Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446

Olimlar sog‘lik uchun eng foydali oziqni topishdi

14.11.2017   13284   2 min.
Olimlar sog‘lik uchun eng foydali oziqni topishdi

(Ey Muhammad!) Rabbingiz asalarilarga vahiy (buyruq) qildi: Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) barpo qiladigan narsalarga in quringiz. So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo‘ygan yo‘llardan yuringiz! Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir (Nahl surasining 68-69-oyatlari).

Payg‘ambarimiz asalni yaxshi ko‘rar, boshqalarni ham bu ne’matdan yeyishga, u bilan davolanishga chaqirardilar. Bir kishi Nabiy alayhissalom huzurlariga kelib: «Birodarimning qorni og‘riyapti»,  dedi. Rasululloh unga: «Birodaringga asal ichir», deb tavsiya qildilar. Haligi odam unga asal ichirdi. Keyin kelib aytdi: «Men unga asal ichirdim. Ammo battar ichini ketkizib yubordi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Allohning gapi rost, birodaring qorni aldagan!» dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: “Kimda-kim har oyda uch marta, nahorda (och qoringa) asal yalasa, kasallikning kattasi unga yaqin yo‘lamaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan. Hadis sanadi zaif).

*   *   *

Insonlar iste’mol qiladigan mahsulotlar ustida tadqiqot olib borgan olimlar asal eng foydali ozuqa degan xulosaga kelishdi. “Mo‘jizaviy hapdori” vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan asal inson tanasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng ajoyib ozuqadir, demoqda Rossiya OAV.

Mutaxassislarning fikricha, bir choy qoshiq asal kun davomida sog‘liqni saqlab yurishga yetadi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, asal juda ham yaxshi antioksidant ekan. Demak, muntazam asal iste’mol qilib yurilsa, tana toksinlardan xalos bo‘lib boradi va asalning mikrobga qarshi kurashish xususiyati terining holatini bir necha barobar yaxshilaydi.

Ozishni xohlaganlarga har qanday shirinlik yeyish taqiqlanadi, ammo asal bundan mustasno. Chunki asalning tarkibidagi shakar shokoladning tarkibidagi shakardan farq qiladi. Asal metabolizmni tezlashtiradi va vazn tashlashga yaxshi foyda beradi.

Har kuni asal iste’mol qilish tananing xolestringa qarshi kurashishida samarali ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, asal  siqilishlarning oldini oladi, tanada toksinlar yig‘ilishiga qarshilik ko‘rsatadi hamda xotirani mustahkamlaydi. 

Bundan tashqari asal tarkibidagi kalsiy miyaga yengil so‘riladi va uning ishlash qobiliyatini yaxshilaydi.

Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi

Tabobat
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Diniy-ma’rifiy sohalardagi islohotlar inson manfaatlariga qaratilgani bilan diqqatga sazovor

23.04.2025   867   11 min.
Diniy-ma’rifiy sohalardagi islohotlar inson manfaatlariga qaratilgani bilan diqqatga sazovor

Keyingi yillarda diniy-ma’rifiy sohalardagi ezgu tashabbuslar fuqarolarning vijdon erkinligiga oid huquq va manfaatlarini to‘laqonli ta’minlash, ularning diniy amallarni ado etishlari uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish, muqaddas Islom dinining tinchlikparvar, ma’rifatparvar, ezgulikka yo‘g‘rilgan g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 21 apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi. 

Mazkur hujjatning ahamiyati haqidaO‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, taniqli dinshunos olim Muzaffar Komilov bilan O‘zA muxbiri suhbatlashdi. 

 – Muzaffar Murotovich, Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining ahamiyati haqida so‘zlab bersangiz.

 – Haqiqatdan ham, muhtaram Prezidentimizning ushbu farmoni diniy-ma’rifiy sohaga davlat siyosati darajasidagi e’tiborning yana bir yorqin namunasi deyishimiz mumkin. “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmonning mazmun-mohiyatini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bugun bu sohaga alohida e’tibor va mehrni his qilib turibmiz. 

Mazkur farmon mamlakatimizda diniy sohadagi davlat siyosatini yanada takomillashtirishga oid muhim hujjatlardan biri bo‘lib fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda alohida ahamiyat kasb etadi.

4 ta bo‘lim 17 ta banddan iborat bo‘lgan farmonda bugun diniy-ma’rifiy sohada muammo bo‘lib turgan ayrim yo‘nalishlarni muhtaram Prezidentimizning o‘zlari alohida tahlillarga asoslangan holda ko‘rib chiqib, uning yechimilarini berdi.

Eng avvalo, bugungi murakkab sharoitda dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatib, mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan xalqchil tamoyilga asoslangan islohotlar qanchalik muhim ekanligini ushbu farmondan ko‘rishimiz mumkin.

Farmonda belgilangan asosiy maqsadlar, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, har bir shaxsning dinga e’tiqod qilish yoki qilmaslik huquqini kafolatlash, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymaslik, diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tushunish muhitini yaratishdan iborat.

Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda diniy ta’lim muassasalarini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik bugun kun tartibida turgan dolzarb masalalardan ekanligini ko‘rib turibmiz. 

Jamiyatda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bag‘rikenglik, fuqarolararo totuvlik hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida “Bag‘rikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining yangi hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu jamiyatdagi muammolarni mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda, bahamjihat, bamaslahat hal qilish uchun asos va tamal toshi vazifasini bajaradi.

Shuningdek, ushbu farmon bilan diniy-ma’rifiy sohadagi tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirib borish maqsadida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi Diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilishini shaxsan o‘zim yuqori kayfiyat bilan qabul qildim. Sababi, muvofiqlashtiruvchi kengash diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi.

Ushbu farmonning ijrosi orqali mamlakatimizda diniy sohadagi davlat siyosati yanada takomillashadi, fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlanadi, jamiyatda tinchlik va totuvlik muhiti mustahkamlanadi.

– Ushbu farmonga muvofiq, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga aylantirildi. O‘quv-ilmiy dargohining qayta nomlanishi uning faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
 

–O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi – diniy-ma’rifiy sohadagi ta’lim, din va davlat munosabatlari uyg‘unligini va birdamligini ko‘rsatib beradigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi nomiga o‘zgartirilgani bevosita akademiyani o‘zining faoliyatidagi qamrovni, ilmiy-akademik  yo‘nalishlar, tadqiqotlar va shu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish masalasini oldiga qo‘yadi. Aynan shu maqsadda akademiyaning nomi shu  yo‘nalishga mos ravishda o‘zgartirildi. 

Akademiyaga juda katta vazifalar qo‘yilgan. Jumladan, 6 ta banddan iborat topshiriq ya’ni, islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish, vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish oldimizda turgan eng muhum vazifalar.

Diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, ilm-fan yo‘nalishiga tadbiq etish shuningdek, internet tarmog‘ida turli xolis va noxolis fikrlar bildirilayotgan manbaalarning o‘rniga haqiqiy ilmiy, asosli xulosalarga ega bo‘lgan kontentlar bilan to‘ldirish talab etiladi. Albatta, yoshlarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanni sevish, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish bo‘yicha alohida vazifa va topshiriqlar berilgan.

Qolaversa, mazkur farmon bilan akademiyaga bir qator huquqlar ham berilayapti. Ko‘p yillar davomida akademiyada yig‘ilib qolgan muammolar, jumladan, xorijdan professor-o‘qituvchilarni chaqirishda nomutanosibliklar bor edi. Akademiyaga o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarga munosib to‘lovlarni amalga oshirish, talab ko‘p bo‘lgan yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha to‘lov-kontraktlar summasini bir necha barobarga oshirgan holda talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish imkoniyati berildi. 

Yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda Akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborishdagi ayrim muammolar ham o‘z yechimini topdi. Akademiyaga o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish imkoniyatining berilgani maqsadga muvofiq bo‘ldi. Bundan butun jamoamiz, professor-o‘qituvchilar, ilm ahli, ziyolilar juda ham mamnun. 

– Hujjatda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.  Ushbu markaz yurtimiz ma’rifiy hayotida qanday o‘rin egallaydi? Sizningcha, hazrat Bahouddin Naqshband ilmiy merosining ahamiyati qanday?

– Har bir millat o‘zining ma’naviy boyligi, tarixiy merosi va ulug‘ allomalari bilan faxrlanadi. Bunday ulkan shaxsiyatlardan biri tasavvuf ilmi va irfon yo‘lining yirik namoyandalaridan biri bo‘lmish Xoja Bahouddin Naqshband hazratlaridir. U kishining ilmiy merosi nafaqat Islom olamida, balki butun insoniyat ma’naviyatida alohida o‘ringa egadir.

Farmon asosida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi, ochig‘i bu, bizning bir necha yillardan buyon ushalmay turgan orzuyimiz edi. Esimda bor, o‘tgan yili Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim janobi oliylari Toshkentga kelganlarida ham Buxoroga qilgan tashriflari davomida “hazrat Bahouddin Naqshbandga bizda millionlab ergashuvchi izdoshlar bor, agar bu yerlarda yaxshi imkoniyatlar bo‘lsa kelib ilmiy tadqiqotlar olib borilsa, asarlari o‘rganilsa, naqshbandiylik ta’limotini yoshlarga to‘g‘ri talqin qila oladigan mutaxassislar doirasidagi davra suhbati va konferensiyalar o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi”,  degan takliflarni bildirgan edi. 

Farmon bilan Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish, tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishining asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shu bilan birga Bahouddin Naqshband ilmiy merosini o‘rganish orqali akademik tadqiqotlar yo‘nalishlari ham kengaymoqda. Zero, ul zotning  asarlari nafaqat irfonga oid, balki ijtimoiy, axloqiy va madaniy sohalarda ham mustahkam asosga ega. Ushbu meros xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan bo‘lib, uning tadqiqi turli tillarga tarjima qilinayotgani va dunyo ilmiy jamoatchiligi orasida qiziqish uyg‘otayotgani  buning isbotidir. Bu meros har bir insonni kamtarlik, poklik, adolat va ezgulikka chorlaydigan mustahkam yo‘ldir.

– Mazkur farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Haj va Umra yagona portali”ni yaratish ko‘zda tutilgan. Ushbu portalning  ishga tushishi muborak ziyoratga boruvchilar uchun qanday yengilliklar yaratadi? 

–  Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Haj va Umra yagona portali” yaratiladi. Ushbu tashabbus mamlakatimizda diniy sohadagi islohotlarning yangi bosqichidan dalolat beradi. Mazkur portalning joriy etilishi ziyorat qiluvchilar uchun bir qancha qulayliklarni yaratadi.

Avvalo, elektron tartibda murojaat va ro‘yxatdan o‘tish imkoni tug‘iladi. Bu orqali fuqarolar Haj yoki Umra ziyoratiga borish uchun navbatga turish, hujjatlarni to‘plash va topshirish kabi jarayonlarni onlayn shaklda amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Bu esa ularning vaqtini va sa’y-harakatlarini tejashga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, shaffoflik ta’minlanadi. Portalda navbatlar, to‘lovlar va boshqa barcha jarayonlar ochiq tarzda namoyon bo‘ladi. Bu orqali korrupsiyaning turli ko‘rinishlarining oldi olinadi.

Uchinchidan, xizmatlar markazlashtiriladi. Safar oldidan zarur bo‘lgan tibbiy ko‘riklar, ma’lumotnomalar, sug‘urta va boshqa xizmatlar ham portal orqali muvofiqlashtiriladi. Shu tariqa ziyoratga tayyorgarlik ko‘rish yanada osonlashadi.

To‘rtinchidan, axborot xabardorligi oshadi. Ziyoratchilar uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlar – safar jadvali, manzillar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, diniy-ma’rifiy yo‘riqnomalar, ziyorat odoblari va boshqa ko‘rsatmalar to‘liq elektron tarzda taqdim etiladi.

Beshinchidan, tezkor aloqa va murojaat xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Ziyorat davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etish, favqulodda holatlarga javob berish imkonini beradigan elektron murojaat va aloqa tizimi ham portalning muhim qismi bo‘ladi. Bu tashabbus mamlakatimizda diniy sohani raqamlashtirish va fuqarolarga xizmat ko‘rsatish darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

– Samimiy suhbat uchun tashakkur!

 

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri

MAQOLA