Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446

Abu Muin Nasafiyning aqoid ilmida tutgan o‘rni

20.11.2017   11689   10 min.
Abu Muin Nasafiyning aqoid ilmida tutgan o‘rni

Moturidiyya maktabining atoqli namoyandalaridan biri Abu Muin Maymun ibn Muhammad an-Nasafiy, al-Makhuliydir.

U zotning ismi Maymun bo‘lsa-da, Abu Muin kunyasi bilan shunchalik tanilganki, kunyasi  qo‘shib aytilmasa hech kim yolg‘iz ismi bilan tanimagan.  To‘rtinchi bobosi Muhammad ibn Makhul (v.375h.) ham Abu Muin kunyasi bilan kunyalangan.

Unga Nasafiy nisbati berilishi Nasafda tavallud topgani uchun bo‘lsa, al-Makhuliy nisbati berilishi beshinchi bobosi Makhul ibn Fazlga nisbat berish  uchun qo‘llangan, ya’ni makhuliylar oilasidan degan ma’noda iste’mol qilingan.

Abu Muin Nasafiyning bobosi Abu Mute’ Makhul ibn Fazl Nasafiy (204-395h) Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohu alayhning shogirdlaridan biri bo‘lgan. Makhul ibn Fazlning bir necha bebaho asarlari bor va ba’zilari bizgacha saqlanib qolgan.

Abu Muin Nasafiyning to‘liq nasabi Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Makhul ibn Fazldir[1].

Abu Muin Nasafiy boshlang‘ich ilmni oilada o‘z otasi va bobosidan olgan. Shu bilan birga, ilm uchun Samarqand, Buxoro shaharlariga safar qilgan va darsa olib, keyin muayyan vaqt dars berish uchun ushbu shaharlarda yashagan. Ilm safarida zamonasining peshqadam imomlaridan dars olgan.

Nasafiyning ustozlaridan biri Abul Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim ibn Musa ibn Mujohid an-Nasafiy al-Pazdaviydir. (421-493h. 1030-1100m.) U zot Moturidiy e’tiqodida muhim asar sanalgan “Usul ud-din” kitobi muallifidir.

Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla fi usulid din”, “At-tamhid li qova’idit tavhid” va “Bahrul kalom” asarlari bo‘lib, ularning o‘nlab qo‘lyozma nusxalari dunyo kutubxonalari fondida saqlanmoqda. Bugungi asrimizda mazkur uch asarning barchasi tahqiq qilinib, dunyoning turli joylarida nashr qilindi.

Yana bizgacha yetib kelmagan yoki bo‘lsa ham hali nashr qilinmagan asarlari ham bor. Ular: “Sharhul jome’ul kabir lish-Shayboniy”[2] (Imom Muhammad Shayboniyning “Jome’ ul-kabir” kitobiga sharh), “Manohiju aimma fil furu’”[3] (Fariy masalalarda imomlarning yo‘llari) “Izohul mahajati li kavnil aqli hujjatan”[4] (Aql hujjat qilinadigan hujjat ekanining izohi), “al-ifsad li xad’i ahli ilhad”[5] (Kufr ahlining yolg‘onini buzish) va “Sifatul kalom”[6] (Kalom sifati to‘g‘risida) kabi asarlaridir.

“Tabsiratul adilla” asarini dunyo musulmonlari o‘qib-o‘rganib, uning ustida turli darajadagi ilmiy ishlar qilingan va qilinmoqda. Abu Mansur Moturidiyning “Tavhid” kitobi va Abu Muin an-Nasafiyning “Tabsiratul adilla” kitobini tahqiq qilgan zotlar yozgan muqaddimalarida “Tabsiratul adilla” kitobini quyidagicha e’tirof qiladi: “Abu Muin Nasafiyning shoh asari “Tabsiratul adilla” Moturidiy mazhabida Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohu alayhning “Tavhid” kitobidan keyingi ikkinchi kitob sananaladi. Balki,  “Tabsiratul adilla” asari “Tavhid” kitobiga sharh, tafsir va bayon deb e’tibor qilinadi. Chunki “Tabsiratul adilla” asari ko‘p o‘rinda “Tavhid” kitobining uslublarini bayon qilib, unga nisbatan keng qamrovli va tafsilotlar bilan boyitilgan asardir”.

Abu Muin Nasafiy “Tabsiratul adilla” asaridek buyuk bir asarni tasnif qilish bilan birga, butun olamga dong taratgan shogirdlarni ham tarbiya qilgan. Jumladan: A’lo ud-din Muhammad ibn Ahmad as-Samalqandiy (575h), Abul Muzaffar Ismoil ibn Adiy al-Talqoniy (540h), Sadr ul-islom Ahmad ibn Muhammad Buxoriy (482h-542h), Abul Hasan Ali ibn Hasan al-Balxiy (548h), Abul Fath Ahmad ibn Muhammad al-Xulmiy (547h), Abdurashid ibn No‘mon al-Valvolijiy (540h), Mahmud ibn Ahmad as-Sog‘urjiy (510h), Mahmud ibn Zayd al-Lomishiy va boshqalar.

U zotning shogirdlaridan biri Abul Hafs Umar Nasafiy (461-537h.)  undan va yana boshqa ko‘plab ulug‘ ustozlardan dars olib Moturidiy maktabining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biriga aylangan. U tasnif qilgan asarlar soni yuzta bo‘lgani uchun  “Yuz kitob sohibi” deb ham laqablanadi. Tasnif qilgan asarlarining ichida “Aqoid un-Nasafiya” moduridiya aqidasining javhari sanaladi. Moturidiy ta’limotini tutgan barcha diyorlarda “Aqoid un-Nasafiya” kitobi birdek qabul qilingan, o‘qib-o‘rganilgan va yuzdan ortiq sharh va hoshiyalar bitilgan. Shuning uchun bu asar asrlar bo‘yi madarasalarda davomiy darslik bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Buning sababi u mohiyatan Abu Mansur Moturidiyning “Tavhid” va Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” kitobiga muxtasar sharhdir. Hoji Xalifa o‘zining “Kashfuz zunun” kitobida “Tabsiratul adilla” asarini tanitish nihoyasida: “Kim “Tabsiratul adilla”ga nazarsa solsa, Umar Nasafiyniy “Aqoid un-Nasafiya” asari “Tabsira adilla”ning fihristi ekanini biladi”[7],  deydi.

Umar ibn Muhammad Nasafiyning “al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” (Samarqand olimlari zikrida qand kitobi) asarida “Sharqu G‘arbning olimu ulamolari Abu Muin Nasafiy ilmining dengizidan bahra topib, u taratgan ziyo nurlarini ko‘zlariga to‘tiyo qilib surtganlar”,  deydi.

Ha, aqoid ilmida bitilgan barcha manbalarda, sharh va hoshiyalarda Abu  Muin Nasafiy va “Tabsiratul adilla” asarining zikri qayd qilinadi. Unda bayon qilingan narsalardan iqtibos keltiriladi yoki undagi bayon qilingan hukm e’tirof etiladi.

Xulosa shuki, Abu Muin Nasafiy “Tabsiratul adilla” asari va Abul Hafz Umar Nasafiy singari shogidlari bilan musulmonlarning e’tiqodini birlashtirib kelgan. Tarix kitoblarida jannatmonand diyorimiz anhorlari, bog‘u bo‘stonlari va go‘zal shaharu qishloqlari madh qilinishi bilan birga musulmonlar ommasi ahli sunna val jamoa e’tiqodida  jam bo‘lgan deb maqtaladi. Albatta, musulmonlarning bir e’tiqodda jam bo‘lishida Imom Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy va boshqa izdoshlarining katta xizmatlari bor.

Aqoid ilmi ilmlar ichida eng sharaflisidir. Faqat sof va to‘g‘ri aqoid insonning dunyo va oxiratda baxt va najotga erishishiga sabab bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam musulmonlarning e’tiqodi sofligiga xizmat qilgan zotlarni quyidagicha madh qiladilar:

عَنْ إِبْرَاهِيمَ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ الْعَذَرِىِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: " يَحْمِلُ هَذَا الْعِلْمَ مِنْ كُلِّ خَلَفٍ عُدُولُهُ، يَنْفُونَ عَنْهُ تَحْرِيفَ الْغَالِينَ، وَانْتِحَالَ الْمُبْطِلِينَ، وَتَأْوِيلَ الْجَاهِلِينَ " رواه البيهقي[8]

Ibrohim ibn Abdurahmon al-Uzriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir zamonlarda adolatpesha insonlar (mo‘tadillik) haddidan oshganlarning noto‘g‘ri talqinini, layoqatsiz kimsalarning asossiz tasdiqlashini hamda nodon kimsalarning ta’villarini inkor etgan hollarida bu ilmni himoya qiladilar”, dedilar (Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Mazkur hadisi sharifda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, asosiz narsalarni o‘zlariga hujjat qilib olib boshqalarni chalg‘itadigan va ilmsizlikdan oyat va hadislarni noto‘g‘ri ta’vil va talqin qiladigan kimsalarni to‘g‘ri yo‘lga soladigan va musulmonlar ommasini sof aqoidga boshlaydigan inson o‘z zamonasining adolatpesha insoni deb zikr qilinmoqda.

Abu  Muin Nasafiy o‘z zamonasida barcha adashgan insonlarga hidoyat yo‘lini bayon qilgan, hadisi sharifda bayon qilinganidek, adolatpesha insonlardan biridir. U zot Moturidiy aqoidining bizgacha yetib kelishida silsilasining go‘yo katta halqasidekdir.

2017 yil 15 iyunda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusidagi videoselektorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: “Qashqadaryoda – Abul Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etsak, o‘ylaymanki, bu juda foydali bo‘ladi. Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo‘lib xizmat qiladi”, degan edi.

Muhtaram yurtboshimizning tashabbusini xalqimiz xursand bo‘lib qabul qildi. Bugun ana shu ilmiy maktab o‘zi ishini boshladi. Bu ilm dargohlaridan yana ko‘plab nasafiylar chiqishini umid qilamiz. Haqiqatan, bugungi kunda  oramizda dinda g‘ulvga ketgan adashganlar yoki beparvolikdan e’tiqod nima ekanidan xabari yo‘q insonlar  borligi uchun xalqimizning yana adolatpesha insonlarga ehtiyoji bor.

Jaloliddin XOLMO‘MINOV,

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus bilim yurti mudarrisin

Abulvafo al-Qurayshiy. “Javohirul muziyya fi tabaqotil hanafiya ”.

Bayrut: “Dorul kutubil ilmiyya”, 411-bet.

 

[2] Hoji Xalifa. “Kashfuz zunun ’an asomil kutub val funun”. Birinchi juz. Bayrut: “Ihyo’ut turosil arabiy”, 338-bet.

[3] Hoji Xalifa. “Kashfuz zunun ’an asomil kutub val funun”. Ikkinnchi juz. Bayrut: “Ihyo’ut turosil arabiy”, 1846 bet.

[4] “At-tamhid li qova’idit tavhid” va ““Tabsirat ul-adilla” Birinchi juz. 285-bet.”

[5] “Tabsirat ul-adilla” Birinchi juz. 837-bet. Bu Botiniyalarga raddiya uchun tasnif qilingan.

[6] “Tabsirat ul-adilla” Birinchi juz. 281-bet.

[7] Hoji Xalifa. “Kashfuz zunun ’an asomil kutub val funun”. Birinchi juz. Bayrut: “Ihyo’ut turosil arabiy”, 338va570 betlar.

[8] Muhammad ibn Abdulloh Xatib tabriziy. “Mishkotul Masobih” Birinchi juz. Bayrut. “Dorul fikr”. 115-bet.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kelinning sepida erning haqqi yo‘q

6.01.2025   794   3 min.
Kelinning sepida erning haqqi yo‘q

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ عَلِيٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَهَّزَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَاطِمَةَ فِي خَمِيلٍ وَقِرْبَةٍ وَوِسَادَةٍ حَشْوُهَا إِذْخِرٌ .رَوَاهُ النَّسَائِيُّ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotimaga bir chiyduxoba, bir mesh va ichiga izxir solingan bolishni jihoz (sep) qilib berdilar» (Nasaiy rivoyat qilgan). Alloh oliy va bilguvchiroqdir.

Sharh: Olamlarning sayyidi bo‘lmish zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning jigargo‘shalari, ahli jannat ayollarning sayyidasi Fotimai Zahro roziyallohu anhoga qilib bergan seplari qanchalik kamtarona, qanchalik sodda bo‘lganini qarang.

Bu holatni bilgandan keyin bugungi kunga bir nazar solaylik. Boshqalarni qo‘yib turib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ummatlik da’vosini qilayotganlarga ko‘z tashlaylik.

Qiz bola tug‘ilganidan boshlab, yemay-ichmay, yedirmay-ichirmay sep to‘plab, bo‘lgan-bo‘lmagan narsani yig‘ib, jamlab yuradiganlarga nima deyish mumkin?

Sep masalasini nikohning asosiy va markaziy masalasiga aylantiruvchilarga nima deymiz?

Kelinning epiga emas, sepiga qaraydigan qudalarga nima deymiz?

Sep tufayli kelib chiqayotgan urush-janjallarga nima deymiz?

Nima ham der edik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak oling, otalar, deymiz.

Fotimai Zahrodan o‘rnak oling, qizlar, deymiz.

Hazrati Ali karramallohu vajhahudan o‘rnak oling, kuyovlar, deymiz.

Sep masalasida tez-tez oilaviy kelishmovchiliklar chiqib turishini ko‘zda tutib, ulamolarimiz bu masalani batafsil yoritib berganlar.

– Mahr deb berilgan narsaning sepga hech aloqasi yo‘q.

Bir odam mahrga ming dinor berdi. Odatda bunchalik ko‘p mahr olgan kelin ko‘p sep bilan kelar edi. Ammo bu kelin oz sep bilan keldi. Shunda erning «Sen ko‘p jihoz bilan kelishing kerak edi», deyishga haqqi yo‘q.

– Kelin o‘zi bilan olib kelgan sepiga o‘zi ega hisoblanadi. U narsalarda erning haqqi yo‘q.

– Agar er mahrdan tashqari, jihoz olishga alohida pul bergan bo‘lsa-yu, kelin hech narsa olmay kelsa, er talab qilishi mumkin. Ammo ma’lum muddat indamay yursa, rozi bo‘lgan hisoblanadi va keyin talab qilishga haqqi qolmaydi.

– Agar ota urf-odatga binoan, qiziga sep olib bergan bo‘lsa, keyin uni qaytarib olishga haqqi yo‘q. Ota vafot etganidan keyin boshqa merosxo‘rlar ham uni ololmaydilar.

– Ota qizi kichkinalik paytida unga sep bo‘ladigan narsani sotib olib bergan bo‘lsa, keyinchalik orada nizo chiqib, ota «Omonatga bergan edim», desa, qiz esa «Sepga berilgan edi», desa, otaning hujjat-dalillari bo‘lmasa, qizning gapi o‘tadi. Agar qiz vafot etganidan keyin nizo chiqsa, uning erining gapi o‘tadi.

– Agar ona otadan so‘ramay, uydagi narsalardan qiziga bersa, ota indamasa, u narsalar qizga sep bo‘ladi, qaytarib olish mumkin emas.

– Agar kuyov qizning valiylariga to‘yni tezlashtirish uchun biror narsa bergan bo‘lsa, keyinchalik «O‘sha narsani qaytarib beringlar», deyishga haqqi bor. Chunki u narsa rishva – pora hisoblanadi.

Hamma muqaddimalar qilib bo‘linganidan keyin er-xotin bo‘lib yashashdan oldin nikohni e’lon qilish kerak.

«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar