Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Aprel, 2025   |   1 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:23
Peshin
12:25
Asr
17:15
Shom
19:21
Xufton
20:44
Bismillah
29 Aprel, 2025, 1 Zulqa`da, 1446

Ayollarni e’zozlagan din

16.11.2017   7156   10 min.
Ayollarni e’zozlagan din

Qadimgi Arabiston yarim orolida VII asrgacha – «johiliya davri»da ayollar jamiyatda hech qanday mavqega ega emas edilar. Ularning ahvoli shu darajada ediki, hatto qiz bolaning tug‘ilishi ota uchun baxtsizlik alomati bo‘lsa, o‘g‘il bolaning tug‘ilishi esa alohida baxtning belgisi, Allohning oila boshlig‘iga ko‘rsatgan iltifoti, deb hisoblangan. Qizlarga bo‘lgan bunday munosabat, ya’ni o‘g‘il tug‘ilmasdan qiz bola tug‘ilganidan or qilish va boshqalar ayollarning ahvoli nihoyatda ayanchli ekanligini isbotlaydi.

Badaviy qabilalar erkaklari uchun o‘g‘il –  merosxo‘r, o‘zlarining davomchilari, u tufayli o‘zlari, ularning oilalari yashaydi, ularning avlodi davom etadi. Ona uchun qornida ko‘tarib yurgan bolasi bir mo‘jiza, o‘zi esa - erkak urug‘ini yetishtiradigan sehrli idish. Agar bu idish zaif bo‘lsa, eng kuchli kurtak ham kichkina niholcha, nimjon nasl beradi. Agar qiz tug‘ilsa, bunda faqat ayol aybdor. Manbalarda yozishlaricha, arab sahrolarida qadim zamonlardan buyon agar oilada qiz tug‘ilsa, erkak quyidagi muomalalardan birini qo‘llagan:

  • qiz katta bo‘lguniga qadar oilada qoldirilgan va katta bo‘lgach, sahro va vodiylarda qo‘y boqishga majburlangan;
  • qiz 6 yoshga to‘lgach, er xotiniga do‘stlaridan birinikiga borish uchun qizini bezatishni va kiyintirishni buyurgan. O‘zi esa sahroning biror yeridan chuqur qazigan. Qizi bilan chuqur yoniga kelib, otasining maqsadidan bexabar bo‘lgan qizga: «Mana bu quduqqa qara», deydi. Qazilgan chuqur tiriklayin ko‘miladigan qabri ekanidan bexabar qiz chuqurga qaraganida erkak hech qanday otalik mehrisiz qizini chuqurga itarib yuborib so‘ngra ustidan tuproq tortgan.

Johiliya davrida qavmlar ichida qizlarni tiriklayin ko‘mish odatiga qarshi chiquvchilar ham bo‘lgan. Ba’zi manbalarda aytilishicha, shoir Farazdaqning buvasi biror kimsa shunday zulmkor maqsadni amalga oshirmoqchiligini bilib qolsa, tiriklayin ko‘mishdan qaytarish uchun unga pora tarzida bir tuya yuborgan. «Aytishlaricha, ular (otalar) qizlarini uyatdan qo‘rqib qatl etardilar. Makkada «Abu Dalama» degan tog‘ bor. Qurayshliklar shu yerga qizlarini ko‘mishgan. Farazdaqning buvasi Sa’sa’a qizlarni o‘limdan qutqarish uchun, ularning har birini 2 tadan urg‘ochi tuya va 1 ta nor tuyaga ayirboshlardi».

Rivoyat qilishlaricha, sahobalardan ba’zilari johiliya davrida shunday odatlarni qilgan ekan. Islom kelgach o‘sha odam Payg‘ambar (s.a.v) huzurida islomni qabul qilib, uning sahobalaridan biriga aylangan. Tiriklayin ko‘mishning razillik ekani haqidagi oyat tushgach, johiliya davridagi ishlaridan pushaymon bo‘lib, uni odamlarga yig‘lab gapirib bergan ekan.

Hikoya qilishlaricha, Umar ibn al­Xattob (r.a.) quyidagilarni e’tirof etgan: «Musulmonlikdan avvalgi ikki narsani eslaymanki, birini eslab yig‘layman, birini eslab kulaman. Ushbu narsaga yig‘layman. Bir kun qizimni, jajji qizchamni, jigarpora qizchamni shu o‘z qo‘llarim bilan qabr qazib ko‘mdim. Men qizim uchun o‘z qo‘llarim bilan chuqur qazir ekanman, u mening soqolimga sachragan tuproqlarni jajji qo‘llari ila silab olardi. Qachon buni eslasam doimo yig‘layman. Insoniyatning qanday qorong‘u davrlarida yashaganini tushunib, tinmay ko‘z yosh to‘kishdan o‘zimni tiyaman».

Ibn Abbos (r.a.) ushbu oyat haqida: «Islomdan ilgari oilada erkak kishi o‘lsa, uning qarindoshlari undan qolgan meros qatorida xotiniga ham egalik qilishar edi. Xohlashsa, uni o‘zlaridan biriga nikohlab qo‘yishar, xohlashsa, birovga erga berib yuborishar yoki erga bermay olib qolishar edi. Erning qarindoshlari marhumning xotiniga uning ota­onasidan ham ko‘proq haqli edilar. Alloh taolo: «...Ey imon keltirganlar! Sizlarga xotinlarni zo‘rlik ila meros qilib olmoqlaringiz sizlarga halol emas va bergan narsalaringizdan ba’zisini olmoq uchun ularni majburan olib qolmangizlar!» (Niso, 19), degan mazkur oyatni nozil qilib, ayollarni zulmdan xalos etdi».

Agar ayollarning jamiyatdagi o‘rni masalasini tarixiy izchillik asosida o‘rgansak, ko‘rish mumkinki, islom dini zulmatdan keyin chiqib kelgan nurdek, ayollarning himoyachisi va xaloskoriga aylangan. Chunki Makkada Payg‘ambar (s.a.v.) arablarning johilona odatlarini qoralar ekan, shunday oyatlar ham nozil bo‘lgan: «...Tiriklayin ko‘milgan (har bir) qizdan so‘ralganida, ne gunohi uchun o‘ldirilgan, deb» (Takvir, 8-9), «Qaysi birlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketar. U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning «yomon»ligidan (oriyat qilib,) odamlardan yashirinib olur. Ogoh bo‘lingizkim, ularning bu hukmlari yaroqsizdir» (Nahl, 58-59).

Islom ta’limotida «qiz tug‘ilishi baraka bo‘ladi, oilaga xursandchilik olib keladi», degan g‘oya ilgari suriladi. Jobir ibn Abdulloh (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, «kimning 3 ta qizi bo‘lib, ularni o‘z qo‘lida tarbiya qilib katta qilsa, jannatga kirishi albatta muqarrardir».

Payg‘ambar (s.a.v.)ning jufti haloli bo‘lmish Oisha (r.a.) Urva ibn az­Zubayr (r.a.)ga bunday deb aytgan ekan: «Bir ayol ikki qizini yetaklagan holda huzurimga tilamchilik qilib keldi. U yoq­bu yoqni qarab bir dona xurmodan bo‘lak hech narsa topolmadim. O‘sha xurmoni unga bergan edim, o‘zi yemay ikki qiziga bo‘lib berdi. So‘ng, o‘rnidan turib  chiqib  ketdi. Shu  asnoda  Payg‘ambar (s.a.v.) kirib kelgan edi,

bo‘lgan voqeani aytib berdim. Payg‘ambar (s.a.v.): «Kimki qizlariga ana shunday muruvvat qo‘lini cho‘zsa, ular uni do‘zax otashidan parda bo‘lib to‘sib turgaylar», ­ dedi».

Bundan tashqari, islom ta’limotida ayol ona timsolida nihoyatda ulug‘landi. Qur’oni karim oyatlari onaning buyukligini e’tirof etib: «Biz insonga ota­onasini (rozi qilishni) amr etdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni ko‘krakdan ajratish (muddati) ikki yil(da bitar). (Biz insonga buyurdikki,) Sen menga va ota­onangga shukr qilgin!...» (Luqmon, 14), degan ilohiy amrni qayd qiladi. Demak, ona homiladorlik vaqtidan to farzand dunyoga kelgunga qadar bir qancha mashaqqatlarni boshidan kechiradi. Shuning uchun ham farzandda otadan ko‘ra onaning haqqi ko‘proq bo‘ladi. Shu maqsadda Payg‘ambar (s.a.v.) o‘z hadisida jannatni onalar oyog‘i ostiga to‘shab qo‘yadi.

Ko‘rib o‘tganimizdek, islomdan oldingi davrlarda ayollarning nafaqat huquqlari poymol etilgan, balki ular insoniy jamiyatda inson sifatida o‘z o‘rinlariga ega emasdilar. Ayol o‘zi aslida bashariyat ko‘payishining sababchisi, odamzod bolasining boqiy bo‘lishi vositasi, ilm, kamolot, fazilat ahli, qahramonlar va buyuk kishilarning onasidir. U hayotning har bir jabhasida g‘amxo‘rlik va mehrga haqlidir. Shuning uchun islom o‘z nurini socha boshlagach, ayolni jamiyatning yetuk a’zosi hisoblab, uning huquqlarini qaror toptirdi va ayolning maqomini ko‘tardi, ayolni sotib olinadigan yoki sotib yuboriladigan shaxsiy mulk hisoblanishidan xalos etdi va unga insoniy o‘zlikni berdi.

Payg‘ambar (s.a.v.)ning Arafot tog‘ida qilgan xutbasida shunday deyiladi: «Ey insonlar! Ayollar haqlariga rioya etingiz. Ular bilan mehr­shafqat ila muomalada bo‘lingiz. Ularning haqlari xususida Allohdan qo‘rqingiz! Ayollar sizlarga tangrining omonatidir. Ularni Alloh nomi bilan oldingiz. Ular amri ilohiy ila sizlarga halol bo‘ldi. Sizlarning xotinlaringiz ustida haqlaringiz bo‘lgani kabi, xotinlaringizning ham sizlarda haqlari bor».

Islom ta’limoti ayolni hayotning barcha jabhalarida: ilm olishda, mehnat qilishda, meros olishda, jamiyat taraqqiyotida faol qatnashishda erkak bilan teng huquqli qildi. Johiliya davridagi ayollarni tahqirlash, zulm qilish, boylikning bir qismi sifatida meros bo‘lib qolish hamda cheksiz xotinga uylanish kabi illatlarni taqiqladi.

Islom ilm­ma’rifat sohasida ham ayollarni erkaklar bilan teng huquqli qildi. Payg‘ambar (s.a.v.)ning: «Ilm talab qilish har bir muslim va muslima uchun farzdir»degan hadislari mashhurdir. Ayol kishi nafaqat ta’lim olish, dars, xutba va va’z eshitishga haqli, balki ta’lim berish, o‘qitish va boshqa ilmiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish huquqiga ham ega. Ko‘plab muslima ayollar ilm­fan va madaniyat sohasida ulkan yutuqlarga erishganliklari fikrimizning dalilidir. Bundan tashqari, muslima ayol jamiyat, siyosat va shariat sohalarida ham o‘z fikriga ega. Payg‘ambar (s.a.v.) davrida ham ayollar diniy, siyosiy, ijtimoiy­iqtisodiy sohalarda u zotga murojaat qilishgan va o‘z fikrlarini bildirishgan. Islomda muslima ayolning to‘g‘ri fikrini Alloh taoloning o‘zi ham eshitib, u haqda oyat tushirganligi ma’lum va mashhurdir: «(Ey Muhammad) Alloh siz bilan o‘z eri haqida bahslashayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan (ayol)ning so‘zini eshitdi» (Mujodala, 1).

Xulosa qilib aytganda, Islom jamiyatda ayollarning maqomini ko‘tardi va ko‘p narsada ozodlik berdi, ularning insoniy fazilatlarini tahqirlashdan, insoniyat aqliga to‘g‘ri kelmaydigan zulmkor fojialardan xalos etdi. Jamiyatda ayol maqomi qo‘llab­quvvatlanib, uning tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy huquqlari ta’minlandi.

Hozirgi zamon musulmon ayoli nafaqat ijtimoiy hayotda, balki ilm-ma’rifat, ma’naviyat va madaniyat sohalarida ham kamolotga erishish orqali eriga muxlis, soliha, vafodor xotin, farzandlarga mehribon ona, hamma ishni eplaydigan uddaburon bo‘lishi lozim. Shu bilan bir qatorda dinimiz ta’limoti erlarga xotinlari bilan nihoyat darajada xushmuomala, ma’ruf yo‘llar asosida hayot kechirishni buyuradi.

Bizning mamlakatimizda ham ayollarning o‘zlariga yarasha, jismoniy salohiyatlariga mos ravishda mehnat va kasb-hunarlar bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo. Ayollar ehtiromi uchun alohida sanalarni “Oila yili”, “Ayollar yili” kabi nomlar bilan atalib kelishi, ko‘p bolali ayollarni ijtimoiy himoya qilinishi, har yili 8-martni xalqaro xotin-qizlar kuni sifatida dam olish kuni deb e’lon qilingani va hukumatimiz tomonidan o‘tkazilayotgan qator tadbirlarning barchasida ayollarimizga alohida ehtirom ko‘rsatilib kelinayotgani islom dinimiz ko‘rsatmalariga hamohangdir.

Muslim Atayev,

tarix fanlari nomzodi,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo bo‘limi xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Diniy-ma’rifiy sohaga doir muhim farmon

25.04.2025   17022   5 min.
Diniy-ma’rifiy sohaga doir muhim farmon

Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohani zamon talablari asosida isloh qilish, diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Ayniqsa, diniy sohada davlat siyosatining takomillashuvi, fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligining kafolatlanishi va diniy sohaga oid masalalarning huquqiy asosda hal etilishi borasida tub burilish yuz bermoqda. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ilgari surilgan konseptual yondashuvlar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.

Xususan, kuni kecha imzolangan "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni mamlakatda ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni tizimli ravishda yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan muhim normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. 

Mazkur farmon orqali davlat-din munosabatlarining ochiqligi, shaffofligi, diniy tashkilotlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, shuningdek, diniy-ma’rifiy faoliyatni ilmiylik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tashkil etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Bu farmon nafaqat diniy sohada faoliyat yuritayotgan mutasaddilar, balki keng jamoatchilik, ilmiy doiralar, xalqaro ekspertlar tomonidan ham ijobiy baholanib, O‘zbekistonning inson huquqlari, xususan, vijdon erkinligi bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni amalda ro‘yobga chiqarishga intilayotganini yaqqol namoyon etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi qarori bilan Toshkent shahrida O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgan edi.

Bugungi dunyo manzarasida diniy ekstremizm va terrorizm tahdidi kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. Bu holat ko‘plab jamiyatlarda tinchlik va barqarorlikka tahdid solmoqda. Radikalizm va ekstremizmning asosiy sabablaridan biri diniy savodsizlikdir. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 21-apreldagi "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida "Jaholatga qarshi ma’rifat" ulug‘vor g‘oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatni jadal tashkil etish, islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish, jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda diniy-ma’rifiy soha vakillarining daxldorlik hissi va ishtirokini yanada oshirish kabi masalalar asosiy o‘rinni egallagan.

Jumladan, farmonda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining "O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi" sifatida qayta nomlanishi, akademiyaning huquqlarini aniq belgilanishi va shu kabi sohaga oid barcha islohotlar hammani birfek quvontirdi. Bu haqida hujjatda shunday deyiladi: 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qo‘mitaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) etib qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.

6. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

a) islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash;

b) ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;

v) vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

g) diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmog‘ida ta’lim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;

d) talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;

e) mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur ilmiy-tadqiqot markazlari Vazirlar Mahkamasi huzurida edi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzurida faoliyat olib borayotgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham boshqa tadqiqot markazlari singari Vazirlar mahkamasi huzuriga o‘tkazildi. Bu ham markazda amalga oshirib kelinayotgan keng ko‘lamdagi ilmiy ishlarning yanada yuqori saviyada yaratilishida muhim ahamiyat kasb etadi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar yo‘nalishlari bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlashda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida zamonaviy o‘quv dasturlarini tashkil etadi. Akademiyaning ilmiy-tadqiqot salohiyati kengayib, diniy-ma’rifiy adabiyotlar yaratib, ilmiy va ommabop adabiyotlar nashr etadi hamda raqamli resurslar yaratilib, akademiya tomonidan keng jamoatchilikka yetkaziladi. 

Ilhomjon Bekmirzayev,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

"Ijtimoiy fanlar va huquq" kafedrasi professori

MAQOLA