Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Allohni zikr qilmoq (barcha narsadan) ulug‘dir» (Ankabut surasi, 45-oyat).
Alloh taolo hadisi qudsiyda: “Bandam meni zikr etsa, Men o‘zim ham uni zikr qilaman. Jamoatda zikr qilsa, Men ham uni undan yaxshiroq jamoatda zikr etaman. U menga bir qarich yaqinlashsa, Men unga bir qadam yaqinlashaman. U Menga bir qadam yaqinlashsa, Men unga bir quloch yaqinlashaman. Mening yo‘limga kirsa, Men uning tilaklarini tez ijobat qilaman”, degan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim, u zot aytdilar: “Zikrlarning afzali La ilaha illallohu, duolarning afzali Alhamdulillah”, dedilar.
Ibn Umayr aytadilar: “Kim boshini to‘shakka qo‘yganda Allohni zikr qilsa, keyin shu holatda uxlab qolsa, to uyg‘ongunicha zikr qiluvchilardan deb yoziladi”.
Faqih aytadilar: “Zikr Alloh taolodan afv va mag‘firat demakdir. Agar banda Allohni zikr qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat bilan zikr qiladi”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Ikkita kalima borki, u tilga yengil, taroziga og‘ir, Rahmonga sevimlidir, u Subxanollohil aziym, Subxanollohi va bihamdihi”.
Ubaydulloh ibn Umayr aytadilar: “Kim Alhamdulillah desa, unga osmon eshiklari ochiladi. Allohu akbar desa, yer va osmon orasini to‘ldiradi. Subhanalloh tasbeh aytsa, uning savobi qanchaligiga Allohdan boshqa hech kimning ilmi yetmaydi”.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Har bir narsaning sayqali bor, qalbning sayqali Allohni zikr qilishdir”.
Ibroxim Naha’iy rahmatullohi alayhi aytadilar: “Agar kishi uyiga kirib, salom bersa, shayton: “Menga bu joyda turadigan joy qolmadi”, deydi. Agar ichishga biron narsa keltirilgach, Allohning ismini aytsa, shayton: “Menga joy ham, taom ham, ichkilik ham qolmadi”, deb umidsizlangancha chiqib ketadi”.
Abdulloh PARPIYEV,
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Ajdodlarimizning qoldirgan asarlarining katta qismi arab tilida yozilgani barchamizga ma’lum. Arab tili dunyo tillari ichida eng ko‘p o‘rganilgan va hanuz o‘rganilayotgan til hisoblanadi. U lug‘at boyligi, qoidalarining turli-tumanligi, bir so‘zni bir necha uslubda ishlatish imkoniyatlarining ko‘pligi bilan mukammal tillar ichida ajralib turadi. Shuningdek, u shevalarining juda ko‘pligi bilan ham dunyoda yuqori o‘rinni egallaydi.
Bu til Qur’oni karim va janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tillari bo‘lgani uchun uni o‘rganish usullari sahobai kiromlar davridayoq ishlab chiqilgan. Arab tilini o‘rganish uchun lug‘at, morfologiya, grammatika, ya’ni sarf va nahv ilmlari mukammal o‘rganiladi. Shu bilan birga, arab tilida mukammal gaplashish va uni tushunish uchun albatta, balog‘at fani qoidalarini yaxshi bilish kerak.
Balog‘at ilmini tahsil qilish orqali Qur’oni karim va hadisi shariflar ma’nolarini to‘g‘ri tushunish va nozik jihatlarni teran anglash oson kechadi. Shuningdek, Qur’oni karimning fasohat va balog‘at e’tiboridan mo‘jizakorligi kashf qilinadi. Shu bois, Qur’oni karim tafsiri, hadisi shariflar sharhi va boshqa diniy ilmlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi lug‘at, sarf, nahv ilmlari bilan bir qatorda balog‘at ilmini ham puxta egallashi lozim. Bu haqda Abdurauf Fitrat shunday degan: “Diniy va ijtimoiy ta’limotimiz Qur’on va hadislarda mavjud. Qur’on va hadislar esa arab tilidadir. Binobarin, ularni tushunish uchun arab tilining sarfu-nahvini o‘rganish zarur. Lekin bu yetarli emas, Qur’on ma’nolarini tushunishimiz uchun balog‘at ilmini – bayon, bade’ va ma’oniy ilmlarini ham bilishimiz lozim.”
Bu ilm boshqa fanlardan o‘zining fazilati bilan ajralib turadi. Lug‘at sir-asrorlarini ochishda va xazinalarini kashf etishda balog‘at ilmining o‘rni beqiyosdir. Jorulloh Mahmud Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” nomli tafsirining muqaddimasida shunday deydi: “Tafsir ilmiga kirishgan kishi Qur’onga xos bo‘lgan ilmi ma’oniy va ilmi bayonda bilimdon bo‘lsa va bu ilmlarni puxta o‘rgansa, tafsirning haqiqatlariga yeta oladi.”
Shuningdek, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Fuzuliy, Umar Hayyom, Mashrab kabi mumtoz adabiyot namoyondalari o‘z asarlarida majoz, tashbeh, istiora, kinoya kabi balog‘at qoidalaridan keng foydalanganlar. Buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, boshqalarga yetkazishda balog‘at ilmining ahamiyati katta.
Balog‘at ilmining tarixi, shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va bu ilmga hissa qo‘shgan ulamolarning hayoti hamda asarlarini o‘rganish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Arab tilining balog‘at va bade’ ilmlarini o‘rganish orqali kishida bu fanlarga nisbatan qiziqish va mukammal bilim shakllanadi. Balog‘at fanini chuqur o‘zlashtirish orqali faqat arab tilida emas, balki o‘zbek tilida yozilgan mumtoz adabiyotimiz sirlarini ham anglash mumkin bo‘ladi.
Abdulqayum Turdaliyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.