Qadimgi Arabiston yarim orolida VII asrgacha – «johiliya davri»da ayollar jamiyatda hech qanday mavqega ega emas edilar. Ularning ahvoli shu darajada ediki, hatto qiz bolaning tug‘ilishi ota uchun baxtsizlik alomati bo‘lsa, o‘g‘il bolaning tug‘ilishi esa alohida baxtning belgisi, Allohning oila boshlig‘iga ko‘rsatgan iltifoti, deb hisoblangan. Qizlarga bo‘lgan bunday munosabat, ya’ni o‘g‘il tug‘ilmasdan qiz bola tug‘ilganidan or qilish va boshqalar ayollarning ahvoli nihoyatda ayanchli ekanligini isbotlaydi.
Badaviy qabilalar erkaklari uchun o‘g‘il – merosxo‘r, o‘zlarining davomchilari, u tufayli o‘zlari, ularning oilalari yashaydi, ularning avlodi davom etadi. Ona uchun qornida ko‘tarib yurgan bolasi bir mo‘jiza, o‘zi esa - erkak urug‘ini yetishtiradigan sehrli idish. Agar bu idish zaif bo‘lsa, eng kuchli kurtak ham kichkina niholcha, nimjon nasl beradi. Agar qiz tug‘ilsa, bunda faqat ayol aybdor. Manbalarda yozishlaricha, arab sahrolarida qadim zamonlardan buyon agar oilada qiz tug‘ilsa, erkak quyidagi muomalalardan birini qo‘llagan:
Johiliya davrida qavmlar ichida qizlarni tiriklayin ko‘mish odatiga qarshi chiquvchilar ham bo‘lgan. Ba’zi manbalarda aytilishicha, shoir Farazdaqning buvasi biror kimsa shunday zulmkor maqsadni amalga oshirmoqchiligini bilib qolsa, tiriklayin ko‘mishdan qaytarish uchun unga pora tarzida bir tuya yuborgan. «Aytishlaricha, ular (otalar) qizlarini uyatdan qo‘rqib qatl etardilar. Makkada «Abu Dalama» degan tog‘ bor. Qurayshliklar shu yerga qizlarini ko‘mishgan. Farazdaqning buvasi Sa’sa’a qizlarni o‘limdan qutqarish uchun, ularning har birini 2 tadan urg‘ochi tuya va 1 ta nor tuyaga ayirboshlardi».
Rivoyat qilishlaricha, sahobalardan ba’zilari johiliya davrida shunday odatlarni qilgan ekan. Islom kelgach o‘sha odam Payg‘ambar (s.a.v) huzurida islomni qabul qilib, uning sahobalaridan biriga aylangan. Tiriklayin ko‘mishning razillik ekani haqidagi oyat tushgach, johiliya davridagi ishlaridan pushaymon bo‘lib, uni odamlarga yig‘lab gapirib bergan ekan.
Hikoya qilishlaricha, Umar ibn alXattob (r.a.) quyidagilarni e’tirof etgan: «Musulmonlikdan avvalgi ikki narsani eslaymanki, birini eslab yig‘layman, birini eslab kulaman. Ushbu narsaga yig‘layman. Bir kun qizimni, jajji qizchamni, jigarpora qizchamni shu o‘z qo‘llarim bilan qabr qazib ko‘mdim. Men qizim uchun o‘z qo‘llarim bilan chuqur qazir ekanman, u mening soqolimga sachragan tuproqlarni jajji qo‘llari ila silab olardi. Qachon buni eslasam doimo yig‘layman. Insoniyatning qanday qorong‘u davrlarida yashaganini tushunib, tinmay ko‘z yosh to‘kishdan o‘zimni tiyaman».
Ibn Abbos (r.a.) ushbu oyat haqida: «Islomdan ilgari oilada erkak kishi o‘lsa, uning qarindoshlari undan qolgan meros qatorida xotiniga ham egalik qilishar edi. Xohlashsa, uni o‘zlaridan biriga nikohlab qo‘yishar, xohlashsa, birovga erga berib yuborishar yoki erga bermay olib qolishar edi. Erning qarindoshlari marhumning xotiniga uning otaonasidan ham ko‘proq haqli edilar. Alloh taolo: «...Ey imon keltirganlar! Sizlarga xotinlarni zo‘rlik ila meros qilib olmoqlaringiz sizlarga halol emas va bergan narsalaringizdan ba’zisini olmoq uchun ularni majburan olib qolmangizlar!» (Niso, 19), degan mazkur oyatni nozil qilib, ayollarni zulmdan xalos etdi».
Agar ayollarning jamiyatdagi o‘rni masalasini tarixiy izchillik asosida o‘rgansak, ko‘rish mumkinki, islom dini zulmatdan keyin chiqib kelgan nurdek, ayollarning himoyachisi va xaloskoriga aylangan. Chunki Makkada Payg‘ambar (s.a.v.) arablarning johilona odatlarini qoralar ekan, shunday oyatlar ham nozil bo‘lgan: «...Tiriklayin ko‘milgan (har bir) qizdan so‘ralganida, ne gunohi uchun o‘ldirilgan, deb» (Takvir, 8-9), «Qaysi birlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketar. U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning «yomon»ligidan (oriyat qilib,) odamlardan yashirinib olur. Ogoh bo‘lingizkim, ularning bu hukmlari yaroqsizdir» (Nahl, 58-59).
Islom ta’limotida «qiz tug‘ilishi baraka bo‘ladi, oilaga xursandchilik olib keladi», degan g‘oya ilgari suriladi. Jobir ibn Abdulloh (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, «kimning 3 ta qizi bo‘lib, ularni o‘z qo‘lida tarbiya qilib katta qilsa, jannatga kirishi albatta muqarrardir».
Payg‘ambar (s.a.v.)ning jufti haloli bo‘lmish Oisha (r.a.) Urva ibn azZubayr (r.a.)ga bunday deb aytgan ekan: «Bir ayol ikki qizini yetaklagan holda huzurimga tilamchilik qilib keldi. U yoqbu yoqni qarab bir dona xurmodan bo‘lak hech narsa topolmadim. O‘sha xurmoni unga bergan edim, o‘zi yemay ikki qiziga bo‘lib berdi. So‘ng, o‘rnidan turib chiqib ketdi. Shu asnoda Payg‘ambar (s.a.v.) kirib kelgan edi,
bo‘lgan voqeani aytib berdim. Payg‘ambar (s.a.v.): «Kimki qizlariga ana shunday muruvvat qo‘lini cho‘zsa, ular uni do‘zax otashidan parda bo‘lib to‘sib turgaylar», dedi».
Bundan tashqari, islom ta’limotida ayol ona timsolida nihoyatda ulug‘landi. Qur’oni karim oyatlari onaning buyukligini e’tirof etib: «Biz insonga otaonasini (rozi qilishni) amr etdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni ko‘krakdan ajratish (muddati) ikki yil(da bitar). (Biz insonga buyurdikki,) Sen menga va otaonangga shukr qilgin!...» (Luqmon, 14), degan ilohiy amrni qayd qiladi. Demak, ona homiladorlik vaqtidan to farzand dunyoga kelgunga qadar bir qancha mashaqqatlarni boshidan kechiradi. Shuning uchun ham farzandda otadan ko‘ra onaning haqqi ko‘proq bo‘ladi. Shu maqsadda Payg‘ambar (s.a.v.) o‘z hadisida jannatni onalar oyog‘i ostiga to‘shab qo‘yadi.
Ko‘rib o‘tganimizdek, islomdan oldingi davrlarda ayollarning nafaqat huquqlari poymol etilgan, balki ular insoniy jamiyatda inson sifatida o‘z o‘rinlariga ega emasdilar. Ayol o‘zi aslida bashariyat ko‘payishining sababchisi, odamzod bolasining boqiy bo‘lishi vositasi, ilm, kamolot, fazilat ahli, qahramonlar va buyuk kishilarning onasidir. U hayotning har bir jabhasida g‘amxo‘rlik va mehrga haqlidir. Shuning uchun islom o‘z nurini socha boshlagach, ayolni jamiyatning yetuk a’zosi hisoblab, uning huquqlarini qaror toptirdi va ayolning maqomini ko‘tardi, ayolni sotib olinadigan yoki sotib yuboriladigan shaxsiy mulk hisoblanishidan xalos etdi va unga insoniy o‘zlikni berdi.
Payg‘ambar (s.a.v.)ning Arafot tog‘ida qilgan xutbasida shunday deyiladi: «Ey insonlar! Ayollar haqlariga rioya etingiz. Ular bilan mehrshafqat ila muomalada bo‘lingiz. Ularning haqlari xususida Allohdan qo‘rqingiz! Ayollar sizlarga tangrining omonatidir. Ularni Alloh nomi bilan oldingiz. Ular amri ilohiy ila sizlarga halol bo‘ldi. Sizlarning xotinlaringiz ustida haqlaringiz bo‘lgani kabi, xotinlaringizning ham sizlarda haqlari bor».
Islom ta’limoti ayolni hayotning barcha jabhalarida: ilm olishda, mehnat qilishda, meros olishda, jamiyat taraqqiyotida faol qatnashishda erkak bilan teng huquqli qildi. Johiliya davridagi ayollarni tahqirlash, zulm qilish, boylikning bir qismi sifatida meros bo‘lib qolish hamda cheksiz xotinga uylanish kabi illatlarni taqiqladi.
Islom ilmma’rifat sohasida ham ayollarni erkaklar bilan teng huquqli qildi. Payg‘ambar (s.a.v.)ning: «Ilm talab qilish har bir muslim va muslima uchun farzdir»degan hadislari mashhurdir. Ayol kishi nafaqat ta’lim olish, dars, xutba va va’z eshitishga haqli, balki ta’lim berish, o‘qitish va boshqa ilmiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish huquqiga ham ega. Ko‘plab muslima ayollar ilmfan va madaniyat sohasida ulkan yutuqlarga erishganliklari fikrimizning dalilidir. Bundan tashqari, muslima ayol jamiyat, siyosat va shariat sohalarida ham o‘z fikriga ega. Payg‘ambar (s.a.v.) davrida ham ayollar diniy, siyosiy, ijtimoiyiqtisodiy sohalarda u zotga murojaat qilishgan va o‘z fikrlarini bildirishgan. Islomda muslima ayolning to‘g‘ri fikrini Alloh taoloning o‘zi ham eshitib, u haqda oyat tushirganligi ma’lum va mashhurdir: «(Ey Muhammad) Alloh siz bilan o‘z eri haqida bahslashayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan (ayol)ning so‘zini eshitdi» (Mujodala, 1).
Xulosa qilib aytganda, Islom jamiyatda ayollarning maqomini ko‘tardi va ko‘p narsada ozodlik berdi, ularning insoniy fazilatlarini tahqirlashdan, insoniyat aqliga to‘g‘ri kelmaydigan zulmkor fojialardan xalos etdi. Jamiyatda ayol maqomi qo‘llabquvvatlanib, uning tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy huquqlari ta’minlandi.
Hozirgi zamon musulmon ayoli nafaqat ijtimoiy hayotda, balki ilm-ma’rifat, ma’naviyat va madaniyat sohalarida ham kamolotga erishish orqali eriga muxlis, soliha, vafodor xotin, farzandlarga mehribon ona, hamma ishni eplaydigan uddaburon bo‘lishi lozim. Shu bilan bir qatorda dinimiz ta’limoti erlarga xotinlari bilan nihoyat darajada xushmuomala, ma’ruf yo‘llar asosida hayot kechirishni buyuradi.
Bizning mamlakatimizda ham ayollarning o‘zlariga yarasha, jismoniy salohiyatlariga mos ravishda mehnat va kasb-hunarlar bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo. Ayollar ehtiromi uchun alohida sanalarni “Oila yili”, “Ayollar yili” kabi nomlar bilan atalib kelishi, ko‘p bolali ayollarni ijtimoiy himoya qilinishi, har yili 8-martni xalqaro xotin-qizlar kuni sifatida dam olish kuni deb e’lon qilingani va hukumatimiz tomonidan o‘tkazilayotgan qator tadbirlarning barchasida ayollarimizga alohida ehtirom ko‘rsatilib kelinayotgani islom dinimiz ko‘rsatmalariga hamohangdir.
Muslim Atayev,
tarix fanlari nomzodi,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo‘limi xodimi
Qur’on nozil bo‘lgan paytda odamlarga eng yaqin hayvon tuya bo‘lgan, shuning uchun ularning e’tibori tuyaga tortilyapti. Haqiqatda tuya bir mo‘jiza: uning tuzilishi-quloq, burun, ko‘z, oyoq, tuyoqlari sahro uchun moslashgan. Shuning uchun ham uni arablar sahro kemasi, deyishadi. Tuya issiq havoda yurishga moslashgan, suv ichmay bir necha kunlab yurishi mumkin va hokazo.
Endi, “sahro kemasi”ning yaratilishidagi ba’zi bir ajoyibotlarga qisqacha bo‘lsa ham nazar solaylik. Tuyaning ko‘zlari boshning yuqori qismiga joylashgan bo‘lib, ortga qarash imkonini beradi. Uning qovoqlari esa qumni to‘sishga moslashgandir.
Shuningdek, tuyaning burun kataklari va quloqlari ham qum kirishini to‘sadigan junlar bilan jihozlangandirlar. Sahroda shamol turishi bilan tuyaning tumshuqlari ham, quloqlari ham jismiga tortilib, qumdan zarar ko‘rmaydigan holatga kelib oladi.
Tuyaning tuyoqlari ham alohida shakldagi suyaklarga kiygizilgan go‘sht va teridan iborat qo‘lqop bo‘lib, qumda bundan boshqa tuyoq bilan yukli ravishda yurish mumkin emas.
Tuya sahroda och qolganda, quruq yog‘ochni, hatto tikonni ham yeb ketaveradi.
Tuyaning o‘rkachi o‘ziga xos ozuqa omboridir. Agar tuya sahroda och qolsa, o‘sha o‘rkachidagi “ombor”dan ozuqa olaveradi.
Sahroda eng zaruriy narsa suv hisoblanadi. Tuyani Alloh taolo bu ehtiyojiga ham moslab yaratgan. Avvalo tuya ter chiqmaydigan qilib yaratilgan. Ya’ni, u jismidagi suvni o‘zida saqlab turadi.
Qolaversa, tuyaning burni og‘ziga ulangan. Shuning uchun uning nafas olishi tufayli chiqqan bug‘ham yana og‘zi orqali ichiga qaytadi. Shu bilan birga tuya birdan ko‘p suv ichib olish qobiliyatiga ega. U oltmish litrgacha suv ichishi mumkin. Bu esa unga sahroda olti kundan o‘n kungacha suv ichmay yurish imkonini beradi.
Ushbu zikr qilingan narsalar Alloh taoloning, o‘sha tuyani yaratgan Zotning qudratiga dalil emasmi?
Ha, tuyaning va har bir jonzotning yaratilishiga ibrat nazari bilan aqlni ishlatib qaragan inson Allohning qudratiga tan bermay iloji yo‘q.
Ular tuyaning qanday yaratilganiga nazar solmaydilarmi? (G‘oshiya surasi, 17-oyat).
1. Tuya hayvonot olami tarixida eng eski hayvon turlaridan biridir. Evolyutsiyachilar nazariyasiga ko‘ra, tuya ham dinozavrlar bilan birga yo‘q bo‘lib ketishi kerak edi, lekin hech bir tabiat hodisasi uni yo‘q qilib yuborolmagan.
2. Tuya faqat sellyuloza (cho‘l va dashtlarda dag‘al o‘t va xashaklar, yantoq, saksovul) bilan oziqlanib, vitaminlarni va hayot uchun kerakli barcha kimyoviy moddalarning ko‘pini ishlab chiqaruvchi va shu tariqa hayotini davom ettiruvchi birdan-bir hayvondir.
3. Tuya bir necha ming yillardan hozirga qadar odamzotga tashuvchilik xizmatini qilayotgan yagona jonivordir. O‘rta Osiyo hududida bundan 100 yil avval ham tuyalar pochtasi mavjud bo‘lgan.
4. Tuyalar o‘z vaznining yarmiga teng — 250-300 kg yukni ko‘tara oladi, vazniga nisbatan 10-12% og‘irlikdagi yukni tortish kuchiga ega. Soatiga o‘rtacha 4 km tezlikda, kuniga 35-40 km masofani bosib o‘tadi. Agar ustida yuki bo‘lmasa, to‘xtovsiz 100 kilometr yo‘l bosa oladi.
5. Tuya bir ichishda 200 litrga yaqin suv ichadi. Sho‘r suvni ham ichaveradi. 100 litr suvni 10 daqiqada ichib tugatadi. Tuya bir haftagacha yemay, 34 kungacha suv ichmasdan yurishi mumkin. Suv bor joyni 50-60 kilometr uzoqlikdan his etadi.
6. Tuya suti tarkibida kalsiy, magniy, temir, fosfor, C, D vitaminlari, foydali mineral va mikroelementlar ko‘p bo‘lib, u sigir sutidan bir necha karra foydaliroq. Tuya suti – parhez mahsulot. Unda yog‘ va shakar miqdori sigirnikidan ancha kam. Tuya suti sutemizuvchilar ichida inson sutiga eng yaqinidir.
7. Tuyaning tana harorati tunda, sahro soviganda +34°C gacha pasayadi. Kunduzi 41°C darajagacha ko‘tariladi. Bu bois tevarak-atrofdagi havo harorati o‘zgarganda tuya deyarli terlamaydi va suv yo‘qotilishining oldi olinadi. Tuya juni quyoshda 70-80 gradusgacha qizisa-da, uning tana harorati 40 gradusda bo‘ladi.
8. Tuyaning o‘rkachida suv emas, yog‘ saqlanadi. O‘rkach tuya uchun ozuqa zaxirasi hisoblanadi. Tuya o‘rkachi qattiq ozuqani yeyishni boshlaganidan keyin paydo bo‘ladi, shuning uchun bo‘taloqlarning o‘rkachi bo‘lmaydi.
9. Tuyalar suvni o‘rkachlardagi yog‘lardan oladi, 100 gramm yog‘ning oksidlanishidan 107 gramm suv hosil bo‘ladi. O‘rkachdagi yog‘ haddan ziyod issiq havoda tana haroratini me’yorda ushlab turadi.
10. Tuya gavdasining yerga tegib turadigan qismlarida, ko‘kragi, tirsagi va tizzasida qadoqli tuzilmalar bor. Shu tufayli issiq (70°C gacha qizigan) yerda ham yota oladi.
11. Tuyaning ko‘zi favqulodda ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lib, 3-4 kilometrdan tahdidlarni aniqlay oladi. Uchta ko‘z qovog‘i, ikki qator uzun kipriklar ko‘zga qum kirishining oldini oladi. Qalin qoshlar, zich va qalin sochlar ko‘z va boshni quyosh nurlaridan himoya qilishga yordam beradi.
12. Tuyalar burniga qum kirib ketishining oldini olish uchun burun teshiklari ochilib-yopiladi.
13. Tuyaning ikkita labi bo‘ladi, ular mustaqil ravishda harakatlanib, tikanli cho‘l butalarini zararsiz yeya oladi.
14. Tuyaning quloqlari o‘tkir eshitish qobiliyatiga ega. Quloqlar ichkaridan va tashqaridan tuk bilan qoplangan bo‘lib, qumdan himoyalangan. Chang bo‘ronlari paytida tuyalar quloqlarini aylantira oladi.
15. Tuyaning tuyoqlari uzun bo‘lib, ularni qumga bir tekis taqsimlaydi va cho‘kib ketmaydi. Tuya otlar kabi oldinga va orqagagina emas, to‘rt tomondagi odam yo hayvonni tepa oladi. Tuyoqlaridagi elastiklik darajasi yuqori.
16. Tuyalar nafaqat issiq haroratli mintaqalarda, juda past haroratli joylarda ham yashay oladi. Ularda qishda sovuqqa bardoshli uzun va qalin himoya junlari o‘sadi, yoz oylarida esa to‘kiladi.
17. Urg‘ochi tuyalarning homiladorlik davri 12 oydan 14 oygacha. Tuyalarning egiz tug‘ish holati deyarli kuzatilmagan. Yangi tug‘ilgan bo‘taloqning vazni 34 kilogrammgacha bo‘ladi. U tug‘ilgandan yarim soat o‘tiboq yurishni boshlaydi.
18. Tuya — dunyoda eng qaysar jonivor. Agar u yotib dam olishni xohlasa, uni o‘rnidan qo‘zg‘atish juda qiyin. Uning jahlini chiqarsangiz, tuflab tashlaydi. U juda aniq tuflaydi va tupugi juda sassiq bo‘ladi. Chunki u oddiy so‘lak emas, naq oshqozondan otilib chiqadi.
19. Tuya dengiz yoki daryoda suza oladi.
20. Tuya arabchada “jamal” — “go‘zallik” ma’nosini bildiradi. Bu so‘z avval yunonlarga “kamēlos” shaklida o‘tib, undan inglizlarga “camel” tarzida o‘tgan.