Ba’zi qo‘shtirnoq ichidagi toifalar tomonidan Islom dini ta’limotining noto‘g‘ri talqin qilinishi, ezgulikka chaqiruvchi muqaddas dinimiz sha’niga noo‘rin ta’na toshlari otilishiga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, “Islom” so‘zining o‘zagi “salom” so‘zidan olingan bo‘lib, tinchlik va salomatlik ma’nolarini anglatadi. Uchinchi ma’nosi – itoat bo‘lib, bundan Allohning ko‘rsatmalariga amal qilish harakatida bo‘lishi lozim, degan xulosa chiqadi.
Islom dini nafaqat insonning o‘zi, balki o‘zga odamlarga, hatto nabotot va hayvonotga, qo‘yingki, barcha mavjudotga rahm-shafqatli va mehribon bo‘lishga chaqiradi. Zo‘ravonlik, qo‘poruvchilik va tajovuzkorlikni qoralaydi, hech qachon oqlagan emas va oqlamaydi ham. Islom dini yovuzlikka qarshi kurashda ham adolat va insonparvarlik me’yorlaridan tashqari chiqmaslikka buyuradi. Din va millatidan qat’i nazar, tinch, osuda yashayotgan xalqlarga nisbatan tajovuzkorlik qilmaslikka undaydi. Islom dini o‘zga din vakillari bilan hamjihatlikda va ular bilan go‘zal uslubda munozara qilishga buyuradi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «(Ey, mo‘minlar!) Sizlar ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilingiz, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustasnodirlar» (Ankabut surasi, 46-oyat).
Boshqa din vakili bilan chiroyli munosabatda bo‘lish nafaqat Qur’on karim oyatlarida balki, Nabiy (alayhissalom)ning hadislarida ham uchratamiz. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) boshqa din va e’tiqod vakillariga bag‘rikeng bo‘lish, ularning e’tiqodini hurmat qilish, haqlariga rioya etishning oliy namunasini ko‘rsatibgina qolmay, ummatni ham hamisha ana shu yo‘ldan borishga chaqirdilar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim g‘ayridinga aziyat bersa, menga aziyat berganday bo‘ladi, kim menga aziyat bersa, qiyomat kuni unga xusumatchi bo‘laman”, dedilar. Boshqa bir hadisda bunday deganlar: “Kim g‘ayridin yoki ahdlashilgan boshqa din vakilini o‘ldirsa jannat hidini ham hidlamaydi”.
Islom dini zulm, tajovuzkorlik adolatsizlik, turli firqalarga bo‘linish kabi razil ishlarni qoralaydi va ulardan hazar bo‘lishga buyuradi. Tinchlik-xotirjamlik kabi ne’matlarni bergan Alloh taolo insonlarni turli firqa va guruhlarga bo‘linib ketishdan va bir-birlariga dushmanlik qilishdan qaytargan hamda bunga erishishning asosiy yo‘li sifatida Qur’oni karim hukmlaridan chekinmaslikka buyurib bunday degan: «Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb, Alloh O‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi!» (Oli Imron surasi, 103-oyat).
Islom dini o‘zga din vakillarilarga ham ehtirom hamda bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi. Islom o‘zidan avvalgi samoviy dinlarni shunchaki hurmat qilish bilan cheklanmay, o‘sha din ahllariga cheksiz muruvvatlar ko‘rsatgan. Madaniyati va an’analariga ehtirom bilan qaragan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar bir-birlariga va hatto oralarida yashaydigan boshqa millatlarga, ahli zimmaga ham muruvvatning mislsiz namunalarini ko‘rsatib, butun insoniyatga ibrat bo‘lishdi.
Alloh taolo yurtimizdagi barcha millat va elatlarni, din vakillarini birdam va hamjihat bo‘lib, osoyishta hayot kechimoqliklarini nasib etsin, turli xil ixtilof, kelishmovchik va ziddiyatlardan, biz bilgan va bilmagan har qanday balo-ofatlardan O‘z panohida saqlasin.
Abdutolib ISAQOV
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani
“Oq masjid” jome masjidi imom-xatibi
Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning poklanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi.
Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:
لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ
“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).
Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishiga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kutayotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.
Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”
Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qilaman”, dedi.
Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.
Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».
Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...
Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.
Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:
رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ
“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.
“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”.
Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin!
Mavjuda NURIDDINOVA
tayyorladi.