O‘zbekistonda Islom Taraqqiyot Bankining mintaqaviy direktori Hishom Tolib Ma’ruf janoblari boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘lib turibdi.
Bugun, 21 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi kichik majlislar zalida O‘zbekistondagi islom sivilizasiyasi markazi direktori Sh.Minovarov delegatsiya a’zolarini qabul qildi.
Mehmonlar O‘zbekiston musulmonlari idorasida Samarqandda qurilayotgan xalqaro Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkentda quriladigan O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi loyihasi va ilmiy konsepsiyasi bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya rahbari Hishom Tolib Ma’ruf O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi loyihalariga ijobiy baho berdi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi o‘zbek xalqi uchun ham, Imom Buxoriyni o‘ziga ustoz sanaydigan butun musulmon ummati uchun ham birdek foydali bo‘ladi.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlar merosini o‘rganish uchun olimlar va tadqiqotchilar tashrif buyurishlariga ishonamiz, deya ishonch bildirdi. Amalga oshirilayotgan loyihalarda Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonga yaqindan yordam ko‘rsatadi, deya ishontirdi.
Ma’lumot uchun, Islom taraqqiyot banki(ITB) 1975 yilda IHT mamlakatlari moliya vazirlari yig‘ilishining qaroriga ko‘ra tashkil etilgan. ITBning shtab-kvartirasi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan.
ITBning Hududiy ofislari 1994 yili Rabot (Marokash)da, shu yili Kuala-Lumpur (Malayziya)da, 1997 yili Olma-Ota (Qozog‘iston)da va 2008 yili Dakar (Senegal)da ochildi. Bank shuningdek 12 ta a’zo mamlakat Afg‘oniston, Ozarbayjon, Bangladesh, Gvineya, Indoneziya, Eron, Nigeriya, Pokiston, Serra-Leona, Sudan, O‘zbekiston va Yamanda mahalliy vakolatxonalarga ega.
ITBning asosiy vazifasi a’zo-mamlakatlarda shariatga muvofiq ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Bank tashkil etilayotgan vaqtda uning nizom jamg‘armasi 6 mlrd.islomiy dinorni, a’zolari soni 22 tani tashkil etgan. Islomiy dinor – ITB foydalanadigan hisob birligi; bir islomiy dinor XVJning bir qarz olish maxsus huquqiga (CDR IMF) teng (HVJ tomonidan chiqariladigan sun’iy zahira va to‘lov vositasi). Hozirgi vaqtda ITBga ishtirokchi a’zolar 56 ta davlat hisoblanadi. 2013 yili ITBning e’lon qilingan hissadorlik kapitali – 30 mlrd.islomiy dinorni, shu jumladan, obuna hissadorlik kapitali – 18 mlrd.islomiy dinorni tashkil etdi. Bankning asosiy hissadorlari Saudiya Arabistoni(23,6% aksiya), Liviya(9,5%), Eron(8,3%), Nigeriya(7,7%), BAA(7,5%), Qatar(7,2%), Misr(7,1%), Turkiya(6,5%) va Quvayt(5,5%) hisoblanadilar.
2013 yilda ITB boshqaruvchilar kengashi umumiy hissadorlik kapitalini 30 mlrd.islomiy dinordan 100 mlrd.islomiy dinor(150 mlrd.dollar)ga ko‘tarish haqida qaror qabul qildi. Bankning obuna kapitali ham 18 mlrd.islomiy dinordan 50 mlrd.islomiy dinorga oshirildi. Ushbu qaror a’zo-mamlakatlarning moliyalashtirish mablag‘lariga bo‘lgan katta ehtiyoji bilan bog‘liq.
So‘nggi 12 yil davomida yetakchi reyting agentliklari (Moodys, Standard&Poors, Fitch) tomonidan ITBga uzoq muddatli kredit reytingi - “AAA” va qisqa muddatli oliy barqaror kredit reytingi – “A+” berib kelinmoqda. 2013 yilning dekabrida ushbu reytinglar yana tasdiqlandi.
{gallery}/21112017{/gallery}
1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?
– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?
– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.
3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?
– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shundagina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.
4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?
– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.
Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.
5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?
– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.
6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?
– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.
Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda.
"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan