O‘tgan hafta respublikamiz ijtimoiy-siyosiy hayoti voqea hodisalarga boy bo‘ldi.
15 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda huquqbuzarliklarning o‘z-o‘zidan sodir etilmasligi, huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularning oldini olish, ularning sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab o‘z vaqtida bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.
Buning uchun hududlarda yangi ish o‘rinlari tashkil qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga asosiy e’tibor qaratilayotgani,
bu borada mamlakatimizda 11 erkin iqtisodiy zona va 5 ta sanoat zonasi tashkil etilgani, kichik sanoat zonalarining soni 90 taga yetkazilgani, 650 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgani, aholining turmush sharoiti yaxshilanayotgani e’tirof etildi.
Davlatimiz rahbari ana shu yutuqlar bilan birga ayrim hududlarda jinoyatlarni sezilarli kamaytirishga erishilmagani, ba’zi jinoyat turlari oshgani kabi kamchiliklarni ham keskin tanqid qildi.
Prezidentimiz har bir hududning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, tumanlar kesimida jinoyatlarning oldini olish borasida alohida chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatma berdi.
Yig‘ilishda mahallalarda faoliyat yuritayotgan posbonlarining salohiyati, bilim va malakasi talabga javob bermasligi, firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarni keskin kamaytirishga erishilmayotgani ta’kidlab o‘tildi hamda notarial xizmat ko‘rsatish jarayonini takomillashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Ayollarning jinoyatga qo‘l urishining oldini olish borasida xotin-qizlar qo‘mitalari hamda jamoatchilikning mas’uliyatini oshirish muhim ahamiyatga ega ekani aytildi.
Davlatimiz rahbari faqat jazo qo‘llash tahdidi bilan emas, avvalo, aholi ongiga jinoyatga qo‘l urmaslik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, Vatanga sadoqatli bo‘lish, atrofdagi insonlarga hurmatda bo‘lish kabi fazilatlarini singdirish lozimligi, bunda ommaviy axborot vositalari, radio-televideniye, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning matbuot xizmatlari yanada faollik ko‘rsatishi zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda yoshlarni jinoyat ko‘chasiga kirib qolishdan saqlash masalasi jiddiy muhokama qilindi.
Sektor rahbarlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi mas’uliyatini oshirish borasida Hududlarda jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasini tuzish bo‘yicha topshiriq berildi. Uning tarkibiga “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalari, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarlarini ham kiritish, Komissiya faoliyatini Oliy Majlis Senati tomonidan muvofiqlashtirish belgilandi.
* * *
18 noyabr kuni ushbu yig‘ilishida topshirilgan vazifalar ijrosi hamda mavjud muammolarni hal etish masalalari yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasida diniy soha xodimlari ishtirokida majlis bo‘lib o‘tdi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi rahbarlari va xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari ishirok etgan yig‘ilishda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so‘zga chiqib, manmanlik, kibr va haddan oshish inson zotiga yarashmaydigan xunuk illat ekani, zo‘ravonlik, zulm esa og‘ir gunoh ekanini alohida ta’kidlab, quyidagi oyati karima va hadisi shariflarni izohladilar:
Alloh taolo shunday ogohlantiradi:
إِنَّمَا السَّبِيلُ عَلَى الَّذِينَ يَظْلِمُونَ النَّاسَ وَيَبْغُونَ فِي الْأَرْضِ بِغَيْرِ الْحَقِّ أُولَئِكَ لَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ
ya’ni «Insonlarga zulm qiladigan va yerda nohaq zo‘ravonlik – kibru havo qiladigan kimsalarning – ana o‘shalarning jazosi alamli azobdir» (Sho‘ro surasi, 42).
Demak, jinoyat sodir etib insonlarga zulm qiladigan, mollariga tajovuz qiladiganlarning jazosi alamli azob ekani oyai karimada bayon qilinmoqda.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilarki:
إِنَّ اللَّهَ أَوْحَى إِلَيَّ أَنْ تَوَاضَعُوا ، حَتَّى لَا يَبْغِي بَعْضُكُمْ عَلَى بَعْضٍ ، وَلَا يَفْخُر أَحَدٌ عَلَى أَحَدٍ
«Alloh taolo menga tavozeli bo‘lishingizni vahiy qildi. Toki bir odam boshqasiga zo‘ravonlik qilmasin, bir odam boshqasidan o‘zini ustun qo‘ymasin» (Imom Muslim rivoyati).
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَا مِنْ ذَنْبٍ أَجْدَرُ أَنْ يُعَجِّلَ اللَّهُ لِصَاحِبِهِ الْعُقُوبَةَ فِي الدُّنْيَا مَعَ مَا يَدَّخِرُ لَهُ فِي الْآخِرَةِ
«Alloh gunoh qilgan kimsaga ham bu dunyoda jazo berib, ham oxiratga nasiba – azob hozirlab qo‘yishi uchun zo‘ravonlik va qarindosh-urug‘chilik aloqalarini uzishdan ko‘ra loyiqroq gunoh yo‘q» (Imom Termiziy rivoyati).
* * *
1991 yilning 18 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimiz Parlamenti “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida” qonun qabul qilgan edi. Unda milliy bayrog‘imiz davlatimiz suvereniteti ramzi ekani mustahkamlab qo‘yilgandi.
Mudofaa vazirligi 2017 yilning 18 noyabr – Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan poytaxt osmoni uzra O‘zbekiston bayrog‘i bo‘lgan vertolyotlar parvozini tashkil etdi.
Ikkita AS-350 vertolyoti Muqimiy ko‘chasi, Amir Temur xiyoboni (bu yerda katta doira hosil qilindi) – Amir Temur ko‘chasi – Toshkent teleminorasi – Hayvonot bog‘i – Markaziy harbiy gospital – Akademiklar shaharchasi – Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi – Parkent ko‘chasi – Tuzel yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qildi.
Mudofaa vazirligi rasmiylari qayd etilishicha, ushbu sana ilk bor keng miqyosda o‘tkazilmoqda. Shuningdek, ular kelgusida davlat ramzlari kunlari shunga o‘xshash «noan’anaviy usullarda» nishonlanishini qayd etdi.
Damin JUMAQUL tayyorladi
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV