ZUHO SO‘ZI QANDAY MA’NONI ANGLATADI?
Zuho so‘zi – “choshgoh vaqti” degan ma’noni anglatadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Qasamyod eturman choshgoh vaqti bilan» (Zuho surasi, 1-oyat).
ZUHO NAMOZI QACHON O‘QILADI?
Bu namozning vaqti: quyosh chiqqandan tahminan yarim soat o‘tib, zavol (quyosh og‘ishga kelgan vaqt)ga bir soat qolguncha davom etadi.
ZUHO NAMOZI NЕCHA RAKAT?
Zuho namozi ikki rakatdan o‘n ikki rakatgacha o‘qiladi, eng afzali to‘rt rakatdan o‘qishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘proq to‘rt rakatdan o‘qiganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki ikki rakaat zuho namozini muntazam o‘qisa, gunohi dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham, kechiriladi”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja, Imom Ahmad rivoyati).
RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM ZUHO NAMOZINI QANDAY ADO ETARDILAR?
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam zuho namozini (ba’zi kunlar) shunday (uzluksiz) o‘qir edilarki, biz hatto, endi bu namozni hargiz tark qilmaydilar, derdik. Ba’zan esa shunday o‘qimay tashlab qo‘yar edilarki, biz hatto, endi bu namozni hargiz o‘qimaydilar, derdik” (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAM ZUHO NAMOZIDA QAYSI SURALARNI TILOVAT QILGANLAR?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zuho namozida “Shams” va “Zuho” suralarini o‘qir edilar.
ZUHO NAMOZINING 5 FAZILATI
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Har biringiz bo‘g‘in va suyaklar ustida tong ottirganingiz uchun bir sadaqa bor. Har bir tasbehingiz – sadaqa. Har bir tamhid (Alhamdulillah) – sadaqa, har bir tahlil (La ilaha illalloh) – sadaqa, har bir takbir – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz – sadaqa, yomonlikdan qaytarishingiz – sadaqa. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat zuho namoz o‘qishingiz kifoya qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
“Kim ikki rakat zuho namozi o‘qisa, g‘ofillardan deb yozilmaydi. Kim to‘rt rakat zuho namozi o‘qisa, qanoatlilardan deb yoziladi. Kim olti rakat zuho namozi o‘qisa, u o‘sha kun uchun unga kifoya qiladi. Kim sakkiz rakat zuho namozi o‘qisa, Alloh taolo uni obidlardan deb yozib qo‘yadi. Kim o‘n ikki rakat zuho namozi o‘qisa, u odam uchun Alloh jannatda bir uy barpo qiladi”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Menga Xalilim sollallohu alayhi vasallam uch narsani vasiyat qilganlar: har oyda uch kun ro‘za tutmoqni; ikki rakat choshgoh–zuho namoz va uxlashimdan oldin vitr o‘qimog‘imni” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Nasoiy rivoyati).
Muoz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdodni jamoat bilan o‘qisa, so‘ngra quyosh chiqqunicha Allohni zikr qilib o‘tirsa, keyin ikki rakat namoz o‘qisa, uning uchun haj va umraning ajri to‘liq, to‘liq, to‘liq beriladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Najdga qo‘shin jo‘natdilar. Ular Najddan ko‘plab o‘ljalarni qo‘lga kiritib, tez qaytishdi. Qo‘shin bilan Najdga bormagan bir kishi: “Bundan oldin oz muddat ichida katta o‘ljani qo‘lga kiritib qaytgan to‘dani ko‘rmadik”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga oz muddat ichida bulardan ham ko‘proq boylikni qo‘lga kiritib qaytgan qavmning xabarini beraymi? Ular bomdod namozini jamoat bilan o‘qib, quyosh chiqqunga qadar Allohni zikr qilib o‘tirgan, so‘ng ortga qaytgan qavm. Ana o‘shalar tez va katta o‘lja bilan qaytgan qavmdirlar”, dedilar.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
O‘tgan solihlardan biri Alloh taoloning ushbu: “...Mast holingizda, to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang...” (Niso surasi, 43-oyat) oyatini eshitib, bunday dedi: “Qanchadan-qancha namozxonlar borki, ular xamr ichmaganlar, lekin dunyoning mashg‘ulotlari ularni mast qilib qo‘yganidan namozida nima deyayotganini bilmaydi”.
Izoh: Demak, inson nafaqat aroq yoki boshqa mast qiluvchi ichimliklardan, balki dunyoning ko‘plab chalg‘ituvchi, o‘ziga tortuvchi ishlari, tashvishlari va ularni hal qilishga bo‘lgan harakatlar natijasida ham “mast” bo‘lishi mumkin ekan.
Ya’ni, inson shunchalik ko‘p dunyoviy ishlarga sho‘ng‘ib ketadiki, ular uning fikri-yodini egallab oladi va oqibatda u Allohga ibodat qilayotganida ham dunyoni o‘ylayveradi, namozida nima deyayotganini tushunmay qoladi.
Shuningdek, dunyoga bo‘lgan haddan tashqari muhabbat va u bilan band bo‘lish insonning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, natijada ibodatlarning qadri va mohiyati ham yo‘qolib qoladi.
Xuddi mast inson kabi, bunday kishi ham o‘zining holatini to‘liq anglab yetmaydi va ibodatning haqiqiy huzuridan mahrum bo‘ladi.
Eslatma: Qur’oni karimdagi: “Mast holingizda, to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang..” oyati ichkilik xususida nozil bo‘lgan ikkinchi oyatdir.
Agar birinchi oyatda (Baqara surasi, 219-oyat) ichkilikda ko‘p foyda va zararlar bor, ammo uning zarari foydasidan ko‘proq, deyilgan bo‘lsa, bu yerda musulmonlar uchun eng ulug‘ maqom bo‘lgan namoz o‘qish paytida mast holda bo‘lmaslikka buyurish bilan Qur’on uning harom narsa ekanligiga ishora qilib, unga nisbatan mo‘minlarda nafrat uyg‘otmoqda.
Navbatdagi ichkilik to‘g‘risida keladigan oyatda uni harom, deb e’lon qilinadi. Shariatning barcha hukmlari ana o‘sha so‘nggi oyatga asoslanadi.