Otam menga mehribon edilar. Uyga kelsam, xuddi Payg'ambarimiz alayhissalom qizlari Fotima onamiz roziyallohu anhoni kutib olganlaridek kutib olishga harakat qilardilar. Huzurlariga kirganimda men bilan o'rnilaridan turib ko'rishardilar. Menga salom berib peshonamdan o'pib qo'yardilar.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Fotima qizlarichalik ko'p o'xshaydigan odamni ko'rmadim. Maqsadi jihatidan, hayotiy yo'l tutishi, har bir yurish-turishi, gap-so'zi, suhbatlashishida Fotima qizlaridanda o'xshashini ko'rmadim. Har qachon Fotima onamiz agar Rasulullohni huzurlariga keladigan bo'lsalar Rasululloh alayhissalom o'rnilaridan turib, qo'llaridan ushlar va o'pib qo'yib, o'zlari o'tirgan joyga o'tirg'izardilar. Qachonki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima onamizning huzurlariga kiradigan bo'lsalar Fotima onamiz ham o'rnilaridan turib, Rasululloh alayhissalomni kutib olar edilar, qo'llaridan tutib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o'pib, o'tirgan joylariga o'tirg'izib qo'yar edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday kutib oladigan bo'lsalar Fotima onamiz ham Rasulullohni shunday kutib olar edilar, shuning uchun ham Fotima onamizdanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o'xshashini ko'rmaganman”.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Savol: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Maqomi mahmudning egasi bo‘lsalar, unda nega azon aytilganidan keyin “Allohim, u zotni O‘zing va’da qilgan Maqomi mahmudga yetkazgin”, deb duo qilamiz? Bundan go‘yoki (Alloh saqlasin) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Maqomi mahmud berilmagandek bo‘lib chiqmayaptimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bunday emas. “Maqomi mahmud” “Maqtalgan maqom” ma’nosida bo‘lib, aksariyat ulamolar nazdida “Maqomi mahmud”dan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyuk shafoatlari iroda qilingan. Bu izzat va karomatning eng oliy maqomi bo‘lib, u Odam avlodidan faqatgina ul muborak zotgagina nasib etgan, xolos.
Shuningdek, azon so‘ngida o‘qiladigan duoda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bizga Alloh taolodan u zot uchun “Maqomi mahmud”ni so‘rashni o‘rgatganlar. Bu maqomni Alloh taolo u zotga va’da qilgan.
Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom mazkur duoni qilish orqali u zotning shafoatlariga noil bo‘lishimizning xushxabarini ham berganlar. Albatta, U zot alayhissalomga “Maqomi mahmud” so‘rashimiz, bu maqom u zotga berilmaganligini anglatmaydi, chunki Alloh taoloning va’dasi amalga oshgan ish kabidir.
Shunday ekan, bizning azon duosida “Maqomi mahmud”ni Allohdan so‘rashimizning ma’nosi nima degan savolga ulamolar u zot bizning duoyimiz tufayli Maqomi mahmudga erishmaydilar, balki Alloh taolo u zotga bu maqomni aniq qilib qo‘ygan.
Biz bu duoni u zotning shafoatlariga noil bo‘lish uchun qilamiz. Bundan tashqari bunday duo qilishning ma’nosi yo “Maqomi mahmud”ning bardavom bo‘lishini, ya’ni u zotga berilgan maqtalgan maqomni davomli qilgin deb so‘rash ma’nosida yoki banda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlariga duo qilish orqali o‘z ehtiyojlarini Alloh taolodan so‘rashi mumkin ekanligiga ishoradir, deb javob berganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.