(16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni)
Muhtaram jamoat! Insoniyat tarixiga nazar tashlasangiz, qaysi jamiyatlarda ahillik, birodarlik, o‘zaro hamjihatlik joriy bo‘lsa, ularda taraqqiyot, ravnaq va el osoyishtaligi-yu farovonligi hukm surgan. Aksincha, qay bir jamiyatda murosasizlik, noahillik, o‘zaro xusumat kuchaysa, bunday jamiyatlarda urush va mojarolar avj olgan, yurt vayron, el parokanda bo‘lgan. Alloh taolo bandalarini urushishga, bir-birlarining qonini to‘kishga, mojarolar chiqarishga emas, balki ahillikda, bir-birlariga bag‘rikenglikda, o‘zgalarning haq-huquqlarini hurmatlagan holda yashashga buyurgan.
Mustaqil o‘lkamiz – O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat vakillari turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar bo‘lib, alhamdu-lillah, tinch-omon, ahil-inoq yashab kelmoqdalar. Ana shu ezgulik va tinchlik-osoyishtalik omili bo‘lgan diniy bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga diyorimizda alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Haqiqatan ham, yurtimizda xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zaminda, bir vatanda, buyuk g‘oya va sof niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashligi – diniy bag‘rikenglikning yorqin namunasidir.
Islomda barcha millat va elatlarning teng huquliligi, mukarramlik faqat taqvoda ekani haqida Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ
(سُورَةُ الحُجُرَاتِ/13).
ya’ni: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Islom dini ta’limotlariga ko‘ra, hech bir e’tiqodga insonlar yoki jamoalar majburlab, zo‘rlab kiritilmaydi. Bu haqda Qur’oni karim shunday xabar beradi:
لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ قَدْ تَبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ فَمَنْ يَكْفُرْ بِالطَّاغُوتِ وَيُؤْمِنْ بِاللَّهِ فَقَدِ اسْتَمْسَكَ بِالْعُرْوَةِ الْوُثْقَى لَا انْفِصَامَ لَهَا وَاللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ
(سُورَةُ البَقَرَةِ/256).
ya’ni: “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi. Bas, kim shaytonni (yoxud butlarni) inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u buzilmas, ishonchli halqani tutibdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir” (Baqara surasi, 256-oyat).
Muhtaram azizlar! Muqaddas dinimizda bag‘rikenglikka dalolat qiluvchi hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) bunday deb marhamat qilganlar:
عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "تَصَدَّقُوا عَلَي أَهْلِ الْأَدْيَانِ كُلِّهَا"
(رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ أَبِي شَيبَةَ فيِ كِتَابِ مِرقَاةِ المَصَابِيحِ لِعَلِيِّ القَارِي).
ya’ni: Mullo Ali Qorining “Mirqot ul-masobih” asarida kelgan xabarda Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: “Barcha din ahliga xayru-ehson qilingizlar” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan).
Dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasi nafaqat dindorlarning, balki butun jamiyat a’zolarining ezgulik yo‘lidagi hamkorligini nazarda tutadi hamda tinchlik va barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi.
Hazrati Rasuli akram (s.a.v) ning yuksak insoniy tabiatli diniy erkinlik to‘g‘risidagi ko‘rsatmalariga u zotdan keyingi islom hukmdorlari ham qat’iy amal qilishdi. Umar ibn Xattob (r.a) Baytul-Maqdis (Quddus)ga fotih sifatida kirganlarida u yerning masihiy aholisi yahudiylar bilan shaharda birga yashamasliklarini shart qilib qo‘yishadi. Shunda u kishi bunga rozi bo‘ladilar. Vaholanki, Umar ibn Xattob Quddusni fath qilgan, bu shartni qabul qilmasliklari mumkin edi. U kishi “Quddus ul-kubro” cherkovida turganlarida asr namozi vaqti kirib qoldi. Shunda bo‘lgan takliflarga ham qaramay, u yerda namoz o‘qishdan bosh tortdilar. Sababi, musulmonlar buni dalil qilib olib, cherkovni masihiylardan tortib olib masjid qilib olmasliklari uchun shunday qilgan edilar. Zero, tarix kitoblarida:
"فَقَدْ ذَكَرَتْ كُتُبُ التَّارِيخِ أَنَّ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنهُ اِمْتَنَعَ عَنِ الصَّلاَةِ فيِ الكَنِيسَةِ حَتَّى لَا يَسْلُبَهَا المُسْلِمُونَ مِنَ الرَّهبَانِ بِحُجَّةِ صَلاَةِ عُمَرَ فِيهِ"
ya’ni: “Tarix kitoblarida kelishicha, Umar (r.a.) cherkovda namoz o‘qishdan to‘xtadilar, toinki musulmonlar Umar (r.a.) cherkovda namoz o‘qigan, deb kanisolarini rohiblardan tortib olib masjid qilmasinlar”.
Islom diniga ko‘ra, boshqa e’tiqodda bo‘lgan ahli kitoblarning ibodatxonalari ham xuddi masjidlar kabi himoyaga olinadi, ularni besabab buzish yoki biror zarar yetkazish dinimizga ko‘ra taqiqlanadi. Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, ahli kitoblarni musulmonlar diyorida turli vazifalarga qo‘yish taqiqlanmaydi. O‘tmishda Bag‘dod va Damashq madrasalarida ahli kitoblardan ko‘plab mudarrislar tahsil berishgan. Hatto ayrim islom hukmdorlarining xos tabiblari va kotiblari nasroniy yoki yahudiylardan bo‘lgan.
Jahondagi barcha dinlarning asl mohiyati tinchlik, jumladan islom dini insonlarni irqi, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar ular bilan tinch-totuv yashashga buyuradi. Afsuski, bugungi kunda biz jahonning turli nuqtalarida, ayniqsa Yaqin Sharq mamlakatlarida diniy, milliy va boshqa ijtimoiy-siyosiy omillar negizida yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida yuzlab odamlarning qurbon bo‘layotgani, minglab kishilarning o‘z boshpanalaridan ayrilib, tug‘ilib o‘sgan yurtlarini tashlab ketishga majbur bo‘layotgani kabi ayanchli jarayonlarning guvohi bo‘lmoqdamiz. Ming afsuslar bo‘lsinki, ba’zi bir yoshlar din niqobi ostida bilib-bilmay mana shunday urush o‘choqlarida o‘zga din vakillarini turli qiynoqar bilan azoblab, xatto ularni vahshiyonalik bilan o‘ldirmoqdalar. Zero, Payg‘ambarimiz (s.a.v) o‘z hadislarida:
“Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni Meni o‘zining dushmani sifatida ko‘radi” (Imom Ahmad ibn Hanbal, “Musnad”).
Buyuk ajdodlarimizning boy madaniyat va ma’rifat buloqlaridan bahramand bo‘lgan xalqimiz nafaqat millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik balki dinu diyonat, iymon-e’tiqod, odobu axloq, mehru muruvvat, oila, farzand tarbiyasi, ota-ona hurmati va izzati borasida ham o‘ziga xos keng fellik, saxovat va mo‘tadillik tamoyillariga amal qilib kelmoqda. Mamlakatimiz tarixan ko‘pmillatli o‘lka bo‘lgani tufayli bu zaminda turli-tuman din vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Joriy yilning sentyabr oyida mamlakatimizga tashrif buyurgan Moskva va Butun Rus patriarxi Kirill millatlararo tinchlik-totuvlik, turli din vakillari o‘rtasida do‘stlik va mehr-oqibatni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.
Shuningdek, 18 oktyabr kuni Toshkent shahridagi “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston – Ozarbayjon misolida” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlar vakillari ishtirok etishdi. Jami to‘qqiz yuzdan ortiq kishi qatnashgan mazkur konferensiyaga respublikamizdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, diniy soha xodimlari, respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan dinlar, konfessiyalar vakillari, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari ham taklif etildi. Tadbir avvalida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Jumladan, tabrikda shunday deyiladi:
“Bugungi kunda butun dunyo, ayniqsa, islom hamjamiyati davrning tahlikali tahdidlari bilan yuzma-yuz turibdi. Islom dinini siyosiylashtirish va musulmon yoshlarni radikallashtirish borasidagi o‘rinishlar bunday xatarlarni o‘ta jiddiy tahlil qilish, baholash va ularga munosib javob berishni taqozo etmoqda. Dunyodagi ayrim doiralar islomga qarshi kayfiyatni kuchaytirgan holda, Islom dinini terrorizm mafkurasi bilan bog‘lashga o‘rinayotganini ming afsus bilan qayd etishga to‘g‘ri keladi. Bu omil islom olamini yanada jipslashishga chorlamoqda. Islom hamjihatligi jahondagi keskinlikni yumshatishda muhim rol o‘ynashi mumkin”.
Kuni kecha mamlakatimiz poytaxti Toshkentda 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.
Muhtaram jamoat! Islom dining asl maqsadi ham farzandlarimizni ilmli, marifatli, boshqa din vakillari bilan ahil bo‘lishga, odob-axloqli xar tomonlama yetuk shaxslarni tarbiyalashdir. Yurtimizning ko‘pgina shaharlarida masjid, cherkov va sinagogalar o‘z ibodatchilariga emin-erkin xismat ko‘rsatib kelgani, tariximizning og‘ir sinvli damlarida ham diniy asosda mojorolarning chiqmaganligi xalqimizning dinlararo bag‘rikenglik borasida o‘lkan tajribaga ega ekanligidan dalolat beradi. Shunday ekan, biz farzandlarimizni xar tomonlama yetuk bo‘lib yetishi uchun barchamiz mas’uldirmiz.
Muhtaram jamoat! Bugungi juma mav’izamizda masjidning odoblari haqida zikr qilib o‘tamiz:
- masjidga xolis ibodat qilish niyatida borish;
- mukammal tahorat olib kirish;
- xushbo‘ylanib, soch-soqollarni tartibga solish;
- tirnoqlarni olib, o‘zini pokiza holga keltirish;
- avratlarni to‘liq yopadigan kiyimlarni kiyish (hozirda ko‘p ko‘zatilayotgan kalta kiyim va shimlarni kiyganlarning yopilishi farz bo‘lgan avrat joylari ko‘rinayotgani achinarli holat);
- piyoz va sarimsoq kabi mahsulotlarni iste’mol qilmasdan kelish;
- masjidga barvaqt borib, kech qaytish;
- imkon qadar ertaroq kelib, birinchi qatordan saflarni to‘ldirib o‘tirish;
- odamlarni ustidan bosib o‘tmaslik, juma namozida imomning ma’ruzasiga diqqat bilan quloq solib o‘tirish;
- besh vaqt namoz uchun aytiladigan azonlarni masjidga borib, o‘sha yerda eshitish;
- masjidga bismillohni aytib kirish, masjidga kirishda aytiladigan maxsus duo “Allohumma iftahli abvaba rahmatik” deb aytish;
- o‘ng oyoq bilan kirish;
- o‘ziga munosib joyga, agar odamlar ko‘p bo‘lsa bo‘sh joyga borib o‘tirash;
- agar namoz o‘qish makruh bo‘lmagan vaqt bo‘lsa, o‘tirishdan oldin ikki rak’at sunnat bo‘lgan “tahiyyatul masjid” namozini o‘qish;
- juma namoziga kelganda esa, tahiyyatul masjid namozini imomning ma’ruzasini tinglayotgan namozxonlarga xalal bermaydigan joyga o‘tib (xonaqodan tashqarida masalan, ayvonda) o‘qish;
- imom-xatib xutbaga chiqqanda hech qanday namoz o‘qish mumkin emas;
- masjidda tinchlikni saqlash va sokin holda o‘tirib, zikrga sho‘ng‘ish;
- xonaqoda salomlashish va dunyoviy gaplarni gapirishdan saqlanish;
- zikru tasbihlarni ham boshqalarga xalal beradigan darajada ovoz chiqarmasdan aytish;
- juma namoziga kelganda g‘usl qilish;
- imom domla bilan birga jamoaviy duo va tasbehlarni aytish;
- namozdan so‘ng masjiddan hamma bilan birga chiqib ketish;
- masjiddan chiqishda maxsus duo “Allohumma inni as’aluka min fazlikal azim”ni aytib chiqish.
Alloh taolo mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha dindorlarni tinchlik, totuvlik, o‘zaro hurmat va e’tiborda istiqomat qilishlarida madadkor bo‘lib, Ona-Vatanimizni turli balo va ofatlardan hifzu himoyasida saqlasin. Omin!
17 noyabrdagi juma tezisga ILOVA
Muhtaram azizlar! Kuni kecha davlatimiz Rahbari raisligida mamlakatimizda huquqbuzarliklarprafiliktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilargan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda har bir mahallaning jinoyatchilikda xoli hududga aylantirish, bu borada befarqlik, loqaydlik xolatlariga barham berish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlash borasida davlat va jamoat tashkilotlari oldida turgan dolzarb masalalar belgilab berildi. Har bir fuqaro “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak” degan tuyg‘u bilan yashashi g‘oyat muhim ekanligi ta’kidlandi.
Barchamiz yaxshi bilamizki, huquqbuzarliklar o‘z-o‘zidan sodir etilmaydi. Shunday ekan, asosiy e’tiborni huquqbuzarlikni oqibatlari bilan kurashishga emas, balki, barvaqt uning oldini olish va o‘z vaqtida bartaraf etishga qaratishimiz zarur bo‘ladi.
Keyingi vaqtlarda kollej va maktab o‘quvchilari o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar tashvish o‘yg‘otmoqda. Qayd etilishicha, bittagina Toshkent shahrida o‘tkazilgan reydlar davomida 22 nafar o‘quvchidan o‘tkir tig‘li qurol topilgan.
Jamiyatdagi insonlarning o‘zaro bir-birlaridagi haq-huquq va majburiyatlarini astoydil ado etib, joriy bo‘lgan ma’lum qonun-qoidalarga rioya qilib yashashlari ijtimoiy adolatning qaror topishida muhim o‘rin tutadi. Islom dinimizda jamiyatdagi har bir kishining haq-huquq va majburiyatlari uning millati va e’tiqodidan qat’iy nazar aniq va ravshan belgilab berilgan.
Jumladan Alloh taolo O‘z kalomi sharifida aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ...
(سورة النساء/29)
ya’ni: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno” (Niso surasi, 29-oyat). Demak, ushbu oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, modomiki insonlar bir birining molini o‘zlariga harom ekanligini bilmas ekan, jamiyatdagi jinoyatlar sodir etilaveradi.
Yana bir oyatda Alloh taolo marhamat qiladiki,
يَا أَيُّهَا الرُّسُلُ كُلُوا مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَاعْمَلُوا صَالِحًا إِنِّي بِمَا تَعْمَلُونَ عَلِيمٌ
ya’ni: «Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu (ish) qilingiz! Albatta, Men qilayotgan ishlaringizni biluvchidirman” (Mu’minun surasi, 51-oyat). Shunday ekan har bir ota-ona halol mehnat qilib farzandlariga yegizmoqligi vojib bo‘ladi. Bu esa farzandlarini kelajakda solih va sog‘lom bo‘lishiga asosdir.
Shuningdek, jamiyatdagi buzg‘unchilik va birovning haqqidan hazar qilish to‘g‘risida ogohlikka chaqirib Rabbimiz shunday deydi:
(فَأَوْفُوا الْكَيْلَ وَالْمِيزَانَ وَلَا تَبْخَسُوا النَّاسَ أَشْيَاءَهُمْ وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا … (سورة الأعراف/85
ya’ni: “Bas, o‘lchov va tarozini to‘la-to‘kis o‘lchangiz, odamlarning narsalarini urib qolmangiz va yaroqli qilib qo‘yilgandan so‘ng Yerda buzg‘unchilik qilmangiz!” (A’rof surasi, 85-oyat).
Dinimizda jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishidan qat’iy qaytarilgan.
Muhtaram imom-domla! O‘tgan 10 noyabr tezisidagi ILOVAning mazmunini yana bir karra jamoatga eslatishingiz so‘raladi.
Shu yil 9 yanvar kuni Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligida vakillik xodimlari, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va iqtidorli imomlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh O‘zbekiston tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab tumandagi 7 ta masjid va 7 ta mahallada, shuningdek, “Haj — 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, amaliy tadbir rejasi tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari va imom-xatiblarga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj – 2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etdi. Birgalikda mahallaning eng kamida 3 tagacha muammoli xonadoniga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘radi. Ularning muammolarini o‘rgandi, taklif, fikr-mulohazalarini tingladi. Imom-xatiblar 22 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, tumandagi "Qudash" muruvvat uyiga tashrif buyurilib, tashrif chog‘ida muruvvat uyida yashovchi imkoniyati cheklangan, mehr-muruvvatga muhtojlarni holidan xabar olinib, muruvvat uyi uchun maishiy texnika va maishiy jihozlar hamda boshqa turdagi zaruriy ashyolar xayriya qilindi.
Shu bilan birga, muruvvat uyida "Yashil makon" dasturi doirasida 100 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Tumanning "Bog‘i Eram" mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oilaga homiylar ko‘magi bilan zamonaviy qulay sharoitlarga ega bir xonalik uy qurib berildi. Ishchi guruh mazkur xonadonga tashrif buyurib, xonadon egalari bilan muloqot qildi.
Peshin namozi so‘ngida masjidlarda jamoatga ma’ruza qilinib, odamlarga manfaat yetkazishning fazilati, ofiyat ulkan ne’mat ekani, yoshlar tarbiyasi doimiy e’tibor markazda bo‘lishi zarurligi, bu borada ota-onalarning o‘rni haqida ilmiy va hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.
Masjidlar va imomlar faoliyati ko‘zdan kechirildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati