Bugun, 16 noyabr kuni Toshkent islom universitetida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi va YUNЕSKOning Toshkentdagi vakolatxonasi tashabbusi bilan “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda.
Ushbu anjuman “16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni”ga bag‘ishlab o‘tkazilayotgani aytilgan bo‘lib, unda Din ishlari qo‘mitasi vakili, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi va boshqa diniy konfessiya vakillari ishtirok etmoqda.
Konferensiyada turli e’tiqod vakillarining ishtirok etishi O‘zbekiston Respublikasida diniy bag‘rikenglikning ta’minlanganidan darak beradi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Dendev Badarch, VM huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Vatikan davlatining O‘zbekistondagi nunsiysi Chelestino Milore, Toshkent rus provaslav cherkovi mitropoliti Vikentiylar ma’ruza bilan ishtirok etganlari ma’lum qilindi.
Anjuman tafsilotlari bilan tanishtirishda davom etamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar.
Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.
Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati