frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qur’on tilovatini tark etmaylik!

13.11.2017   12063   4 min.
Qur’on tilovatini tark etmaylik!

Qur’on oyatlarini ixlos bilan tilovat qilishlik yoki tinglashlik ham Allohning rahmatiga tezda olib boradi. Chunki Alloh taolo «Qur’on tilovat qilganda, uni tinglanglar va jim turinglar, shoyad, rahmatga erishsangiz», deb aytgan (A’rof, 204). Bunda Allohning «shoyad» degani bo‘lishi «aniq» dir, deb ulamolar tafsir qilishgan.

Qur’on xuddi suhbatdosh kabidir. U bilan qancha uzoq suhbat qursangiz, u sizga o‘z sirlarini ochadi. Shuning uchun ham Allohning kalomida insonlarning e’tibori Qur’on tilovatiga va undagi hikmatlarga amal qilishga jalb etiladi, xususan:

«Darhaqiqat, biz Qur’onni zikr uchun oson qildik. Bas, zikr qiluvchi bormi?!» (Qamar, 17)

«Bu (Qur’on) odamlar uchun qalb ko‘zlari, aniq ishonadigan qavm uchun hidoyat va rahmatdir» (Josiya, 20)

Shu o‘rinda, ulamolar Qur’on tilovatining quyidagi fazilatlarini aytib o‘tishadi:

Birinchisi, Qur’oni Karim shafoati. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh aytadilar: «Qur’onni doimo o‘qing, chunki u qiyomat kunida tilovat qilganlarni shafoat qiladi».

Ikkinchisi, Qur’oni Karim o‘z o‘quvchisini jannatda oliy maqomga olib chiqadi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda payg‘ambarimiz aytadilar: «Qur’on o‘z o‘quvchisiga shunday deydi: «O‘qinglar, o‘rningizdan turinglar va foniy dunyoda o‘qiganingiz kabi chiroyli tilovat qilinglar. Shunda oxirgi oyatni o‘qib tugatgan joyingiz, sizning oliy maqomingiz bo‘ladi».

Amr ibn Os: «Qur’ondagi har bir oyat jannatdagi daraja va uylaringizdagi chiroqdir».

Uchinchisi, Qur’oni Karim tilovatining yuksak fazilati va savobi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh aytadilar: «Kimki Allohning kalomidan bir harfni o‘qisa ham, unga o‘nta savobga teng yaxshilik qayd etilibdi. Shu o‘rinda, «Alif lom mim» oyatini bir harf demaymiz, balki «Alif» bir harf, «Lom» bir harf va «Mim» bir harf, deb ta’kidlaymiz».

To‘rtinchisi, Qiyomat kuni Qur’oni Karim o‘z o‘quvchisini chaqiradi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Muhammad (SAV) aytadilar: «Qiyomat kunida Baqara va Oli Imron suralari Qur’on ahlini chorlaydi».

Shu o‘rinda diniy ulamolar ta’kidlashadiki, «Qur’on kitobing bilan do‘st bo‘lgin, chunki qayta tirilganingda u o‘qiganlaringni so‘zlab beradi».

Beshinchisi, Qur’on tilovatchisining bu dunyodagi maqomi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda payg‘ambarimiz aytadilar: «Mazkur kitob bilan Alloh qavmlarni yuksak qiladi». Ulamolar ta’kidlashadiki, «Qur’on - qalblarning tabibidir, uning zikri – gunohlarni mahv qiluvchidir, uning nuri esa g‘ayblar siridir».

Oltinchisi, Qur’oni Karim ilmini o‘rganish yaxshiligi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh aytadilar: «Qur’oni Karimni va uning ilmini o‘rganish Sizlar uchun yaxshilik va xayr-barakot olib keladi».

Yettinchisi, Qur’oni Karimdan biror oyatni yodlamaslikdan qo‘rqish. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Muhammad (SAV) aytadilar: «Qur’onning xayri-barakoti bo‘lmagan inson vayron bo‘lgan uyga o‘xshaydi».

Umuman olganda, shuni bilish joizki, Qur’on kitobimiz ustidagi chang-g‘ubor qanchalik quyuqlashsa, qalblarimizda g‘am-tashvish va muammolar ham shunchalik quyuqlashaveradi.

Shuning uchun ham diniy ulamolar aytishadiki, «Ey Qur’on ahli! Yomg‘ir yerning bahori bo‘lgani kabi, Qur’on ham Mo‘minning bahoridir! Shuningdek, qalb xotirjamligiga erishmoqchi bo‘lsangiz, albatta, Qur’on o‘qing. Chunki, qalblar – bu idishlardir, ularni Qur’on bilan to‘ldirish lozim, yana xuddi chanqaganda suv ichilgandek, g‘amga botganda Qur’on o‘qishlik va Rahmonning zikri bilan mashg‘ul bo‘lishlik xotirjamlikka olib keladi.

Shunday ekan, keling birodar, «Albatta, Alloh zikr qilinsa qalblari titraguvchi, oyatlari tilovat etilsa iymonlari ziyoda bo‘lguvchi va robbilariga tavakkul qilguvchi mo‘minlar» (Anfol, 2), qatorida bo‘lishga intilaylik!!!

 

        Baxtiyor ABDULLAYEV,   

O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi

17.08.2026   22399   1 min.
Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.

Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.

Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.

Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.

G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi Buxoroda Qur’on musobaqasi o‘tkazildi
Yangiliklar