“Men uchuvchi bo‘lmoqchiman”. Kamtargina novvoyning qizining o‘n yil oldingi ana shu orzusi ro‘yobga chqishiga ko‘pchilik ishonmas edi.
Sayyida Salva Fotima havo yo‘llari kompaniyasida ish boshlash arafasida. U Hindistonda Tijoriy uchuvchi litsenziyasi berilgan to‘rtinchi muslima hisoblanadi.
Yangi Zelandiyadagi multi-yurgizgich (motor) va Bahrayndagi turli toifadagi samolyotlarni boshqarishga ruxsat beruvchi kurslarni tamomlagan haydarobodlik ayol “Airbus A320” rusumli samolyotni boshqarish uchun Fuqarolik aviatsiyasi bosh direktorining imzosini kutmoqda.
Orzusi yo‘lida Salva xonim ko‘p qiyinchilik va to‘siqlarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Oddiy novvoyning qizi bo‘lgan yosh muslima uchuvchi Haydarobodning eski shahar qismidagi qashshoq Sulton Shahi mahallasida voyaga yetgan.
Bu hikoyaning diqqatga sazovor joyi shundaki, deydi http://muslimnews.co.uk nashri, undagi qahramonimiz qashshoqlikdan ilm ziyosi tomon tinmay intilgan va ana shu jarayonda o‘zligini, iymonini saqlab qola olgan.
“Men doim ro‘molimni ish, o‘qish kiyimi bilan birga o‘rab yurdim, bu masalada menga hech qanday to‘siq bo‘lmadi”, deydi Salva Fotima Hindistonning eng yirik yangilik resursi bo‘lgan IANS nashriga. Bahrayndagi Ko‘rfaz aviatsiya akademiyasi esa uning hijobdagi suratini o‘z jurnalida chop etdi.
“Qaysi sohada bo‘lmasin, aviatsiyami yoki boshqasi, sizga bilim va qobiliyatingiz yordam beradi. Qolgan gap bekor. Siz muayyan sohada belgilangan vazifani astoydil bajara olishingizni isbotlashingiz kerak. Men aviatsiya imtihonlaridan uch marotaba yiqildim, lekin har safar imtihondan o‘ta olmay tushkunlikka tushganimda, “mag‘lubiyat” muvaffaqiyatga bosilgan qadam ekanini eslatib turishdi”, deb hikoyasini davom ettiradi Salva Fotima.
2013 yilda uchuvchilik qilishga berilgan dastlabki sertifikatni olganda, Salva Fotimaning katta samolyotlarni boshqarish uchun o‘qishga kirishga katta mablag‘i yo‘q edi. 24 yoshni qarshilagan Salva honimni uydagilari turmushga uzatishdi. Ayollik vazifasini ado etsa, Alloh taolo, albatta, orzusini amalga oshirishiga ishonar edi. Taqdir qo‘p kuttirmadi. Salvaning qizalog‘i 4 oylik bo‘lganda, unga Telangana hukumati turli samolyotlarni boshqarishga ruxsat beruvchi sertifikatni olish uchun o‘qishga moliyaviy yordam ko‘rsatishini bildirdi. Mototsikl salonida ishlaydigan turmush o‘rtog‘ining qo‘lida sho‘xlik qilayotgan qiziga qarab Salva Fotima: “Qizim menga omad keltirdi”, deydi.
O‘ziga o‘xshagan katta orzularga erishishni maqsad qilib olgan qizlarga qarata Salva honim bunday deydi: “Maqsadni aniq qo‘ying va doim u haqda ijobiy fikrda bo‘ling. Maqsadingiz sizni oila va farzand ne’matidan to‘sib qo‘ymasin. Fidoiylik va tinmay qilingan g‘ayrat albatta orzuingizni amalga oshiradi”.
Uchuvchi honim o‘zi yashaydigan jamiyatga xizmat qilishga bel bog‘lagan. Har oyligining bir qismini ta’lim olishga, davolanishga muxtoj va turmush qurish uchun mablag‘i bo‘lmaganlarga yordam tariqasida sarflamoqchi.
Alisher SATTOROV,
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi