Namoz Islom dini rukni va ustunlaridan biri. Ibodat hamda toatlarning asosi, gunohlarni yuvuvchi, yomonliklardan qaytaruvchidir. U kalimai shaxodatdan keyingi eng ulug‘ farzdir. Namoz bandaning Alloh ila muloqoti, me’rojidir. Unda banda Alloh bilan yolg‘iz qolib, U zotga munojat qiladi.
Abu Xurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlardan birortangizning uyi oldidan anhor oqib o‘tsa, va u undan har kuni besh marta yuvinsa, uni tanasidan biror bir kir qoladimi?” dedilar. Sahobalar: “Undan biror bir narsa qolmaydi”, deyishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Mana shu besh vaqt namozning misolidir”. Alloh taolo u sababli uning gunohlarini o‘chiradi” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Namoz bandani Alloh taologa yaqinlashtiradi, imonini mustahkamlaydi. Faqat Allohdangina umidvor bo‘lishga o‘rgatadi. Namoz o‘qiydigan odam g‘aflat uyqusidan uyg‘onib, hayotdagi ma’suliyatini sidqidildan ado etadigan bo‘ladi. Namoz go‘zal xulqli bo‘lishga, barcha ishlarni tartibli bajarishga, vaqtni tejashga o‘rgatadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug‘dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur» (Ankabut surasi, 45-oyat).
Rasululloh (alayhissalom)ning avvalgi-yu keyingi gunohlari mag‘firat qilingan bo‘lsa ham, tunlarni namoz bilan bedor o‘tkazar edilar, hatto tovonlari shishib ketardi. Buni ko‘rgan sahobalar: “Alloh sizning hamma gunohlaringizni mag‘firat qilgan bo‘lsa, shunchalik azob chekib o‘zingizni qiynaysizmi?” deyishganda, u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Shukr qiluvchi bandalardan bo‘lmayinmi?” deya javob berganlar (Imom Nasoiy, Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy (alayhissalom) kengchilik vaqtidagi kabi musibat, qiyinchilikda ham ko‘p namoz o‘qirdilar. Xuzayfa (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va salam)ga biror ish tashvish keltirsa namozga murojaat qilar edilar”.
Abu Dardo (roziyallohu anhu) aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) agar qattiq shamol bo‘lsa, to shamol to‘xtaguncha masjidga shoshardilar”, (Imom Abu Dunyo, Imom Ibn Asokir rivoyati).
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) yo‘lda ketayotganlarida o‘g‘illari vafot etgani haqidagi habar yetdi. Shunda markablaridan tushib, ikki rakat namoz o‘qidilar-da, so‘ngra “Inna lillahi va inna ilayhi rojiun”, dedilar. Va Alloh buyurganidek qildik, deb: «(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘rangiz. Darhaqiqat, u (namoz) og‘ir ishdir. Illo, itoatli (xokisor) kishilarga (og‘ir) emas» (Baqara surasi, 45-oyat) oyatini tilovat qildilar.
Qalbning hotirjamligi, dilning rohatlanishi namoz bergan samaralarning eng oliysidir. Muhimi banda agar xolis bo‘lsa, ana shu samaradan bebahra qolmaydi.
“Fazoilul a’mol” asari asosida
Abdulloh PARPIYEV
tayyorladi
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV