Mavlidi nabiy Rasululloh s.a.v.ning tavallud topgan kunlari bo‘lib, u Rabi’ul avval oyining 12 kunidir. Bir qancha musulmon mamlakatlarida bu kunni xursandchilik bilan kutib olish odat tusiga kirgan. Musulmonlarning bu kunni bayramdek nishonlashlariga asos avvalo, Payg‘ambar s.a.v.ning dushanba kuni ro‘za tutishlarining sababini shu kunda tavallud topganliklari bilan bog‘laganliklaridir.
Abu Shoma Al-Maqdisiyning aytishicha birinchi bo‘lib mavlidni muntazam tarzda nishonlashni yo‘lga qo‘ygan kishi Al-Mullo Mu’iyniddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad al-Musiliy bo‘lib, u o‘z davrida Musil shahrining shayxi bo‘lgan. Imom Suyutiy esa, birinchi bo‘lib mavlidi nabiyni keng tarzda nishonlashni joriy etgan kishi Irbil hokimi (hozirda Iroqning shimolidagi joy) Malik Muzaffar Abu Sa’id Kavkabriy ibn Zayniddin Ali ibn Bektekindir, degan. Har ikkala fikr ham bir-birini rad etmaydi. Chunki, Al-Mullo Malik Muzaffar davrida yashagan. Demak, Malik Muzaffar mavlidi nabiyni nishonlashni Al-Mulloning fatvosiga asosan joriy etgan. Zero, uning Al-Mulloga ixlosi baland bo‘lib, Musildagi birorta diniy masala Al-Mulloning ishtirokisiz hal etilmasligi haqida farmon ham chiqargan. Malik Muzaffar haqida ulamolar quyidagicha ijobiy fikrlarni bildirganlar: Imom Suyutiy va Ibn Kasir: “U shonli va buyuk saxovatli podshohlardan edi. U haqda yaxshi nom qolgan va u Kasiyun qiyaligidagi Muzaffariy jome’ masjidini obod qilgan”, deganlar. Ibn Xollikon esa, Hofiz Abul Xattob ibn Dihyaning tarjimayi holida shunday degan: “U taniqli ulamolardan, mashhur fuzalolardan bo‘lib, Mag‘ribdan kelgan, Shom va Iroqga kirgan, olti yuz to‘rtinchi yilda Irbildan o‘tgan. Shunda u yerning podshohi Muzaffar ibn Zayniddinni mavlidi nabiyga katta e’tibor berishini ko‘rdi va unga atab “at-tanvir fi mavlidi al-bashir an-nazir” kitobini yozdi va buni unga o‘zi o‘qib berdi. Shunda podshoh unga ming dinor mukofot berdi”.[1] Hofiz Az-Zahabiy aytadilar: “U tavozelik, yaxshi sunniylardan bo‘lib, fuqaho va muhaddislarni yaxshi ko‘rar edi”[2]. Ibn Kasir aytadilar: “Malik Muzaffar Rabi’ul avval oyida mavlidi sharifni haddan tashqari keng tarzda xursandchilik bilan nishonlar edi. Shu bilan birga u g‘ayratli, shijoatli, oqil va olim hamda odil edi”. [3]
Ayyubiylar davlatining podshohlaridan sanalmish Malik Muzaffar Kavkabriy mavlidi nabiyni nishonlash uchun juda ham ko‘p miqdorda mol-dunyo sarflar, ko‘plab xayriyalar tashkil etar, ularning umumiy qiymati uch yuz ming dinorga yetardi va bu har yili takrorlanar edi. Uning huzuriga Irbilga yaqin bo‘lgan Bog‘dod va Musil kabi shaharlardan ko‘plab faqihlar, so‘fiylar, voizlar va shoirlar taklif etilar edi. Ular Muharram oyidan boshlab Rabiul avval oyining boshigacha kela boshlar edilar. Mavlid marosimi Muhammad s.a.v.ning tavallud topgan kunlari ustida ixtilof borligi sababli bir yili 8 rabiul avvalda nishonlansa, keyingi yili 12 rabiul avvalda nishonlanar edi.[4] Mavliddan ikki kun oldin ko‘plab tuyalar, mollar va qo‘ylarni tantanavor shaklda do‘mbiralar sadosi ostida maydonga chiqarilar, ularni o‘sha yerda so‘yib turli xil taomlar pishirishga kirishilar edi. Mavlid kuni tong otishi bilan u yerga odamlar, a’yonlar va raislar to‘lanishar, va’z uchun kursi o‘rnatilar, askarlar ham jamlanishib o‘sha tongda harbiy ko‘rgazma ham bo‘lib o‘tar edi. Shundan so‘ng taomlar uchun dasturxonlar yozilib, ommaviy ziyofat boshlanar edi. Dasturxonda hilma hil taomlar va nonlar serob bo‘lar edi. [5]
Hasan as-Sanudiyning aytishicha, mavlidi nabiyni birinchi bo‘lib nishonlaganlar Fotimiylardir. Shuningdek, ular mavsumiga qarab boshqalarning ham mavlidlarini nishonlar edilar. 488 h. sanada Al-Musta’li Billahning xalifaligi ostida Al-Afzal bin Amir al-Juyush Badr al-Jamoliy to‘rtta mavlidni bekor qilishga amr qildi. Ular; mavlidi nabiy, mavlidi imom Ali, mavlidi sayyida Fotimai Zahro va o‘sha davrdagi Fotimiylarning imomining mavlidi.[6] Doktor Abdul Mun’im Sulton “Fotimiylar davridagi ijtimoiy hayot” nomli kitobida o‘sha vaqtdagi bayramlarni zikr qilar ekan: “Fotimiylar (Al-Abidiylar) davlatida mavlidi nabiyni nishonlash faqat holvalar pishirib, ularni va boshqa sadaqalarni tarqatishdangina iborat bo‘lgan. Ammo, rasmiy nishonlash esa, qozilarning qozisi darajasida bo‘lar va unda hamma holvalar solingan padnislarni ko‘tarib Azhar Jome’ masjidi tomon, so‘ngra xalifaning qasri tomon yurishar, shu yerda xutbalar o‘qilar, so‘ngida xalifaning haqiga duo qilinib hamma uyiga qaytar edi. [7]
Usmoniylar xalifaligi sultonlari musulmonlarning hamma bayramlarini nishonlashga g‘oyatda katta e’tibor berganlar. Jumladan, Payg‘ambar s.a.v.ning mavlid kunlariga ham alohida ahamiyat qaratganlar. Mavlid marosimi sulton ixtiyor etgan birorta jome masjidda nishonlanar edi. Sulton Abdulhamid ikkinchi xalifalik mansabiga o‘tirgach mavlidni faqat Humaydiy jome masjidida nishonlashni odatga aylantirdi. Uning davrida mavlid marosimi Rabiul avval oyining 12 kuniga o‘tar kechasidan boshlanar edi. Ya’ni, shu kecha jome masjidning eshigi oldida davlatning barcha katta mansabdorlari rasmiy tashrif kiyimlarida, ko‘krak nishonlarini taqqan holda to‘planishar, so‘ngra saf tortib sultonning kelishini kutib turishar edi.[8] Sulton o‘z qasridan sof tillodan yasalgan egar bilan egarlangan eng chiroyli otga mingan holda chiqar, atrofini shonli navkar o‘rab olgan, bayroqlar ko‘tarilgan holda, ortidan mavlidga kelgan aholi ergashib usmoniy lashkarining ikki safi orasidan o‘tib, masjidga kirib boradi. Shundan so‘ng mavlid marosimi boshlanadi. Avval Qur’oni karim tilovat qilinadi, so‘ngra Mavlidi nabiy qissasi o‘qiladi. Undan so‘ng Payg‘ambarga salavot ma’nosida “Daloilul xarot” kitobi o‘qiladi. Undan keyin ba’zi mashoyixlar zikr halaqalarini tashkil etadilar. Payg‘ambarga salavotlar aytilgan ovozlar jaranglay boshlaydi. Rabiul avvalning 12 kuni tongidan davlat mulozimlari o‘zlarining darajalariga qarab guruh guruh bo‘lib sultonni mavlidi sharif bayrami bilan tabriklagani kiradilar. [9]
Uzoq Mag‘rib (Marokash) sultonlarining Payg‘ambar a.s.ning mavlidlarini nishonlashdagi himmatlari juda ham baland bo‘lgan. Xususan, o‘ninchi hijriy asrning oxirlarida podshohlik taxtiga o‘tirgan Sulton Ahmad al-Mansurning zamonida rabiul avval oyi kirib kelishi bilan Mag‘rib yeridagi hamma muazzinlarni bir yerga jamlanar, so‘ngra tikuvchilarga shohona matolardan eng so‘nggi urfdagi kiyimlar tikishga buyurilar edi. Mavlid kuni tongida sulton odamlar bilan bomdod namozini o‘qigach, taxtiga chiqib o‘tiradi. Shundan keyin odamlar o‘z darajalariga qarab guruh guruh bo‘lib uning huzuriga kirib keladilar. Hamma o‘z joyini egallab o‘tirgach, voiz o‘rtaga chiqib Muhammad s.a.v.ning fazilatlari hamda mo‘jizalaridan bayon qiladi, mavlidlarini o‘qiydi. Forig‘ bo‘lgach she’rlar, madhiyalar aytiladi. Barchasi tugagach odamlarga bayram dasturxoni yoziladi. [10]
Mavlidi nabiyni nishonlashni yoqlagan ulamolarning so‘zlaridan namunalar:
Jaloliddin as-Suyutiy: “Mening nazdimda aslida mavlid amalida odamlarning to‘planishi, Qur’oni karimdan qiroat qilish, Payg‘ambar a.s.ning tavallud topganlarida ro‘y bergan mo‘jizalar haqida vorid bo‘lgan xabarlarni rivoyat qilish, keyin dasturxon yozilib, taomlardan tanovul qilingach tarqalib ketish, bularning hammasi bid’at hasana ishlardan sanalib, uni tashkil etganlarga savob bor. Chunki, bunda Payg‘ambar s.a.v.ni ulug‘lash, tavallud topganlari uchun hursandchilik va shodlikni izhor etish bor”.[11]
Ibn al-Javziy mavlid haqida shunday degan: “Uning xususiyatidan biri o‘sha yili omonlik bo‘ladi va niyat va maqsadlar tezda amalga oshishi haqida hushxabar bor”.[12]
Ibn Hajar al-Asqaloniyga mavlid amali haqida savol berilganda u zotning aytgan javoblarini Jaloliddin as-Suyutiy keltiradilar: “Aslida Mavlid amali bid’at ish bo‘lib, avvalgi uchta asrda yashagan salafi solihlardan bunday qilganlari naql qilinmagan. Lekin, shunga qaramay uning ko‘plab yaxshi tomonlari bor. Kim ana shu yaxshi tomonlarini qilsa yaxshi bid’at jumlasidan bo‘ladi. Men bunga asos bo‘ladigan dalilni ham topdim. U ham bo‘lsa, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadisdir: Payg‘ambar s.a.v. Madinaga kelgan vaqtlarida u yerdagi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganlarini ko‘rdilar va ulardan buning sababi haqida so‘radilar. Ular: bu kunda Alloh taolo Fir’avnni g‘arq etib, Musoga najot bergan. Shuning uchun biz Allohga shukr qilib ro‘za tutamiz, deyishdi. Bundan shunday ma’no kelib chiqadiki, Alloh taolo kimga biror muayyan kunda birorta ne’mat bergan yoki baloni daf etgan bo‘lsa, o‘sha kuni Allohga shukrona tariqasida yaxshi amal qilish lozim bo‘ladi. Bu kunda rahmat payg‘ambari bo‘lmish zotni dunyoga kelishidan ham ortiqroq ne’mat bormi?! Mana bu mavlidni nishonlash uchun naqliy dalil sanaladi. Ammo, unda qilinadigan amallarga keladigan bo‘lsak, albatta, Allohga shukrona bo‘ladigan Qur’on tilovati, taom va sadaqalar tarqatish, payg‘ambar a.s. haqlaridagi qasida va madhiyalar o‘qish, oxiratga savob bo‘ladigan amallarga targ‘ib etish kabi amallar bilan o‘tkazish lozim bo‘ladi.[13]
As-Saxoviy aytadilar: “Avvalgi uch asrda yashagan salaflar mavlidni nishonlashmagan, balki u keyinchalik paydo bo‘lgan. Shundan beri barcha yurtlardagi musulmon aholisi mavlidni nishonlab keladilar. Mavlid kechasida turli xildagi sadaqalar chiqaradilar, mavlidi sharifdan o‘qishga alohida e’tibor beradilar va buning natijasi o‘laroq ularda fayzu barakotlar namoyon bo‘ladi”.[14]
Ibn al-Hoj al-Molikiy aytadilar: “Rabiul avval oyining 12 dushanba kuni Alloh taologa shukrona uchun ko‘plab ibodatlar va xayriyalar qilishimiz lozim. Zero, u bizga behisob ne’matlarini ato etgandir. Darhaqiqat, ne’matlarining ichida eng buyukrog‘i bu albatta, Payg‘ambarimizning tavallud topishlaridir”.[15] Yana shunday deganlar: “Payg‘ambar s.a.v.ni ulug‘lashning bir ko‘rinishi u zot tavallud topgan kechada husandchilik qilish va mavlidi sharifdan qiroat qilishdir”.[16]
Ibn Obidin aytadilar: “Bilingki, Payg‘ambar s.a.v. tavallud topgan oyda mavlidi sharif o‘tkazish yaxshi bid’atlardandir”. Yana shunday deganlar: “Mo‘jizalar sohibi bo‘lmish zotga eng afzal salavotlar va mukammal salomlar bo‘lsinki, u zotning qissalariga quloq solish eng buyuk qurbatlardandir”.[17]
Al-Hofiz Abdurrahim al-Iroqiy aytadi: “Ziyofat tashkil etish va muhtojlarga taom ulashish har vaqtda ham yaxshi sanalgan amallardandir. Ayniqsa, bu muborak oyda unga Rasululloh s.a.v.ning nurlari zohir bo‘lganligi tufayli shodu hurramlik ulansa qanday ham yaxshidir. Uning bid’at ekanligi makruh bo‘lishiga sabab bo‘lolmaydi. Zero, qanchadan qancha yaxshi bid’atlar borki, ularga amal qilish vojib darajasiga chiqqandir”.[18]
Al-Hofiz as-Suyutiy aytadilar: “Qorilarning imomi Al-Hofiz Shamsiddin ibn al-Jazariyning (arfu at-ta’rif bilmavlid ash-sharif) nomli kitobida shunday satrlarni o‘qidim: “Abu Lahab vafot etgach uni tushda ko‘rildi va unga: holing qanday? - deyildi. U: do‘zaxdaman, biroq, har dushanba kechasi mendagi azob yengillatiladi. Yana barmog‘imni so‘rsam suv chiqadi. Buning boisi cho‘rim Suvayba menga payg‘ambarning tug‘ilgani haqida xabar olib kelganida hursand bo‘lganimdan uni cho‘rilikdan ozod qilib yuborganim va u Muhammadni emizgani uchun, deb javob berdi. Agarki, Payg‘ambar s.a.v.ning tavallud topgan kechalarida hursand bo‘lgani uchun Qur’oni karimda mazammat qilingan kofir Abu Lahabga do‘zaxda shunchalik muruvvat ko‘rsatilgan bo‘lsa, payg‘ambarning tug‘ilganidan hursand bo‘lgan, borini unga bo‘lgan muhabbati uchun Alloh yo‘lida ehson qilgan musulmonning holi qanday bo‘lishi mumkin. Beshak, Alloh taolo uni o‘z fazli bilan jannat ne’matlariga doxil etadi”.[19]
Abu Shoma (Imom An-Navaviyning shayxi) aytadi: “Bizning zamonaga kelib har yili Payg‘ambar s.a.v.ning tuvallud kunlarida sadaqalar va ko‘plab yaxshiliklar qilish, ziynat va shodu hurramlikni izhor etish kabi yangiliklarni joriy etgan kishilar qanday ham yaxshi ish qildilar. Zero, bunday qilish o‘sha ishni qilgan kishining qalbida rasulullohga bo‘lgan muhabbatini namoyon etadi hamda butun olamlarga rahmat qilib yuborgan rasulini vujudga keltirgani uchun Allo taologa shukrona bo‘ladi”.[20]
Ash-Shihob Ahmad al-Qastaloniy (Sahihul Buxoriyni sharh qilgan olim) shunday deydi: “Qalbida marazi bo‘lgan kishilarga yana ham ziyoda illat bo‘lishi uchun Payg‘ambar s.a.v. tavallud topgan oyning tunlarini bayram qilgan kishini Alloh rahmatiga noil aylasin”.[21]
Al-Hofiz Shamsiddin bin Nosiriddin ad-Dimashqiy (mavridus sodiy fi mavlidil hodiy) deb nomlangan kitobida aytadi: “Abu Lahab payg‘ambar a.s. tug‘ilganlarida hursandligidan Suvaybani cho‘rilikdan ozod qilib yuborgani uchun dushanba kuni do‘zaxdagi azobi yengillatiladi, degan xabar sahihdir”[22].
Mutaaxir ulamolardan aksariyati mavlidi nabaviyani nishonlashni yoqlaganlar. Jumladan;
Hasanayn Muhammad Maxluf – Azharning sobiq shayxlaridan: “Nuri Muhammadiy charog‘on etgan mavlid oyi kechalarini bedor o‘tkazish unda xaloyiqning eng yaxshisi bo‘lmish zotni vujud olamida zohir etib ummatga katta ne’mat ato etgan zotni zikri va shukri bilan mashg‘ul bo‘lish bilan bo‘ladi. Shukrni izhor etish esa, muhtojlarga yordam berib ularning mashaqqatlarini yengillatish, qarindoshlar bilan silai rahm qilish kabi ishlarda namoyon bo‘ladi. Garchi mavlidni nishonlash Payg‘ambar a.s. va u zotning sahobalari davridan qolmagan bo‘lsada, unga amal qilishning zarari yo‘q, balki u yaxshi sunnatlardandir”.[23]
Muhammad Ash-Shoziliy an-Nayfar – Tunisdagi Al-A’zam jome’sining shayxi: “Alloh taolo bizga o‘ziga muhabbatli bo‘lishdan so‘ng Payg‘ambar a.s.ga muhubbatli bo‘lishni vojib qilgan ekan, demak bu bizga payg‘ambar a.s.ga taalluqli bo‘lgan barcha narsani ulug‘lashni vojib etadi. Mavlid kunlarini bayram sifatida nishonlash ham shuning jumlasidandir”.[24]
Muhammad Mutavalliy Ash-Sha’roviy: “Ushbu mavlidi karimga hurmatan biz har yili shu vaqtda qalbimizdan shodu hurramlik kayfiyatini namoyon etmog‘imiz lozimdir”.[25]
Al-Mubashshir At-Taroziy – Turkiston ulamolaridan: “Turli xildagi zararli namoyishlar ko‘paygan hozirgi vaqtda ularga qarshi kurashish uchun ham Payg‘ambar s.a.v.ning mavlidi shariflarini nishonlash asosiy vojib amallardan biriga aylandi”.
Muhammad Ulviy al-Molikiy: “Biz Payg‘ambar a.s.ning mavlidi shariflarini nishonlashni, u zotning siyratlari, haqlarida aytilgan madhiyalarni tinglash, taomlar ulashib ummatning qalbiga surur baxsh etishni joiz deb bilamiz”.[26]
Yusuf Al-Qarazoviy – Musulmon ulamolarining butun olam birlashmasi raisi: “Rasulullohning tavallud topgan kunlarini u zotning siyratlarini, shaxsiyatlarini, boqiy va umumiy risolatlarini o‘rganish fursatiga aylantirish qanday qilib bid’at va zalolat bo‘lishi mumkin”.[27]
Muhammad Sa’iyd Ramazon Al-Butiy: “Rasulullohning tavallud kunlarini eslab nishonlash diniy manfaat ko‘zlanadigan ijtimoiy tashabbusdir. Buni hozirgi asrda o‘tkaziladigan bir qator diniy anjumanlarning biri deyish mumkin. Biroq bunday bayramlar shariatda munkar sanalgan holatlardan xoli bo‘lmog‘i lozim”.[28]
Nuh Al-Quzot – Iordaniya sobiq muftiysi: “Shaksiz, Mustafo s.a.v.ning tavalludlari biz uchun Alloh taoloning fazli, bu ummatga ato etilgan eng to‘kis ne’matidir. Shunday ekan, u zotning mavlidlari sababli shod bo‘lishga biz haqlimiz”.[29]
Ali Jum’a – Misr muftiysi: “Payg‘ambar a.s.ning mavlidlarini nishonlash eng fazilatli va buyuk qurbat hosil qiladigan amallardandir. Chunki, bu hursandlik va u zotga muhabbatni ifodalashdir. Zero, payg‘ambar a.s.ga nisbatan muhabbat imon asoslaridan biridir”.[30]
Vahba Az-Zuhayliy: “Agar mavlidi nabiy Qur’oni karimni o‘qish, Payg‘ambar a.s.ning axloqlarini eslash, odamlarni islom ta’limotlariga amal qilishga targ‘ib etish, farzlarni bajarishga va islomiy odoblarga undash bilan o‘tkazilsa unda bu bid’at sanalmaydi”.[31]
Muhammad bin Abdulg‘affor ash-Sharif – Kuvayt vaqf ishlari bosh kotibi: “Sayyidul xaloiq s.a.v.ning mavlidlarini nishonlash jumhur ulamolarning fikricha mustahab va bid’at hasana amallardandir”.[32]
Muhammad Ulviy al-Molikiy Mavlidi nabiy haqida kitob ta’lif qilgan bir qancha ulamolarni zikr etib o‘tgan.[33] Ular:
- Al-Hofiz Abdurrahim al-Iroqiyning – 808 h. vafot etgan – “Al-Mavrid al-haniy fi al-mavlid as-sunniy” kitobi.
- Al-Hofiz ibn Kasir – 774 h. vafot etgan – “Mavlid” kitobi.
- Al-Hofiz As-Saxoviy – 902 h. vafot etgan – “Al-Faxr al-ulviy fi al-mavlid an-nabaviy” kitobi.59.
- Al-Hofiz Ibn Al-Javziy – 597 h. vafot etgan – “Al-Arus” kitobi.
- Al-Hofiz Abu Al-Xattob Umar bin Ali bin Muhammad (“Ibn Dihyatul kalbiy” nomi bilan tanilgan) – 633 h. vafot etgan – “At-Tanvir fi mavlid al-bashir an-nazir” kitobi.
- Shamsiddin ibn Nosiriddin ad-Dimashqiy – 842 h.vafot etgan – “Al-Mavrid as-soviy fi mavlid al-hodiy”, “Jome’ al-osor fi mavlid al-muxtor” va “Al-lafzu ar-roiq fi mavlidi xayril xaloiq” nomli kitoblari.
- Mulla Ali Qori – 1014 h. vafot etgan – “Al-Mavrid ar-raviy fi al-mavlid an-nabaviy” kitobi.
- Al-Hofiz Shamsiddin Ibn Al-Jazariy – 660 h. vafot etgan, qorilar imomi – “Arf at-ta’rif bi al-mavlid ash-sharif” kitobi.
- Ali Zaynulobidiyn as-Samhudiy – 911 h. vafot etgan – “Al-Mavarid al-hariyya fi mavlidi xayril bariyya” kitobi.
- Al-Hofiz Muhammad Ash-Shayboniy (Ibn Ad-Daybi’ nomi bilan tanilgan) – 944 h. vafot etgan.
- Ibn Hajar Al-Haytumiy – 974 h. vafot etgan – “Itmom an-ni’ma alal olam bimavlidi sayyidi valadi odam” kitobi.
- Al-Xatib Ash-Sharbiyniy – 1014 h. vafot etgan – “Al-Mavlid ar-Raviy fi Al-Mavlid an-Nabaviy” kitobi.
- Al-Muhaddis Ja’far bin Hasan Al-Barzanjiy – 1177 h. vafot etgan – “Aqd al-Javhar fi mavlid An-Nabiy al-Azhar” kitobi. Musulmon mamlakatlarida keng tarqalgan mavlidlardan.
- Abulbarakot Ahmad Ad-Dardir – 1201 h. vafot etgan – “Mavlid” kitobi.
- Abulhodiy Najo al-Ayboriy al-Misriy – 1305 h. vafot etgan “Mavlid” kitobi.
- Yusuf An-Nabihoniy – 1350 h. vafot etgan – “Javohir an-nazm al-badi’ fi mavlid ash-shafi’” kitobi.
- Umar bin Hafiyz – “Az-Ziyo al-lomi’ bizikri mavlid an-nabiy ash-shofi’” kitobi.
- Nuh Al-Quzot – Iordaniya sobiq muftiysi – “Mavlid al-Hodiy” kitobi.
- Imom As-Cayyid Muhammad Usmon al-Marg‘aniy – 1343 h. vafot etgan – “Al-Asror ar-Rabboniy” (Al-Mavlid al-usmoniy) kitobi.
O‘MI Fatvo bo‘limi mudiri
H.Ishmatbekov.
[1] حسن المقصد في عمل المولد
[2] سير اعلام النبلاء للذهبي
[3] البداية و النهاية لابن كثير
[4] تاريخ الاحتفال بالمولد النبوي من عصر الاسلام الاول الى عصر فاروق الاول للحسن السندوبي
[5] تاريخ الاحتفال بالمولد النبوي من عصر الاسلام الاول الى عصر فاروق الاول للحسن السندوبي
[6] تاريخ الاحتفال بالمولد النبوي من عصر الاسلام الاول الى عصر فاروق الاول للحسن السندوبي
[7] تاريخ الاحتفال بمولد النبي و مظاهره حول العالم لمحمد خالد ثابت
[8] تاريخ الاحتفال بالمولد النبوي من عصر الاسلام الاول الى عصر فاروق الاول للحسن السندوبي
[9] تاريخ الاحتفال بالمولد النبوي من عصر الاسلام الاول الى عصر فاروق الاول للحسن السندوبي
[10] تاريخ الاحتفال بالمولد النبوي من عصر الاسلام الاول الى عصر فاروق الاول للحسن السندوبي
[11] حسن المقصد في عمل المولد لجلال الدين السيوطي
[12] السيرة الحلبية تاليف علي بن برهان الدين الحلبي
[13] حسن المقصد في عمل المولد لجلال الدين السيوطي
[14] السيرة الحلبية تاليف علي بن برهان الدين الحلبي
[15] المدخل عن تعظيم شهر ربيع الاول تاليف ابن الحاج
[16] الدرر السنية
[17] شرح ابن عابدين على مولد ابن حجر
[18] شرح المواهب اللدنية للزرقاني
[19] حسن المقصد في عمل المولد لجلال الدين السيوطي
[20] الباعث على انكار البدع و الحوادث تاليف ابو شامة
[21] المواهب اللدنية
[22] مورد الصادي في مولد الهادي
[23] حسين محمد مخلوف فتاوى شرعية و بحوث اسلامية
[24] محمد الشاذلي النيفر مقالة احتفاء و تذكير
[25] على مائدة الفكر الاسلامي تاليف محمد متولي الشعراوي
[26] محمد علوي المالكي حول الاحتفال بذكرى المولد النبوي الشريف
[27] موقع القرضاوي: الحتفال بمولد النبي و المناسبات الاسلامية
[28] موقع البوطي: فتاوى عن المولد النبوي
[29] موقع دار الافتاء الاردنية: خطبة جمعة بمناسبة المولد النبوي الشريف
[30] البيان لما يشغل الاذهان تاليف علي جمعة
[31] الجزيرة تت: حلقة البدعة و مجالاتها المعاصرة مع الدكتور وهبة الزهيلي
[32] موقع الدكتور الشريف: رقم الفتوى 431 في حكم المولد النبوي
[33] اقتضاء الصراط المستقيم
O‘sha kezlari Misrning “Al-Azhar” universitiyetida tahsil olardim. Yangi o‘quv yili arafasi – ta’tildan qaytib sabrsizlik bilan saboq soatlarini sanab turardik. Ertaga xudo xohlasa, birinchi dars! Og‘zim qulog‘imda edi, chunki boyagina universitetning e’lonlar lavhidagi dars va saboqlar jadvaliga ko‘z yugurtira turib, kutilmagan bir xushxabardan voqif bo‘ldim. Shundan kayfiyatim a’lo, fikru yodim ertangi sinovdan muvafaqiyatli o‘tish tashvishi bilan band edi. Birda, shunday imkoniyatga musharraf bo‘lganim uchun quvonib g‘ururlanardim. So‘ngra uning mas’uliyati yodimga tushib jiddiy tortib qolar edim: “savolim salmoqli bo‘lishi kerak”, – deb takrorlardim o‘zimga o‘zim. Ammo, fikrimni ifoda etish uchun topgan jumlalarim nazarimda yupungina bo‘lib tuyular, tuzgan savollarimning arabcha qiroatidan ham ko‘nglim to‘lmayotgandi. Xayolan o‘qigan kitoblarimni varaqlab, arabcha lug‘atimni titkilayman, qani biror bir arzirlik narsa topsam. Shu payt eshik sharaqlab ochildi-yu, xonaga hovliqqancha xonadoshim Mamat kirdi.
– Ya-a-n-ngilikni eshitdingmi? – Xuddiki, Marafondan Afinaga g‘alaba xabarini olib kelgan choparga o‘xshab hansirardi u.
– Qanaqa yangilikni?
– Ertadan bizga yangi kurs o‘tilar ekan, ma’ruzachi kim – bilasanmi? Naq Mustafo ad-Dourning o‘zlari! – Hovliqmaning hovuri pasaymagandi. U devordagi e’lonning boshiga ko‘z yugurtirganu, davomini o‘qishga sabri chidamagani aniq, aks holda yana boshqa bir yangilikdan boxabar bo‘lgan bo‘lardi. Bir hisobda shunisi ham ma’qul, bo‘lmasa ertagacha ich-etini yeb qo‘yardi boyaqish!
Men o‘zimni beparvo tutdim:
– Kim u kishi?
Yurtdoshim menga o‘smoqchilanib qaradi:
– Sen?.. Rostdan ham ul zotning kimliklarini bilmaysanmi? Axir, Islom olamida barmoq bilan sanarli shayxlarning biri-ku! Kecha-yu, kunduz kitobga mukkasidan ketgan sendek odam bilishing kerak! Nimangni maqtashadi, hayronman! – Taajjublanib yelkasini qisdi u. So‘ng xuddi o‘ziga o‘zi gapirgan kabi (aslida jillaqursa shu borada mendan usunligini namoyish qilmoq bo‘lib) davom etdi:
– Bilmasang, bilib qo‘y: bu odam davlat muhofazasidagi shaxs. Nihoyatda obro‘li olim. Xuddi prezidentlardek allambalo mashinalarda yuradi. Yonida hamisha tanqo‘riqchilari... Lekin, ja-a-a-a zap ish bo‘ldi-da, shu kishidan saboq tinglashimiz! Hali Vatanga qaytgach, tasovvur qilayapsanmi, birgina shuning o‘zi bizga qanchalik obro‘ olib kelishini?
Albatta, u kishining saboqlaridan ko‘proq narsa o‘rgansak, unga amal qilsak va buni yurtda ko‘rsata olsak hurmatimiz ikki hissa oshadi. Buning uchun esa o‘qish kerak!
Xayolimdan kechgan bu gaplarni unga aytib o‘tirmadim – befoyda! Qancha bahslashganmiz, jiqqamusht bo‘lganmiz – o‘z bilganidan qolmagan. Saboqdoshim jag‘i-jag‘iga tegmay javrarkan, men unga sinchiklab qaradim. Vatanda taniq, nufuzli bir kishining o‘g‘li. Biror-bir masalada kami yo‘q! Ilm o‘rgansin, hayotni ko‘rsin deb, otasi uni shu yoqlarga yo‘llagan, lekin unda ilmdan ko‘ra chilimga ishtiyoq kuchli. Misrning g‘arbcha hayotiga qiziqishi zo‘r. Hattoki, ayni paytda ham ulug‘ shayxning saboqlari emas, o‘sha saboqlardagi ishtiroki uning uchun muhim.
– Menga qara, – deb qoldi u dabdurustdan, – balki shayx otamni tanir-a? Dadam ham ahyon-ahyon xorijda bo‘lib turadigan qandaydir yig‘inlarga borib turadilar – uchrashib qolishgan bo‘lishlari mumkin-ku? “Siz falonchining o‘g‘limisiz” deb so‘rab qolsa-ya! Agar shunday bo‘lib chiqsa zap ish bo‘lardi-da! – Mazza qilib kerishishidan hozir nimalar haqida o‘ylayotganini payqash qiyin emasdi. Keyin: – Agar shayx menga bir bor e’tibor qaratsa, – dedi-da, uzoq esnadi. Shu orada: “hali men bilan bir xonada turganingdan faxrlanib yurasan” deya boshlab qo‘ygan fikriga yakun yasadi u.
Ertasi kuni dars boshlanishi arafasida ham gap-so‘zlar, asosan, ulug‘ shayx va uning saboqlarini tinglash bizga nasib etgani haqida bordi. Bugun dars so‘ngida shayxga murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘lganim haqidagi xabardan voqif bo‘lgan do‘stlarim esa kelib meni tabriklab, qo‘llarimni siqib ketishar, yonimda turgan Mamat bo‘lsa gap nimada ekanini anglamay, kalovalanardi.
Nihoyat orziqib kutilgan fursat keldi. Ulkan auditoriyaning eshiklari ohista ochilib, ichkariga avval qora diplomat ko‘targan norg‘ul yigit kirdi. Ortidan yoshi saksonlarni qoralab qolgan, egnida uzun arabiy oq libos; ustidan kulrang nimcha kiygan, boshida – atroflariga oq zardan jilo berilgan oppoq qalpoq, oyog‘ida qop-qora yaltiroq kovush ilgan kishi kirib keldi. Olamga mashhur Mustafo ad-Dour mana shu kishi edi. U qarilikdanmi yoki boshqa bir sababdanmi bo‘ynini egib olgan, nigohlari yerga qadalgan; hattoki salomimizga ham javoban boshini ko‘tarmadi – yengilgina ta’zim bajo keltirdi xolos.
Shayxning ta’rifini keltirganlaricha bor ekan. U yordamchisi chiqib ketgach, ohista ammo maftunkor qiroat bilan so‘z boshladi: “Insonning umri taqriban azon va namoz orasidagi fursatdan iborat. Taqvo ahli mana shu damda poklanib, ibodat tadorigida bo‘ladi. Islom ilm demakdir. Basharti qulog‘imizga azon aytilgan fursatdan to boshimizda janoza namozi o‘qilgunga qadar poklanish, jannat havasi bilan yashash imkonimiz bor. O‘tkinchi dunyoning hoyu havaslariga aldanmagan, haq yo‘ldan chalg‘ituvchi illatlarga bulg‘anmagan mo‘min va muslimalar, shubhasiz oxirat saodatiga erishgaylar, insha Alloh!..”
Kecha Mamatning qitiq patiga tegish uchun, jo‘rtaga shayxni tanimaganga olgandim. Aslida, universitetnig har bir talabasi bu xususda keragidan ortiqroq ma’lumotga ega edi. Shayxning toblari bo‘lmay, sog‘liklari yomonlashgani tufayli keyingi ikki-uch yil mobaynida saboqlari to‘xtab qolgani haqida ahyon-ahyon taassuf bilan eslab turishardi. Naqshbandiya tariqatini tutib, piru komillik martabasiga erishgan bul zotning uzoq muolajalardan keyin yana qadrdon dargohga qaytishlari va bizning u kishidan saboq tinglashga noil bo‘lganimiz – taqdirning tuhfasi edi.
Pirning faqat o‘zigagina xos jihatlari bor, masalan ul zot hech qachon suhbatdoshiinig ko‘ziga tik qaramas, bu haqda so‘raganlarga: “Samoviy yuksaklik istagi osmonga termulish bilan qondirilmas; oyog‘ing ostiga boq – qoqilib ketma tag‘in”, deya javob qaytarar ekanlar. Yana bir usullari, o‘z martabalarini bilgani holda, universitetda eng bilimdon talaba deya e’tirof etilgan ilmu tolibga o‘zlari bilan muloqot qilishga ijozat berar ekanlaru, o‘tgan o‘quv yili yakuniga ko‘ra shu martabaga kaminani munosib ko‘rishibdi.
Bu paytga kelib Mamat ham yangilikdan voqif bo‘lgan, qizg‘anchiqligi shundoqqina yovqarash nigohlaridan sezilib turardi. U bir varaqchaga xat yozib oldimga surib qo‘ydi. Unda yurtdoshimning ayni damdagi iztiroblari ifoda etilgandi: “Ishqilib, xol qo‘yib qo‘yma tag‘in!”.
Ustoz ma’ruzasini tugatib, bir muddat sukut saqlab turdi-da, so‘ng: “Savol?” – dedi dabdurustdan. Bu dars itmomiga yetganidan darak, mening galim kelganiga ishora edi. Dovdirab qoldim. Nutq irod etishlariga mahliyo bo‘lib vazifamni deyarli unutgan ekanman. Shundan o‘zimni tanishtirish yodimdan ko‘tarilib, hozirgi dars tavridan kelib chiqib, tilimga kelgan bir savolni tavakkal ifoda etdim:
– Taqsir, biz uzoq yurtlardan kelib shunda tahsil olmoqdamiz. Ilm o‘rganmoqdamiz. Ammo, tashqaridagi hayotda bizni chalg‘ituvchi unsurlar bisyor. Islomning taraqqiy etmog‘i uchun shu illatlarga davlat yo‘li bilan, kuch ishlatib barham berilsa bo‘lmasmi? Behayoliklar, buzuqiliklar, ekstremistik g‘oyalarni tag-tugi bilan sug‘urib tashlagan durust emasmi?
– Shayx mulohazakor sukut bilan meni tingladi, so‘ng: “O‘zingizni tanishtiring – qayerliksiz?” – deb so‘radi sovuqqina qilib. Mamatga shu asno jon kirdi. “Attang” degan ma’noda boshini chayqadi: “Nazarimda rasvo qilding!” – ohista shivirladi u, kesatiq ohangida.
Nojo‘ya ish qilib qo‘lga tushgan odamdek qizarib ketdim. Ustoz tomonga qarashga botinolmadim: menga u ham hozir boshini quyi eggancha, “bama’niroq savol beradigan boshqa bir durustroq odam yo‘qmidi?” – deb afsuslanayotgandek bo‘lib tuyuldi. Bo‘lar ish bo‘ldi, shayxning so‘roviga javob qaytardim. Ismi sharifimni, o‘zbekistonlik ekanimni aytdim.
Barchaning nigohi shu lahzalarda shayxga qadalgan, kamina ham o‘zimni tanishtira turib, boshimni ozod ko‘tarib unga boqdim: “Nima kelsa o‘zimdan ko‘raman!” Urvoqqina bo‘lib o‘tirgan ustozning har bir hatti-harakati, tanasida kechayotgan har bir o‘zgarish nazarimizdan qochib qutulmas, shundan uning ilkis qaltirab ketganini hamma ilg‘adi. Stolga suyanib asta o‘rnidan turdi. Hech qachon talabalariga tik qaramagan ustoz ohista boshini ko‘tarib, men tomonga boqdi. Aftidan rosa jahllanibdi! Kamina shu lahzalarda yer yorilsa, uning qa’riga kirib ketishga tayyor edim. Qolaversa, Mamat bu ishga bajonidil qarashib yuborgan bo‘lardi. Xayolimdan nuqul: “Tamom! Hammasi tamom. Pachava qildim!” degan badbin o‘ylar kechmoqda edi. Shu payt shayx kaftini ko‘ksiga bosib, yengilgina ta’zim ayladi-da:
– Ulug‘ muhaddis Imom al Buxoriy avlodlariga cheksiz hurmat va ehtiromimni qabul aylang! – dedi. Uning xira tortib qolgan ko‘zlarida samimiy bir cho‘g‘ yallig‘langanini ko‘rdim. Kutilmagan bu kabi mulozamatdan dovdirab qolgandim. Yig‘lab yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib turardim.
Ustoz ehtiyotkorona yana kursisiga cho‘kdi-da, yana avvalgi holatiga qaytdi.
– Bilasizmi, “Nilufar”ning vatani qayer? – savolimga savol bilan yuzlandi u. O‘rtaga bir oz jimlik cho‘kdi. Qo‘shaloq savollar iskanjasida qoldim: bir paytning o‘zida ham “Nilufar”ning vatani qayer? ham “ustoz javob kutayaptimi yoki mushohadaga undadi”, – degan jumboqqa yechim axtarmoqda edim. Bir qarorga kelib ulgurmay shayxning o‘zi gapni ildirib ketdi.
– Bilib qo‘ying, “Nilufar”ning vatani – botqoq! Ohu chamanlarga yarashiq jonivor esa-da, manzil-makoni toshloq. Illo, ikkisi ham o‘ziga gard yuqtirmaydi. Har ikkisi noyob va betakror mavjudot. Har ikkisining vasliga yetishmoq uchun, hoyu havas kabi domiga tortib turgan botqoqdan, ilon izi kabi chigal so‘qmoqdan kechib o‘tish talab etiladi. Binobarin Alloh siz va bizning qalbimizda, nafs illatlarini, hoyu havas zillatlarini yengibgina unga yetishishimiz mumkin. Ilm bu yo‘lda sizga hidoyat bo‘lg‘usi...
Tashqarida qo‘ng‘iroq chalindi. Bu dars tugaganidan darak, ammo, u mening nazarimda talabalik hayotimda yangi sahifa ochilganidan jar solayotgandek bo‘lib tuyuldi...
Davomi bor...
Fozil Tilovatov,
Hadis ilmi maktabi matbuot kotibi.