15 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida mamlakatimizda huquqbuzarliklar profiliktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilargan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda har bir mahallaning jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, bu borada befarqlik, loqaydlik holatlariga barham berish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlash borasida davlat va jamoat tashkilotlari oldida turgan dolzarb masalalar belgilab berildi. Har bir fuqaro “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak” degan tuyg‘u bilan yashashi g‘oyat muhim ekani ta’kidlandi.
Keyingi vaqtlarda kollej va maktab o‘quvchilari o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar tashvish o‘yg‘otmoqda. Qayd etilishicha, bittagina Toshkent shahrida o‘tkazilgan reydlar davomida 22 nafar o‘quvchidan o‘tkir tig‘li qurol topilgan.
Barchamiz yaxshi bilamizki, huquqbuzarliklar o‘z-o‘zidan sodir etilmaydi. Shunday ekan, asosiy e’tiborni huquqbuzarlikni oqibatlari bilan kurashishga emas, balki, barvaqt uning oldini olish va o‘z vaqtida bartaraf etishga qaratishimiz zarur. Masalan, farzand piyolani sindirgandan keyin unga har qancha tanbeh berish foydasizdir. Undan avval bolaga piyolani asrab-avaylash to‘g‘risida nasihat qilish katta samara beradi.
Ushbu yig‘ilishda Davlatimiz rahbari ham faqat jazo qo‘llash tahdidi bilan emas, avvalo, aholi ongiga jinoyatga qo‘l urmaslik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, Vatanga sadoqatli bo‘lish, atrofdagi insonlarga yuksak hurmatda bo‘lish kabi fazilatlarini singdirish lozimligini ta’kidladi.
Shu nuqtayi nazardan, imom-xatiblar joylardagi chiqishlarida, yoshlar bilan uchrashuvlarida jinoyat sodir etish juda ham og‘ir gunoh ekanini, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bunday xatti-harakatlardan qattiq qaytarilaganini jonli misollar orqali ta’sirchan qilib, tushuntirishlari zarur.
Jumladan, Alloh taolo O‘z kalomi sharifida aytadi, “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno” (Niso surasi, 29-oyat). Demak, ushbu oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, modomiki insonlar bir-birining molini o‘zlariga harom ekanini bilmas ekan, jamiyatdagi jinoyatlar sodir etilaveradi.
Shuningdek, jamiyatdagi buzg‘unchilik va birovning haqqidan hazar qilish to‘g‘risida ogohlikka chaqirib Rabbimiz shunday deydi: “Bas, o‘lchov va tarozini to‘la-to‘kis o‘lchangiz, odamlarning narsalarini urib qolmangiz va yaroqli qilib qo‘yilgandan so‘ng Yerda buzg‘unchilik qilmangiz!” (A’rof surasi, 85-oyat).
Bundan tashqari hadisi shariflarda ham jinoyat sodir etishdan qaytarilgan juda ko‘p hikmatlarni ko‘ramiz. Jumladan, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Musulmon – qo‘li va tili bilan boshqa musulmonlarga ozor bermagan odamdir”, dedilar.
Demak, tilni har xil behuda, ozor beruvchi so‘zlardan, qo‘lni esa birovga zulm qilishdan tiyish haqiqiy musulmonlik belgisidir. Bir musulmonning qoni va moli boshqa bir musulmonga harom.
Imon insonning qalbida bo‘ladi. Qalbi imon bilan to‘lgan inson hech qachon Alloh taoloning omonatiga xiyonat qilmaydi va boshqa bir kishiga zarar bermaydi. Bundan insonlar o‘zlariga yetarli xulosa chiqarib, Allohning amru farmoniga itoat etgan holda o‘zaro ahil va inoqlikda yashashlari darkor bo‘ladi. Darhaqiqat, musulmon kishisi jamiyat uchun faqat yaxshilikni ravo ko‘rmog‘i, yomonliklardan tiyilmog‘i va boshqalarga aziyat berishdan uzoqda bo‘lmog‘i kerak.
Mana shu kabilarni inobatga olib, imom-xatiblar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning tinch-osoyishta hayot kechirishini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishda jonbozlik ko‘rsatishga da’vat etamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Adliya vazirligi bunday ogohlantirmoqda:
O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonuni (https://lex.uz/docs/11360) hamda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-son qarori (https://lex.uz/docs/2356876) talablariga asosan nodavlat notijorat tashkilotlari har yili 1 fevralgacha ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobotlar taqdim etishlari shart.
Hisobot (https://lex.uz/docs/3796969) shakli Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan. Hisobotlarni taqdim qilish Nodavlat notijorat tashkilotlari elektron portali (e-ngo.uz) (https://e-ngo.uz/) orqali amalga oshiriladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning (https://www.lex.uz/docs/97664) 239-moddasiga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘z vaqtida taqdim etmasligi yoki belgilanmagan shaklda taqdim etishi mansabdor shaxslarga jarima solishga sabab bo‘ladi.
Hisobotni to‘ldirish yuzasidan video qo‘llanma bilan batafsil tanishing.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati