Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Aprel, 2025   |   24 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:07
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:11
Shom
19:14
Xufton
20:34
Bismillah
22 Aprel, 2025, 24 Shavvol, 1446

Ilm chirog‘i o‘chmagay

16.11.2017   7425   11 min.
Ilm chirog‘i o‘chmagay

«Yaratgan Robbingning ismi ila o‘qi!»

(Alaq surasi, 1-oyat)

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.

Alisher Navoiy

Muborak kalomining nuzulini «O‘qi!» deb boshlagan, ilmga, ma’rifatga chaqirgan va har bir amalda xulusi niyat va ilmni shart qilgan Alloh azza va jallaga hamdu sanolar bo‘lsin!

Ummatlariga ikki dunyo saodatining ilmini o‘rgatgan, bashariyatni johiliyat zulmatidan ma’rifat ziyosiga olib chiqqan sarvari koinot, xotamul anbiyo hazrati Muhammad alayhissalomga durudu salavotlar bo‘lsin!

Dunyoga endigina kelgan chaqaloq go‘yoki oppoq qog‘ozga, top-toza daftarga o‘xshaydi. Dunyo hayoti boshlangach, daftarga u ko‘radigan, eshitadigan, sezadigan barcha narsalar yozila boshlaydi. Demak, inson hayotining ilk lahzalaridan boshlab beixtiyor ilm ola boshlaydi. Ammo «ilm» so‘zi lug‘atda «bilish, anglab, tushuncha hosil qilish, bir narsaning haqiqatini, mohiyatini bilish» kabi ma’nolarni anglatadi. Shuning uchun Islom ulamolari ilmga «haqiqatni xuddi voqelikdagidek idrok qilish ilmdir» deb ta’rif berishgan. Buning ma’nosi shuki, olingan ma’lumot bir narsaning asl mohiyatini to‘g‘ri anglatsagina, undan dunyo va oxiratimizga manfaat hosil bo‘lsagina chinakam ilm hisoblanadi.

Muqaddas Islom dinimizni ham ilmsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qur’oni karimda ilm so‘zi va uning shakldoshlari 811 joyda zikr qilingan. Bu esa Alloh taoloning nazdida ilmning naqadar muhimligini ko‘rsatadi.

Ilm – eng fazilatli amal. Chunki u – ikki dunyo saodatining kaliti. Inson ilm va ma’rifat bilangina chinakam hayotdir. Insonning hayotini to‘g‘ri yo‘lga solmagan, uning fe’l-atvorida, amalida ta’siri bilinmagan, Alloh va Uning Rasulining yo‘liga yetaklamagan ilmda xayr yo‘q. Shuning uchun inson foydali ilm o‘rganib, unga amal qilsa, o‘sha ilm haqiqiy ilm sanaladi. O‘qigan, bilganiga amal qilmagan odam ilmning hammoli bo‘ladi, xolos. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam manfaatsiz ilmdan panoh so‘raganlar.

Islom dini insonga ilm o‘rganishni, manfaatli bilimlar sohibi bo‘lishni, jaholatni yo‘q qilishni buyuradi. Zero, insonning yaratilish g‘oyasi Allohni tanish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummat bo‘lib, dinimizning ko‘rsatmalariga amal qilishdir.

Mavlono Rumiy aytganidek, «Jaholat – zulmatdir. Qorong‘ida daraxt dev bo‘lib, olma esa tosh bo‘lib ko‘rinadi». Johil odamga oddiy narsa qo‘rqinchli bo‘lib, yaxshi narsa foydasiz bo‘lib ko‘rinadi. Bu illatning davosi esa talabi ilmdir. Ilm haq bilan botilni farqlashning eng muhim vositalaridan biridir, bitmas-tuganmas xazinadir.

Islom dinida ilm Alloh taoloning rozigini olish va solih amal qilish  maqsadida o‘rganiladi. Ixlos bilan o‘rganilgan ilm insonni Allohga yaqinlashtiradi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘liga ergashtiradi, sohibining darajotlarini yuksaltiradi. Chunki musulmon inson uchun eng aziz ne’mat iymondir. Iymon uchun esa ilm zarur, ilmsiz iymon-e’tiqod bo‘lmaydi. Shuning uchun Qur’oni karimda ziyoda qilinishi so‘ralgan birgina ne’mat ilmdir:

«Robbim, mening ilmimni ziyoda qil!»

(Toha surasi, 114-oyat)

Inson uchun eng buyuk daraja Allohning nazdida hurmat qozonishdir. Alloh taolo bu darajaga erishishning yo‘lini ham ko‘rsatib, shunday marhamat qilgan:

«Allohning huzurida eng hurmatlilaringiz eng taqvodorlaringizdir»

(Hujurot surasi, 13-oyat)

Demak, Rabbimizning nazdida hurmatga sazovor bo‘lish vositasi taqvo ekan, ya’ni Allohning g‘azabidan, Uning diydoridan mahrum bo‘lib qolishdan qo‘rqish ekan. Bunday baxt-saodatga kimlar musharraf bo‘ladi? Bu savolning javobini ham Qur’oni karimdan topamiz:

«Albatta, Allohdan bandalari ichida faqat olimlargina qo‘rqarlar».

(Fotir surasi, 28-oyat)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi», deb marhamat qilganlar. Shuningdek, inson vafot etganda savobi uzilmay borib turadigan amallarni qilib olish imkoni berilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Qachonki odam vafot etsa, amali kesiladi. Magar uch narsadan: joriy sadaqa, manfaat oladigan ilm yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan kesilmaydi», dedilar» (Imom Muslim).

O‘ylaymizki, ushbu oyat-hadislar ilmning naqadar buyuk fazilat ekanini tushunib yetish uchun kifoyadir.

Ilmning o‘zi shu qadar fazilatlarga ega ekan, uni o‘rgatgan olimlar, ustozlar, murabbiy va muallimlarning fazli qanchalar ulug‘ bo‘ladi? Albatta, bizni ilm dengizidan, hikmat sarchashmalaridan bahramand qilgan ustozlarimizning darajotlari benihoya yuksak bo‘ladi.

«Ustoz otangdan ulug‘» deydi dono xalqimiz. Har bir insonni, u harchand ko‘p ilmga ega bo‘lmasin, bir kamtar ustoz o‘qitgan, tarbiyalagan bo‘ladi. Hech kim o‘z-o‘zidan olim bo‘lib qolmaydi. Ilm faqat o‘qib-o‘rganish bilan hosil bo‘ladi. Bu esa tolibi ilmdan iroda, qat’iyat, g‘ayrat-shijoat talab qilsa, ustozdan mehr, talabchanlik va tog‘dek sabr-matonat talab qiladi. Bu fazilatlar bilan ne’matlantirilgan zotlar Alloh taoloning dargohida eng yuksak darajotlarga ega bo‘ladilar.

Bizning ajdodlarimiz, bobokalonlarimiz ana shunday tolibi ilm bo‘lganlar, ilm o‘rganishni o‘zlariga farz deb bilganlar, ilm o‘rgatishni o‘zlariga burch deb bilganlar, pok niyat bilan ilm ummonidan duru javohirlar qidirganlar. Diyorimiz, ona Vatanimiz Islom nuri ila munavvar bo‘lgan davrdan boshlab o‘lkamiz ilmu ma’rifat maskaniga aylandi, son-sanoqsiz masjidu madrasalar bino bo‘ldi, ulardan ming-minglab buyuk allomalar, ulug‘ zotlar yetishib chiqdi. Xalqimizning chinakam iftixori bo‘lmish bu olimu ulamolar, fozilu fuzalolar bashariyatga mudarris bo‘ldilar, Islom nurini butun olamga taratdilar, butun dunyoni ilmu ma’rifatga, kutubxonalarni kitoblarga to‘ldirdilar.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhonuddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, al-Farg‘oniy, Zamaxshariy, Beruniy, Ibn Sino kabi minglab buyuk vatandoshlarimiz jannatmonand Vatanimizning dovrug‘ini butun kurrai zaminga, jumlai jahonga yoydilar. Mana, ming yillardan oshdiki, butun dunyo bizni Buxoriyning, Termiziyning avlodlari deb ehtirom qiladi.

Biz ana shunday ulug‘ ajdodlarning avlodimiz, ular qoldirib ketgan bitmas-tuganmas ilmiy merosning, ulkan xazinaning vorislarimiz. Yurtimiz istiqlolga erishganiga chorak asr to‘lgan bugungi dorilomon kunlarda sizu bizning, yoshlarning vazifasi yanada ilmga berilish, fan-texnika taraqqiyoti tufayli erishgan barcha bilimlarni egallashdir. Zero, yuqorida aytganimizdek, Islom dini insonning ikki dunyo saodatiga erishishi uchun manfaatli bo‘lgan har bir bilimni ilm deb hisoblaydi, ba’zilar o‘ylaganidek, ilmni diniy yoki dunyoviy deb farqlamaydi. Vatanimizning mustaqilligini mustahkamlashning eng muhim vazifasi har bir sohada o‘z mutaxassislarimizni, olimlarimizni yetishtirishdir. Shunday ekan, ilm-fanning qaysi yo‘nalishi bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zligimizga qaytishimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklashimiz, olim bobokalonlarimiz qoldirib ketgan qo‘lyozmalarni o‘qib, o‘rganib, ulardan hayotning bugungi talablariga javob bera oladigan bilim va ko‘nikmalar hosil qilishimiz lozim.

Kezi kelganda shuni aytish kerakki, botil haqqa ergashsa, taraqqiy etadi, biroq haq botilga ergashsa, tanazzulga yuz tutadi. Bunga ming yillik tarix shohiddir. G‘arb olami Islomdan ilmga chanqoqlikni, izlanuvchanlikni o‘rgandi, musulmonlar to‘plagan bilim va tajribalarni o‘zlashtirdi va natijada bugungi kunda ulkan taraqqiyotga erishdi. Ming afsuslar bo‘lsinki, G‘arbdan jaholat, tushkunlik, behayolik, hashamatga va maishatga ruju qo‘yishni o‘rgangan Sharq xalqlari tanazzulga yuz tutdi, taraqqiyotdan orqada qolib, o‘zgalarga qaram bo‘ldi.

E’tibor beraylikki, moddiy, iqtisodiy jihatdan misli ko‘rilmagan taraqqiyotga erishgan G‘arb olami ma’naviyatsiz bo‘lgani sababli oila, madaniyat, poklik masalasida tanazzulga yuz tutdi. Marsga sun’iy yo‘ldosh uchirayotgan, dunyodagi har bir insonni virtual olam orqali bir-biri bilan bog‘lagan G‘arb olami ma’naviy buzuqlikni, turli razolatlarni tabiiy hol deb tushunadigan bo‘lib qoldi, natijada insoniyat bedavo kasalliklarga duchor bo‘ldi, aql bovar qilmas darajada dahshatli ommaviy qirg‘in qurollari ishlab chiqilib, ular tirik insonlar ustida sinab ko‘rildi.

Demak, tajriba yoki hisob-kitoblar natijasida hosil qilingan har qanday bilim ham insonga foyda beravermaydi. Ilm faqat ezgu maqsadlar yo‘lida, tinchlik, bunyodkorlik, hamjihatlik, taraqqiyot yo‘lida o‘rganilishi kerak ekan. Aks holda olimlarning ba’zi ilmiy tajribalari asnosida kashf qilingan ixtirolaridan qirg‘in qurollari paydo bo‘lmagan bo‘lar edi. Shuning uchun bugungi kunda ilm izlagan har bir inson avvalo pok niyat, ezgu maqsad bilan ishga kirishsin, o‘rganayotgan har bir ilmini faqat yaxshilikka ishlatsin.

Xuddi shuningdek, dinimizga oid ilmlarni ham faqat xulusi niyat bilan, Allohning roziligi uchun, ilm talabini farz ibodat bilib o‘rganish lozim. Uni kimlar bilandir bahslashish, ilmini ko‘z-ko‘z qilish, dinni niqob qilib, turli dunyoviy, g‘arazli maqsadlariga erishish vositasi qilib olish gunohi kabiradir. Bugungi kunda ba’zi yoshlarimizning diniy savodsizligidan, o‘z tarixini, Islom tarixini, dunyo tarixini bilmasligi, siyosiy ongining pastligidan ustalik bilan foydalanib qolayotganlar ko‘payib qoldi. Ularning fikriy xurujlari, mafkuraviy aldovlariga uchayotgan ba’zi g‘o‘r yoshlar oqu qorani tanimay, o‘ziga, oilasiga, Vataniga va eng yomoni, musulmon degan yuksak nomga, Allohning diniga loy chaplamoqdalar, qora kuchlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib, manqurtga aylanib qolmoqdalar.

Shuning uchun ham ota-bobolarimizning asriy orzusi bo‘lmish milliy istiqlolga erishgan bugungi avlod oldida ulkan, mashaqqatli, ammo sharafli mas’uliyat turibdi. Bu mas’uliyat – Vatanimizning kechasi, buguni va ertasi oldidagi, kelajak avlod oldidagi, butun insoniyat oldidagi mas’uliyatdir. Bu mas’uliyatni zimmaga olish uchun, uni go‘zal tarzda ado qilish uchun chuqur bilimga, diniy va dunyoviy ilmlarga ega bo‘lishimiz lozim. Bu boradagi eng sharafli vazifani muhtaram ustozlarimiz, muallim va murabbiylarimiz ado etadilar. Shuning uchun ularga Alloh taolodan kuch-quvvat, g‘ayrat, sabru matonat tilaymiz, haq yo‘lida o‘rgatgan har bir harflari uchun Rabbimizdan bitmas-tuganmas ajru mukofotlar so‘raymiz.

Alloh taolo jonajon Vatanimizni jannatmonand qilsin, xalqimizni O‘zining roziligini topadigan xalqlardan qilsin, osmonimiz musaffo bo‘lsin, maktab-madrasalarimizda ilm chirog‘i o‘chmasin, butun olam ilmu irfon nuri ila munavvar bo‘lsin!

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,

Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi,

«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy: hayoti va ilmiy merosi

21.04.2025   3010   4 min.
Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy: hayoti va ilmiy merosi

Islom ilmlarining taraqqiyotida hadis ilmi juda ham muhim o‘rin tutadi. Bu ilm nafaqat shariat asoslarining sahih manbalar orqali yetkazilishi, balki musulmon ummatining aqidaviy, fiqhiy va axloqiy asoslarini to‘g‘ri anglab olishda ham muhim ro‘l o‘ynaydi.

Xususan, hadis ilmidagi eng yirik va ishonchli manbalardan biri bo‘lgan Imom Buxoriy rahmatullohi alayhining “Sahih al-Buxoriy” asari bo‘lib, minglab ulamolar tarafidan bu kitob o‘rganilib, unga turli mazmun va uslublarda sharhlar yozganlar. Ana shunday sharhlovchi ulamolardan biri sifatida Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriyning nomlari alohida e’tiborga loyiqdir.

Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy, ba’zi manbalarda esa bu zotning ismlari Muhammad ibn Ya’qub ibn Ali al-Banoniy shaklida ham uchraydi. Bu zotning qachon tug‘ulganlari borasida manbalarda aniq ma’lumolar ko‘rsatilmagan bo‘lsada, hijriy 1098 yilda vafot etganlari ochiq bayon qilingan.

Ya’qub al-Banoniy Hindistonning ilmiy markazlaridan biri bo‘lmish Lohur shahrida tavallud topganlar va butun umrlarini shu yerda ilmga xizmat qilishga bag‘ishlaganlar.

Ya’qub al-Banoniy mashhur muhaddis, faqih, mufassir va bir qancha ilmlarda yirik hanafiy olimlardan hisoblanadilar.

“Nuzhat al-Xavotir” asarining muallifi shayx Ya’qub Al-Banoniyning tarjimayi holini bayon qilib aytadilarki: “U zot olim, muhaddis Mavlono Ya’qub Al-Banoniy Al-Lohuriy, Lohur shahrida tug‘ilib, voyaga yetganlar. O‘z zamonasidagi yetuk olimlardan tahsil olganlar va ko‘plab ilmlarda, xususan hadis, fiqh va boshqa bir qancha ilmlarni puxta egallagan mashhur olimlardan biri bo‘lganlar”, deb ta’riflaydilar.

Bu zotning ustozlari haqida aniq ma’lumotlar uchramasada, eng yirik shogirdlari fazilatli shayx Muhammad G‘ovs ibn Abu al-Xoyr ibn Abu al-Mag‘far ibn Abdussalom al-Hanafiydir. U ilmli shayxlar oilasidan bo‘lib, hijriy 1056 yilda tug‘ilgan. U hadis ilmini shayx Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriydan o‘rgangan.

Ya’qub al-Banoniy hadis ilmda ham chuqur bilim egasi sifatida tanilgan olimlardandir. U zotning eng mashhur asari “Al-xoyr al-Joriy fi Sharhi sahih Al-Buxoriy” bo‘lib, bu asar imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” kitobiga yozilgan muhim sharhlardan biri hisoblanadi.

Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy ilmiy maqom va martaba jihatidan yuksak mavqega ega bo‘lgan olimlardandir. Manbalarda u zot bir qancha asarlarning muallifi ekani qayd etilgan. Quyida ularning ba’zilarini keltirib o‘tamiz:

  1. “Al-Xoyr al-Joriy fi sharhi Sahih al-Buxoriy”;
  2. “Al-Mu’allim fi sharhi Sahih al-Imom Muslim”;
  3. “Al-Musaffa fi sharhi al-Muvatto”;
  4. “Sharh a’la Tahziyb al-Kalam” va “Sharh a’la al-Husamiy” kabi yirik sharhlar shular jumlasidan.

Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy hijriy 1098 yilda vafot etganlari qayd etilgan.

Shuningdek, qo‘lyozma nusxasining ko‘chirilgani ham bu sanani tasdiqlaydi. “Nuzhat al-Xavotir” kitobi muallifi ham uning 1098 hijriy yilda vafot etganini ta’kidlab bunday yozadi: “U hijriy bir ming to‘qson sakkizinchi yilda vafot etdi. Bu sanani muftiy Valiyyulloh al-Farhobodiy o‘z ta’liqlaridan birida ochiq bayon qilgan”.

Bu zot Hindistonning Dehli shahrida vafot etganlar va o‘z uylariga dafn etilganlar.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy o‘z davrining yirik allomalaridan biri bo‘lib, hadis, fiqh, tafsir kabi ilmlarda chuqur bilmga ega bo‘lgan zotlardan sanaladilar. U zotning ilmiy, ma’naviy merosi Hindiston mintaqasidagi islomiy ilmiy taraqqiyotga katta ta’sir ko‘rsatgan va ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi kunda ham u zotning qoldirga ilmiy meroslari tadqiqotchilar uchun ham bebaho manba bo‘lib xizmat qilmoqda.


Muhammad Umar Muhammadjonov,
Toshkent Islom instituti talabasi.