Sayt test holatida ishlamoqda!
16 May, 2025   |   18 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:25
Shom
19:39
Xufton
21:08
Bismillah
16 May, 2025, 18 Zulqa`da, 1446

Olimlar sog‘lik uchun eng foydali oziqni topishdi

14.11.2017   13619   2 min.
Olimlar sog‘lik uchun eng foydali oziqni topishdi

(Ey Muhammad!) Rabbingiz asalarilarga vahiy (buyruq) qildi: Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) barpo qiladigan narsalarga in quringiz. So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo‘ygan yo‘llardan yuringiz! Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir (Nahl surasining 68-69-oyatlari).

Payg‘ambarimiz asalni yaxshi ko‘rar, boshqalarni ham bu ne’matdan yeyishga, u bilan davolanishga chaqirardilar. Bir kishi Nabiy alayhissalom huzurlariga kelib: «Birodarimning qorni og‘riyapti»,  dedi. Rasululloh unga: «Birodaringga asal ichir», deb tavsiya qildilar. Haligi odam unga asal ichirdi. Keyin kelib aytdi: «Men unga asal ichirdim. Ammo battar ichini ketkizib yubordi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Allohning gapi rost, birodaring qorni aldagan!» dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: “Kimda-kim har oyda uch marta, nahorda (och qoringa) asal yalasa, kasallikning kattasi unga yaqin yo‘lamaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan. Hadis sanadi zaif).

*   *   *

Insonlar iste’mol qiladigan mahsulotlar ustida tadqiqot olib borgan olimlar asal eng foydali ozuqa degan xulosaga kelishdi. “Mo‘jizaviy hapdori” vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan asal inson tanasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng ajoyib ozuqadir, demoqda Rossiya OAV.

Mutaxassislarning fikricha, bir choy qoshiq asal kun davomida sog‘liqni saqlab yurishga yetadi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, asal juda ham yaxshi antioksidant ekan. Demak, muntazam asal iste’mol qilib yurilsa, tana toksinlardan xalos bo‘lib boradi va asalning mikrobga qarshi kurashish xususiyati terining holatini bir necha barobar yaxshilaydi.

Ozishni xohlaganlarga har qanday shirinlik yeyish taqiqlanadi, ammo asal bundan mustasno. Chunki asalning tarkibidagi shakar shokoladning tarkibidagi shakardan farq qiladi. Asal metabolizmni tezlashtiradi va vazn tashlashga yaxshi foyda beradi.

Har kuni asal iste’mol qilish tananing xolestringa qarshi kurashishida samarali ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, asal  siqilishlarning oldini oladi, tanada toksinlar yig‘ilishiga qarshilik ko‘rsatadi hamda xotirani mustahkamlaydi. 

Bundan tashqari asal tarkibidagi kalsiy miyaga yengil so‘riladi va uning ishlash qobiliyatini yaxshilaydi.

Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi

Tabobat
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

14.05.2025   2942   3 min.
O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.

Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.

Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.

Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.

“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.

Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.

Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.

Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.

Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.

Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.

Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.

Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.

MAQOLA