Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Islom taraqqiyot banki delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘ldi

21.11.2017   5369   3 min.
Islom taraqqiyot banki delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘ldi

O‘zbekistonda Islom Taraqqiyot Bankining mintaqaviy direktori Hishom Tolib Ma’ruf janoblari boshchiligidagi  delegatsiya mehmon bo‘lib turibdi.

Bugun, 21 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi kichik majlislar zalida O‘zbekistondagi islom sivilizasiyasi markazi direktori Sh.Minovarov delegatsiya a’zolarini qabul qildi.

Mehmonlar O‘zbekiston musulmonlari idorasida Samarqandda qurilayotgan xalqaro Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkentda quriladigan O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi loyihasi va ilmiy konsepsiyasi bilan yaqindan tanishdilar.

Delegatsiya rahbari Hishom Tolib Ma’ruf O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi loyihalariga ijobiy baho berdi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi o‘zbek xalqi uchun ham, Imom Buxoriyni o‘ziga ustoz sanaydigan butun musulmon ummati uchun ham birdek foydali bo‘ladi.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlar merosini o‘rganish uchun olimlar va tadqiqotchilar tashrif buyurishlariga ishonamiz, deya ishonch bildirdi. Amalga oshirilayotgan loyihalarda Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonga yaqindan yordam ko‘rsatadi, deya ishontirdi.

Ma’lumot uchun, Islom taraqqiyot banki(ITB) 1975 yilda IHT mamlakatlari moliya vazirlari yig‘ilishining qaroriga ko‘ra tashkil etilgan. ITBning shtab-kvartirasi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan.

ITBning Hududiy ofislari 1994 yili Rabot (Marokash)da, shu yili Kuala-Lumpur (Malayziya)da, 1997 yili Olma-Ota (Qozog‘iston)da va 2008 yili Dakar (Senegal)da ochildi. Bank shuningdek 12 ta a’zo mamlakat Afg‘oniston, Ozarbayjon, Bangladesh, Gvineya, Indoneziya, Eron, Nigeriya, Pokiston, Serra-Leona, Sudan, O‘zbekiston va Yamanda mahalliy vakolatxonalarga ega.

ITBning asosiy vazifasi a’zo-mamlakatlarda shariatga muvofiq ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Bank tashkil etilayotgan vaqtda uning nizom jamg‘armasi 6 mlrd.islomiy dinorni, a’zolari soni 22 tani tashkil etgan. Islomiy dinor – ITB foydalanadigan hisob birligi; bir islomiy dinor XVJning bir qarz olish maxsus huquqiga (CDR IMF) teng (HVJ tomonidan chiqariladigan  sun’iy zahira va to‘lov vositasi). Hozirgi vaqtda ITBga ishtirokchi a’zolar 56 ta davlat hisoblanadi. 2013 yili ITBning e’lon qilingan hissadorlik kapitali – 30 mlrd.islomiy dinorni, shu jumladan, obuna hissadorlik kapitali – 18 mlrd.islomiy dinorni tashkil etdi. Bankning asosiy hissadorlari Saudiya Arabistoni(23,6% aksiya), Liviya(9,5%), Eron(8,3%), Nigeriya(7,7%), BAA(7,5%), Qatar(7,2%), Misr(7,1%), Turkiya(6,5%) va Quvayt(5,5%) hisoblanadilar.

2013 yilda ITB boshqaruvchilar kengashi umumiy hissadorlik kapitalini 30 mlrd.islomiy dinordan 100 mlrd.islomiy dinor(150 mlrd.dollar)ga ko‘tarish haqida qaror qabul qildi. Bankning obuna kapitali ham 18 mlrd.islomiy dinordan 50 mlrd.islomiy dinorga oshirildi. Ushbu qaror a’zo-mamlakatlarning moliyalashtirish mablag‘lariga bo‘lgan katta ehtiyoji bilan bog‘liq.

So‘nggi 12 yil davomida yetakchi reyting agentliklari (Moodys, Standard&Poors, Fitch) tomonidan ITBga uzoq muddatli kredit reytingi - “AAA” va qisqa muddatli oliy barqaror kredit reytingi – “A+” berib kelinmoqda. 2013 yilning dekabrida ushbu reytinglar yana tasdiqlandi.

{gallery}/21112017{/gallery}

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   3862   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.