Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Iyun, 2025   |   5 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:53
Peshin
12:27
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:45
Bismillah
30 Iyun, 2025, 5 Muharram, 1447

Hatto hurmo bo‘lagi bilan bo‘lsada, do‘zaxdan saqlaning.

20.11.2017   5812   3 min.
Hatto hurmo bo‘lagi bilan bo‘lsada, do‘zaxdan saqlaning.

Adiy ibn Hotam roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Hatto bir dona xurmo bo‘lagi bilan bo‘lsada, do‘zaxdan saqlaning. Agar uni topmasangiz, yaxshi bir so‘z bilan”.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Banda sadaqani chiroyli qilar ekan, Alloh azza va jalla ham uning qoldirganiga o‘rinbosarini chiroyli qiladi”  ya’ni, Alloh uning farzandlariga muhofaza uchun yaxshi o‘rinbosar yuboradi.

Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi sadaqa afzal?” deb so‘rashdi. U zot: “Sog‘lom, xasis (dunyoda abadiy)qolishni o‘ylayotgan va kambag‘allikdan qo‘rqayotgan holingda sadaqa qilmog‘ingdir. Joning to halqumga kelib: Falonchiga shuncha, falonchiga shuncha, deguningcha kutib turmaydi (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam as'hoblariga: “Sadaqa qilinglar”, dedilar. Shunda bir kishi: “Menda bir dinor bor”, dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “O‘zingga infoq qil”, dedilar. “Menda yana bir dinor bor”, dedi. “Ayolingga infoq qil”, dedilar. “Menda yana bir dinor bor”, dedi. “Farzandlaringga infoq qil”, dedilar. “Menda yana bir dinor bor”, dedilar. “Xizmatkoringga nafaqa qil”, dedilar. “Menda yana bir dinor bor”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sen o‘zing yaxshi biluvchiroqsan”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy, Imom Ibn Hibbon, Imom Hokim rivoyati).

 Faqih aytadilar: Quyidagi xislat bandani yaxshilar martabasiga va oliy darajalarga yetkazadi.

  1. Ko‘p sadaqa qilish.
  2. Ko‘p Qur’on o‘qish.
  3. Qarindoshchilikni bog‘lash.
  4. Kasalni ziyorat qilish.
  5. Ertaga o‘ziga keladigan kun haqida ko‘p fikrlash.
  6. Orzu havasni kamaytirish va o‘limni ko‘p zikr qilish
  7. Jim o‘tirish va kamgap bo‘lish.
  8. Tavoze’, oddiy kiyinish, kambag‘allarni yaxshi ko‘rish va ular bilan aralashib yurish, yetimlarga, miskinlarga yaqin bo‘lib, ularning boshini silash.

Yetti xislat borki, ular sadaqani to‘g‘rilaydi, yuksaltiradi:

  1. Uni haloldan berish, chunki Alloh taolo aytgan: “Ey mo‘minlar, kasb qilib topgan narsalaringizning halol-pokizalaridan infoq-yehson qilinglar”, (Baqara surasi, 267-oyat).
  2. Ozgina molidan ham sadaqa berish.
  3. Vaqt o‘tib ketishidan qo‘rqib, shoshilib berish.
  4. Baxillikdan qo‘rqib, uni poklamoq, ya’ni mollarining yaxshirog‘idan berish, yomonidan emas.
  5. Riyodan qo‘rqib, uni yashirib berish.
  6. Ajrini yo‘qotishdan qo‘rqib minnatdan uzoq bo‘lish.
  7. Uning sohibiga gunohdan qo‘rqib, aziyat yetkazmaslik. Chunki Alloh taolo aytadiki: “Sadaqalaringizni minnat va aziyat bilan botil qilmangizlar”, (Baqara surasi, 264-oyat).

Qaysi musulmon boshqa musulmonni kiyintirsa Alloh, uni Jannat yaxshiliklari bilan kiyintiradi. Qaysi musulmon och qolgan musulmonni yedirsa, Alloh unga Jannat mevalaridan yediradi. Kim chanqagan musulmonni chanqog‘ini qondirsa, Alloh uni asalday shirin toza sut bilan qondiradi.

Allohning Rasulidan so‘rashdi: “Qaysi sadaqaning fazilati ulug‘roq” U zot: “Ichida senga yashirincha adovat (dushmanlik) saqlayotgan yaqin tanishlarga berilgan sadaqa”, dedilar.

  Abdulloh Parpiyev

Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Namozim buzildimi?

27.06.2025   14311   1 min.
Namozim buzildimi?

Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.

Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi