Bugun yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan go‘zal maskanlar bisyor. Istirohat bog‘lari, dam olish va madaniyat saroylari, hayvonot bog‘lari kabi xordiq chiqarish joylari beqiyos. Bularning barchasi xalqimizning bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazish, aqliy va jismoniy mehnatdan toliqqan paytlarida oilasi, yaqinlari va farzandlari bilan sayr qilib, madaniy xordiq chiqarib, ozgina tafakkur qilib, dam olishlari uchun mo‘ljallanib, barpo qilingandir.
Biroq so‘ngi paytlarda bu joylar o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifani qo‘ldan boy bergandek, tafakkurga va ehtiromga undaydigan, kimligimizni yodimizga solib turish uchun, ularning qoldirib ketgan pandu-nasixatlarini eslab, foydalanishimiz uchun suratlari-yu siyratlari, go‘zal ibratli so‘zlari bitilgan ajdodlarimiz timsollari o‘rnashgan bu go‘zal maskanlar bugun buzuqlik, sharmandalik va ma’siyat o‘chog‘iga aylangandek...
Pana-pastqam joylarda, chekkaroqdagi o‘rindiqlarda bir-birini pinjiga suqilib, behayolarcha qiliqlar qilayotgan yigit-qizlarni ko‘rganingda, yoningdagi hamrohing, farzandlaring oldida noqulay ahvolga tushib qolasan. Ularning esa parvoyi falak. Go‘yo bu dunyoda ulardan boshqa odam yo‘qdek, ularni hech kim ko‘rmayotgandek. Ular o‘zlarining bu jirkanch ehtiroslariga, behayo yurish-turishlariga “muhabbat” nomli go‘zal libosni niqob qilib olishgan.
Beixtiyor o‘ylanib qolaman... xo‘sh, biz qachon bu ahvolga tushdik? Yoshlarimizni bu qadar atrofdagilardan uyalmay, zarracha tap tortmay, ochiq oydin fahsh botqog‘iga botib borayotganiga kim aybdor? Jondan aziz farzandini balog‘at yoshiga yetganini sezib, unga otalik nasihatini qilishni bilmagan hamda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Kim bir farzand ko‘rsa, uning ismini va odobini chiroyli qilsin. Agar balog‘atga yetsa uni uylantirib qo‘ysin. Agar farzandini uylab qo‘ymasa o‘sha farzandga yetgan har bir gunohdan otasiga ham ulush yetib turadi”, (Imom Bayxaqiy rivoyati) degan so‘zlaridan bexabar yurgan yoki xabardor bo‘lsa ham, bolam pul topsin, ozgina ishlab meni topayotgan pulimning qadriga yetsin deya farzandini uylantirishga shoshilmayotgan OTALARMI?
Yoki bo‘lmasa sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Agar sizlardan birortalaringizning qizingizga dini va xulq-atvori sizlarni rozi qiladigan yigitdan sovchi kelsa, qizlaringizni unga nikohlab beringlar. Agar shunday qilmasangiz, yer yuzida fitna va keng fasod paydo bo‘lur”, (Imom Termiziy rivoyati) degan nasihatlariga amal qilmay, kelgan sovchilarga “qizining yoshligi” va “o‘qishi”ni bahona qilib, aslida badavlat uddaburon kuyovni kutayotgan ONALARMI?
Yoxud “Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim nikohga qodir bo‘lsa uylansin. Albatta u ko‘zni to‘suvchi va farjni saqlovchidir. Kim qodir bo‘lmasa ro‘zani lozim tutsin, bu uning uchun bichilishdir”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati) degan targ‘ibotni hayotiga tadbiq etmay o‘z shaxvoniy nafsini xarom yo‘llar bilan qondirib yurgan YIGITLARMI?
Balki, bunday buzuqliklarning ko‘payishiga Alloh taoloning: «Albatta, imon keltirgan kishilar o‘rtasida yomon gaplar yoyilishini istaydigan kimsalar uchun dunyoda ham, oxiratda ham alamli azob bordir. (Hamma narsani) Alloh bilur, sizlar esa bilmassiz», (Nur surasi, 19-oyat) degan so‘zidan bexabar holda ijtimoiy tarmoqlarda faxshga, buzuqlikka targ‘ib bo‘luvchi rasmlar, videolar, latifalar hamda hikoyalarni tarqatayotganlar sababchidir.
Ehtimol bunga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Kimki bir nojo‘ya ishni ko‘rsa, qo‘li bilan o‘zgartirsin. Agar unga qodir bo‘lmasa tili bilan o‘zgartirsin. Agar unga ham qodir bo‘lmasa qalbi bilan o‘zgartirsin. Mana shu (uchinchisi) imonlarning zaifidir” (Imom Muslim rivoyati) degan qaytariqlariga amal qilmayotgan, beparvo o‘tib ketayotgan biz kabi loqayd insonlar aybdordir?
Savollar ko‘p, javoblar bisyor, lekin yechim faqat bitta, to‘g‘ri javob shu: biz nikoh atalmish sunnatga e’tiborni kuchaytirmog‘imiz lozim. Chunki shaxvoniy nafslarni qondirishning halol yo‘li bo‘lgan, yer yuzida sof Islom tabiatida tug‘iladigan inson zurriyotining bardavom bo‘lishiga sababchi bo‘lgan bu nikoh “ko‘prigi”ni qurishga hammamiz birdek mas’ulmiz. Alloh taolo aytadi: «Sizlarning orangizdagi tul (erkak va ayol)larni hamda qul va cho‘rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringiz! Agar (ular) kambag‘al bo‘lsalar, Alloh ularni o‘z fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va dono zotdir», (Nur surasi, 32-oyat).
Ba’zi mufassirlarimiz ushbu suradagi «uylantiringiz» oyati butun musulmonlar ommasiga qilingan xitob deb aytishgan. Demak, nikoh yoshidagi farzandlarini nikohlab qo‘yish agar ota-onasi bo‘lsa ularga, agar bo‘lmasa qarindosh urug‘lariga, ular ham bo‘lmasa yaqinlari, mahalla ahillari va barcha musulmonlarga vojib bo‘ladi. Demak, jamiyat islohi uchun hammamiz mas’ulmiz. Jamiyatga zarar keltiradigan chirkin, razil va kelajagimiz uchun xatarli bo‘lgan buzuqliklarning barcha turariga qarshi birga kurashaylik.
Yorbek ISLOMOV
Uchko‘prik tumani “Shoh muqaddam” jome masjidi noib imomi