Avval, 18 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi vazifalar ijrosi hamda mavjud muammolarni hal etish masalalari yuzasidan diniy soha xodimlari ishtirokida majlis bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so‘zga chiqib, tarbiya masalasiga alohida urg‘u berib, quyidagi ma’lumotlarni keltirdilar:
Barchamiz yaxshi bilamizki, huquqbuzarliklar o‘z-o‘zidan sodir etilmaydi. Shunday ekan, asosiy e’tiborni huquqbuzarlikning oqibatlari bilan kurashishga emas, balki, barvaqt uning oldini olish va o‘z vaqtida bartaraf etishga qaratishimiz zarur. Masalan, farzand piyolani sindirgandan keyin unga har qancha tanbeh berish foydasizdir. Undan avval bolaga piyolani asrab-avaylash to‘g‘risida nasihat qilish katta samara beradi.
Ushbu videoselektor yig‘ilishda Davlatimiz rahbari ham faqat jazo qo‘llash tahdidi bilan emas, avvalo, aholi ongiga jinoyatga qo‘l urmaslik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, Vatanga sadoqatli bo‘lish, atrofdagi insonlarga yuksak hurmatda bo‘lish kabi fazilatlarini singdirish lozimligini ta’kidladilar.
Insoniyat paydo bo‘libdiki, eng dolzarb, eng qiyin va mashaqqatli vazifa – yoshlar masalasi bo‘lib kelgan. Mutafakkir va allomalar, ziyolilar jamiyatning rivoji, tinchligi va xotirjamligini yoshlarning tarbiyasiga bog‘liq deb bejiz aytishmagan.
Muhtaram Prezidentimiz tarbiya borasida shunday deganlar: “Ma’lumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda”.
Bugun sizu biz buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”, degan purhikmat so‘zlari hech qachon o‘z kuchini yo‘qotmasligiga yana bir bor amin bo‘lmoqdamiz.
Aslida, insonni yomon yo‘lga, buzuqlikka, jinoyatga boshlaydigan narsa, uning buzuq nafsidir. Uning orqasidan o‘g‘irlik qiladi, odam o‘ldiradi va hokazo yomonliklarni qiladi. Shu o‘rinda so‘zimizning isboti o‘laroq Odam alayhissalomning katta o‘g‘illari Qobil o‘z ukasi Hobilni qanday sabab bilan o‘ldirganini eslashning o‘zi kifoya qiladi.
Shuning uchun ham dini mubinimizda, muborak manbalarda nafsdan kelayotgan yomonliklarga qarshi kurashishga chaqiriladi. Uning yomonliklaridan ogohlantiriladi. Bu borada Yusuf surasida:
وَمَا أُبَرِّئُ نَفْسِي إِنَّ النَّفْسَ لَأَمَّارَةٌ بِالسُّوءِ إِلَّا مَا رَحِمَ رَبِّي إِنَّ رَبِّي غَفُورٌ رَحِيمٌ
ya’ni, “Nafsimni oqlamayman. Zero, nafs yomonlikka undovchidir. Faqat Rabbim rahm qilganlar bundan mustasnodir. Albatta, Rabbim kechirimli va rahmli zotdir”, deyiladi.
Yusuf Xos Xojib o‘zining “Qutadg‘u Bilig” asarida: “Bu dunyoda eng yirik yov, bilginki, ey ko‘ngil, o‘z nafsingdir”, deydi. Oyati karima va hikmatlardan ham ma’lum bo‘lmoqdaki, insonni ko‘plab yomon yo‘llarga uning nafsi ammorasi boshlar ekan.
Taassufki, bugun ayrim yoshlar shaytonning vosvosiga uchib, uning yo‘lida yurib, turli jinoyatlarni sodir etmoqdalar. Albatta, bu jinoyatlar katta yo kichik bo‘lishidan qat’iy nazar bizni tashvishga solmoqda. Arzimagan uchqundan paydo bo‘lgan yong‘in qanday falokat keltirishi sizu bizga ma’lum, kichkinagina teshikcha tufayli katta kema ham g‘arq bo‘lishini juda yaxshi bilasiz. Shunday ekan arzimas ko‘ringan illatlar ham to‘planib-to‘planib, jinoyatga aylanib jamiyatni halokatga uchratishi mumkinligini zinhor unutmasligimiz lozim.
Muhtaram Prezidentimiz ta’lim-tarbiyani bir zum ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmasligini t’kidlab shunday deganlar, "Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi", deydi donishmandlar. Tarbiya mukammal bo‘lishi uchun esa bu masalada bo‘shliq paydo bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi".
Shunday ekan, diniy soha xodimlari, imom-xatiblar har doim odamlarga, ayniqsa, yoshlarga har qanday jinoyat og‘ir gunoh ekanini tushuntirishi darkor. Badnafs, buzuqlik va jinoyatga moyil bo‘lgan na oilasiga na jamiyatga foydasi tegmaydigan insonlar Allohning nazdida ham e’tiborsiz ekanini uqtirishi lozim.
Shu o‘rinda jinoyat sodir etayotgan yoshlarning ota-onalari to‘xtalib o‘tish lozim. O‘rganishlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyo bo‘ylab yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning ishtirokchilarining aksariyati oilada yaxshi tarbiya ko‘rmagan, ota-onasi mehridan uzoq bo‘lgan yoshlar ekan. Ming afsuski, bizda ham jinoyat sodir etgan aksariyat yoshlarning ota-onalari ularning tarbiyasiga e’tiborsiz qarashgani ma’lum bo‘ldi.
Islom dini manbalarida farzandni bunday go‘zal tarbiya qilishni yuksak ulug‘lanadi. Jumladan, Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
"ما نَحَلَ وَالِدٌ وَلَداً أفضل من أدبٍ حَسَنٍ"
ya’ni: “Ota farzandiga beradigan narsalarning ichida eng afzali go‘zal odobdir” (Imom Termiziy rivoyati).
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
"لَأَنْ يُؤَدِّبَ الرَّجُلُ وَلَدَهُ خَيْرٌ مِنْ أَنْ يَتَصَدَّقَ بِصَاعٍ"
ya’ni: “Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqasidan yaxshiroqdir” (Imom Termiziy rivoyati).
"أَدِّبُوا أَوْلاَدَكُمْ وَأَحْسِنُوا أَدَابَهُمْ "
ya’ni: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”, deb marhamat qilingan.
Demak, ota-ona farzandiga beradigan eng yaxshi narsasi qimmatbaho kiyim, yaxshi taom yoki qimmatbaho sovg‘alar emas, balki go‘zal xulq va yaxshi tarbiya ekan. Chunki go‘zal xulq bandani bu dunyoda ham oxiratda ham martabasini oshiradi.
Shunday ekan bugun imom-xatiblarimiz joylardagi chiqishlarida, ota-onaning farzand oldidagi vazifalari va farzandlarning ota-ona oldidagi burchlari haqida yetarlicha ma’lumot berishlari, yoshlar bilan uchrashuvlarida esa jinoyat sodir etish juda ham og‘ir gunoh ekani, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bunday xatti-harakatlardan qattiq qaytarilaganini jonli misollar orqali ta’sirchan qilib, tushuntirishlari zarur.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:
«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.
Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.
Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.
Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:
«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.
«Ha», dedi Suhayb.
Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:
«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:
«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.
«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.
Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.
Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.
Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.
Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.
Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.
So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.
Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».
Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.
Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.
U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi aybdor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi