’a-qo‘rg‘onlar, shaharlar va qishloqlar qad rostlagan.
Ustrushana bugungi Jizzax vohasi qadimdan G‘arb va Sharqni bir-biriga bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan bo‘lib, uning ilm-fan rivoji va madaniyat yuksalishidagi o‘rni juda yuqori sanaladi.
O‘rta asrlarda Ustrushana taraqqiy etgan hududlardan bo‘lgani bois bu o‘lka haqidagi ma’lumotlarni Ibn Havqal, al-Istaxriy, al-Maqdisiy, Ibn Hurdazbih, Ibn al-Faqih, Abu Sa’d as-Sam’oniy, Yoqut al-Hamaviy kabi arab geograf olimlarining tarixiy-geografik asarlarida hamda bir qator tarixiy-biografik asarlarda ham uchratish mumkin. Shuningdek, Beyshi va Suyshi kabi Xitoy yilnomalarida Ustrushana xususida bir qancha ma’lumotlar qayd etilgani ham uning o‘z davrida katta mavqega ega bo‘lganini isbotlaydi . Sharqshunos V.V. Bartold, arxeologlar A.A. Gritsina, N.B. Nemseva, N.N. Negmatov, me’moriy san’at tarixchilari S.G. Xmelnitskiy, V.A. Livshis, A.I. Bilalov, zamonaviy o‘zbekistonlik arxeolog tadqiqotchilar L.M.Sverchkov, B.B.To‘ychiboyev va boshqa olimlar tomonidan Ustrushana tarixi, mazkur hudud topografiyasi kabi masalalar yuzasidan birmuncha ma’lumotlar keltirilgan bo‘lib, ularda Ustrushana tarixi masalalari bir qadar o‘rganilgan. Lekin qayd etilgan olimlar asarlarida mintaqada yashagan ulamolar to‘g‘risida ma’lumotlar berilmagan.
O‘zbek sharqshunoslaridan tarix fanlari doktori Sh.C. Kamoliddinov Abu Sa’d as-Sam’oniyning «Kitob al-ansob» asari ustida olib borgan tadqiqoti davomida Ustrushana viloyati va u yerdan yetishib chiqqan bir necha Ustrushaniylar haqida ma’lumotlar keltiradi. Tarix fanlari doktori A. Mo‘minov ustrushanalik faqih Majduddin al-Ustrushaniy haqida o‘zbek islomshunosligida ilk bor ma’lumot berib o‘tgan.
Tarixiy manbalardan ma’lumki, milodiy III asr oxiriga kelib buyuk Kushonlar imperiyasi parchalana boshlagan davrda O‘rta Osiyoning o‘troq dehqonchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi aholisi yashagan ikki daryo oralig‘idagi yerlar bir necha tabiiy-geografik hududlarga bo‘linib ketdi. Zamonlar o‘tishi bilan bu yerlarda siyosiy tuzilmalar shakllana borib, IV–V asrlarda hududning dehqonchilik vohalari negizida ilk davlatlar paydo bo‘la boshladi. Mana shunday davlatlardan biri Ustrushana O‘rta Osiyo mintaqasida muhim ahamiyat kasb etuvchi geografik hududga aylandi.
Manbalarda Ustrushana mintaqasi turlicha nom bilan atalganini ko‘rish mumkin. Bu joy nomi ayrim manbalarda Asrushana yoki Ashrusana, Osrushana yoki Sutrushana, Surushana, Shurusana, Shurushana shaklida ham uchraydi. A.G. Malyavkin ilk o‘rta asr xitoy yozma manbalari asosida hududning Shuaydushona, Suduyshona, Szebutszyuyna (Szebudana), Sudushina, Suydushana, Kobugyuyna, Suduchjini tarzida nomlanganini e’tirof etadi. Shuningdek, Beyshi va Suyshi kabi Xitoy yilnomalarida bu hudud Sharqiy Sao (suvi yo‘q) deb yuritiladi. Uning bunday nomlanishi qo‘shni Choch va Sug‘ddan farqli ravishda daryolarning ko‘p bo‘lmagani bilan izohlanadi. VIII asrga oid Xitoy geografik sayyohi Syuan-dzan o‘zining «Yilnoma» asarida bu o‘lkani «Sutulisen» deb ham nomlaydi. Tan imperatorlari saroyida o‘lkaning nomi Layviy (xitoycha – mag‘rurligini bilgan holda o‘zgaga bo‘ysunmoq) deb ham yuritilgan.
N.N.Negmatov tomonidan Usrushona deb talqin qilingan bu nom keyinchalik V.A. Livshis tomonidan Mug‘ g‘oridan topilgan sug‘d hujjatlari tahlili asosida Ustrushana deb talqin qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan Majduddin al-Ustrushaniy asarlarining qo‘lyozmalari sinchiklab o‘rganilishi natijasida bu mintaqani V.A. Livshis ta’kidlaganidek, «Ustrushana» shaklida o‘qishni to‘g‘ri deb hisoblash mumkin.
Xitoy manbalarida Ustrushana IV–V asrlardayoq mustaqil hokimlik sifatida tilga olinadi. Miloddan avvalgi II asrning oxiri – I asrning boshlarida yashab o‘tgan, xitoy tarixining otasi deb e’tirof etilgan Sima–Szyan asarida va yana bir qadimgi xitoy tarixchisi Ban–Guning (mil. al. 206 – mil. 25 y.) «Syan xanshu» («Xon katta xonadoni tarixi») yilnomasida Dovon (Farg‘ona)dan to Ansi (Baqtriya)gacha bo‘lgan joylarning aholisi bir-biriga yaqin turli shevalarda gaplashganlari qayd etilgan. Ya’ni, Ustrushana aholisining tili sug‘d tiliga o‘xshash tilda so‘zlashuvchi Sirdaryo va Amudaryo oralig‘ida yashagan aholi tiliga yaqin bo‘lgan. Bu asarda Ustrushana xalqlarining o‘ziga xos xususiyatlari, hayot tarzi va urf-odatlari haqida ham qimmatli ma’lumotlar berilgan.
Tadqiqotchi K.V. Treverning ta’kidlashicha, Ustrushananing hududi baqtriyaliklar yeridan to Sirdaryo janubida yashagan sug‘diy eglliklar qabilasining yerigacha bo‘lgan o‘n ikkita viloyatni o‘z ichiga olgan.
Ustrushana mintaqasi haqida ilk o‘rta asrlar xitoy va sug‘d yozma manbalari hamda o‘rta asrlarga oid arab va fors tillaridagi tarixiy-geografik asarlarda ham ayrim ma’lumotlar berilgan. Qadimgi xitoy tarixchisi Ban–Guning «Syan xanshu» («Xon katta xonadoni tarixi») yilnomasida 630 yilda O‘rta Osiyoda bo‘lgan xitoylik sayyoh Syuan-Szyanning bu hudud haqida bergan quyidagi ta’rifi e’tiborga loyiq: «...Sao viloyati (Ustrushana) aylanasiga 1400dan 1500li.gacha masofaga ega bo‘lib, sharqdan Nami (Sirdaryo) daryosi bilan tutash. ....Bu viloyatda g‘arbiy dengiz (Kaspiy)dan sharqda joylashgan barcha xalqlar e’tiqod qiluvchi «Desi ruhi»ga ibodat qiladilar. ...Day-ye (605-617 y.) hukmronligi davrida Ustrushananing yosh, tashabbuskor hukmdori Samarqand ixshidining elchilari bilan o‘z elchisini Xitoyga yuboradi».
A.G. Malyavkin ilk o‘rta asr xitoy yozma manbalari, «Tan sulolaviy solnomalari» (618-907 y.) asosida Ustrushananing hududi haqida quyidagilarni ma’lum qiladi: «Sharqiy Saoning hukmdori Bosi tog‘i (Turkiston tog‘ tizmasi)ning shimoliy yon bag‘rida yashaydi. Bu joy katta Xan sulolasi davrida Ershi shahri hududiga tegishli edi. ....Vu-de hukmronligi davrida (618-626 y.) bu podsholik Kan bilan birgalikda saroyga o‘z elchilarini yuborgan». Ilk o‘rta asrlar Ustrushanasi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va tarixiy geografiyasini o‘zida mujassam etgan sug‘d hujjatlari to‘plami sug‘dshunos olim M. Is'hoqov tomonidan ham bir qadar o‘rganilgan.
Ilm-fan va madaniyat taraqqiyotida ko‘hna Ustrusha-naning yirik ilmiy-madaniy markazlardan biri sifatidagi o‘rni ahamiyatlidir. Movarounnahr nafaqat o‘zining ilmiy salohiyati, balki moddiy-iqtisodiy rivoji bilan ham mashhur bo‘lganligi tarixiy manbalarda qayd etilgan. Jumladan, mashhur geograf olim Abu Is'hoq Ibrohim ibn Muhammad al-Istaxriy «Masolik al-mamolik» asarida Movarounnahr islom olamidagi eng boy mintaqa hisoblanishi va bu yerda kishilar yiliga bir necha marta hosil olishlari va agar qurg‘oqchilik ro‘y bersa, ularning yig‘ib olgan mahsulotlari yana bir-ikki yilga bemalol yetishini ta’kidlaydi. Shuningdek, Sug‘d, Ustrushana, Farg‘ona, Shosh va boshqa hududlarda mevalar ko‘p hosil berishi va hattoki jonivorlar meva bilan boqilganligi haqida xabar beradi.
Al-Istaxriy o‘lkaning geografik xususiyatlariga ham to‘xtalib, quyidagi fikrlarni bildiradi: «Ustrushana Sug‘d kabi o‘lka nomi bo‘lib, bu nomdagi shahar bo‘lmagan. Ustrushananing aksariyat qismi tog‘, g‘arb tomondan Samarqand hududi, shimol tomondan Shosh vohasi va Farg‘onaning ayrim hududi, janub tomondan Keshning ozgina qismi, Sag‘oniyon, Shumon, Voshg‘ird va Rosht hududi, sharq tomondan Farg‘ona yerlari bilan tutashib ketgan. Ustrushanada joylashgan shahar va qishloqlar Bunjiket, Zomin, Dizak, Arsiyaniket, Kurket, G‘azaq, Fag‘ket, Sobot, Nujket va Xaraqona degan nomlar bilan atalgan. Ustrushana shaharlari orasidagi masofaga kelsak, Xaraqonadan Dizakkacha besh farsax[1], Xaraqonadan Zomingacha to‘qqiz farsax, Zomindan Sobotgacha uch farsax, Zomindan Xovas yo‘li orqali Kurketgacha o‘n uch farsax, Nujket va Xaraqona masofasi ikki farsax, Xaraqonaning janubiy sharqidan Farg‘ona chegarasidagi Arsiyaniketgacha to‘qqiz farsax. Fag‘ket shahri (Bunjiket)dan to‘qqiz farsax, Xo‘jand yo‘lida, Fag‘ket G‘azaqgacha ikki farsax, G‘azaqdan Xo‘jandgacha olti farsaxdir». Shu bilan birga Zarafshon tepasidagi Buttim tog‘ida joylashgan qishloqlar ham Ustrushana mintaqasiga tegishli joylar hisoblangan.
«Hudud al-olam» asarida Ustrushanada joylashgan shahar va qishloqlarga quyidagicha ta’rif beriladi: «Navinjkas – Sarushananing qasabasi va bu nohiyat amirining qarorgohidir. Aholisi ko‘p, obod, noz-ne’-mati farovon va oqar suvlari bor bir joydir. Fag‘kas, G‘arq, Sobot, Kurkas – Sarushana hududidagi shaharchalarning ekinzorlari va aholisi ko‘p. Butamon – tog‘-daralarda joylashgan nohiyat, Sarushana hududida. U uch qismdan iborat: Ichki Butamon, O‘rta Butamon va Tashqi Butamon. Bu ekinzorlari ko‘p bir nohiyatdir; darveshlar joyi. Uning qishloqlari va rustoqlari ko‘p. U yerda sharob ko‘plab tayyorlanadi va tog‘laridan temir qazib olinadi. Tog‘larida novshodir konlari ko‘p erur. Charqon – Surushana shaharchalaridan biri, obod joy».
Marvlik yirik muarrix Abu Sa’d as-Sam’oniy (1113-1167) «al-Ansob» («Nisbalar») asarida Ustrushana Samarqandning oldi va Sayhun daryosining quyi qismidagi katta bir viloyat bo‘lgan, degan fikrni bildiradi.
O‘rta asr geograf olimlaridan biri Ibn Havqal Movarounnahrning boshqa viloyatlari qatori Ustrushana ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining serobligi bilan ajralib turishi va bu mahsulotlar viloyat tashqarisiga, jumladan, Xo‘jandga olib borilgani va ayrim shaharlarda juda katta bozorlar bo‘lganini ta’kidlaydi. Ustrushanaliklarning faxri Mink va Marosimandada temir qurollar ishlab chiqarilganligi va bu qurol-yaroqlar Xuroson va Iroqda juda mashhur bo‘lganligi ta’kidlab o‘tiladi.
Mashhur bibliograf olim Yoqut al-Hamaviy (1179-1229 y.) o‘zining «Mu’jam al-buldon» asarida Ustrushana Samarqand yaqinida va Sayhunning quyi qismidagi katta voha bo‘lib, u yerda to‘rt yuzga yaqin istehkomlar bo‘lganligi oltin, kumush, temir va boshqa qimmatli tabiiy boyliklar mavjudligi haqida xabar beradi.
Ilk o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo o‘n beshdan ortiq kichik hokimliklarga bo‘linib ketgan va ular turli nomda yuritilgan. Buxoro vohasida – buxorxudotlar va vardonxudotlar, Miyonkolda – dabusshohlar, Ustrushanada – afshinlar, Choch va Iloqda – budun va tudun, Sug‘d va Farg‘ona podsholari unvoni ixshid bo‘lgan. Ular mahalliy turkiy qabilalarning turli sulolalariga mansub bo‘lgan.
Milodiy VI asrda Turk xoqonligi davrida mahalliy aholining turk qabilalari bilan munosabatlari rivojlanadi. Quda-andachilik aloqalari o‘rnatiladi. O‘lkada zarb qilingan VI–VIII asrlarga oid tangalar Ustrushananing ilk hukmdorlari Chirdmish, Satachari, Raxanchlar haqida ma’lumot beradi.
Ustrushana mintaqasining siyosiy hayoti haqidagi to‘liq ma’lumotlarni IX–X asrlarda ijod qilgan tarixchi at-Tabariy, al-Balazuriy va Nizomulmulkning asarlaridan olishimiz mumkin. At-Tabariy, asosan, Ustrushananing siyosiy tarixi, ustrushanaliklarning arablarga qarshi kurashi, Ustrushana afshinlari shajarasi haqida qimmatli ma’lumotlar beradi[2]. Nizomulmulkning «Siyosatnoma» asarida, asosan, xalifaning mashhur lashkarboshisi, Ustrushananing oxirgi afshini Haydar ibn Qavusning Bobak qo‘zg‘oloniga qarshi olib borgan kurashi o‘z aksini topgan.
Xitoyliklar 131/749 yilda Ustrushanaga yurish qilgan bo‘lsa, 133/751 yilda esa mintaqani arablar fath etdilar. Natijada Ustrushana arablar bilan Tan sulolasi o‘rtasidagi kurash maydoniga aylanadi. Ustrushananing oxirgi afshini Haydar ibn Qavus (197/813-218/833) xalifa Ma’mun xizmatiga o‘tadi va keyinchalik (218/833-226/841) xalifa Muttasim xizmatida bo‘lgan. Haydar ibn Qavus arab qo‘shiniga 220/835 yilda xalifaning eng yirik qo‘mondoni sifatida tayinlanadi. U Kichik Osiyoda yunonlar ustidan g‘alaba qilgani va Bobak qo‘zg‘olonini bostirgani evaziga xalifaning yuksak e’tiboriga sazovor bo‘lgan. Arab manbalarida ko‘rsatilishicha, bu jangda 60 ming kishi halok bo‘lgan. Biroq Haydar ibn Qavus xalifa saroyidagi ba’zi bir mansabdor shaxslarning unga nisbatan nohaq fitnasi tufayli 226/841 yilning iyunida islom dinidan qaytganlikda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm etilgan.
Afshinlar sulolasi 280/893 yilda tugatilib, Ustrushana Somoniylar davlati tarkibiga kiritildi. Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar qatori Ustrushana ham keyingi davrlarda qoraxoniylar, mo‘g‘ullar, temuriylar (1370-1506), shayboniylar (1500-1604) va boshqa davlatlar tarkibiga kirgan.
Ayrim manbalarda Ustrushana Istaravshan deb yuritilib, u Tojikiston Respublikasi Sug‘d viloyatidagi O‘ratepa shahri deb ham talqin etiladi. Tojikistonlik tadqiqotchi A. Muxtorov «Ocherki istorii Ura-Tyubinskogo vladeniya v XIX v.» asarida «Ustrushana Tojikistonning qadimiy shaharlaridan biridir. Arxeologik ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, shaharning barpo etilishi miloddan avvalgi VI asrga to‘g‘ri keladi. Istaravshan ilk o‘rta asrlarda (V-X asrlar) Markaziy Osiyodagi Ustrushana tarixiy-geografik viloyati tarkibiga kirgan», degan fikrni ilgari suradi.
Ammo bunday talqin Ibn Havqal, al-Istaxriy, al-Maqdisiy, Ibn Xurdazbih, Ibn al-Faqih, Abu Sa’d as-Sam’oniy, Yoqut al-Hamaviy singari qator O‘rta asr geograf olimlarining asarlarida keltirilgan ma’lumotlarga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Arab geograf olimlari Ustrushana Sug‘d kabi o‘lka nomi bo‘lib, Ustrushana nomidagi shahar yoki qishloq bo‘lmagan, degan fikrni yoqlaydilar.
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining «Boburnoma» asarida O‘ratepa haqida shunday yozadi: «Farg‘ona, Xo‘jand va O‘ratepakim, asl bularning otlari kitoblarda Usrushnadir va Usrush ham bitirlar, qoldilar». Bobur o‘z asarida Farg‘ona, Xo‘jand va O‘ratepa hududlari Ustrushana mintaqasiga tegishli ekanligini ko‘rsatmoqda. Boburnomada O‘ratepa nomi o‘n sakkiz marta uchraydi.
Shuningdek, XVII asrda yashagan o‘rta osiyolik olim Mahmud ibn Valiy o‘zining «Bahr al-asror fi manoqib al-axyor» nomli tarixiy-geografik asarida O‘ratepa deb murojaat qilgan. Agar o‘sha davrlarda O‘ratepa Ustrushana deb nomlanganida, Bobur ham, Mahmud ibn Valiy ham ushbu shaharni Ustrushana nomi bilan tilga olgan bo‘lar edi.
Tojikiston hukumati 2002 yildan boshlab O‘ratepa shahrini Istaravshan deb nomladi. O‘ratepa shahrining Istaravshan deb nomlanishi o‘z yo‘liga, biroq Ustrushana mintaqasini Istaravshan shahri bilan almashtirishga asos qilib olinmasligi kerak. Yuqorida ta’kidlanganidek, Ustrushana g‘arb tomondan Samarqand hududi, shimol tomondan Shosh vohasi va Farg‘onaning ayrim hududi, janub tomondan Keshning ozgina qismi, Sag‘oniyon, Shumon, Voshg‘ird va Rosht hududi, sharq tomondan Farg‘ona yerlari bilan tutashib ketgan katta bir viloyat bo‘lgan.
Yozma manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga hamda arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra, Ustrushana (Jizzax vohasi) mintaqasida quyidagi shahar va qishloqlar bo‘lgan:
[1] Zamonamiz ulamolarining farsax haqida bergan xulosasi: Bir farsax hanafiy mazhabida 5 km 544 metr, molikiy mazhabida 5 km 564 metr 16 sm, shofi’iy va hanbaliy mazhabida 11 km 128 metr 32 sm.
[2] Olib borilgan tadqiqotlarimiz natijasida 14 nafar Ustrushana afshinlari aniqlandi. Birinchi sulola vakillari (600-720 m.y.y.)da hukmronlik qilganlar. Ular: Chirdmish, Satachari I, Raxanch I, Satachari II, Satachari III, Raxanch II, Raxanch III. Ikkinchi sulola vakillari: Xarabugra (720-738), Xanaxara (738-800), Qavus (800-825), Xaydar (825-840), Hasan (840-869), Abdulloh (860-880), Sayr (880-893).
[3] Baxmal – Jizzax viloyatida 1943 yil 8 mayda tashkil etilgan tuman. G‘allaorol, Jizzax, Zomin tumanlari, Samarqand viloyati va Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 1,86 ming km. Aholisi 91,8 ming kishi (2000 y.). Baxmal tumanida 1 shaharcha (Usmat) va 10 qishloq fuqarolari yig‘ini bor. Markazi – Usmat shaharchasi. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-juz. 651-bet.
Muslim Atayev,
tarix fanlari nomzodi,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo‘limi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qanday qilib xonadoningiz jannatga eltuvchi yo‘l bo‘lishi mumkin?!
Sotib olayotgan yoki ijaraga olayotgan uyingiz imkon qadar masjidga yaqin joydan bo‘lsin. Azon tovushi sizni namozlarni jamoat bilan o‘qishga, shuningdek, kundalik namozlaringizni vaqtida ado etishga undaydi.
Biron uyni vatan tutishdan avval qo‘shnilarni yaxshilab so‘rab-surishtiring. Agar ular solih kishilar bo‘lsalar, narxi sal qimmatroq bo‘lsa-da, uyni sotib olishga shoshiling. Yomon qo‘shni turmushingizni izdan chiqarib, hayotingizni zaharlashi mumkin.
Agar hovli-joy qursangiz deraza-oynalaringizni qo‘shnining uyiga ko‘zingiz tushadigan qilib o‘rnatmang. O‘z obro‘ingizni saqlagandek, ularning sha’nlarini ham saqlashga harakat qiling.
Agar iloji bo‘lsa, ayollar va erkaklar uchun alohida eshik qoldiring. Erkak-xotin aralash bo‘lishiga imkon qadar yo‘l qo‘ymang.
Uyingizni baland qilib, qo‘shnilar bilan musobaqalashmang, bezatishda ham isrofga yo‘l qo‘ymang.
Namoz o‘qiydigan alohida xona ajrating.
Keraksiz buyumlarni ko‘paytirib yubormang. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ehtiyojdan tashqari ko‘rpa-to‘shak, kiyim-kechaklardan ogohlantirib: “Er uchun bir ko‘rpa, ayoliga bitta ko‘rpa va bitta ko‘rpa mehmon uchun. To‘rtinchisi shaytonga”[1], deganlar.
O‘g‘il-qiz farzandlaringizga alohida xona ajrating.
Agar zarurat bo‘lmasa uy jihozlarini almashtiravermang. Bu shariat qoralagan isrofning aynan o‘zidir. Agar uy jihozlaringiz ko‘zingizga xunuk ko‘rinayotgan bo‘lsa, ularning joylarini o‘zgartiring. Bu sizga boshqa ko‘rinish imkonini beradi.
Bittadan ortiq televizor o‘rnatishdan saqlaning. Ayniqsa bolalar xonasiga televizor o‘rnatmang. Chunki bu bilan farzandingiz kun bo‘yi bekorchi narsalarni tomosha qilib o‘tirishga odatlanadi.
Kompyuterni ham hammaga ko‘rinib turadigan ochiq joyga o‘rnating.
Kichikroq bo‘lsa-da, kitob javoniga, albatta, joy ajrating.
Ahli ayolingiz, o‘g‘il-qizlaringizga mehr-muhabbatli bo‘ling. Duolaringizda Alloh taolodan oilangizga ikki dunyo saodatini nasib etishini so‘rang.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.