Fotiha surasining fazilatlari bayon qilingan tafsir manbalarida uning Qur’oni karim ma’nolarini o‘zida mujassam qilgan va ulug‘ fazilatlarga ega sura sifatida yoritilgan. Fotiha surasi yetti oyatdan iborat bo‘lsada, unda Islom shariati buyurgan barcha amallarning mazmun-mohiyati mufassal ravishda bayon qilingan. Shu bois, “Ummul Qur’on”, “Ummul Kitob” va “Asos” kabi nomlar bilan atalgan.
Hasan Basriy bu sura haqida: “Alloh taolo avvalgi kitoblardagi barcha ilmlarni Qur’onga jamladi. So‘ngra, Qur’onni ham mufassal holda jamlab, uni Fotiha surasiga kiritdi. Kim Fotiha surasining tafsirini bilsa, Qur’onning nozil qilingan barcha ma’nolarini tushunibdi”, degan.
Mahmud Zamaxshariy “Kashshof” asarida quyidagilarni keltiradi: “Ushbu surada Alloh taologa hamd, Unga ibodat, amri-ma’ruf va nahiy-munkar, va’d va va’idlar zikr qilingan bo‘lib, ular Qur’ondagi barcha oyatlar ma’nosini ifodalaydi”.
Faxriddin Roziy “Mafotih al-g‘ayb” asarining Fotiha surasi tafsirida: “Fotiha surasi ilohiyot, oxirat, nubuvvat, qazo va qadar masalalarini o‘zida jamlagandir. Xususan, suradagi «Hamd olamlarning Rabbi – Allohgakim», (Fotiha surasi, 1-oyat) oyati ilohiyotga dalolat qiladi. «...va jazo (va mukofot) kunining (qiyomat kunining) egasidir», (Fotiha surasi, 3-oyat) yomonlik qilishdan qaytarilgani va barcha ishlar Allohning qazoi va qadari bilan bo‘lishiga, «Bizni shunday to‘g‘ri yo‘lga yo‘llaginki u Sen in’om etgan zotlarning yo‘li (hidoyat yo‘li) bo‘lsin, g‘azabga uchragan va adashganlarning emas!» (Fotiha surasi, 5-7-oyatlar) oyatlari Allohning qazosi va nubuvvat masalalariga tegishlidir”, deyiladi.
Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” asariga hoshiya bitgan tabrizlik alloma imom Husayn ibn Abdulloh Tiybiy “Sharh al-Kashshof” asarida olim Fotiha surasini quyidagicha sharhlagan: “Fotiha surasi dinning ustuni bo‘lgan to‘rt ilmni o‘z ichiga olgan. Birinchisi, shariatning asosi bo‘lgan va Alloh azza va jallaning sifatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ilm. Ushbu ma’nolar «Hamd olamlarning Rabbi – Allohgakim, (U) Mehribon, Rahmli va jazo (va mukofot) kunining (qiyomat kunining) egasidir» (Fotiha surasi, 1-3-oyatlar) oyatlarida jamlangan.
Ikkinchisi, ibodat masalalariga taalluqli bo‘lgan ilm. Bu ilmning barchasi «Sengagina ibodat qilamiz…» (Fotiha surasi, 4-oyat) oyatida jam bo‘lgan.
Uchinchisi, kamolotga yetkazuvchi odob-axloq masalalari. Suraning «…Sendangina yordam so‘raymiz. Bizni shunday to‘g‘ri yo‘lga yo‘llaginki…» (Fotiha surasi, 4-5-oyatlar) oyatlari barcha axloqiy masalalarning mazmunini qamrab oladi.
To‘rtinchisi, o‘tgan solih zotlar va zolim kimsalar to‘g‘risida xabar qilingan qissalardir. Ularning yetkazilishidan murod – yaxshilarga berilgan ne’matlar va yomonlarga ko‘rsatilgan jazolardan ibratdir. Xususan, suradagi «u Sen in’om etgan zotlarning yo‘li (hidoyat yo‘li) bo‘lsin, g‘azabga uchragan va adashganlarning emas!» (Fotiha surasi, 6-7-oyatlar) oyati Qur’onda zikri kelgan barcha qissalarning mazmunini ifodalaydi.
Imom G‘azzoliyning “Xovoss al-Qur’on al-karim” asarida Fotiha surasi haqida bunday deyilgan: “Surada jamiki itoat qiluvchi solih bandalarning sifati aniq va ravon bayon etilgan. Shuningdek, Haqni inkor etuvchi kimsalarning ahvolidan ogoh qilingan. Alloh taolo yuborgan oyat va mo‘jizalarni inkor qiluvchi kimsalar «…g‘azabga uchragan va adashganlarning emas!» (Fotiha surasi, 7-oyat) so‘zlari bilan ifodalangan. Bu esa Qur’onda zikri kelgan kofir va zolim qavm hamda shaxslarga berilgan mukammal ta’rifdir. Oyatdagi «Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so‘raymiz» (Fotiha surasi, 7-oyat) jumlasi ibodatlar yolg‘iz Allohgagina qilinishi, faqat Undangina yordam so‘rash lozimligini anglatadi.
Sherzod UMARALIYEV,
Toshkent islom universiteti magistranti
Istig‘for insonning Alloh taolodan gunohlarini kechirishini so‘rashi va uning rahmatiga yuzlanishidir. Islom ta’limotida istig‘for nafaqat gunohlarning kechirilishiga, balki inson hayotida baraka, xotirjamlik va yaxshiliklar ko‘payishiga sabab bo‘luvchi amal sifatida ta’kidlangan.
Bir kishi Tobe’inlarning buyuk olimlaridan Hasan Basriy huzurlariga kelib: Ey imom! osmondan yomg‘ir yog‘mayapti, dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang (istig‘for ayting), – dedilar.
Keyin boshqa bir kishi kelib: Xotinim farzand ko‘rmayapti, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Yana bir kishi kelib: hayot qiyinchiliklaridan, qashshoqlikdan shikoyat qilaman, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Shunda majlisdagi kishilardan biri: Ajab ekan, ey imom! Kim qanday hojat bilan kelmasin, hammasiga istig‘for aytishni buyuryapsiz, – dedi.
Hasan Basriy bunday javob berdilar: Alloh taoloning ushbu so‘zini o‘qimadingizmi?
“Bas, Parvardigoringizdan mag‘firat so‘ranglar. Albatta, U o‘ta Mag‘firatlidir. Shunda U sizlarga osmondan ketma-ket yomg‘ir yog‘diradi. Mol-dunyo va farzandlar bilan madad beradi, sizlar uchun bog‘lar va anhorlar ato etadi” (Nuh surasi, 10–12-oyatlar).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi
Humoyuddin Xusniddin o‘g‘lining tarjimasi.