Avval, 18 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi vazifalar ijrosi hamda mavjud muammolarni hal etish masalalari yuzasidan diniy soha xodimlari ishtirokida majlis bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so‘zga chiqib, manmanlik, kibr va haddan oshish inson zotiga yarashmaydigan xunuk illat ekani, zo‘ravonlik, zulm esa og‘ir gunoh ekanini alohida ta’kidlab, quyidagi oyati karima va hadisi shariflarni izohladilar:
Alloh taolo shunday ogohlantiradi:
إِنَّمَا السَّبِيلُ عَلَى الَّذِينَ يَظْلِمُونَ النَّاسَ وَيَبْغُونَ فِي الْأَرْضِ بِغَيْرِ الْحَقِّ أُولَئِكَ لَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ
ya’ni «Insonlarga zulm qiladigan va yerda nohaq zo‘ravonlik – kibru havo qiladigan kimsalarning – ana o‘shalarning jazosi alamli azobdir» (Sho‘ro surasi, 42).
Demak, jinoyat sodir etib insonlarga zulm qiladigan, odamlarning jonlari-yu, mollariga zug‘um o‘tkazadigan zo‘ravonlarning jazosi alamli azob ekani oyai karimada bayon qilinmoqda.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilarki:
إِنَّ اللَّهَ أَوْحَى إِلَيَّ أَنْ تَوَاضَعُوا ، حَتَّى لَا يَبْغِي بَعْضُكُمْ عَلَى بَعْضٍ ، وَلَا يَفْخُر أَحَدٌ عَلَى أَحَدٍ
«Alloh taolo menga tavoze’li bo‘lishingizni vahiy qildi. Toki bir odam boshqasiga zo‘ravonlik qilmasin, bir odam boshqasidan o‘zini ustun qo‘ymasin» (Imom Muslim rivoyati).
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَا مِنْ ذَنْبٍ أَجْدَرُ أَنْ يُعَجِّلَ اللَّهُ لِصَاحِبِهِ الْعُقُوبَةَ فِي الدُّنْيَا مَعَ مَا يَدَّخِرُ لَهُ فِي الْآخِرَةِ
«Alloh gunoh qilgan kimsaga ham bu dunyoda jazo berib, ham oxiratga nasiba – azob hozirlab qo‘yishi uchun zo‘ravonlik va qarindosh-urug‘chilik aloqalarini uzishdan ko‘ra loyiqroq gunoh yo‘q» (Imom Termiziy rivoyati).
Imon insonning qalbida bo‘ladi. Qalbi imon bilan to‘lgan inson hech qachon Alloh taoloning omonatiga xiyonat qilmaydi va boshqa bir kishiga zarar bermaydi. Bundan insonlar o‘zlariga yetarli xulosa chiqarib, Allohning amru farmoniga itoat etgan holda o‘zaro ahil va inoqlikda yashashlari darkor bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
* * *
Shu o‘rinda manmanlik va kibr to‘g‘risida muxtasar keltiramiz. Bizda “manmanlik” deyiladigan salbiy sifat arab tilida “ujb” deb ataladi. Bunda kishi o‘zida bor narsalardan o‘zi ajablanadi va birovlarga maqtanadi. Ulamolar manmanlikni quyidagicha ta’riflashgan: “Ujb – manmanlik ne’matni o‘zining fazlidan deb ishonish va ne’mat beruvchi Zotni unutishdir”.
Muhaqqiq ulamolar manmanlik bilan kibrning orasida nozik farq borligini ta’kidlaganlar.
Kibr ichki xulq bo‘lib, undan amallar sodir bo‘ladi. Mazkur xulq o‘zini ustidan kibr qilinayotgan shaxsdan yuqori qo‘yishdir. Manmanlik esa tasavvurdan iborat bo‘lib, unda manmandan boshqa odam bo‘lishi shart emas.
Ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Bir kishi izorini kibr bilan sudrab borayotganida, birdan uni yer yutib yubordi. Endi u qiyomat kunigacha yerga pastlab boraveradi” (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasoiy va Ahmad rivoyat qilgan).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘tgan ummatlardan bir kishi o‘zining chiroyi, kiyimiga zeb berib, kekkaygani qanday oqibat bilan tugaganini ajoyib vasf qilib berish ila biz musulmonlarni o‘sha shaxsga o‘xshab qolishdan qaytarmoqdalar.
Mazkur illatlar chalingan odam sochini havas bilan o‘stirar ekan. Uning sochi yelkasiga tushib turar, kiyimini ham boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish uchun tanlab kiyar ekan. U kunlarning birida o‘zining sochi shokilasiga va kiyimiga mahliyo bo‘lib yurib borayotganida, birdan uni yer yutib yubordi.
Bunga o‘xshash nobakorliklarni, o‘zini o‘zgalardan arzimagan narsa bilan ustun qo‘yadiganlarni, kiyimi bilan manmanlik qiladiganlarni yer ham o‘z ustida ko‘tarib yurmay yutib yuborishga tayyor ekan. Ammo shu bilan ish bitib qolmaydi, balki – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek – endi u qiyomat qoim bo‘lguncha pastga tushib boraveradi. Ya’ni, oxiratgacha yer yutish azobini chekib, qiynalib turadi. Qiyomat kuni esa uning ahvoli qanday bo‘lishini Alloh taoloning O‘zi biladi!.. Kim ana shunday yomon ahvolga tushmay desa, zinhor kibr qilmasin, o‘zini odamlardan ustun qo‘ymasin.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining
“Kamtarlik va kibr” kitobi asosida tayyorlandi
Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.
Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.
Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ming yillar davomida yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.
Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin.
Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.
Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi