Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Kamtarlik – insonni ulug‘lovchi fazilat

18.11.2017   14384   3 min.
Kamtarlik – insonni ulug‘lovchi fazilat

Alloh taolo inson zotini azizu mukarram qilib yaratib, unga ko‘p fazilatlar ato etdi. Ana shunday fazilatlardan biri kamtarlikdir. Dinimiz ta’limoti mo‘min-musulmonlarni ushbu sifatga ega bo‘lishga targ‘ib qiladi. Qur’oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Yer yuzida kibrlanib yurma! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog‘larga yeta olmaysan” (Isro surasi, 37 oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilarki, “Bir-biringizga nisbatan kamtar bo‘ling, toki biron kimsa birovga nisbatan takabburlik qilmasin, biron kimsa boshqa kimsaga zulm qilmasin” (Muslim rivoyati).

Oyati karima hamda hadisi sharifda kamtar, xokisor bo‘lib, kibru havoga berilmasdan, haddini unutmasdan, mol-dunyoga, mansab-martabaga, shon-shuhratga erishganda, boshqalarga past nazar bilan qaramasdan, barcha inson Yaratganning bandasi ekanini unutmasdan hayot kechirish zarurligi ta’kidlanmoqda.

Kamtarlik va xokisorlik sifatiga ega bo‘lgan kishi nafaqat el-yurt oldida, balki Alloh taolo dargohida ham maqtovga loyiqdir. Bunday insonlar har qachon o‘z hurmatlarini saqlay bilish bilan bir qatorda, o‘zgalarning qadr-qimmatlarini ham o‘rniga qo‘yadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib: “Kim Alloh uchun kamtarlik qilsa, Alloh uning martabasini baland qilib qo‘yadi”, deganlar  (Muslim rivoyati).

Agar aksi bo‘lsa, Alloh taoloning g‘azabi va azobiga duchor bo‘ladi.

Insonning tuproqdan yaratilishining hikmatlaridan biri tuproqda vazminlik, kamtarlik, xokisorlik xususiyatlari mavjud. Demak, inson o‘zining asliga boqib, ana shunga monand tarzda hayot kechirmog‘i lozim. Manmanlik qilib, o‘zgalarga bepisand muomalada bo‘lish, mol-dunyoga aldanib, kibrlanish oqibatida kishi do‘stlari, qarindoshlari va el-yurti oldida hurmatini yo‘qotadi.

Xalqimizda “Kamtarga kamol” degan maqol bor Bu maqolni juda ko‘p insonlar bilsa-da, lekin insonning g‘ururi gohida kamtarlikka yo‘l qo‘ymaydi. Shu o‘rinda Abu Lays as-Samarqandiy aytadilar: “Kim g‘ururini sindirmoqchi bo‘lsa, to‘rtta amalni qilishi kerak bo‘ladi:

  1. Tavfiqni Alloh taolodan bilish. Shunda shukr qiladi, nafsiga mag‘rurlanmaydi.
  2. Alloh taolo bergan ne’matlarga ibrat ko‘zi bilan qarash. Bunda ham shukr bilan mashg‘ul bo‘ladi, amalini kam sanaydi va qilgan ishiga mag‘rurlanmaydi.
  3. Amalining qabul bo‘lmay qolishidan qo‘rqish. Shunda xavfi kuchayadi, nafsiga mag‘rurlanmaydi.
  4. Oldingi qilgan gunohlariga qarash. Agar gunohlarining yaxshiliklaridan og‘ir kelishidan qo‘rqsa, nafsiga bo‘lgan g‘ururi sinadi. Inson qiyomat kuni nomai a’molidan nimalar chiqishini bilmay turib, qanday g‘ururlanadi?! Albatta, g‘ururlanish va xursandchilik amal kitobini o‘qigandan keyin aniq bo‘ladi”.

 

Demak, har bir insonning o‘ziga yarasha ozmi-ko‘pmi g‘ururi mavjud bo‘lib, inson bu g‘ururni sindirib borishi, Yaratganning iznidan chiqmasligi, insonlarga g‘ururlanmasligi, kamtarlik yo‘lini tanlashi zarur.

 

 

Baxtiyor ABDULLAYEV,   

O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Namozdan keyingi zikrlar qanday aytiladi?

16.07.2025   2575   2 min.
Namozdan keyingi zikrlar qanday aytiladi?

Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.

Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.

Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:

“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).

Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyrni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Shunga ko‘ra imom domla Subhanalloh, Alhamdulillah, Allohu akbar deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.