Moturidiyya maktabining atoqli namoyandalaridan biri Abu Muin Maymun ibn Muhammad an-Nasafiy, al-Makhuliydir.
U zotning ismi Maymun bo‘lsa-da, Abu Muin kunyasi bilan shunchalik tanilganki, kunyasi qo‘shib aytilmasa hech kim yolg‘iz ismi bilan tanimagan. To‘rtinchi bobosi Muhammad ibn Makhul (v.375h.) ham Abu Muin kunyasi bilan kunyalangan.
Unga Nasafiy nisbati berilishi Nasafda tavallud topgani uchun bo‘lsa, al-Makhuliy nisbati berilishi beshinchi bobosi Makhul ibn Fazlga nisbat berish uchun qo‘llangan, ya’ni makhuliylar oilasidan degan ma’noda iste’mol qilingan.
Abu Muin Nasafiyning bobosi Abu Mute’ Makhul ibn Fazl Nasafiy (204-395h) Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohu alayhning shogirdlaridan biri bo‘lgan. Makhul ibn Fazlning bir necha bebaho asarlari bor va ba’zilari bizgacha saqlanib qolgan.
Abu Muin Nasafiyning to‘liq nasabi Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Makhul ibn Fazldir[1].
Abu Muin Nasafiy boshlang‘ich ilmni oilada o‘z otasi va bobosidan olgan. Shu bilan birga, ilm uchun Samarqand, Buxoro shaharlariga safar qilgan va darsa olib, keyin muayyan vaqt dars berish uchun ushbu shaharlarda yashagan. Ilm safarida zamonasining peshqadam imomlaridan dars olgan.
Nasafiyning ustozlaridan biri Abul Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim ibn Musa ibn Mujohid an-Nasafiy al-Pazdaviydir. (421-493h. 1030-1100m.) U zot Moturidiy e’tiqodida muhim asar sanalgan “Usul ud-din” kitobi muallifidir.
Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla fi usulid din”, “At-tamhid li qova’idit tavhid” va “Bahrul kalom” asarlari bo‘lib, ularning o‘nlab qo‘lyozma nusxalari dunyo kutubxonalari fondida saqlanmoqda. Bugungi asrimizda mazkur uch asarning barchasi tahqiq qilinib, dunyoning turli joylarida nashr qilindi.
Yana bizgacha yetib kelmagan yoki bo‘lsa ham hali nashr qilinmagan asarlari ham bor. Ular: “Sharhul jome’ul kabir lish-Shayboniy”[2] (Imom Muhammad Shayboniyning “Jome’ ul-kabir” kitobiga sharh), “Manohiju aimma fil furu’”[3] (Fariy masalalarda imomlarning yo‘llari) “Izohul mahajati li kavnil aqli hujjatan”[4] (Aql hujjat qilinadigan hujjat ekanining izohi), “al-ifsad li xad’i ahli ilhad”[5] (Kufr ahlining yolg‘onini buzish) va “Sifatul kalom”[6] (Kalom sifati to‘g‘risida) kabi asarlaridir.
“Tabsiratul adilla” asarini dunyo musulmonlari o‘qib-o‘rganib, uning ustida turli darajadagi ilmiy ishlar qilingan va qilinmoqda. Abu Mansur Moturidiyning “Tavhid” kitobi va Abu Muin an-Nasafiyning “Tabsiratul adilla” kitobini tahqiq qilgan zotlar yozgan muqaddimalarida “Tabsiratul adilla” kitobini quyidagicha e’tirof qiladi: “Abu Muin Nasafiyning shoh asari “Tabsiratul adilla” Moturidiy mazhabida Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohu alayhning “Tavhid” kitobidan keyingi ikkinchi kitob sananaladi. Balki, “Tabsiratul adilla” asari “Tavhid” kitobiga sharh, tafsir va bayon deb e’tibor qilinadi. Chunki “Tabsiratul adilla” asari ko‘p o‘rinda “Tavhid” kitobining uslublarini bayon qilib, unga nisbatan keng qamrovli va tafsilotlar bilan boyitilgan asardir”.
Abu Muin Nasafiy “Tabsiratul adilla” asaridek buyuk bir asarni tasnif qilish bilan birga, butun olamga dong taratgan shogirdlarni ham tarbiya qilgan. Jumladan: A’lo ud-din Muhammad ibn Ahmad as-Samalqandiy (575h), Abul Muzaffar Ismoil ibn Adiy al-Talqoniy (540h), Sadr ul-islom Ahmad ibn Muhammad Buxoriy (482h-542h), Abul Hasan Ali ibn Hasan al-Balxiy (548h), Abul Fath Ahmad ibn Muhammad al-Xulmiy (547h), Abdurashid ibn No‘mon al-Valvolijiy (540h), Mahmud ibn Ahmad as-Sog‘urjiy (510h), Mahmud ibn Zayd al-Lomishiy va boshqalar.
U zotning shogirdlaridan biri Abul Hafs Umar Nasafiy (461-537h.) undan va yana boshqa ko‘plab ulug‘ ustozlardan dars olib Moturidiy maktabining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biriga aylangan. U tasnif qilgan asarlar soni yuzta bo‘lgani uchun “Yuz kitob sohibi” deb ham laqablanadi. Tasnif qilgan asarlarining ichida “Aqoid un-Nasafiya” moduridiya aqidasining javhari sanaladi. Moturidiy ta’limotini tutgan barcha diyorlarda “Aqoid un-Nasafiya” kitobi birdek qabul qilingan, o‘qib-o‘rganilgan va yuzdan ortiq sharh va hoshiyalar bitilgan. Shuning uchun bu asar asrlar bo‘yi madarasalarda davomiy darslik bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Buning sababi u mohiyatan Abu Mansur Moturidiyning “Tavhid” va Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” kitobiga muxtasar sharhdir. Hoji Xalifa o‘zining “Kashfuz zunun” kitobida “Tabsiratul adilla” asarini tanitish nihoyasida: “Kim “Tabsiratul adilla”ga nazarsa solsa, Umar Nasafiyniy “Aqoid un-Nasafiya” asari “Tabsira adilla”ning fihristi ekanini biladi”[7], deydi.
Umar ibn Muhammad Nasafiyning “al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” (Samarqand olimlari zikrida qand kitobi) asarida “Sharqu G‘arbning olimu ulamolari Abu Muin Nasafiy ilmining dengizidan bahra topib, u taratgan ziyo nurlarini ko‘zlariga to‘tiyo qilib surtganlar”, deydi.
Ha, aqoid ilmida bitilgan barcha manbalarda, sharh va hoshiyalarda Abu Muin Nasafiy va “Tabsiratul adilla” asarining zikri qayd qilinadi. Unda bayon qilingan narsalardan iqtibos keltiriladi yoki undagi bayon qilingan hukm e’tirof etiladi.
Xulosa shuki, Abu Muin Nasafiy “Tabsiratul adilla” asari va Abul Hafz Umar Nasafiy singari shogidlari bilan musulmonlarning e’tiqodini birlashtirib kelgan. Tarix kitoblarida jannatmonand diyorimiz anhorlari, bog‘u bo‘stonlari va go‘zal shaharu qishloqlari madh qilinishi bilan birga musulmonlar ommasi ahli sunna val jamoa e’tiqodida jam bo‘lgan deb maqtaladi. Albatta, musulmonlarning bir e’tiqodda jam bo‘lishida Imom Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy va boshqa izdoshlarining katta xizmatlari bor.
Aqoid ilmi ilmlar ichida eng sharaflisidir. Faqat sof va to‘g‘ri aqoid insonning dunyo va oxiratda baxt va najotga erishishiga sabab bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam musulmonlarning e’tiqodi sofligiga xizmat qilgan zotlarni quyidagicha madh qiladilar:
عَنْ إِبْرَاهِيمَ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ الْعَذَرِىِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: " يَحْمِلُ هَذَا الْعِلْمَ مِنْ كُلِّ خَلَفٍ عُدُولُهُ، يَنْفُونَ عَنْهُ تَحْرِيفَ الْغَالِينَ، وَانْتِحَالَ الْمُبْطِلِينَ، وَتَأْوِيلَ الْجَاهِلِينَ " رواه البيهقي[8]
Ibrohim ibn Abdurahmon al-Uzriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir zamonlarda adolatpesha insonlar (mo‘tadillik) haddidan oshganlarning noto‘g‘ri talqinini, layoqatsiz kimsalarning asossiz tasdiqlashini hamda nodon kimsalarning ta’villarini inkor etgan hollarida bu ilmni himoya qiladilar”, dedilar (Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Mazkur hadisi sharifda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, asosiz narsalarni o‘zlariga hujjat qilib olib boshqalarni chalg‘itadigan va ilmsizlikdan oyat va hadislarni noto‘g‘ri ta’vil va talqin qiladigan kimsalarni to‘g‘ri yo‘lga soladigan va musulmonlar ommasini sof aqoidga boshlaydigan inson o‘z zamonasining adolatpesha insoni deb zikr qilinmoqda.
Abu Muin Nasafiy o‘z zamonasida barcha adashgan insonlarga hidoyat yo‘lini bayon qilgan, hadisi sharifda bayon qilinganidek, adolatpesha insonlardan biridir. U zot Moturidiy aqoidining bizgacha yetib kelishida silsilasining go‘yo katta halqasidekdir.
2017 yil 15 iyunda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusidagi videoselektorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: “Qashqadaryoda – Abul Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etsak, o‘ylaymanki, bu juda foydali bo‘ladi. Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo‘lib xizmat qiladi”, degan edi.
Muhtaram yurtboshimizning tashabbusini xalqimiz xursand bo‘lib qabul qildi. Bugun ana shu ilmiy maktab o‘zi ishini boshladi. Bu ilm dargohlaridan yana ko‘plab nasafiylar chiqishini umid qilamiz. Haqiqatan, bugungi kunda oramizda dinda g‘ulvga ketgan adashganlar yoki beparvolikdan e’tiqod nima ekanidan xabari yo‘q insonlar borligi uchun xalqimizning yana adolatpesha insonlarga ehtiyoji bor.
Jaloliddin XOLMO‘MINOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus bilim yurti mudarrisin
Abulvafo al-Qurayshiy. “Javohirul muziyya fi tabaqotil hanafiya ”.
Bayrut: “Dorul kutubil ilmiyya”, 411-bet.
[2] Hoji Xalifa. “Kashfuz zunun ’an asomil kutub val funun”. Birinchi juz. Bayrut: “Ihyo’ut turosil arabiy”, 338-bet.
[3] Hoji Xalifa. “Kashfuz zunun ’an asomil kutub val funun”. Ikkinnchi juz. Bayrut: “Ihyo’ut turosil arabiy”, 1846 bet.
[4] “At-tamhid li qova’idit tavhid” va ““Tabsirat ul-adilla” Birinchi juz. 285-bet.”
[5] “Tabsirat ul-adilla” Birinchi juz. 837-bet. Bu Botiniyalarga raddiya uchun tasnif qilingan.
[6] “Tabsirat ul-adilla” Birinchi juz. 281-bet.
[7] Hoji Xalifa. “Kashfuz zunun ’an asomil kutub val funun”. Birinchi juz. Bayrut: “Ihyo’ut turosil arabiy”, 338va570 betlar.
[8] Muhammad ibn Abdulloh Xatib tabriziy. “Mishkotul Masobih” Birinchi juz. Bayrut. “Dorul fikr”. 115-bet.
1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?
– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?
– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.
3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?
– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shundagina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.
4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?
– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.
Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.
5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?
– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.
6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?
– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.
Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda.
"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan