frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Hadis ilmi bilimdoni – Ziyovuddin Maqdisiy

15.11.2017   17881   2 min.
Hadis ilmi bilimdoni – Ziyovuddin Maqdisiy

Ziyovuddin Muhammad ibn Abdulvohid ibn Ahmad Maqdisiy Sa’diy Solihiy hijriy 579 yili  tug‘ilgan. U kishi Damashq, Bag‘dod, Isfahon, Naysaburiy, Haravayn kabi shaharlarga ilm talabida tashrif buyurgan va  hadislar eshitgan. Shu  bilan birga besh yuztadan ko‘proq olimdan hadis yozib olgan. Bir qancha kitoblar tasnif etgan, hadislarni sahihga, roviylarni adolatli va adolatsizga ajratgan. U kishining shogirdlari Umar ibn Hojib aytadi: “Ustozimiz Abu Abdulloh vaqtlarini ulamolar bilan o‘tkazar, shuningdek, ibodatga juda tirishqoq edilar”.

U zot ko‘p ilmlarni tasnif etgan. Hadis ilmiga qiziqqani sababli ko‘proq hadis ilmida kitoblar yozgan. U kishining mashhur kitoblaridan biri “Ahadiysu muxtora”dir. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, Ziyovuddin Maqdisiy oldin tekshirilmagan hadislarni birinchilardan bo‘lib tekshirib, sahih yoki zaifligini aniqlagan. U kishining sahih hadislarini hamma tasdiqlagan. Zarkashiy aytadilarki: “Ziyovuddinning hadislari Ibn Hibbon hamda Imom Termiziylarning hadislariga yaqindir”. Bu kitobda asosan, shar’iy amallarning fazilatlari to‘g‘risida bahs yuritiladi. Asar o‘n bobdan iborat bo‘lib, birinchi bobda tahorat va namoz amallarining fazilati to‘g‘risida baxs yuritiladi. Ikkinchi bobda Ramozon ro‘zasining fazilati haqida, uchinchi bob zakot amalining fazilati haqida, to‘rtinchi bob Islom dinining beshinchi farzi bo‘lmish haj amalining fazilati to‘g‘risida, beshinchi bobda Islomdagi nikoh amalining fazilati haqida, oltinchi bobda Alloh yo‘lida infoq qilish amalining fazilati haqida, yettinchi bob Qur’oni karim fazilati haqida keyingi bobda janoza namozining fazilati to‘g‘risida, keyingi bobda ilm fazilati haqida baxs yuritiladi. Shu bilan birga boshqa amallarning ham fazilatlari to‘g‘risida baxs yuritiladi.

Bu kitob qayta – qayta chop etilib, undan ko‘p xalqlar foydalandi. Muallif targ‘ib-tarhib (rag‘batlantirish va qo‘rqitish), axloq va amallar fazilatida boshqa mualliflar yo‘lini tutib, ba’zi lozim joylarni kengaytirdi. Nafslarga ta’sir o‘tkazuvchi, qalblarni yumshatuvchi solih kishilarning hikoyalariga qattiq ahamiyat berdi va unga yangicha ilmiy foydalar kiritib, oxirgi asr mashoyixlari hamda hozirgi avlod solihlarining hikoyalari qo‘shildi. Umrini ilmga baxshida etgan olim hijriy 643-yilida vafot etgan.

Abdulloh  PARPIYEV

Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   58082   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari