Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

Namoz uyqudan afzal!

15.11.2017   10310   15 min.
Namoz uyqudan afzal!

Mo‘minlar ado etadigan farz amallar ichida eng ustuni namozdir. Ba’zi insonlar boshqa amallarni bajarib yursalar ham, ular uchun bir kunda besh vaqt namoz o‘qish     qiyindek tuyuladi. Lekin, aslida unday emas. Avvalo, Alloh taolo bandalarini ularning toqati yetadigan narsaga buyurgan, undan ortig‘ini yuklamagan. Zero, Alloh taolo aytadi: «Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas» (Baqara surasi, 286-oyat).

Ulug‘ amal bo‘lgan namoz o‘qishni orqaga surish katta gunoh. Shuni yodda tutishimiz lozimki, Qiyomat kuni banda birinchi bo‘lib namozidan so‘raladi. Bu haqda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Bandaning qiyomat kunida birinchi hisob-kitob qilinadigan narsasi namozdir. Agar (namozi) durust bo‘lsa, boshqa amallari ham durust bo‘ladi. Bordi-yu, (namozi) yaroqsiz bo‘lsa, qolgan amallari ham yaroqsiz bo‘ladi» (Tabaroniy rivoyati).

Bu hadisi sharifdan namozni shunchaki o‘qib qo‘yish tushunilmaydi, balki uni tugal barpo qilish, ya’ni uning shartlarini, ruknlarini, vojiblarini o‘rniga keltirib, so‘ng mustahab amallarni ham mukammal bajarib, to‘la-to‘kis ado etish zarur. Shuningdek, tahoratni chiroyli qilish, ruku’, sujud, qiyom, qa’dalarni o‘rniga qo‘yish, namoz vaqtlariga, jamoat bo‘lib namoz o‘qishga amal qilish, xushu’ga – ya’ni namoz paytida qalb hozirligi va a’zolarning xotirjamligiga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Chunki xushu’ namozning ruhi va mag‘zidir. Xushu’siz namoz jonsiz jasaddek gap.

Endi farz namozlari ichida aynan bomdod namozi ustida bir oz to‘xtalib o‘tsak. Chunki tun qisqarib kun uzayib borayotgan hozirgi paytda bomdod namoziga turish qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy. Biroq, shuni bahona qilib bomdod namoziga uxlab qolavergan inson sekin-asta bunga ko‘nikib qolishi mumkin.

Ey aziz dindoshim! Siz masjidlarda hozirgi kundagi holatni ko‘rib, boshqa to‘rt vaqt namozdan ko‘ra bomdod namoziga yig‘ilgan jamoatning son jihatdan ozligiga amin bo‘lasiz. Albatta, buning ko‘p sabablari bor. Shubhasiz, bomdod namoziga uxlab qolish xatarli ishdir. Shuning uchun quyida biz bu muammoning ilmiy va amaliy tomonlarini yoritishga harakat qilamiz.

Bomdod namozini jamoat bilan o‘qishning fazilatlari oyat va hadislar bilan  ilmiy jihatdan asoslangan. Zero, mo‘min kishi masjid sari bosgan har bir qadamiga ajr-mukofot oladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kishining jamoat bilan o‘qigan namozi(ning savobi), xonadoni va do‘konida o‘qigan namozidan yigirma besh daraja ortiqdir. Sababi, u tahorat qiladi, tahorat qilganida ham chiroyli tahorat qiladi. So‘ngra masjidga otlanadi. U (masjidga) namoz (o‘qish) uchungina chiqadi. Uning bosgan har bir qadami bilan (bitta) darajasi ko‘tarilsa, (bitta) xatosi o‘chiriladi. Agar namoz o‘qisa va modomiki namozgohida tursa, farishtalar unga: «Allohim, uning gunohlarini mag‘firat qil va uni rahmat qil!» – deb istig‘for aytishadi. Birovingiz modomiki namozni kutar ekan, u, namozda (turgan hisoblanadi)!» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Jamoat bilan o‘qilgan namoz uchun yolg‘iz o‘qilgan namozdan ko‘ra yigirma yetti daraja ustun savob yozilishiga Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadis ham dalolat beradi: "Nabiy alayhissalom shunday dedilar:  "Jamoat namozi yakka holda o‘qilgan namozdan yigirma yetti daraja afzaldir(Buxoriy va Muslim rivoyati).

Boshqa bir hadisda Nabiy alayhissalom: "Kim erta va kech masjidga borsa, har bir borib qaytishiga Alloh jannatda unga ziyofat tayyorlab qo‘yadi", dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Alloh taolo subh vaqtini o‘zining Kitobida ulug‘ladi va u bilan qasam ichdi. Bilingki, agar Alloh taolo bir ishda qasam ichsa, u ish ulug‘ligidan va muhimligidan dalolatdir. "Fajr" surasida Alloh taolo: "Qasamyod etaman tongga (vaqti)ga", dedi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi: "Nabiy alayhissalom: "Agar odamlar azon va avvalgi safning fazilatini bilganda edi,  uni qo‘lga kiritish uchun qur’a tashlashga majbur bo‘lib qolishsa, qur’ani tashlab bo‘lsa ham uni olishga harakat  qilishgan bo‘lardi", dedilar”   (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Yana u kishidan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom: "Agar odamlar xufton va bomdod namozini jamoat bilan o‘qishning savobini bilganida edi, unga emaklab bo‘lsa ham kelar edi" , dedilar”  (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Quyidagi xushxabarlar namoz uchun uyqudan kechgan kishilargadir. Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan ushbu hadisda:  "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qorong‘uda masjidlarga yurib boruvchi kishilarga Qiyomat kuni mukammal nur bo‘lishligini bashorat qilinglar", deganlar. Yana bir xushxabar shuki, bomdod namozining ikki rakat sunnati dunyo va undagi bor narsadan yaxshiligi haqida quyidagi hadisda Nabiy alayhissalom: "Bomdod namozining ikki rakat sunnati dunyo va undagi narsadan yaxshidir",  dedilar   (Imom Muslim rivoyati).

Ya’ni, bomdod namozining sunnati dunyodagi xazinalar, mollar, ko‘ngilochar narsalardan yaxshiroqdir, deyilmoqda.

Xufton va bomdodni jamoat bilan o‘qiganlar uchun yana bir xushxabar.  Ularga, garchi kechasi o‘rinda uxlab yotgan bo‘lsalar ham, tuni bilan namoz o‘qish, ya’ni tahajjud namozi savobi beriladi. Bu so‘zimizga Imom Muslim Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilgan ushbu hadis dalil bo‘ladi: Nabiy alayhissalom: "Kim xufton namozini jamoat bilan o‘qisa, kechaning yarmini ibodat bilan bedor o‘tkazgandek bo‘ladi. Kimki bomdod namozini jamoat bilan o‘qisa, butun kechani ibodat bilan o‘tkazgandek bo‘ladi", dedilar. Bu hadisi sharifda xufton va bomdod namozlarini jamoat bilan o‘qishga alohida targ‘ib qilinmoqda. Chunki bu ikki namoz kishilar dam oladigan, uxlaydigan vaqtlarga to‘g‘ri keladi. Ana o‘sha paytda havoyi nafsning xohishlarini yengib, jamoat bilan xufton namozini o‘qish kechaning yarmini ibodatda o‘tkazish, bomdod namozini jamoat bilan o‘qish esa tunni butunlay namoz o‘qib o‘tkazish savobiga tenglashtirilmoqda.

Yana bir xushxabar shundan iboratki, bomdod namozida farishtalar jam bo‘ladi va uni o‘qiganlarga duo qiladi. Bu fikrni ushbu oyat ham tasdiqlaydi: "Quyosh og‘ishidan to tun qorong‘usigacha namozni mukammal ado qiling va tonggi o‘qishni (bomdod namozini) ham (ado qiling). Zero, tonggi o‘qish (farishtalar) hozir bo‘ladigan (namoz)dir" (Isro surasi, 78-oyat).

Shu yerda bir muhim narsani eslatib o‘tmoqchimiz. Bizning yurtimizda ayollarning masjidga borib namoz o‘qishlari urf bo‘lmagani uchun ular: "yuqoridagi oyat-hadislardagi xushxabarlar ko‘proq erkaklarga taalluqli ekan", deb tushunmasinlar. Ayollar oiladagi vazifa va yumushlari sabab barcha namozlarni jamoat bilan o‘qimasalar ham biroq, farz qilingan namozlarning har birini o‘z vaqtida o‘qishlari shart.

Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom aytdilar: «Agar ayol kishi besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy (ramazon) ro‘zasini tutsa, farjini (iffatini) saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: «jannatning qaysi eshigidan xohlasang – kiraver», deyiladi» (Imom Ahmad va Imom Ibn Xibbon rivoyati).

Yana Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning huzuringizga kechqurun bir jamoa va kunduzi bir jamoa farishtalar orqama-orqa kelib bomdod va asr namozlarida jam bo‘ladi. Kechqurun turgan farishtalar Alloh taolo huzuriga chiqishganida, Alloh o‘zi bilgan holda: "Bandalarimni qay holda tark qildinglar?" deb so‘raydi. Farishtalar: "Ularni tark qilganimizda ham, borganimizda ham namoz o‘qayotgan edi, deyishadi", dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Azizlar, diqqat qiling! Demak, farishtalar: «Ey Alloh, falonchini bomdod namozini o‘qiyotganda topdik, deyishsa, uni o‘qimasdan uxlab qolgan odam haqida: «Falonchini esa uxlab yotgan paytda topdik»  deyishlari haqiqatdan yiroq emas.

Quyidagi xushxabar bomdod namozini o‘z vaqtida ado qilganlar Allohning hifzi-himoyasida bo‘lishiga dalildir. Imom Muslim Jundub ibn Sufyondan rivoyat qilgan ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Kim bomdod namozini o‘qisa, u kishi Allohning ahdi va omonatidadir",  dedilar.

Yana bir ajoyib xushxabarda Nabiy alayhissalom: "Kim bomdod va asr namozini ado etsa jannatga kiradi", dedilar  (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Shuningdek, bomdod namozidan so‘ng tong otayotgan paytda yer yuziga Alloh taoloning barakasi yog‘iladi. Imom Ahmad Suxrul G‘omidiydan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Allohim! Ummatimning erta tongdagi ishlarini barakotli qilgin", deb duo qilganlari aytilmoqda. Ushbu hadisni rivoyat qilgan sahoba shu hadisga amal qilib, erta tongdan tijorat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, shunchalik boyib ketgan ekanki, hatto pulini qo‘yishga joy topa olmagan ekan.

So‘nggi xushxabar Imom Muslimning sahih hadislaridan birida keltirilgan  bo‘lib, Nabiy alayhissalom: "Qaysi bir kishi quyosh chiqishi va quyosh botishidan oldin (ya’ni) bomdod va asr namozini o‘qisa, hargiz do‘zaxga kirmaydi", dedilar. Bu amal bir qarashda oson tuyulgani bilan, lekin uni  mo‘min inson bir umr ado etib yurishi lozim.

Endi bomdod namoziga beparvo bo‘lib, uni tark qilib yurgan insonlarga taalluqli  oyat va hadislarga murojaat qilamiz. Alloh taolo Baqara surasida: "Sabr va Namoz o‘qish bilan madad so‘ranglar. Albatta u (namoz) og‘ir ishdir, illo qo‘rquvchilarga (og‘ir emasdir)”, deb marhamat qiladi (45-oyat).

Nabiy alayhissalom agar bir kishining iymoni yuzasidan shak-shubhaga tushib qolsalar, uning amallari orasidan bomdod namozini qidirar ekanlar. Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bomdod namozini o‘qib bo‘lib: "Falonchi namozga hozir bo‘ldimi?" deb so‘rabdilar, sahobalar: "Yo‘q", deyishibdi, u Zot: "Falonchi-chi?" debdilar, ular yana: "Yo‘q", deyishibdi, shunda u Zot: "Munofiqlarga bomdod va xufton namozidan og‘irroq namoz yo‘qdir, agar ular ikkovidagi savobni bilishganida edi, emaklab bo‘lsa ham kelishar edi",  debdilar   (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu: "Biz bir kishini bomdod va xufton namozida yo‘qotib qo‘ysak, u haqida yomon gumonga borib qolardik", deb aytgan ekanlar. Yana bir uzun hadisda keltirilishicha, Nabiy alayhissalomga do‘zaxda azoblanayotgan kishi ko‘rsatiladi. U o‘z boshini urib yorayotgan edi. «U qanday kishi», deb so‘raganlarida, Jabroil alayhissalom: «U shundoq kishiki, Qur’onni olib, (ya’ni) o‘qib uni inkor etgan, tashlab qo‘ygan va farz namozlarida uxlab yotgan kishi» deb aytgan (Buxoriy rivoyati).

Maryam surasining 59-oyatida: "So‘ngra ular (hassos zotlar)ning ortidan namozni zoye qilgan va shahvatlarga ergashgan kimsalar o‘rin oldilar. Endi ular, albatta yomonlikka (ya’ni yomon jazoga) yo‘liqurlar" deb aytilgan. Ulamolardan bir toifasining aytishicha, zoye qilingan namozdan murod, uni tark qilish emas, balki uni vaqtidan kechiktirib o‘qishdir.

Ey, aziz birodar! Rabbimiz namozga shoshilinglar, najotga shoshilinglar deb turganda siz qanday uxlaysiz? Xuddi shuningdek, muazzin subhda: «As-solatu xoyrum minan-navm» «Namoz uyqudan yaxshiroqdir», deb nido qilib turganda-chi! Demak, har qancha shirin uyqudan ham namoz yaxshiroq ekan, g‘aflatda qolmaylik.

Ey, bomdod namozini zoye qilgan do‘stim! Siz biror marta bomdod namozini zoye qilib qo‘yganingizda yig‘laganmisiz yoki nadomat chekkanmisiz yoki istig‘for aytganmisiz? Siz bu borada Anas ibn Molik roziyallohu anhudan o‘rnak oling.  Ular Tustar fathida bo‘lgan paytlarini eslab, doim yig‘lar ekanlar. Chunki ular forslar bilan bo‘lgan jangda bomdod namozidan salgina oldin Tustar shahrini fath qilganlar, shu sababdan hayotlarida atigi bir marotaba bomdod vaqtini o‘tkazib yuborgan ekanlar. Bu holat ming uzrli bo‘lgani bilan, zoye qilgan narsalari, ya’ni bomdod namozi undan buyukroq ekanini tan olganlar. Umar roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotganlarida bomdod namozi vaqti kirdi. Shunda ular: "Ha, Islomda kimki namozni tark qilsa, nasibasi yo‘qdir", deb namozni o‘qidilar. O‘sha paytda jarohat yetgan joylaridan qon oqib turardi.

Endi, bomdod namoziga o‘z vaqtida turish uchun zarur bo‘lgan ba’zi bir amaliy vositalarni bayon qilib o‘tamiz:

yuqorida aytib o‘tilgan ilmiy asoslarni yodga olib yurish;

kechki uyqudan oldin niyatni qat’iy qilish; 

gunohlardan chetlanib yurish ham bomdod namoziga o‘z vaqtida turishga sabab bo‘ladi. Bir kishi Hasan Basriyga: "Ey Abu Sayid, menga nima bo‘ldiki, tahorat bilan yotsam ham tahajjudga (tungi namozga) tura olmayapman" deganida, u zot: "Gunohlaring seni bog‘lab qo‘yibdi. Sen kunduzingni to‘g‘irlasang tuning sen uchun to‘g‘rilanadi", deb javob beribdilar.

Qarang, azizlar! sahoba va tobe’inlarning qayg‘ulari tahajjud (tungi) namozini o‘qish bo‘lgan, ming afsuslar bo‘lsinki, bizning tashvishimiz esa bomdod namoziga turishdir;

g‘aflatga olib boradigan ishlardan yiroq bo‘lish, masalan yarim kechagacha televizor ko‘rish, keraksiz gaplarni gaplashib o‘tirish va hokazo.

uyqudan oldin to‘yib ovqat yemaslik;

tahoratli bo‘lib Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘rgatgan uyqu oldidagi zikrlarni aytib yotish;

uyg‘otgichni qo‘yib yotish;

peshin bilan asr o‘rtasida imkon qadar qaylula qilish, ya’ni bir oz mizg‘ib olish sunnatga muvofiq bo‘lib, bu tahajjud va bomdod namoziga o‘z vaqtida turishga sabab bo‘ladi.

Azizlar! Yuqoridagi muhim va dolzarb eslatmalarga o‘z ahli oilalarimiz bilan birgalikda amal qilishimizni Alloh taolo barchamizga nasib aylasin!

Doniyor FAYZ

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

30.01.2025   1382   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolovning buvilari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!


Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Muzaffar domla Kamolovga hamdardlik bildiramiz.


Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering». 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

O'zbekiston yangiliklari