Ba’zi odamlar orasida qiz farzandli bo‘lganda uyaladigan yoki mamnun bo‘lish o‘rniga g‘amgin bo‘ladigan tor fikrli kimsalar ham borki, ularni nazdida qiz farzandni qadri pastroqdek emish go‘yo...
Farzand Alloh taolo tomonidan beriladigan omonatdir. Alloh taolo kimgadir farzand berib imtihon qilsa, kimgadir bermasdan imtihon qiladi. U xoh qiz bo‘lsin, xoh o‘g‘il bo‘lsin hammasiga barobar tarbiya qilib, o‘stirish ota-onaning vazifasidir. Johiliyat davrlarida, ayol zotini yerga uruvchi axmoqona urf-odatlar bor edi. 4-5 yoshga to‘lgan qiz bolalarni tiriklayin ko‘mib, u keltiradigan or-nomusdan qutuldim, deb g‘urur bilan gerdayib yurishar edi. O‘sha paytlarda tarixning guvohlik berishicha, qiz bola 4-5 yoshga yetganda ota uni ko‘mib tashlamoqchi bo‘lsa, onasiga qizingni yasantirib ber, o‘ynatib kelay, der ekan. Bechora ona “o‘ynatib kelish nima ekanini yaxshi bilsa ham, johiliyat qonuniga qarshi chiqa olmas edi. Ona yurak-bag‘ri tilka pora bo‘lgan holda, qon yutib, o‘z jigargo‘shasini beshafqat eriga yasantirib berardi. Ota esa qizni chekkaroq bir joyga olib borar, unga o‘yinchoq berib o‘ynatib qo‘yib, o‘zi chuqur qazir edi. Chuqur tayyor bo‘lganda o‘ynab turgan go‘dakni o‘yinchog‘i bilan birga shafqatsizlarcha ko‘mib tashlar edi. Bunga o‘xshash ayanchli hodisalar boshqa millatlarda ham bo‘lgan. Lekin bu kabi vahshiyona odatlarga Islom dini birinchi bo‘lib qarshi chiqib, barham berdi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Qaysi birlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketadi. U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning «yomon»ligidan (oriyat qilib) odamlardan yashirinib oladi. Ogoh bo‘lingizki, ularning bu hukmlari juda yomondir», (Nahl surasi, 58-59-oyat).
Hazrati Xadicha (roziyallohu anho) onamizga qarindosh bo‘lgan Hakim ibn Hizom (roziyallohu anhu) oliyjanob, sahiy va yaxshilikni sevuvchi bir kishi bo‘lib, johiliyat davrida qizlarini tiriklay yerga ko‘mishga qasd qilgan kishilardan qizlarini sotib olib, ularning hayotini saqlab qolardi. Bir kuni Hakim ibn Hizom (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Johiliyat davrida qilgan yaxshiliklarimning menga foydasi tegadimi”, deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sening bu go‘zal amaling Islomga kirishingga sababchi bo‘ldi”, deb javob berdilar.
Jamiyatta farzand baxtidan mosuvo kishilar ham borki, ana o‘shalarning holatidan to‘g‘ri xulosa olib farzand ko‘rishga muyassar qilganiga shukrona qilish, farzand o‘g‘il-mi qiz-mi uning haqlariga rioya qilib, chiroyli tarbiya berilishi lozim. Tirnoqqa zor kimsalar o‘zi uchun birovni bolasini boqib olmoqda. Ularga berilmagan baxtni berilganini his qilish uchun insof ko‘zi ochiq bo‘lishi zarur ekan.
Qiz bolaga chiroyli tarbiya bergan, uning huquqlariga amal qilganlar dunyoda ham, oxiratda ham baxtiyor bo‘ladilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Kimiki ikki qizni turmushga chiqqunlaricha voyaga yetkazib tarbiyalasa, qiyomat kuni men va u mana bu ikkisiga o‘xshab keladi”, deb barmoqlarini bir-biriga qo‘shib ko‘rsatdilar.
Nabiy (alayhissallom): “Kimgaki Alloh taolo qiz ne’mati bilan siylasa, so‘ngra ularni chiroyli tarbiyalasa, ular otasi uchun do‘zaxdan parda bo‘lishadi”, dedilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning uchta qizi yoki uchta singlisi bo‘lsa yoki ikkita qizi yoki ikkita singlisi bo‘lsa, so‘ngra ularni go‘zal axloq va chiroyli muomala bilan tarbiya qilsa, qizlari yoki singillari albatta uning jannatga kirishiga sababchi bo‘ladi”, deganlar.
Yuqoridagi hadislar naqadar mukammal, insonparvar, adolatli va oliyjanob din ekanini yana bir bora isbotlamoqda. Dinimizga munosib bo‘lishimiz, uning ko‘rsatmalariga rioya qilishimiz bizni kamolot sari yetaklaydi.
Oilalarimizdagi, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, xursandchilik va xotirjamlik abadiy bo‘lib qolishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz.
Abutolib ISAQOV
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani
“Oq masjid” jome masjidi imom-xatibi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.