Alloh taolo inson zotini azizu mukarram qilib yaratib, unga ko‘p fazilatlar ato etdi. Ana shunday fazilatlardan biri kamtarlikdir. Dinimiz ta’limoti mo‘min-musulmonlarni ushbu sifatga ega bo‘lishga targ‘ib qiladi. Qur’oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Yer yuzida kibrlanib yurma! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog‘larga yeta olmaysan” (Isro surasi, 37 oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilarki, “Bir-biringizga nisbatan kamtar bo‘ling, toki biron kimsa birovga nisbatan takabburlik qilmasin, biron kimsa boshqa kimsaga zulm qilmasin” (Muslim rivoyati).
Oyati karima hamda hadisi sharifda kamtar, xokisor bo‘lib, kibru havoga berilmasdan, haddini unutmasdan, mol-dunyoga, mansab-martabaga, shon-shuhratga erishganda, boshqalarga past nazar bilan qaramasdan, barcha inson Yaratganning bandasi ekanini unutmasdan hayot kechirish zarurligi ta’kidlanmoqda.
Kamtarlik va xokisorlik sifatiga ega bo‘lgan kishi nafaqat el-yurt oldida, balki Alloh taolo dargohida ham maqtovga loyiqdir. Bunday insonlar har qachon o‘z hurmatlarini saqlay bilish bilan bir qatorda, o‘zgalarning qadr-qimmatlarini ham o‘rniga qo‘yadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib: “Kim Alloh uchun kamtarlik qilsa, Alloh uning martabasini baland qilib qo‘yadi”, deganlar (Muslim rivoyati).
Agar aksi bo‘lsa, Alloh taoloning g‘azabi va azobiga duchor bo‘ladi.
Insonning tuproqdan yaratilishining hikmatlaridan biri tuproqda vazminlik, kamtarlik, xokisorlik xususiyatlari mavjud. Demak, inson o‘zining asliga boqib, ana shunga monand tarzda hayot kechirmog‘i lozim. Manmanlik qilib, o‘zgalarga bepisand muomalada bo‘lish, mol-dunyoga aldanib, kibrlanish oqibatida kishi do‘stlari, qarindoshlari va el-yurti oldida hurmatini yo‘qotadi.
Xalqimizda “Kamtarga kamol” degan maqol bor Bu maqolni juda ko‘p insonlar bilsa-da, lekin insonning g‘ururi gohida kamtarlikka yo‘l qo‘ymaydi. Shu o‘rinda Abu Lays as-Samarqandiy aytadilar: “Kim g‘ururini sindirmoqchi bo‘lsa, to‘rtta amalni qilishi kerak bo‘ladi:
Demak, har bir insonning o‘ziga yarasha ozmi-ko‘pmi g‘ururi mavjud bo‘lib, inson bu g‘ururni sindirib borishi, Yaratganning iznidan chiqmasligi, insonlarga g‘ururlanmasligi, kamtarlik yo‘lini tanlashi zarur.
Baxtiyor ABDULLAYEV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.