Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

Islomimiz go‘zal bo‘lsin!

15.11.2017   5450   9 min.
Islomimiz go‘zal bo‘lsin!

 عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مِنْ حُسْنِ إِسْلامِ الْمَرْءِ تَرْكُهُ مَا لا يَعْنِيهِ". (حديث حسن رواه الترمذي وغيره هكذا).

 Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kishi o‘zi uchun muhim bo‘lmagan narsalarni tark qilishi uning islomi go‘zal ekanidandir” (Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyati).

Hadisdagi “narsalar” deb tarjima qilingan so‘z barcha zohiriy va botiniy ish-harakatlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu hadisi sharifda amallar to‘rt xil bo‘lishiga ishora bor:

ahamiyatli ishlarni qilish – yaxshilik; 

ahamiyatli ishlarni tark qilish – yomonlik;

befoyda ishlarni tark qilish – yaxshilik;

befoyda ishlarni qilish – yomonlik.

Inson uchun foydali ishlar hayotiy zaruratlar va oxirat obodligi bilan bog‘liq bo‘ladi. Inson yashashi uchun yeb-ichish, kiyinish kabi hayotiy ehtiyojlari uchun harakat qiladi. Zero, bu imtihon dunyosida inson o‘z zimmasidagi vazifa va ibodatlarni ado qilish uchun hayotiy ehtiyojlarini qondirishi zarur. “Yashash uchun yeyish kerak”, deyilgani kabi dunyo hayotidan oxirat obodligi uchun vosita sifatida foydalanish kerak. Ammo dunyoga berilish, mol-dunyo hirs qo‘yish, obro‘-martaba, hoy-havas, kibr-havo va manmanlik ortidan quvish, “yeyish uchun yashash” insonga biror manfaat keltirmaydi.

Kishi o‘z dinining ko‘rsatmalariga rioya qilishi, buyurilgan ibodatlarni vaqtida ado qilib, man’ qilingan ishlardan qaytishi, amallarni ixlos bilan bajarishi musulmon uchun eng muhim ishlardan hisoblanadi.

Inson uy-joy qilish, yeb-ichish, kiyinish kabi yashashi uchun muhim bo‘lgan ehtiyojlarini isrof qilmasdan va me’yorida qondirishi kerak. Ammo mol-dunyo ketidan quvish, maishatparastlikka berilish, tama qilish, foizxo‘rlik qilish, birovlarning haqini zo‘ravonlik bilan yeyish, zulm qilish, firibgarlik, qalloblik va aldoqchilik kabi razil sifatlardan saqlanish kerak. Shuningdek, mo‘min kishi vaqtni zoye ketkazuvchi hamda dunyo va oxiratda biror nafi tegmaydigan turli o‘yinlar, hazil-huzul kabi ko‘ngilochar odatlardan yiroq bo‘lgani yaxshi. Chunki behuda o‘tkazilgan vaqtlar uchun so‘ralishimizni unutmasligimiz lozim.

Ushbu hadisi sharif Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qisqa so‘zlarda keng ma’noni ifodalagan hadislaridan biridir. Ulamolarimiz mazkur hadisni dinning yarmini o‘zida mujassam etgan, deb baholagan. Zero, dinning ko‘rsatmalari bajarish va tark etishdan iborat bo‘lib, shu hadis tark etilishi lozim bo‘lgan barcha narsani o‘ziga qamrab olgan. Ayrim ulamolar esa ushbu hadis dinni o‘zida to‘liq mujassam etgan, deyishgan. Chunki hadisda musulmon kishi befoyda ishlardan qaytishi bilan birga oxiratda manfaat beradigan ishlarni qilish zarurligi bayon etilgan.

Hadisdan olinadigan foydalar:

Birinchidan, musulmon kishi dinini go‘zal qilishga harakat qilishi lozim. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Agar sizlardan bir kishi o‘z islomini chiroyli qilsa, qilgan har bir yaxshiligi o‘n barobardan yetti yuz barobargacha ziyodasi bilan yoziladi. Yomonliklari esa qanday bo‘lsa-shunday yozib qo‘yiladi” (Imom Buxoriy rivoyati). 

Demak, behuda ishlarni tark qilib, musulmonchiligini chiroyli qilgan kishining bu dunyoda qilgan xayrli ishlarining savoblari oxiratda o‘n barobardan yetti yuz barobargacha ko‘paytirib berilar ekan;

Ikkinchidan, ushbu hadisning mazmuni yana ko‘plab oyat va hadislarda bayon etilgan. Jumladan, Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular behuda narsalardan yuz o‘girguvchilardir” (Mo‘minun surasi, 3-oyat). Ushbu oyatda najot topuvchi va Firdavs jannatiga muyassar bo‘ladigan mo‘min kishilarning sifatlaridan biri ularning behuda narsalardan tiyilishi ekani ta’kidlanmoqda. Zero, mo‘min kishi nafaqat gunoh ishlardan tiyilishi, balki barcha behuda narsalardan yuz o‘girishga harakat qilishi lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Zar G‘iforiy roziyallohu anhuga dedilar: “Odamning o‘z kamchiliklarini anglamasligi va behuda narsalarga aralashishi uning yomonligiga kifoya qiladi” (Ibn Hibbon rivoyati). Imom Molik o‘zining “Muvatto” kitobida keltirishicha, Luqmon hakimdan: “Sizni bu darajaga nima olib chiqdi?” deb so‘rashganida “Rostguylik, omonatni ado etish va behuda narsalarni tark etish”  deb javob bergan ekanlar;

Uchinchidan, insonga qaysi amal foydali va qaysi amal foydasiz ekani shariatda belgilangan. Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bir kuni minbarga chiqib: “Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni biling. Agar hidoyatda bo‘lsangiz, ularning adashganlari sizga zarar qilmas” (Moida, 105) oyatini o‘qidilar va odamlarga shunday murojaat qildilar: “Sizlar  ushbu oyatni o‘qib noto‘g‘ri xulosa qilmang, zero, men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Agar odamlar zolim kimsani ko‘ra turib, uning qo‘lidan tutib qaytarmasa, Alloh ularning barchasiga balo yuboradi” deganlarini eshitdim”.

To‘rtinchidan, musulmon kishiga lozim bo‘lgan eng muhim ishlardan biri tilni saqlashdir. Qof surasining 17-18-oyatlarida: “Ikki kutib oluvchi o‘ngda va chapda o‘tirgan hollarida kutib olurlar. Biror so‘z aytmas, magar huzurida hoziru nozirdir”, deyilgan. Ya’ni har bir insonning o‘ng va chap tomonidagi ikki farishta uning har bir qilgan amali va aytgan so‘zlarini yozib boradi. Hisob kunida insonga hujjat sifatida ko‘rsatiladigan amal daftari ushbu farishtalarning yozuvlari bo‘ladi. Hasan Basriy yuqoridagi oyatni o‘qib turib: “Ey odam bolasi, sening sahifang ochildi, ikki hurmatli farishta senga vakil qilindi, biri o‘ng tarafingda yaxshiliklaringni yozadi, ikkinchisi chap tarafingda yomonliklaringni yozadi, nimani xohlasang ozmi, ko‘pmi qilaver. Hayoting tugashi bilan sahifang berkitilib, qabringda bo‘yningga osib qo‘yiladi. Qiyomat kuni shunday holda qabringdan chiqasan”, degan ekanlar.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: “Ey Allohning Rasuli, biz har bitta gapirgan gapimizga ham javob beramizmi?” deb so‘raganda, Payg‘ambar alayhissalom: “Ey Muoz! Axir odamlarni do‘zaxga yuz tuban qulatadigan narsa tillarining hosili emasmi?!” deb javob berganlar (ImomTermiziy rivoyati). 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam): “Kim Alloh va oxirat kuniga imon keltirsa, yaxshilikni so‘zlasin yoki sukut qilsin”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon-musulmonlar uning tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lgan odamdir” , dedilar(Beshovlon rivoyat qilgan).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Eshitgan narsasini gapiraverishi kishining yolg‘onchiligiga kifoya qiladi”, dedilar” (Muslim rivoyati).

Ma’ruf Karxiy aytadilar: “Bandaning behuda so‘zlarni gapirishi uni Allohning marhamatidan benasib qiladi”.

Umar roziyallohu anhu aytadi: “Kimning gapi ko‘paysa, uni toyilishi ko‘payadi. Kimning toyilishi ko‘paysa, gunohi ko‘payadi. Kimning gunohi ko‘paysa, u do‘zaxga mustahiq bo‘ladi”.

Hisob-kitob kunida kishi har bir behuda so‘zni so‘zlagani uchun beshta savolga tutiladi:

  • Falon so‘zni nega aytding, uning senga nima ahamiyati bor edi?
  • Uni so‘zlab nima foyda topding?
  • Agar aytmaganingda, senga nima ziyon bo‘lardi?
  • Jim turib yomonligidan salomat qolsang bo‘lmasmidi?
  • Uning o‘rniga “Subhanallohi valhamdu lillahi va la ilaha illallohi vallohu akbar”ni aytsang, bo‘lmasmidi?

Imom Shofiiy: “Uch narsa aqlni ziyoda qiladi: Olimlar bilan hamsuhbat bo‘lish, yaxshi kishilarga sherik bo‘lish va behuda so‘zlarni tark qilish”, degan.

Xulosa shuki, musulmon kishi zimmasida qancha mas’uliyat va vazifalar borligini his etgan holda dunyo va oxiratga foydasi tegadigan ishlarni ko‘proq qilishga harakat qilishi kerak. Ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida inson umrini bekor ketkazuvchi turli-tuman vositalar ko‘paydi. Dunyo – oxirat ekinzori, hayot qisqa. Oxirat ozig‘ini g‘amlash uchun umrimizni g‘animat bilaylik. Qur’oni karimda Yaratganning O‘zi bizlarga shuni eslatadi: “Ey insonlar, albatta Allohning va’dasi haqdir. Shunday ekan hayoti dunyo sizni g‘ururga ketkazmasin. O‘ta g‘ururga ketkazguvchi (Shayton) ham sizni Allohdan chalg‘itmasin. Chunki Shayton sizga dushmandir. Siz ham uni dushman tuting. U o‘ziga ergashganlarni faqat o‘ta qizigan do‘zax egalaridan bo‘lishlari uchun chaqirur” (Fotir surasi, 5-6-oyatlar)

 

Mo‘minjon USMONOV,

Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tuya qurbonlik qilishni istaysizmi?

06.06.2025   12822   1 min.
Tuya qurbonlik qilishni istaysizmi?

Imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Jumaga erta borganga tuya qurbonlik qilganning savobi beriladi...

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki, juma kuni bo‘lsa, masjidning eshiklaridan har bir eshikda farishtalar turadi va kelganni yozadilar. Qachonki imom kelsa, sahifalarni yopib, zikrni tinglashga kelurlar. Erta boruvchi xuddi tuya qurbonlik qilgan kabidir.

So‘ngra, xuddi qoramol qurbonlik qilgan kabi.

So‘ngra, xuddi qo‘chqor qurbonlik qilgan kabi.

So‘ngra, xuddi tovuq qurbonlik qilgan kabi.

So‘ngra, xuddi tuxum qurbonlik qilgan kabi",
dedilar.