Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

Imom-xatiblar – jamiyatning faol a’zolaridir

17.11.2017   4763   6 min.
Imom-xatiblar – jamiyatning faol a’zolaridir

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.

Yurtimizda 2000 dan ortiq masjid faoliyat ko‘rsatmoqda. Demak, har bir masjidda bittadan imom-xatib va bittadan imom noibi xizmat qilyapti. Shu hisobda 5000ga yaqin masjid xodimi bor deyish mumkin.

O‘rinli savol tug‘iladi: shuncha imom va noiblar nima ish bilan shug‘ullanadi? Imom- xatiblar faoliyati bilan tanish bo‘lmagan kishilarga go‘yoki imomlar jamiyatda ahyon-ahyonda bo‘ladigan marosimlar va yana qandaydir urf-odatlarni amalga oshirishda asqatadigan jamiyatning eng oxirgi a’zosi sifatida gavdalanishi mumkin. Bu qarashda jon bor. To‘g‘risi, imom-xatiblarimiz o‘sha odamlar o‘ylagandek kunlarni ham boshidan kechirdi. Shunday davrlar bo‘ldiki dindorlarga xossatan imom-xatiblarga yovga qaraganday qarashdi. Hattoki «dindorlar tekinxo‘r va boqimanda, jamiyatga hech qanday foyda keltirmaydigan kimsalar» deya qoralandi. Alhamdu lillah u davrlar o‘tdi. Hozir esa yana o‘zligimizga milliy va diniy qadiryatlarimizga qaytyapmiz. Barcha sohalarda  tubdan islohotlar amalga oshirilyapti. Albatta, bu jarayonda diniy soha ham yetakchi o‘rin tutadi. Chunki hech qaysi jamiyat din va dindorlarga beetiborlik qilib ravnaq topmagan. Buning yorqin isbotini yaqin tariximiz misolida keltirib o‘tishimiz mumkin. Bir asrga yaqin vaqt ichida din va unga taalluqli sohaga salbiy munosabatda bo‘lgani oqibatida hayotning barcha sohalari qoloqlikka yuz tutdi. Aksincha, din va dindorlarga e’tibor berilganda nafaqat masjid, madrasalar, balki jamiyatdagi barcha sohalar misli ko‘rilmagan darajada rivojlangan. Buning yorqin isbotini Sohibqiron Amir Temur bobomiz hukmdorlik qilgan davrlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Hattoki hali hanuzgacha buyuk bobomiz davridagi har tomonlama rivojlanish samarasi bo‘lgan buyuk kashfiyotlar, ilm-ma’rifat, ko‘pgina fanlarga asos solinishi, me’morchilik samarasi bo‘lgan qal’alar, masjid va madrasalar, saroy va arklar, ko‘prik va yo‘llar, bir necha yuzlab ulamolar va mutafakkirlarimiz bilan faxrlanib kelmoqdamiz. Yurtboshimiz prezidentlikka saylangan kundanoq barcha sohalar kabi diniy sohaga ham alohida e’tibor berdi. Xossatan, yaqin tariximizda birinchi marta imom xatiblar bilan alohida uchrashuv uyushtirildi va davlat rahbari ular bilan dildan samimiy suhbatlashdi. Unda diniy xodimlarga  katta imkoniyat berish bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifalarni ham yukladi. Shunga binoan diniy xodimlar masjid va madrasalar faoliyati bilangina shug‘ullanib qolmasdan, balki jamiyatning barcha sohalariga kirib borib u yerdagi muammolarni hal qilishda yaqindan yordam berishga astoydil kirishmoqda. Mazkur islohotlar boshlanganiga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin natijalar ko‘zga tashlanib qoldi. Qanchadan-qancha adashgan guruhlar a’zosi sifatida qora ro‘yxatga tushib qolganlar bilan yaqindan suhbatlar o‘tkazish natijasida ajoyib o‘zgarishlar bo‘ldi. Ularning aksariyati o‘z xatolaridan pushaymon bo‘lib to‘g‘ri va sof islomiy yo‘lga o‘tdi. Buning uchun esa imomlar kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, uyma-uy yurib tushuntirish ishlarini olib bordi, natija esa juda ham yaxshi. Ayniqsa, necha yillardan beri qora  ro‘yxatda turganlar tamg‘adan xalos bo‘lganidan sevinchi ichiga sig‘maydi. Undan tashqari, jamiyatda ildiz otgan jinoyatlarga qarshi kurashishda ham diniy soha mutaxasislari jonbozlik ko‘rsatmoqda. Ular sirasiga giyohvandlik, ichkilikbozlik, o‘g‘rilik, talonchilik, birovning molini qing‘ir yo‘llar bilan o‘zlashtirib olish, poraxo‘rlik, axloqiy buzuqlik, yoshlar tarbiyasiga loqayd bo‘lish, oilaviy mojarolar, ajrimlar, keksayib qolgan ota-onalarni qariyalar uyiga olib borib qo‘yish kabilar kiradi. Ayniqsa, hozirgi kunning eng dolzarb bo‘lib turgan muammolaridan biri yoshlar o‘rtasida palak yoyib kundan-kunga xatarli tus olayotgan olomon madaniyatiga ko‘r-ko‘rona taqlid etishning salbiy oqibatlari to‘g‘risida tinim bilmay tushuntirish ishlarini olib borayotganlar qatorida imom-domlalarimiz ham bor.

Har bir mahalla fuqarolar yig‘ini tarkibida yarashtirish guruhi bor. Jamiyatdagi eng og‘riqli va nozik bo‘g‘in doimo oila bo‘lib kelgan. Zotan, oila – jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir. Qolaversa, jamiyat bir ko‘rkam bino bo‘lsa, oila uning g‘ishtidir. Tasavvur qiling, agar bir oila o‘zaro chiqisha olmasa uning atrofidagi o‘nlab oilalarning ham tinchi yo‘qoladi. Agar bir mahallada uch-to‘rt oila o‘zaro notinch bo‘lsa butun mahalla notinch bo‘ladi. Endi xuddi shu holatni butun jamiyat misolida tasavvur qilib ko‘ring. Imom-xatiblar o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlarga kelib murojaat qilayotgan oilaviy mojarolarni hal qilish bilan kifoyalanib qolmasdan, balki mahalla faollari bilan birgalikda uyma-uy yurib notinch oilalarni yarashtirish va bolalarning tirik yetim bo‘lib qolishini oldini olish bilan mashg‘ul bo‘lyapti.

Maktablar, kollejlar, oliygohlar hattoki ba’zi tashkilotlarga ham borib dolzarb mavzularda uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazmoqda.

Matbuot, radio va televizor orqali  efirga uzatilayotgan qanchadan-qancha ko‘rsatuvlarda ham imomlar ishtirok etmoqda.

Jamiyatdagi yordamga muhtoj insonlarga ham imkon darajasida yordam berilmoqda. Bu borada aniq raqamlarni ham keltirishimmiz mumkin. Lekin bunga ehtiyoj yo‘q deb o‘ylayman. Shundoq ham imom xatiblarning faoliyatiga ozgina bo‘lsa-da qiziqishi bor kishi insof bilan kuzatsa, albatta, bu ehsonlarni e’tirof etadi. Ayniqsa, ikki hayit bayrami, mustaqillik, mavludi sharif munosabati bilan yoki kasbiy bayramlar, qolaversa, xotira kuni millionlab so‘m mablag‘lar va sovg‘a-salomlar tarqatilyapti. Ayniqsa, bu borada yurtimizdagi masjidlar orqali imom-xatiblar boshchiligida homiylar jalb qilinib nogironlarga yuzlab aravachalar tarqatildi.

Qanchadan-qancha talabalar borki, ilm olish ularning eng oliy maqsadi. Lekin mablag‘ borasida imkoniyatlari cheklangan. Ana shunday qiyin ahvolda qolib, boshlari qotib turgan talabalarga shartnoma asosida belgilangan mablag‘lar to‘lab berildi.

Bir so‘z bilan aytganda, imom xatiblar jamiyatimizning har jihatdan ravnaq topishi yo‘lida samimiy ixlos ila xizmat qilayotir.

Aslida ham xalqning ma’naviy, axloqiy va tarbiyaviy hayotida imomlar amaliy o‘rnak va namuna bo‘lishlari kerak. Alhamdu lillah, bu borada masjidlarimiz imom-xatiblari maqtansa arzigulik natijalarga erishib kelmoqdalar.

Is'hoqjon BЕGMATOV,

O‘MI Masjidlar bo‘limi xodimi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qiyomatning kichik alomatlari: Quddusning fath etilishi (3 qism)

15.01.2025   1156   2 min.
Qiyomatning kichik alomatlari:  Quddusning fath etilishi (3 qism)

Qiyomat qoim bo‘lishining yana bir belgisi – musulmonlarning Quddusni fath etishi sanaladi.


Siyrat va tarix ilmi bo‘yicha mutaxassislar Quddus fathi Umar roziyallohu anhu davrida hijriy 16 yilida yakunlanganini qayd etishgan.


Hazrati Umar roziyallohu anhuning shaxsan o‘zlari Quddusga mahalliy aholi bilan tinchlik shartnomasi tuzish uchun boradilar va u yerda masjid quriladi.


Imom Ahmad Ubayd ibn Adamdan uning Ka’bul Axbor bilan suhbatini keltiradi:


“Umar roziyallohu anhu so‘radilar:

  •  Namozni qayerda o‘qiganim yaxshi, deb o‘ylaysiz?

Ka’b aytadi:

  •  Agar fikrimni qabul qilsangiz, tosh ortida o‘qiganingiz ma’qul. Shunda butun Quddus oldingizda bo‘ladi.

Umar roziyallohu anhu dedilar:

  •  Yo‘q, bu yahudiylarnikiga o‘xshash bo‘lib qoladi. Men namozimni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ado etgan joyda o‘qiyman.

Keyin Umar roziyallohu anhu qibla tomonga qarab namoz o‘qidilar, so‘ng ridolaridan changlarni qoqib tashladilar.


Shu o‘rinda Ka’bul Axbor rahmatullohi alayh haqida to‘xtalib o‘tsak. U ahli kitoblarning buyuk olimlaridan bo‘lgan. Abu Bakr roziyallohu anhu davrida Islomni qabul qilgan. Umar roziyallohu anhu davrida Madinaga ko‘chib o‘tgan. So‘ngra Shomda yashadi va Usmon roziyallohu anhu davrida vafot etgan.  


Ma’lumki, salibchilar Quddusni 100 yil davomida egallab turdi. Nihoyat bu muborak joyni buyuk jangchi va himoyachi Sulton Salohiddin rahimahulloh fath etgan.


Alloh taolo unga Umar roziyallohu anhuning g‘alabasidek g‘alaba berdi. G‘alaba ko‘lami bo‘yicha unga teng keladigani Konstantinopolni zabt etgan Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh edi.


Muhammad Fotih (hijriy 832-886 / milodiy 1432-1481) – 1444 va 1451-1481 yillarda Usmonli sultoni. U fath siyosatini faol olib bordi. Usmonli qo‘shinining 26 ta yurishiga rahbarlik qilgan. Konstantinopolni 1453 yil qo‘lga kiritdi va uni Usmonli xalifaligining poytaxtiga aylantirdi.


Vizantiya mavjudligiga nuqta qo‘ydi, keyin Serbiya (1459), Morea (1460), Trebizond imperiyasi (1461), Bosniya (1463), Evbeyani (1471) fath etdi.


Karaman podshohligi (1471), Qrim xonligi va Albaniyani bo‘ysundirdi (1475), Albaniya (1479). Oqqo‘yunli davlati hukmdori Uzun Hasan bilan muvaffaqiyatli urushlar olib borgan.

Manbalar asosida

Bahriddin XUSHBOQOV

tarjimasi.

Ibratli hikoyalar