Bolalar tarbiyasiga doir foydali maslahatlar
No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Farzandlaringiz o‘rtasida adolat qilinglar». Imom Muslim rivoyat qildilar. Bashir roziyallohu anhuning ayollari: «Mening bolamga xizmatkor sovg‘a qiling va bu narsaga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni guvoh qiling», – dedi. Bashir roziyallohu anhu Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning oldilariga keldilar-da: – Falonchining qizi (ayollarini aytayaptilar – tarj.) o‘zining o‘g‘liga xizmatkor tuhfa etishimni so‘rayapti… – dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): – Uning aka-ukalari bormi?, – deb so‘radilar. Bashir dedilar: – Ha. – Ularning hammalariga ham bunga qilganingdek tuhfa qilganmisan? – deb so‘radilar Rasululloh. – Yo‘q. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): – Bunday qilish yaramaydi, men faqatgina haq narsaga guvohlik qilaman, – dedilar. Imom Ahmad rivoyatlarida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Meni javrga guvoh qilma, albatta, bolalaringning sendagi haqqi ular orasida adolat qilishingdir», – dedilar.
Shuningdek, muqaddas dinimizda qiz farzandlarga alohida e’tibor berishligi haqida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) shunday marhamat qilganlar: «Kimning bir qiz farzandi bo‘lib, unga yaxshi ta’lim, go‘zal tarbiya hamda Alloh taolo unga ato etgan ne’matlaridan qiziga ham sarflasa, Qiyomat kuni shu qizi uning uchun do‘zaxdan to‘suvchi parda bo‘ladi» (Tabaroniy rivoyati).
Bayhaqiy rivoyat qildilar: Anas roziyallohu anhu dedilar: Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga o‘tirgan edi, uning o‘g‘ilchasi kelib qoldi va u o‘g‘lini o‘pdi-da, bag‘riga olib o‘tqazdi. Keyin uning qizchasi keldi, u qizchasini oldi-da, yoniga o‘tqazdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Sen ular o‘rtasida adolat qilmading», – dedilar. Salaflar bolalarini o‘pishda ham ular o‘rtasida adolat qilishni yaxshi ko‘rishardi.
Muslim Atayev,
tarix fanlari nomzodi,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo‘limi xodimi
«Yosh farzandlarni ovqatdan oldin va keyin qo‘l yuvishga, ovqatlanishni «Bismillah» bilan boshlashga, o‘ng qo‘l bilan yeyishga, yeb bo‘lganidan so‘ng Yaratganga shukr aytishga odatlantirishingiz lozim. Shuningdek, o‘ng qo‘l bilan yozish, kiyim kiyganda o‘ngidan boshlash, uyga o‘ng oyoq bilan kirish, har bir ishni «Bismillah» bilan boshlashga ham o‘rgating.
Bolalarga tozalikka rioya qilish, tirnoqlarini olish, kiyimlarini toza-pok saqlash, tahoratxonaga kirish-chiqish tartiblaridan ta’lim bering.
Farzandlarga xoli holda, uyaltirmay, boshqalar oldida sharmanda qilmay nasihat qilishingiz lozim. Ba’zan sho‘xlik qilib, gapingizga quloq solishmasa yoki biror ishda xato qilishsa, ularni urmay-so‘kmay, tushuntirishingiz zarur. Juda iloji bo‘lmay qolganida bir-ikki kun gaplashmay qo‘ysangiz, kifoya.
Farzandlaringizning kimlar bilan do‘st va hamsuhbat bo‘lishlariga e’tiborli bo‘ling, ko‘chada sababsiz, bemaqsad turish va yurishlariga, sizdan so‘ramay, uzoq vaqt biror mashg‘ulot bilan shug‘ullanishlariga yoki olis joyga ravona bo‘lishlariga ruxsat bermang.
Farzandlarni uyda va ko‘chadagi tanish-notanish odamlarga «Assalomu alaykum» deb salom berishga, qo‘ni-qo‘shnilarga yaxshilik va yordam ko‘rsatishga, aziyat yetkazmaslikka, uyingizga kelgan mehmonga hurmat ko‘rsatish va xizmat qilishga odatlantiring.
O‘g‘il-qizlaringizni kufr so‘zlardan, birovlarni haqorat qilishdan, behayo gaplarni gapirishdan qaytaring. Bularning nihoyatda yomonligini, yaramas so‘z-gaplar tufayli odam qattiq gunohkor bo‘lishi va zarar ko‘rishini muloyimlik bilan tushuntiring. O‘zingiz ham bu borada ularga ibrat-namuna bo‘ling, chiroyli axloq sohibi ekaningizni isbotlang.
Farzandlarni qimorning turli ko‘rinishlari, qarta, oshiq va o‘rtaga pul qo‘yib o‘ynaladigan barcha o‘yinlardan qaytarish darkor. Qimor bo‘lmasa ham, qimmatli vaqtini behuda sovuradigan, dars tayyorlash va foydali mashg‘ulotlardan ayiradigan o‘yinlarni ham cheklash lozim. Ularning axloqsiz, behayo, fahsh suratli gazeta-jurnallar, kitoblarni o‘qishlariga, jinsiy munosabatlarni, shafqatsizlik, axloqsizlik, yovuzliklarni targ‘ib qiladigan film va tomoshalarni ko‘rishlariga yo‘l bermang.
“Bamisoli sirka asalni buzganidek, badfe’llik va axloqsizlik ham kishining qilayotgan amallarini buzadi”.
Farzandlaringizni sigaret chekish va aroq ichishdan qaytarib, bu illatlarning inson sog‘lig‘i va iqtisodiga qanchalar zarar keltirishini, kulfatga boshlashini erinmay tushuntiring. Buning o‘rniga meva va shirinliklar iste’mol qilishga targ‘ib eting”.
O‘g‘il-qizlarimizni har qanday holatda ham rost so‘zlashga, yolg‘onni hatto hazil tariqasida ham gapirmaslikka, va’daga albatta vafo qilishga o‘rgatishimiz lozim. Chunki yosh bolalar odatda o‘ta ta’sirchan va taqlid qilishga o‘ch buladilar. Yolg‘onni atrofidagi muhitdan o‘rganib, ota-onasi yoki aka-ukalaridan biror manfaatga erishish uchun yolg‘on ishlatishlari mumkin. To‘g‘rilik har bir yaxshilikning asosi, yolg‘on esa har qanday yomonlikning onasi va boshlanishidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, to‘g‘rilik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik jannatga boshlaydi. Yolg‘on yomonlikka olib boradi. Yomonlik esa do‘zaxga olib boradi”, deganlar. O‘zimiz ham ularga biror narsa va’da qilsak, olib berishimiz, bordi-yu, buning imkoni topilmay qolsa, ularga tushuntirib, muddatini uzaytirishimiz kerak.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.